“Qilmish-qidirmish”: “GO'RSO'XTALAR…” (Voqea real hayotdan olingan)

0

 

* * *

 

Malikning uyi o'zi aytmoqchi, vokzaldan nari borsa ikki yuz-uch yuz metrlar uzoqlikda xolos. Juda qulay bo'larkan. Bir paytlar kambag'al edi. Chorig'ini zo'rg'a sudrardi. Shuning dastidan xotini ikkita bolasini olgan-u, undan voz kechib qo'ya qolgan. Kunora och qolib ketishlar, erning qaerlardadir ichib kelib to'polon ko'taraverishi joniga tekkandi. Lekin xotindan ayrilib, hovlisida so'ppayib qolishi tez orada Malikning ko'zini ochdi.

— Hali ko'rib qo'yadi. — dedi bir kuni. — Bu xotinga Malikning kimligini ko'rsatib qo'yaman. Shunchalik boyib ketayki, oyog'imni o'psin kelib. Ana unda kechirgan erkak emas… Haromidan bo'lgani ma'lum bo'ldi-qoldi-ku!.. Qiyin kuningda tashlab ketgan xotin xotin bo'larmidi. Padariga la'nat!.. Bahona ichib kelishim… Ha mayli, o'tib ketar bu kunlar ham…

Malik shu kuniyoq to'rt-besh hovli narida turadigan ulfati Inomning yoniga chopdi. Ikkovlari bolalikdan tepishib katta bo'lishgan. Hozirgacha ham mana bir shisha aroq topishsa, bo'lib ichishadi.

Inom negadir xomush o'tirgan ekan. Ulfatini ko'rib birdan jonlanib ketdi.

— Ichmaymizmi, oshna? — tomdan tarasha tushgandek Malikka tikilib so'radi u. — Ja kayfiyat o'lgur yomon.

— E, ichishni qo'yib tur. Boshqa gap bor, — kuldi Malik.

— Qanaqa gap?

— Bir g'oya chiqib qoldi. Agar shu ishni yo'lga qo'ysak, ikkalamizam birdan boyib ketardik.

— Xo'sh, xo'sh? — hushyor tortib Malikni so'riga o'tqazdi Inom.

— Shu desang… Uyim vokzalga yaqin. Vokzalda kim ko'p, bir kechaga joy izlagan ko'p. Shuni tashkil qilib ko'rmaymizmi?..

Inom yo'g'on bilaklarini siypalab, Malikka ma'noli qarab qo'ydi.

— Lekin bu ishni boshqacharoq yo'lga qo'yish kerak. — dedi nihoyat birpas sukut saqlab turgach.

— Qanday?

— Ijaraga odam opkelish kerak-da, yarim kechasi yotgan yeriga bostirib kirib borini shilvolish zarur. Ana unda «konkret» boyiysan.

— Yo'g'-e, — cho'chib tushdi Malik. — Sotib qo'ysa bormi birontasi… Naq qamalib ketamiz-ku!

— Be, qanday qilib sotsin? Shaharni yaxshi bilmasa, bu shaharda tanishi bo'lmasa. Tanishi bor odam ijaraga uy qidirmaydi-ku!

— Bu gapingdayam jon bor. Bo'pti, sen aytgancha bo'la qolsin. O'rdam berasanmi?

— Arra qilsak, gap yo'q. Chunki, sen manavi pashshaday gavdangminan hech kimni qo'rqitolmaysan. Bu ishga mendaqa davkelbatlar kerak.

— Obbo, shu yerdayam o'zingni maqtaysan-a vey!.. Arra bo'lsa arra-da!.. Unda ishni nimadan boshlaymiz?

— Hozir avval boshiga picha pul kerak bo'ladi. Mardikor bozoriga tushib ikki ayolni opkelish lozim. Uy ichlaringni tozalab berishadi.

— Ha, ha, to'g'ri aytasan… Xo'-o'sh, men uyoq-buyog'imni kovlashtirib ko'rarman. Bo'lishi kerak. Qani, kiyin, ketdik, vaqtni bekor o'tkazmaylik!..

 

* * *

 

Ish birpasda yurishib ketdi. Ikkovlashib uylarni risoladagiday tozalatishdi. Kechga borib maqsadni amalga oshirish lozim edi.

— Men panada turaman. — dedi Inom. — Sen mijoz topasan-u, uyingga jo'naysan. Xijolat tortma, orqalaringdan izma-iz borayotgan bo'laman. Faqat sal nimjonroqlaridan, iloji bo'lsa, ayollardan tanla. Shunisi qulayroq.

Xullas, Malik ulfatini yoniga olib ko'z ochib yumguncha vokzalda hozir bo'ldi. Baxtiga endigina navbatdagi poezd kelib to'xtagan, odam degani to'lib-toshgan payt ekan. Qarasa, ikki qishloqlik ayol ko'zlari olazarak bo'lib turishibdi.

— Shular uy izlayapti. — ko'nglidan o'tkazdi Malik va ularga yaqin bordi.

— Singillar, mabodo yotar joy qidirmayapsizlarmi? — so'radi u muloyimlik bilan.

Ayollar shoshib qolishdi.

— Ha, aka, — dedi ulardan biri. — negadir ijaraga qo'yadiganlar kammi, sira uchramay turishgandi.

— Mana biz qo'yamiz-da! Xo'sh, necha kun turmoqchisizlar o'zi sir bo'lmasa?

— Bizmi? — ayollar bir-birlariga ma'noli qarab olishgach, to'larog'i gapga aralashdi. — Ikki kunga kelganmiz.

— Yaxshi. Gap yo'q. Uylarimiz juda sarishta. Bemalol dam olib ishlaringni bitiraverishlaring mumkin.

— Bahosi-chi? Qancha bo'ladi?

— Otminan tuya bo'larmidi? Kuniga ikki mingdan berasizlar, vassalom!

Ayollar bu narxni eshitib yanada hovliqib qolishdi. Chunki ular birinchi marotaba shaharga kelishlari emasdi. Narx esa, juda arzon…

O'ylab ham o'tirishmadi. Darrov og'ir sumkalarini qo'llariga olishdi.

— Bo'pti, biz rozi, boshlayvering uyingizga!..

 

* * *

 

Tun. Soat chamasi o'n ikkilar bor edi. Bu mahalda hatto itlar ham mudray boshlashadi. Lekin ikki ulfat hamon shishaning ostiga yetib qolayozgan aroqni maydalash bilan ovora. Kayflari anchagina taranglashgan.

— V-vey, anavi semizi ja ko'hlik ekanmi? — kuldi Inom. — Avval bir «ko'rsak»mikan-a?

— Jinni bo'lganmisan? Biz ularni shu maqsadda opkeldikmi? Aqlingni yeb qo'yma! Bizga pul kerak, pul, pandavaqi!..

— Ha endi aytdim-qo'ydim-da!..

— Qani, ishga! O'tiraversak, hademay tong otib qoladi, ish pachava bo'ladi keyin!

Malik oldinda, Inom orqada sekin ayollar yotgan xona eshigi ro'parasiga kelishdi. Uy egasi ohista eshikni taqillatdi.

Bir-ikki taqillatishdan so'ng ayollardan birining o'rnidan turgani, «hozir» degan tovushi eshitildi.

— Voy, sizmidingiz? — Eshikni semizdan kelgan ayol ochgan, sherigi esa, orqada qo'rqa-pisa ikki erkakka tikilib turardi. — Tinchlikmi?

Malik javob berish o'rniga xonaga kirib bordi va sherigi ham ichkariga qadam qo'yib ulgurgach, eshikni ichidan tambaladi.

— Ie, nima qilayapsiz?.. Voy, bu n-nimasi?..

Semizdan kelgan ayol qo'rqib orqaga tislandi. Bu orada Inom unga yaqinlashib ulgurdi.

— Qani, xonimlar, borlaringni chiqaraveringlar endi! — yasama muloyimlik bilan buyurdi Malik. — Hech bir qo'lga ilinadigan narsani qoldirmanglar! Yo'qsa, o'zlaringga qiyin bo'ladi…

— Bizga tegmang, jon aka! — yalina boshladi ayol. — Xudo xayringlarni bersin! Tegmanglar bizga! Musofirmiz. Bu shaharda tanish-bilishimiz yo'q.

— Menga nima? Chiqar deyildi senga boringni! — buyruqqa qo'shildi Inom qo'llarini musht qilib. — Bo'lmasa, bir urib abjag'ingni chiqarvoraman…

Bunday bo'lishini kutmagan ikki ayol qon yig'lagancha quloqlaridagi tilla ziraklarini, ketidan sumkadagi dasta-dasta pullarini chiqarib karavot ustiga tashlashdi.

— Mana bu boshqa gap. — sovuq tirjayib barcha boyliklarni qiyiqqa tugdi Malik. — Qani, endi tashqariga. Izzatlaring bitdi. To'rt tomoning qibla. Faqat… Eslaringda bo'lsin, mabodo birontasiga og'iz ochsang, yerning tagidan bo'lsayam topib bo'g'izlaymiz senlarni…

Ayollar indashmadi. Eson-omon qutulganlariga shukr qilishdi shekilli, qolgan-qutgan buyumlarini olishdi-da, ko'chaga o'zlarini urishdi. Malik ko'rdi. Ikki ayolning ham ko'z yoshi seldek quyilib yuzlarini yuvib tushardi…

 

* * *

 

Xudo bersa qo'sh qo'llab berishi rost chiqib qoldi. Eh-he, ikki ulfat qancha yo'lovchilarni shilishdi!.. Cho'ntak ham sezilarli ko'rinish olib qoldi. To'plangan tilla buyumlarning o'zi bir dunyo pul turardi…

— Bugun faqat ayollarni olib kelamiz. — deb qoldi bir kuni Malik gerdayib.

— Ie, qayoqdan kun chiqdi? — ko'ngli qandaydir yaxshilikni sezdi shekilli, xursand bo'lib ketdi Inom. — Maishatga xushing yo'g'idi chamasi?

— Vey, oshna, pul bo'lsa dengizday oqib kelib turibdi. Nima, bir marta qishloqlik sanamlarminan aysh qilsak birov bizni urisharmidi.

— Ularniyam oxirida shilamizmi?

— Bo'lmasa-chi? Seni bilmadim-u, ammo men kimnidir shilib olmasam, kechasi uxlolmaydigan bo'lib qolganman. Bir yildan oshdi-da ish boshlaganimizgayam, to'g'rimi? Odam o'rganib qolarkan.

— Qo'lga tushmaganimizni aytsang-chi! — uning yelkasiga shapatiladi Inom. — Manaman degan professionallariyam bizday ish tutolmasa kerak.

— Ichingga tupurib ol, galvars! Tag'in ko'z tegib o'tirmasin…

Kech tushib odatdagidek Malik vokzalni aylanib mijoz qidira boshladi. Bu gal uchraganini emas, ketvorgan, mundoq o'ziga qarab yuradigan ayold zarur edi. Chunki maishatga duch kelganini olib kirib bo'lmaydi.

Bunga ham Xudo yo'l berdi. Ikki nafar yoshi yigirma beshlar atrofidagi qizlarni topishdi…

Xullas, maishat avjiga chiqdi. Qizlar ham qishloqdan bo'lishlariga qaramay, juda gapdon, epchil ekan. Har gapda ikki erkakni «o'chiraverib» bezor qilishdi…

Ana endi asosiy ishga — ya'ni, shilish operatsiyasiga o'tish vaqti yetdi. Qizlarni bir-bir tatib ko'rib og'zi quloqlariga yetgan ulfatlar ular chiroqlarini o'chirib, o'rinlariga cho'zilmasdanoq eshikni taqillatishdi.

— Sizlarga kim kerak? — ichkaridan qizlardan birining tahdidli ovozi eshitildi. — Boringlar, uxlanglar, ishlaring bitdi!

— Ochinglar, ish bor! — do'q aralash buyurdi Malik har qachongidek. — Bo'lmasa buzib kiramiz…

Oradan bir-ikki daqiqa ham vaqt o'tmadi. Eshik zulfini sug'urilib, ostonada ikki qiz paydo bo'ldi…

Ularga ko'zi tushgan Malik ham, Inom ham tosh qotib qolishgandi…

Negaki, qizlar ichki ishlar kiyimida bo'lib, ikki erkakning peshonasiga baravariga to'pponcha tirab ulgurishgandi…

«Ko'za kundamas, kunida sinadi» degan maqol to'g'ri chiqdi…

Ikki firibgar, bosqinchi shu kechadayoq shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga keltirildi…

Jazoning shafqatsiz bo'lishi esa, oynadek ravshan edi.

Olimjon HAYIT

 

loading...