ALAMZADA… (12-qism. Birinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

Meliboy mirob tun bo'yi deyarli uxlay olmadi. To'lg'onib chiqdi. Ruhan azoblanishlar, bo'lar-bo'lmas o'ylar, qo'rquv, hadiklar uni adoyi tamom qilayozdi. O'tgan umrini sarhisob qildi. O'ylab, mulohaza qilib ko'rsa, qalbida armonlar bisyor ekan. Shularning eng alamlisi Tolib kabilarga yo'liqqani-yu, o'zi sezmagan holda katta o'yinga aralashib qolgani bo'ldi. Axir, bunday qismatga yo'liqishi yetti uxlab tushiga kirmagan! Bir umr qishloq ko'chasida, katta kollektor bo'yida kun o'tkazgandi. Nima bo'ldi-yu, shayton yo'ldan urib katta shaharga jo'nadi. Afsus, taqdirni o'zgartirib, o'z yo'rig'ingga yurgiza olmaskansan odam. Taqdir charxpalagi bir aylandi-yu, hammasi chalkashib ketdi. Mana endi bu ko'rgiliklarga qanday chap berishni, qimordan-da qaltisroq, shafqatsizroq bu o'yin maydonidan qanday chiqib ketishni bilmayapti. Uyog'iga ag'darilsa ham, bu yog'iga o'girilsa ham baribir yovuzlar, yomonlar, zo'ravonlar changalida qolib ketyapti. Ular mirobni har tarafdan siqishmoqda, azoblashmoqda, masxaralashmoqda, xo'rlashmoqda…

«Mayli, shu ishiniyam bitirib beray-chi, — xayolidan kechirdi mirob shiftga termilgan ko'yi. — Qishlog'imga jo'natsa bas, qaytib kelib bo'pman! Jonimga tegib ketdi bularning qiliqlari. Ustimdan kulgani, mensimasliklariga toqat qila olmayman. Bardoshim yetmaydi… Shunday deyman-u, bular, baribir zo'r-da! Hukumatga chap berib bilgan qandini yeydi-yu, men kim bo'pman? Bir ursa o'ladigan holim bo'lsa. Ishqilib, shularniyam insofdan qismasin. Ko'ngillariga zarracha bo'lsayam iliqlik ato etsin-u, men g'aribni tinch qo'yishsin!..»

Ertasi kuni mirob boboquyosh sarvari olamga zarrin nurlarini ulasha boshlaganda uyqusiragancha katta ko'chaga chiqdi. Tolib tayinlaganidek, duch kelgan tomonga yurdi. Sezardi, Bahrom ham anoyilardan emas. Baribir ortidan odam qo'yadi. Ular mirobni kuzatishadi, poylashadi. Qaltis qadam tashlaganini sezishsa, kallasini olib ketishdan-da toyishmaydi. Yoki ikki qo'ltig'idan tutib qayoqqadir sudraklab ketishadi.

U har bir qadamida kattakon xavfni his etgan holda shahar tomon ichkarilab boraverdi. Hech kim to'xtatmadi, hech kimga yo'liqmadi. Hayron bo'lib markaziy bozorni kezdi. Yana tinchlik hukmron bo'ldi.

Hafsalasi pir bo'lgan kabi olis yurtlarga olib boruvchi keng, tekis serqatnov yo'lga chiqdi-da, oldinga bosdi. Yo'l-yo'lakay ruhan tetik bo'lishga, siqilmaslik, asabiylashmaslikka urindi. Baribir yaqin o'tmish, zo'ravonlar tutgan va tutayotgan ishlar miyasida aylanib, g'ijini kelaverdi.

«O'zimni huv anavi kattakon mashina tagiga tashlasam-chi? — o'yladi u yurishdan to'xtab. — Menga nima zaril yelkamda shuncha og'ir yukni ortmoqlab yurib. «Bir kun tug'ilmoq, bir kun o'lmoq» degan gaplar bor. Kasalga chalinib, yo uyqu orasida o'ldim nima-yu, mashina g'ildiraklari ostida jon berdim nima?!. Jonim jinday og'riydi, tamom, hammasidan qutulardim. Manavi shimildiriqlarga vassal bo'lib yurmasdim. Birovdan qo'rqmasdim, o'ylanib ich-etimni yemasdim, uyqularim bezovta bo'lmasdi… Afsus, Sevinch qizimni ko'zim qiymaydi-da! Onasining o'lib bergani yetmay, endi menam ketvorsam, u sho'rlik qay ko'chada qoladi? Kimlarning ko'ziga qarab mo'ltiraydi? Qolaversa, joniga qasd qilganlarga janozayam o'qishmaydi deb eshitgandim. Janozasiz arvohim na uyoqli, na buyoqli bo'lib azoblansinmi? Yo'-o'q, ahmog'i yo'q, xudoyim biz bandalarini sinov uchun yaratibdimi, chidaymiz, kurashamiz. Be, azroilmas-ku o'sha Bahromiyam, Tolibiyam! Menga o'xshagan odam-da! Puli ko'p xolos. Lokigin o'sha harom pulini u dunyoga orqalab ketolmaydi. Buniyam bilaman. Xuddi biz g'ariblar kabi bo'sh qo'l bilan lahadga kiradi. Qani, kelmaysanmi, qizitaloqlar? Kurashmagan nomard!..»

Shunday qarama-qarshi xayollar sabab bo'lib, mirob ruhini ancha ko'tarib oldi. Har qanday zug'umga jisman tayyor bo'ldi. Chamasi ikki chaqirimcha yo'l bosgach, qarshi tomondan kelayotgan qora xorij mashinasi negadir sekinlay boshladi. Meliboy mirob sergaklanib, yurishdan to'xtadi va mashina tarafga jim qarab turaverdi. Yuragi sezgan ekanmi, mashina sekinlab kelib mirobning yonginasida to'xtadi. Salonda haydovchi bilan qo'shib hisoblaganda uch kishi o'tirardi. Shularning ikki nafari mashinadan tushib Meliboy mirobga yaqinlashdi. Biri gavdali, sochlarini o'stirib olibdi. Ikkinchisi pakanaroq, sochi qirtishlab olingan, qalin mo'ylovi ham bor. Ularga boqib beixtiyor mirobning g'ashi keldi. O'ziga yarashmagan mo'ylovini silab-silab qo'yishi unga yoqinqiramadi. Ayniqsa, sochi uzunini ko'rgandanoq bir kulgisi qistadi, bir afsuslandi. Shunday yigit xuddi juvon kabi soch o'sitirib olishi ensasini qotirdi.

Uzun sochlisi mirobga bir muddat qarab qoldi-da, yonidagiga bir ko'z tashlab olgach, shoshilmay gap boshladi:

— Xo'-o'sh, adashmasam, siz Tolibga qarashlisiz, topdimmi?

Meliboy mirob bu savolga javob berishdan oldin yelkalarini bir parda yuqorilatib, yasama qovoq uydi.

— Xo'sh, nimaydi? — so'radi u ikki yigitga mensimayroq tikilib. — Tolibboydan qarzlaring bormidi? Shuni hozir uzib ketmoqchimisanlar?

Mirobning o'zini tutishi, ustiga ustak, «sen»lashi yigitlarga yoqmadi. Ular baravariga xezlanib bir qadam oldinga yurdi.

— Vey, qariya, — dedi uzun sochlisi mushtlarini tugib. — Biz Bahrom akaning ukaxonlari bo'lamiz. Gapingizni o'ylab gapiring! Yo qaerda turganingizni unutib qo'ydingizmi?

— Unutganim yo'q, — javob qildi mirob tap tortmay. — Katta yo'l bo'yida turibman. Yo… Shu yo'lniyam o'zingniki qilib olganmisanlar? Fikrimcha, yo'l davlatniki shekilli?..

Uzun sochli mirobning past tushmayotganidan jahli chiqib urish uchun qo'l ko'tardi. Ammo pakanarog'i shu zahoti uni to'xtatib, biqiniga turtdi-da, gapni ilib ketdi.

— Qariya, yuring, mashinada gaplashaylik! Har holda katta yo'l bo'yida yaxshimas tortishish. Mashinada bafurja gaplashvolardik.

— Yur, qani, o'sha mashinanggayam o'tiray-chi! — battar tutoqib yigitlarning oldiga tushdi mirob. — Yurlaring! Men qayoqdagi shimildiriqlardan qo'rqadigan odammasman. Jonimga garovga qo'yib chiqqanman ko'chaga!

Yigitlar Meliboy mirobni mashinaning orqa o'rindig'iga o'tqazib, o'zlari ham ikki yonidan joy olishdi.

Uzun sochli fursatni boy bermaslik niyatidami, mirobning yelkasiga chang solib do'qlay ketdi.

— Vey, pandavaqi, dori qani? — mirobni siltab so'roqqa tuta boshladi uzun sochli. — Qani deyapman?

— Qanaqa dori? E, qo'yvor yelkamni, qizitaloq! Qo'yvor dedim! Men dori-poringni bilmayman!

Uzun sochli endi mirobning tomog'iga chang soldi.

— O'ldiraman! Agar hoziroq Bahrom akam bergan zaharni topmasang, bo'g'ib o'ldiraman!

— Hay-hay, Soli, — oraga tushdi berigi yonda o'tirgan pakana yigit. — Qo'y, qari odamni buncha qiynayverma! Topib beradi! Yo bo'lgan ishlarni aytadi. Yaxshilikchasiga gaplashaylik!

Shundan keyingina uzun sochli mirobni qo'yib yubordi-da, yuzini ters burib so'kindi. Pakana esa yotig'i bilan gap boshladi.

— Otaxon, — dedi u majburan tirjayib. — Biz Bahrom akaning yordamchilarimiz. Nima desam ekan, ul-bul ishlarida yordam berib yuramiz. Xullas, sizga akaxonimiz o'rmonda bir shishacha dori bervorganakan. Nimagaligini o'zingiz bilasiz. To'g'rimi, ota?

Soddalik-da, yigitning muloyim so'zlashi mirobga darrov ta'sir qilib sal shashtidan tushdi.

— Bilaman, — dedi u bosh egib. — Bahromboy Tolibni o'ldirishim uchun o'sha zaharni berib edi. Lokigin manavi qizitaloq shuni odamga o'xshab tushuntirsin edi-da! Bo'riday tomoqqa yopishadi! E, bizam erkakmiz, ha! Uncha-munchasiga tilimizni berib qo'ymaymiz!..

— Bo'pti, bo'pti, yoshlik qildi-da jo'ram! — mirobni yupatgan bo'ldi pakana. — Endi maqsadga o'tsak, ota, o'sha dori qani rostdanam? Bahrom akam juda bezovta. Nima bo'ldiykin men buyurgan ish deb o'zini qo'yarga joy topolmayapti.

— Dorimi? — boshini sarak-sarak qildi mirob. — Dori Tolibning oshqozonida. Ishqilib, xudo rahmat qilgan bo'lsin!

Pakana bu gapni eshitdi-yu, irshayib qo'ydi. Uzun sochliga ko'z qisib og'ir xo'rsindi.

— Nega o'lmagan odamga xudodan rahmat tilayapsiz? — so'radi nihoyat. — Axir u tirik-ku, ota!

— T-tirikmas, — tutilib javob qildi mirob. Shu asnoda rangi oqarib, lablari titray boshladi. — U… O'lgan, ha, o'lgan! Agar ishonmasangizlar…

Uzun sochlining toqati toq bo'lgandi. Mirobga hech narsa demadi-yu, haydovchining yelkasiga qoqdi.

— Qani, Eshqul, hayda mashinani! Dachaga hayda! Qani, qo'ng'iroq qilib ko'raylik-chi Tolibga o'sha yerdan, rostdanam o'lganmikan?

Uzun sochli shunday deb pakanaga bir necha marta boshi yordamida nimadir degan kabi imo qildi.

Mashina joyidan qo'zg'aldi.

 

* * *

 

Mirobning ko'ngli g'ash edi. Ichini it tirmalar, aytgan yolg'oni boshiga ne kunlarni solishi mumkinligini o'zicha tusmollab, qur-qur yoqa tishlardi. Ammo ajalni bo'yniga olib bo'lgandi. Faqat uzoq qiynamasliklaridan, azoblar changalida qolmay osonroq jon berishdan umid qilardi.

Shu ko'yi yovqurlar qurshovida shahardan ancha olisda joylashgan ko'rimsizroq bir hovliga yetib yeldi.

Uni bir og'iz so'zsiz ichkariga olib kirishdi. Meliboy mirob ulardan har birining yuziga zimdan nazar solishni kanda qilmadi. «Qachon tig' yoki zahar chiqarib, menga to'g'rilasharkin?» degan o'y miyasida aylanaverdi.

Ular esa shoshilishmasdi. Uzun sochli beo'xshov tirjaygancha hanuz qarshisida tik turgan mirobga sirli qarash qildi-da, telefon go'shagini ko'tarib kerakli raqamlarni terdi. Zum o'tmay, go'shakdan tanish ovozni eshitdi.

— Ie, tirik ekansan-ku, og'amning dushmani! — dedi u birdan jiddiylashib. — Yo arvohing oldimi go'shakni? Gapir!

— Sen o'zi kimsan? — so'radi tahdid aralash Tolib. — Nima haqing bor menga o'dag'aylashga?

— Ie, bu nima deganing? Og'amni qamatib qo'yib yana so'rayapsanmi? Aslida seni men o'ldirishim kerak edi. Afsuski, og'am bu ishni manavi oldimdagi yugurdak cholingga topshirib qo'yibdi. Xato qilibdi, xato!

— Kim oldingda? Kim? Kimni nazarda tutyapsan?

Uzun sochli go'shakni kafti bilan yopdi-da, mirobga yuzlandi.

— Vey, chol, otingiz nima? Tezroq ayting!

— M-mirob… Meliboy…

— Ha, Meli ekan oti. Taniysanmi?

— U nima qilyapti senlarning oldingda? Go'shakni ber unga!

— E yo'-o'q, go'shak beradigan ahmoq yo'q. Oldin qilmishlaringning badalini to'lab qo'y, ana undan keyin gaplashasan yugurdaging bilan. Tushuntiroldimmi?

— Qanaqa badal, shimildiriq? — qichqirdi Tolib alam aralash. — Tez qo'yvor uni! Joningdan umiding bo'lsa qo'yvor!

— Shunaqami? Mayli, qo'yvoraman. Ammo badalni to'la oldin! Busiz sira iloji yo'q. Og'am shunday tayinlaganlar. Bilib qo'y, agar to'lamasang, mana shu yugurdagingning o'zi melisaga boradi. Qilmishlaringni aytadi. Esingdami, Shohida degan qizni o'ldirvorganding? Undan tashqari, yigitlaring sening buyrug'ing bilan qo'shni davlatdan narkotik tashigani-chi? Be, bunaqa ayblaring tiqilib yotibdi. Agar yugurdaging borib shularni melisaga aytsa, ko'ribsanki, senam to'ppa-to'g'ri og'am o'tirib qochgan turmaga tushasan. Eh, seni u yerda shunaqangi syurprizlar kutib turibdiki, tasavvur ham qila olmaysan.

Tolib hech narsa demadi. Zarda bilan go'shakni joyiga qo'ydi. Uzun sochli esa bunga sira ajablanmadi. Kerishgancha ortga o'girildi-da, Meliboy mirobga yaqin keldi.

— Xo'sh, boboy, buyog'i qanchadan tushdi? — so'radi u mirobning yelkasini siqimlab. — Gapiring! Nega qaltirayapsiz? Qo'rqyapsizmi? Qo'rqmang, gapiravering!

Meliboy mirob yolg'oni oshkor bo'lgandan beri battarroq jazavaga tusha boshlagan, garchi o'lim haq ekanini qalban his etib tursa-da, baribir jon shirinligi shu lahzalarda ustun kelayotgandi. U ayni damda zudlik bilan yangi yolg'on to'qishi, shu yo'l bilan yovni chalg'itishi shartligini angladi.

— U… Arvoh edi, arvoh! — hayqirdi u uzun sochlining ko'zlariga javdirab boqarkan. — Ishoning, inim, arvoh, arvoh!..

Bu gapni eshitib uzun sochli kulib yubordi. Biroq kulgisi uzoqqa bormay, darhol jiddiylashdi va endi mirobning iyagiga chang soldi.

— Kelib-kelib bizga yolg'on gapirdingmi, sassiq chol? — dag'dag'a qila boshladi uzun sochli. — Shu cho'pchagingga bizni ishondi deb o'ylayapsanmi? Qanaqa arvoh?

— Ishoning, arvoh bor. Bo'ladi arvoh! Ular-chi, bandalarni gohi-gohida hozirgiday chalg'itishadi. Ishonmasangiz, meni o'sha yerga olib boring! Tolib o'lgan! Mana shu qo'llarim bilan berganman zaharni!..

— Mayli, bungayam ishondi deb hisoblang-chi! Xo'sh, unda shishachaning o'zi qani?

— Otvorganman, — dedi mirob yelka qisib. — Ahmoq bo'libmanmi orqamdan iz qoldirib?

— Otvorganman deng? Xo'p, qaerga otgansiz? Olib borsak, ko'rsata olasizmi? Otgan yeringizdan topa bilasizmi?

— Qanday topay? Shishachani anhorga otganman. Oqizib ketgandir suv…

— Shunaqami?.. Bo'pti, hozircha shu yerda tura turing, men hozir!

Uzun sochli asabiy lab tishlagan ko'yi tashqariga chiqib ketdi.

Bu harakatidan so'ng birdan mirobning yuragi uvishdi. Hozir chiqib hamtovoqlarini yetaklab kirishi va azoblar boshlanishini jisman his etdi.

 

* * *

 

Oradan o'n daqiqacha vaqt o'tdi. Uzun sochli negadir og'zi qulog'ida kirib keldi.

Shu qisqa vaqt oralig'ida mirob qora terga tushib ulgurgandi. Tizzalari dag'-dag' titrar, xo'rsiniqlardan sira tiyila olmasdi. Uzun sochlini ko'rdi-yu, yuragidagi vahm o'n chandon ortib, xuddi go'dak kabi unga javdirab boqdi.

— Ha-a, boboy, namuncha iztirobga tushib qolibsiz? — so'radi uzun sochli kulib. — Xursand bo'lmaysizmi? Bahrom o'libdi!

— N-nima? O'libdi? N-nega o'ladi? — ustma-ust savol tashladi mirob tishlari takillab.

— Nega bo'lardi? Turmadan qochib o'rmonda berkinib yurganda, otib tashlashibdi hukumat askarlari.

Shundan keyingina Meliboy mirobning yuziga picha qon yugurib, hiyla dadillashdi.

— Xudo rahmatiga olgan bo'lsin! — bilganicha duo o'qidi u ikki qo'lini baland ko'tarib. — P-peshana-da, inim, peshana!

— E, qo'ying shu duoni, — deya qo'l siltadi uzun sochli. — Unaqalar-chi, duoga arzimaydi. O'zi ja jonga tekkandi. Nuqul tergayverardi. Masxaralarmidi-ey! Kim bo'pti umuman? Bizga o'xshagan bir odam-da! Mana, begona yurtlarda xor bo'lib o'ldi. Battar bo'lsin!..

— Unday… Demang, inim, — qo'rqsa-da, beixtiyor uzun sochlini koyigan bo'ldi mirob. — Harqalay, marhum-da! O'lganlarning ortidan faqat yaxshi gaplarni gapirish kerak deyishardi.

— E, tupurdim unaqalarga! Qanday kunlarni ko'rsatmadi o'sha Bahrom! Boshida topganimiz o'rtada degan odam borib-borib maoshga qaratdi hammamizni. Boboy, baribir Tolib og'a yaxshiykan, ha! Endi tushunib yetdim. Keling, sizning yetagingizda og'aning oldiga boraylik! Tiz cho'kib tavba qilaylik!

— Axir, u o'lgan-ku! — dedi Meliboy mirob bu gal ancha sergaklanib. — boya…

— Qo'ysangiz-chi! Mushuk-sichqon o'ynamaylik-da endi! Menam har holda ko'cha ko'rgan bolaman! Xo'sh, nima qilamiz? Boramizmi?

Meliboy mirob yer ostidan uzun sochliga sirli tikildi. Uning ko'z qarashlarini sinchiklab kuzatdi. Afsuski, bu yigitning boqishida, o'zini tutishida hozirgina aytgan so'zlar isboti, iqrori sezilmasdi. Bu nigohlardan faqat ayyorlik ufurardi.

«Qanchalar xavfli va bo'lmag'urlar changaliga tushib qoldim-a, — o'yladi mirob og'ir xo'rsinib. — Hech biriga ishonib bo'lmaydi. Ikkiyuzlamachilik bularga sut bilan kirganga o'xshaydi. Boyagina «og'am»lab turgan manavi nusxa darrov terisini o'zgartirib olganiga qanday chidayin? Nima deyin? Xo'p, buni yetaklab Tolibboynikiga bordim ham deylik. Keyin-chi? Tolibboy nima deb o'ylaydi? Uyam ahmoqmas-ku! Bularga qo'shib meniyam badnom qilsa qay ko'yga tushaman? Sochingni xotinlarnikiga o'xshab uzaytirmay har balo bo'lgur esa ishini, gapini to'g'rilab ketaveradi. Ikki o'rtada o'zimga qiyin bo'ladi. Yo'q, bormayman! Kallamni olib tashlasayam, tiriklay go'rga tiqsayam bunga qo'shilib bormayman!..»

Hali o'ylab o'yiga yetmay, uzun sochli jimlikni buzdi.

— Qani, boboy, divanga o'tiring, dam oling! — dedi u o'zgacha iltifot bilan. — Bilaman, charchagansiz. Biroz dam olsangiz, hammasi yaxshi bo'ladi. Obdon o'ylab ham olasiz!

Meliboy mirob ortiqcha qarshilik ko'rsatmay, sal naridagi divanga borib o'tirdi va uzun sochliga savol nazari bilan boqdi.

Shu tobda kutilmagan hodisa yuz berdi. Xonaga avval pakana, keyin haydovchi jonholatda chopib kirdi. Ketidan esa ikki barzangi kirib he yo'q, be yo'q uchchovini tappa polga bosdi.

Ko'z ochib yumgunchalik vaqt o'tmasdan, Sotimni ergashtirgancha Tolib kirib keldi. Uning boqishlari g'azabnok edi. Mirob uni ko'rdi deguncha na o'tiraverishni, na o'rnidan qo'zg'alishni bildi. Juda qisqa fursat ichida o'ylab, o'tiraverishni ma'qul ko'rdi.

— O', ja zo'r joylashibsiz-ku, boboy dushmanimnikida! — dedi Tolib uning tepasiga kelib. — Mehmonam qilishdimi yangi xojalaringiz? Nimalar bilan siylashdi?

— Yo'g'-e, inim, — dedi bu gal asta o'rnidan turib mirob. — Mehmon qilishga yo'l bo'lsin bularga? Haligiday… Nimaydi-ya… Ha-a, inim, zap vaqtida keldingiz. Meni… Manavi nusxalar sal qursa o'ldirib qo'yishayozdi.

— Shular-a? — Tolib polda yuztuban yotgan uch yovqurga nafrat aralash qarab qo'ydi. — Sizday xokisor odamni-ya? Voy iblislar-ey!.. Qo'yavering, boboy, hammasi yaxshi bo'ladi. Joningiz tinchiydigan bo'ldi. Ertagayoq qishlog'ingizga olib borib qo'yishadi sizni. O'sha yoqda tinchgina qovuningizni ekib yuraverasiz…

— Iloyim umringiz bundanam uzun bo'lsin! — duo qila ketdi mirob kutilmagan xabarni eshitib, azbaroyi ko'ngli ko'tarilganidan. — Davlatingizga davlat, obro'yingizga obro'y qo'shilsin!..

— Bo'pti, qani, yigitlar, ollaring bularni! To'g'ri yerto'laga oborlaring! O'sha yerda gaplashamiz. Siz, boboy, mashinaga chiqavering! Ketamiz!

— Tolibboy, — mirob nimadir yodiga tushgandek yanada sergaklanib zo'ravonga boqdi. — Sizdan bir iltimosim boridi-da, inim!

— Qanaqa iltimos? Ayting!

— Agar malol kelmasa… Shu safar sizni biror oshxonaga taklif qilsam devdim… Bir choy bersam devdim-da, inim!..

— Nima-a? — Tolib bu savolni shu qadar beo'xshov ohangda berdiki, mirobning xijolat va qo'rquvdan ichi uzilayozdi. Savoldan so'ng ortiqcha izohga hojat qolmagandi. Chunki savolning ohangi yosh bolaga ham aniq-tiniq tushunarli. Tolib o'z savoli bilan «Sen kim bo'libsanki, qo'lingdan bir piyola choyingni ichsam, ovsar Ko'rpangga qarab oyoq uzatsang bo'larmidi?!.» demoqchi edi.

Meliboy mirob Tolibning ortidan oyoqlarini arang sudragan ko'yi tashqariga yurarkan, afsusdan, alam va xo'rlikdan naq o'layozdi. Zo'rlar nima bo'lmasin, baribir o'zidaylarga past nazar bilan boqishi muqarrarligini chuqur anglab, taqdirga, qismatga xayolan la'natlar o'qidi.

Faqat mirobni bir narsa tinchlantirdi. Hademay qishlog'iga jo'naydi. Suyukli qizining holidan xabar oladi, uni bag'riga bosadi. Xotirjam mirobligini qiladi. Endi ularni hech kim hech qachon bezovta qilmaydi.

 

* * *

 

Meliboy mirob xuddi shu taxlit ruhan ezilgan holda Tolibga ergashgancha uning hovlisiga yetib keldi.

Ichkariga kirgandan so'ng chehrasi battar tundlashdi. Tolibning sovuq qarashlari, lom-mim demay zalga o'tib ketishi, Sotimning yovvoyi boqishi mirobni go'yoki o'lar holatga yetkazdi. Shunga qaramay, u tezroq kutilgan onlar yaqinlashishi, zo'ravondan olisda bo'lish umidini ko'ngliga qattiqroq tugib iloji boricha bardam bo'lishga, siqilmaslik, o'ksinmaslikka urindi. Shu niyatda hatto allaqachon divanga yastanib olgan Sotimga turgan yerida kulimsirab ham qo'ydi. «Shunday qilsam, bu zo'ravonlarni picha yumshatarman, ko'ngliga yo'l toparman» deb o'yladi.

Xayriyat, oradan o'n-o'n besh daqiqa o'tib-o'tmay, Tolib chiqib keldi. Rangiga qizil yugurganidan ichkilik ichgani yaqqol sezilib turardi. U hanuz mirobning tik oyoqda turganini ko'rdi-yu, Sotimga o'shqirdi.

— Vey, pandavaqi, nima o'tirish bu? Nimaga boboy tik turibdi haliyam? O'tqazmaysanmi hurmatini joyiga qo'yib?

— Ie, aka, uzr, xayol opqochibdi! — Sotim xijolatini yashira olmay sakrab o'rnidan turdi-da, Meliboy mirobga divandan joy ko'rsatdi. — Qani, boboy, o'tirsinlar! Faqat kechirib qo'yasiz-da endi, e'tibor qilmabman!

Mirob ko'rsatilgan yerga cho'kdi. Sotim ham Tolibga bir qarab qo'ydi-da, yoniga o'tirishga chog'landi. Biroq shu zahoti xojasining qahriga uchradi.

— Haddingdan oshib ketibsanmi, Sotim? — baqirdi Tolib o'zgacha vajohat bilan. — Mening huzurimda beodoblik qiladigan bo'libsanmi? Bor chiq bu yerdan!

Sotim qizarib-bo'zarib tashqariga oshiqdi. Lekin uni yanaTolib to'xtatib qoldi.

— Bor, anavi oyimchani opkel buyoqqa! — buyurdi Tolib. — Yarim soatda shu yerda bo'lsin! Undan keyin ishlaring bilan shug'ullan! Uqdingmi yo yana takrorlaymi?

— Uqdim, aka, uqdim, — javob qilldi Sotim yer chizib. — Hoziroq zipillayman-da!

— Zipillamaysan, uchasan, — ko'rsatkich barmog'ini oldinga cho'zib qattiqroq baqirdi Tolib. — Ja quyushqondan chiqib ketdilaring hammang! Kuningni ko'rsatib qo'yaman! Mening orqamdan kun ko'rayotganingni unutmalaring!

— Unutmaymiz, aka, hech qachon unutmaymiz!

Sotim qayta-qayta qulluq qila-qila tashqariga chiqib ketdi. Tolib esa og'ir uf tortib asta mirobning yonidan joy oldi.

— Xo'sh, boboy, kayfiyatlar qalay? — so'radi Tolib masxaraomuz tirjayib. — Charchamadingizmi ishqilib?

— Yo'g'-e, — dedi mirob bosh egib. — Charchamadim, inim. Charchoqminan urishib qolganimga ancha bo'ldi.

— O', ja shustriy bo'p ketibsizmi? Qaerdan o'rgana qoldingiz bunaqa qochirimlarni?

— Biz taraflarda shunaqa hazillar ko'p, Tolibboy, — dedi mirob hamon bosh ko'tarmay. — O'rganib qolganakanmiz shekilli-da!

— Mayli, buni qo'yib turaylik, — Tolib kaftlarini bir-biriga ishqalagancha mirobga qattiqroq tikildi. — Boboy, bu dunyo o'tkinchi ekan. Hamma narsa o'tarkan, o'taverarkan. Yaxshiligam, yomonligam suvday oqib ketaverarkan! Nima deysiz?

Mirob Tolibga ilakishgandan beri undan bu kabi mulohazalarni eshitmagandi. Hamisha yo do'qlash, yoki qahrli munosabatlariga guvoh bo'lgandi. Shuning uchunmi, hayratdan yoqa ushlay dedi. «Bu mishiqigayam aql ato etibdimi? — ko'nglidan kechirdi u qansharini qashib. — Qayoqdan kun chiqdiykin? Nimaga bunaqa deyapti? Yo kimdir o'rgatdimikan? Hezalag-ey, o'zini aqlli qilib ko'rsata boshlabdi-da endi! Qilar ishni qilib qo'yib, birovlarni zor qaqshatib, endi tavbaga o'tmoqchimi bu?..

Lekin ko'nglidan o'tkazgan o'ylarni Tolibga sezdirmadi. Jilmaygancha boshini chayqab-chayqab yelka qisdi.

— Ha, inim, shunaqa ekan-da dunyo! — dedi mirob hiyla jiddiylashib. — Bandalari mehmon bu dunyoda, mehmon.

— Unday bo'lsa, mehmondorchilikni arziydigan qilib o'tkazaylik-da, boboy! — kutilmaganda o'rnidan turib ketdi Tolib. — Qachongacha bekinib, pusib kun ko'ramiz. Munday ochilaylik, o'zimizni bo'sh qo'yaylik-da endi! Yo arzimaymizmi shunga?

— Arziysiz, arziysiz, — dedi mirob shoshib. — Juda haq gapni aytdingiz, inim!

— E, men ikkalamizni nazarda tutdim, o'zimnimas!

— Axir… Men…

— Hozir-chi, boboy, Sotim ketvorgan qizlardan bittasini opkeladi shu yerga! Xo'sh, nima deysiz? Maishat qilamizmi-yo'qmi? Vey, bunaqasini yetti uxlab tushingizda ko'rmagansiz! Xo'sh, qizlarga tobingiz qalay? Gapirsangiz-chi munday dadil-dadil!

— Y-yo'g'-e, — duv qizarib yuzini ters burdi mirob. — Men… Haligiday… Yoshi bir joyga yetayozgan odam bo'lsam… Q-qizlar… Yo'-o'q, uyat bo'ladi bizga, inim, uzr! Nima deydi… O'zlaringiz… Bemalol…

— Ja qaysarsiz-da, boboy, — irshaydi Tolib. — Maza qip qolmaysizmi mening davrimda?!.

— Ha endi… Uzr, inim, uzr, kechirib qo'yasiz-da!

— Bo'pti, unda siz mana shu xonada damingizni olavering! Ja zeriksangiz, hovliga chiqarsiz. Basseynda cho'milishimizni tomosha qilasiz. Ajabmas itligingiz kelib qolsa, xi-xi-xi-xi!..

Meliboy mirob Tolibning so'nggi masxarali gapidan, hiringlashidan biroz ranjidi. Ammo na iloj? «Qachon qishloqqa jo'na!» deyishini intiq kutishdan bo'lak imkoni yo'q.

U Tolib chiqib ketgach, ko'ngli battar xira tortib, xo'rsiniqlar iskanjasida divanga cho'zildi.

 

* * *

 

Shu ko'yi yarim soatga yaqin tek yotdi. Qalb bezovtaligi, ko'ngil xiraligi baribir tarqala qolmadi. Mirob beixtiyor dast o'rnidan turdi-yu, xonalarni aylanishga, shu bahona chalg'ishga qaror qildi.

Xonalar o'ziga xos bezatilibdi. Har yer har yerga qimmatbaho jihozlar qo'yilibdi. Mirobni ayniqsa to'rdagi javon ustida turgan magnitofon o'ziga tortdi. Shunaqa magnitofonni u bir umr orzu qilgandi. Afsuski, yetisha olmadi. Qo'li kaltaligi pand beraverdi.

Shunday xayollar bilan servantga yaqin bordi. Ichkaridagi chinni idishlarga zavq bilan boqdi. Bir mahal chinni kosalardan biri ichidagi shishachaga ko'zi tushib, sapchib tushayozdi. Chunki bu o'sha, Bahrom ichiga zahar quyib bergan shishacha edi. Meliboy mirob jonholatda shishachani qo'liga oldi va qo'yniga yashirdi. So'ngra ortga qaytib, derazadan tashqariga bezovta nazar tashladi. Hovli o'rtasiga qurilgan basseynda Tolib va ozg'in, mallasoch bir ajnabiy qiz qiyqirgancha cho'milardi. Avvaliga mirob ularga qarab turishni ham, ortga qaytishni ham bilmay garangsidi. Ular esa bir-birlariga suv sepishar, qur-qur Tolib qizni mahkam quchardi-da, orqamachoqqa suza ketardi. Mana shu ishi mirobning nafsoniyatiga tegdi. Darrov ko'z oldida Sevinch gavdalandi. Bilibmi, bilmaymi, ajnabiy qiz o'rnida Sevinchni tasavvur etdi. Tasavvuri da'fatan miyasiga bosqon kabi urilib, qalqib ketdi. Vujudini shayton makon tutdi.

— Bu uying kuygur meni aldabdi, — dedi shivirlab mirob. — Aslida qizimni bir balo qilgan, ha! Ana, o'zim ko'rdim qanaqa buzuqiligini. Ajnabiy qizni yeb qo'yay deyapti. Hatto huv naridagi tansoqchilaridanam uyalmayapti. Demak, Sevinchimgayam shunday tegingan-da bu hezalak! Yo'-o'q, buning bir balosi bor. Bekorga meni ko'rsa muloyim tortib qolmayapti. Ilgarigi do'qlari kamaygan. Bundan chiqdi, tili qisiqligidan past tushibdi-da! Chidolmayman! Sirayam chidolmayman!.. Farzandimniyam anavinga o'xshab quchoqladimi bu iflos? Hoynahoy, Sevinchim baqirgandir, birovlarni yordamga chaqirgandir? Shunda bu itdan tarqagan xonasalot chakagini o'chirgan. Yo boplab quloq-chakkasiga tushirgan, yo qo'rqitgan. Shunday qilgandan keyin qiz bola qo'rqadi-da! Qo'rqmay qaergayam borardi? E, yo'-o'q, o'ldiraman men buni, o'ldiraman! Shunday qilamanki, tili tanglayiga yopishgancha ketadi narigi dunyoga…

Shularni o'ylab turib mirob qo'yin kissasidagi shishachani chiqarib oldi. Shishachani qo'lida bir necha marta aylantirib ko'rarkan, xayolan o'zicha reja tuza boshladi.

«Ha, buni Tolibga ichirish, intiqom payti yetdi, — o'yladi u derazadan hovliga nafrat aralash boqib. — Bahrom bekorga dushman chiqmagan bunga. Bir qandni yeb qo'yganki, yovlashib qolishgan. Yo'qsa, «Qarg'a qarg'aning ko'zini cho'qimaydi» deb bekorga aytishmasdi. Endi o'lasan, Tolib. qiynaliblar o'lasan! Ming azobda jon berishingni ko'rsam, Sevinchimning alamini olgan bo'lardim. Ishqilib, ishimni xudo o'nglasin. Nima qilay? Peshonamga o'ch olish yozilgan ekan. Bundan qochib qutulib bo'lmaydi. Endi buyog'iga yozug'imdagini ko'raman. O'zi kechirsin!..»

Shu asnoda mirob Tolibni boshqalar bilan solishtirib ko'rdi. Garchi u zo'ravonligi, davlati ko'pligi bilan o'zgalardan ajralib tursa-da, Meliboy mirob bunday odamning joniga qasd qilish masalasida qalban ortiqcha vahima, sarosima, hadikni his etmadi.

«Qiziq, — o'yladi o'zicha. — Qadimda podshohlarga suiqasd qilganlaram men kabi odamlar ekan-da! Bo'lmasa… Tolibning kimligini bilaman. Nimalarga qodirligidanam xabarim bor. Undan o'lgudek qo'rqaman. Ammo shu tobda uni o'ldirishga chog'landim-u, go'yo oddiy, o'zimga o'xshagan bir ojiz bandaga qo'l ko'tarayotgandek bo'lyapman. Nahotki, o'ch o'ti shunchalar qudratli bo'lsa? U shoh-gadoni tanlab o'tirmaydimi? Intiqom dahshatli darajadagi kuchli va navqiron qo'rquvning ham ko'zini ko'r qilib qo'yadimi?..»

Ana shunday shaytoniy mulohazalar qurshovida mirob tashqariga yo'l oldi. Tolib ayni lahzalarda suvdan chiqqan, sochiqqa o'ralib olgan ko'yi kimnidir qidirayotgan ekan. Meliboy mirobni ko'rib turgan yeridan qichqirdi:

— Boboy, chopqillab huv anavi xonadan konyagimni olib chiqing! O'zingizgayam bitta qadah qo'shvoling! Bo'ling tez imillamay!

Bu ayni muddao edi. Mirob basseyn qirg'og'ida jilmayibgina o'tirgan qizga bir ola qaradi-yu, oyog'ini qo'liga olgancha Tolib ko'rsatgan xona tomon zipilladi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

 

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here