«BOYLARDAN QOCh, BOLAM!..» (Voqea real hayotdan olingan)

0

 

MEN SENING TENGING EMASMAN

 

Bahrinisa aya kambag'al bo'lsa ham yolg'izgina nevarasi Orifjonni hech kimdan kam qilmadi. O'zi atala ichib o'tirsa-da, unga osh berdi… Nima qilsin?.. Otasi qurg'ur sira-sira odam bo'lmadi. Ichkilik o'lgurga berilib na bir hunarning boshini tutdi, na bittagina o'g'ilni boqa oldi. Hulkaroyi bo'lsa… Hali yosh-ku, ro'zg'or qilmasa bo'lmasdi-da!.. Ha, mayli, o'tgan ishga salovat… Xudoga shukr, mana, nevarasi maktabniyam tugatay deb qoldi… Peshonasida bo'lsa, biron-bir tuzukroq joyda o'qib olar…

Bahrinisa aya xayol bilan bo'lib nevarasi kirib kelganini ham payqamay qoldi. Orifjon qo'lidagi sumkasini bir chetga irg'itdi-da, qovog'ini uygancha g'ujanak bo'lib karovatga yotib oldi.

— Ha, bolam, ovqatingni yemaysanmi?.. — uning tepasiga kelib boshini silay boshladi Bahrinisa aya, — Bugun negadir shashting past. Tinchlikmi o'zi?.. Yo birov-yarim xafa qildimi-a?..

— Orifjon javob berish o'rniga boshi bilan ko'rpaga o'ralib oldi.

— Voy, meni indamas bolam-ey!.. — kuldi Bahrinisa aya, — Kel, endi ayta qolgin… Menga aytmasang, kimga aytasan ichingdagini, axir?! — Orifjon beixtiyor ko'rpadan boshini chiqardi.

— Buvijon, aytganimminan nimaniyam tushunardingiz?.. Keyin… Bu hammagayam aytaveradigan gap emas…

— Ie, bu nima deganing, bolam?.. Menam baloni tushunaman, ha!.. Yetmishga kirib hech bo'lmasa senchalik tushunib qolarman, qani ayt-chi!..

Orifjon «aytsammi-aytmasammi» degandek birpas ikkilanib turgach, qaytadan boshini o'radi-da, ko'rpaning ichidan turib so'radi:

— Xo'p… Agar, tushunmasangiz… Sevgi-muhabbat o'zi nima, buvijon?..

Bahrinisa aya hech narsaga tushunmayelka qisdi.

— Sal osonroq qilib so'ramaysanmi, axir?! Sevgi-pevgini men qayoqdan bilay?!

Orifjon nimadir esiga tushgandek sapchib o'rnidan turib ketdi.

— Sevgi degani, birov… Birovni yaxshi ko'rib qolsa, sevgi deyiladi. Tushundingizmi endi?.. Tag'in, hamma narsani bilaman deysiz-a!..

Bahrinisa aya to'satdan kulib yubordi.

— Voy, bolam-ey!.. — Orifjonning yelkasiga shapatiladi u kulgidan o'zini to'xtatolmay, — Shunaqa demaysanmi?.. Nima balo, birovni yaxshi ko'rib qoldingmi, bolajonim?.. Ayta qolsang-chi, yuragim taka-puka bo'p ketayapti, axir!..

Orifjon nima deyishni bilmay duv qizardi. Sekin teskari qarab tashqariga chiqib ketmoqchi bo'lgandi, buvisi to'xtatib qoldi.

— Orifjon, bu nimasi, axir?.. Shunaqa gaplaringni mendan yashirasanmi?.. Buvingman-ku, senga yomonlikni ravo ko'rarmidim?! Qani, ayta qol, kim ekan o'zi?..

— Anavi… Rasulboyvachchani qizi Xosiyat… Men seni tengingmasman deb aytdi… Biz kambag'al emishmiz, buvijon!..

Bu gaplarni nevarasining og'zidan eshitgan Bahrinisa aya og'ir uf tortib yubordi.

— To'g'ri aytibdi-da, o'sha qiz, — dedi nihoyat boshi egilib, — Senam… Bo'lmasa, o'zimizga o'xshaganini yaxshi ko'rmaysanmi?! Ana, Sherxon buvangni qizi Sanobar, o'shani yaxshi ko'r!..

Orifjonning mushtlari tugildi. «Yo'q, meni hech kim, hatto buvim ham tushunmaydi… — xayolidan o'tkazdi u yuragi siqilib, — Falonchini yaxshi ko'r emish… Axir, men Xosiyatni sevaman-ku!.. O'shandan boshqasi ko'zimga ko'rinmas, uni ko'rdim deguncha qaltirab qolaversam, nima qilay?..»

— Buvi, mana ko'rasiz, — xitob qildi Orifjon zarda bilan uyoqdan-buyoqqa borib kelarkan, — Men, baribir, Xosiyatga yetishmay qo'ymayman… Shunday katta odam bo'lamanki, Rasulboyvachcha qizini o'zi yalinib beradi…

Bahrinisa aya nevarasining so'nggi gaplariga qalbining bir chekkasida ishonganday bo'lib tursa-da, qismati achchiqligini eslab xo'rligi kelardi.

 

UR KALTAK, SUR KALTAK

 

Orifjon kech kirib o'rniga yotgandan keyin ham tinchimadi. Xayolida faqat va faqat Xosiyat aylanaverdi. Ko'ziga uyqu kelmay tinimsiz to'lg'onaverdi. «Men borib o'ziminan ochiqchasiga gaplashmasam bo'lmaydi… — dedi o'ziga-o'zi, — Nima bo'lsa-bo'lar… Yeb qo'yarmidi ja!.. Qo'rqib ham, uyalib ham o'tirmayman endi…» Orifjon avval Xosiyatga atab uzundan-uzoq maktub bitib, uni cho'ntagiga joylagach, yostig'ini karovatning o'rtasiga tik qilib qo'ydi-da, ustidan ko'rpani yopdi.

«Buvim meni uxlayapti deb o'ylasa, xavotir olmaydi», deb qo'ydi o'zicha va yugurib ko'chaga chiqib ketdi…

Xosiyatlarning hovlisi juda hashamatli. Hatto, ko'cha devorlari ham o'tda yonmaydigan g'ishtdan baland qilib qurilgan. Uncha-muncha odam bu devorga sakrab chiqib bo'pti. Darvozasini-ku, gapirmasayam bo'ladi. Ko'rgan odam xuddi katta madrasalarning qo'sh tabaqali darvozasi deb o'ylaydi. Lekin Orifjon bu hovliga kirishning eng oson yo'lini biladi. Undan bo'lak hech kim bilmaydi… Dala tarafdan kelib shundoq tikanli simlarning oxirigacha yurib borilsa, bir kishi o'tgulik joyi bor. Orifjonning o'zi atayin ochib qo'ygan bu yo'lni. Eh-he, necha martalab bu yo'ldan ichkariga kirib poylagan-u Xosiyatni!.. Ammo biron marta ham chaqirib gaplashishga botinolmagan… Bugun esa, albatta gaplashadi. Orzularini, keyinchalik u ham albatta boyib ketishini aytadi. «Menga ishon, seni hech qachon zoriqtirib qo'ymayman…» — deydi…

Orifjon hovlining yonbosh tomoniga — Xosiyatlar o'tirgan uy derazasi yaxshiroq ko'rinadigan joyga pisib o'tirib oldi-da, o'zicha Xosiyatning tashqariga chiqib qolishini kuta boshladi. Ichkarida yosh bolalarning, gohida ayollarning baqir-chaqiri eshitilib turar, hadeganda tashqari eshik ochilavermasdi. Oradan yarim soat, bir soat o'tdi. Xosiyatdan darak bo'lmadi. Orifjon zerikib paypaslana-paypaslana yerdan mayda bir toshni topdi-da, to'ppa-to'g'ri deraza oynasiga irg'itdi. Oyna tosh zarbidan jaranglab ketdi-yu, kutilmaganda eshik ochilib Rasulboyvachcha, uning ketidan ikkita davangirday Hasan-Husan o'g'illari yugurib chiqishdi va hovlini, tomorqa taraflarini kuzata boshlashdi. Orifjon qo'rqib ketdi. «Ushlab olishsa-ya!..» U sekin-sekin orqaga tisarilib chorbog'ning o'rtarog'iga bordi-da, o'zi ochgan yo'lakni mo'ljallab to'satdan yugurib yubordi.

— To'xta!.. Kimsan?.. To'xta deyapman senga!.. — Ota-bolalar jon talvasasida Orifjonni quvib ketishdi. U tikonli simlar orasidan yo o'tdi, yo o'tmadi. Ishqilib, kimdir oyog'idan tortib qoldi-da!..

— Orif!.. Sen?!. Yarim kechasi meni uyimda nima qandeb yuribsan, ablah?.. — Rasulboyvachcha Orifjonning yoqasidan olib o'rnidan turg'azdi.

— Dada, u Xosiyatning orqasidan kelgan… — gapga aralashdi Hasan Orifjongaeb qo'ygudek bo'lib tikilib, — Bu betayinni ikkinchi biznikiga qadam bosmaydigan qib yuborish kerak.

— Hali shunaqami?.. Meni qizimni-ya?.. Vey, piyanistani bolasi, meni qizimga ko'z olaytiryapsanmi hali?.. Ko'rsatib qo'yaman senetimchaga!.. Ur, bolalar!.. Singlingni orqasidan yurgan oyoqlarini sindir!.. Padariga la'nat bu ishtonsizlarni!..

Go'yo shunday buyruqni kutib turgan aka-ukalar he yo'q, be yo'q, Orifjonni tepkilay ketishdi. U hatto o'zini o'nglab olishga ham ulgurmadi. Ikki tarafidan to'xtovsiz kelib tushayotgan mushtlar oxiri Orifjonnierga ag'anatdi va kaltak zarbiga dosh berolmay hushidan ketdi.

 

QANISAN, BOY, QANISAN?..

 

Bahrinisa aya yarim kechada bexosdan uyg'onib ketib o'rnidan turdi-da, sekin kelib nevarasining karovatini ko'zdan kechira boshladi. Yostiqning ko'rpa ostidan do'mbayib turganini ko'rib: «Bolam tushmagur ja yomon yotadi-da, g'ujanak bo'lib olganini qara-ya!..» — dedi-yu, nari ketdi. Lekin baribir ko'ngli to'lmadi. Orqasiga qaytib ko'rpani paypaslab ko'rdi. «Voy qurib ketmagur Orifjon!.. — Bahrinisa aya ko'rpa ostidan yostiqni qo'liga olib xavotir aralash bosh chayqadi, — Meni yana «o'tlatib» ketibdi-ku bu quloqsiz bola!..» Bahrinisa aya yuragi bejo urib yugurganicha ko'cha tarafga qarab chopdi. Darvozaga yaqin kelganda narigi tomonda kimdir inqillayotgandek bo'laverdi. U kalima qaytarib qo'rqa-pisa darvozani ochdi.

— Voy men o'lib qo'ya qolay!.. Orifjon, senmisan?.. Senga nima bo'ldi?.. Seni qaysi haromzoda qonga bo'yadi, bolajonim?.. — Bahrinisa aya titrab-qaqshab boshidagi chit ro'molini yechdi-da, nevarasining yuz-ko'zlaridagi qonlarni tupugi bilan ho'llab artishga tushdi. — Ayta qol, bolam, kim urdi seni?.. Ayta qolsang-chi, axir!..

— Rasulboyvachchalar urdi, — Orifjonning zo'rg'a ovozi chiqdi. Bahrinisa aya yana tanish ismni eshitib og'ir xo'rsindi. Orifjonni amal-taqal uyga yetaklab olib kirib o'rniga yotqizarkan norozi ohangda g'udranib qo'ydi:

— Bolam-ey, men senga o'shalardan nariroq yur demaganmidim-a?!. Bilganingdan qolmaysan-da, baribir!.. Qiziyam qurib ketsin u haromxo'rlarni… — Bahrinisa aya yarim tun bo'lishiga ham qarab o'tirmay qo'liga yo'g'on bir xodani oldi-yu, Rasulboyvachchanikiga qarab yo'l soldi. Hashamatli hovliga qorong'ida turtina-surtinaetib kelgach, qo'lidagi xoda bilan darvozani qattiq-qattiq ura boshladi.

— Hoy, xudoyo juvonmarg bo'lgurlar, chiq!.. Meni begunoh bolamni urmay lahatda chirigurlar, chiq!..

Yarim kechada bunday shovqin-suronni kutmagan Rasulboyvachcha yo'l-yo'lakay ishtonbog'ini bog'lagancha yugurib kelib darvozani ochdi. Ochdi-yu, ostonada Bahrinisa ayani ko'rib rangi-quti o'chdi.

— Ie, ie, keling, keling!.. — deya oldi zo'rg'a ko'zlarini yolg'ondakam ishqalab, — Tinchlikmi, aya?..

— He, aya degan tillaring uzilib tushsin-a senlarni!.. Bolamni nimaga urding?.. — xodasini qo'lida mahkamroq tutib o'shqira ketdi Bahrinisa aya. Rasulboyvachcha bunaqangi haqoratlarni eshitib o'rganmagani uchunmi, kutilmaganda to'nini teskari kiydi.

— Hoy, kampir, — dedi u vajohat bilan Bahrinisa ayaga yaqinlashib kelarkan, — Og'zingizga qarab gapiring, tuzukmi?!. O'sha mishiqi nevarangizga meni qizimni orqasidan yurishni kim qo'yibdi?.. Xosiyat qayoqda-yu, u yetimcha qayoqda?.. Ko'rpasiga qarab oyoq uzatsin-da!..

— Vey, boyvachcha, sen boy bo'lganingminan nevaramni tirnog'igayam olmayman qizingni, bildingmi?.. He, qizing boshingda qolsin!.. — Bahrinisa aya shu gaplarni gapirdi-yu, ortiq bu ostonada turishni o'ziga ep ko'rmay qarg'ana-qarg'ana ortiga qaytdi.

 

MENAM BOY BO'LAMAN, KO'RASAN!..

 

Orifjon bir hafta deganda oyoqqa turib, yuz-ko'zlaridan yaralari bita boshladi. Hatto, bitirish imtihonlariga borish umidida erta turib maktabga otlanib qoldi.

— Yana bir-ikki kun sabr qip tursang bo'larmidi, — dedi xavotirlanib Bahrinisa aya uning qo'liga sumkasini tutqazarkan, — Anavi yaralaring qurib qolarmidi deyman-da!..

— Yo'q, buvijon, — miyig'ida kulib qo'ydi Orifjon, — Men tuppa-tuzukman… Hatto o'sha Hasan-Husanlarning adabini berishga yarayman…

— Yo'q… Bekorlarni aytibsan… Aytdim-ku, ularminan teng bo'lmagin deb… Xotin qurib ketmagandir sengayam…

Orifjon maktabga yetib kelib sinfdoshlari bilan birma-bir ko'rishib chiqarkan, beixtiyor hovlida Xosiyatning dugonalari orasida turganini ko'rib qoldi. Ko'rishga ko'rdi-yu, yana yuragi hapqirdi. Badani qizigandan qizib uning oldiga borgisi kelaverdi. Lekin… Qanday qilib?.. Qaysi yurak bilan?.. Borib nima deydi?.. Shu tobda bir hafta avval unga yozgan xati esiga tushdi. Baxtiga, xat cho'ntagida ekan…

«Xatni bahona qilib boraman…» — xayolidan o'tkazdi u va ildam-ildam yurib Xosiyatlarning davrasiga yaqin bordi. Yaqinlashish hamono, qizlar negadir birdan tarqalib, Xosiyat ham ichkariga qarab yurdi.

— Xosiyat, to'xta!.. Senda gapim bor, — deya qichqirdi Orifjon hanuz tanasidagi titroqni to'xtatolmay. U to'xtadi. To'xtadi-yu, Orifjon yaqin kelishi bilan orqasiga o'girilib kutilmaganda jerkib tashladi:

— Nimaga yana orqamdan yuribsiz?.. Shuncha yegan kaltaklaringiz kammi?.. Bizni oilaga to'g'ri kelmaysiz deb necha marta aytganman sizga?!.

Orifjon umrida birinchi bor o'zini qo'lga olib Xosiyatning ko'zlariga tik boqdi.

— Axir… Seni yaxshi ko'rsam nima qilay?..

— E, boshimni og'ritmang… Men sizni tengingizmasman…

Bu gapni eshitib Orifjonning badani muzlab ketdi.

— Mana ko'rasan, — deya hayqirdi u indamay ichkariga kirib ketayotgan Xosiyatning ortidan, — Bir kun kelib menam albatta boyib ketaman… O'shanda dadangni o'zi qizimga uylan deb oldimga yugurib keladi… Men senga, baribir yetishmay qo'ymayman, Xosiyat!..

 

SAFARING BEXATAR BO'LSIN!..

 

Bitirish imtihonlari tugagach, Orifjon «katta o'qish»ga tayyorgarlik ko'rishga tushdi. Uyga qamalib olib tinimsiz kitob o'qidi. Xosiyatning oldiga biron marta ham bormadi. O'zining so'nggi marta aytgan gaplari hamisha yodida bo'ldi. O'qiyverdi. Ba'zi g'iybatchi qo'ni-qo'shnilarning «Qarqunoqdan bulbul chiqmay o'lsin-a!..» — deganlariga ham quloq solmadi… Toshkanga jo'nashi oldidan Bahrinisa aya Hadicha folchiga kirib yaxshi niyatda tumor qildirdi va ko'ylagining ichkarisiga taqib qo'ydi…

Afsuski, bu katta shaharda ham Orifjonning omadi chopmadi. Universitetga kirish imtihonlarini topshirolmadi… Yo'q… Hamma savollarga to'g'ri javob berganday edi… Aytishlaricha, bitta o'ringa ellik kishi to'g'ri kelgan ekan-da!.. Shuncha tirishib o'qiganlari, orzu-umidlari havoga uchdi. Imtihonlar zaliga ota-ona, amma-tog'alarini yetaklagancha mag'rur kirib kelayotgan bolalarni, qizlarni ko'rib beixtiyor o'ksib ketdi. «Suyanchig'ing bo'lmasa shu ekan-da!.. — xayolidan o'tkazdi u yig'lagudek bo'lib, — Buvimning tumoriga ishongandim, uyam ish bermadi… Endi nima qilaman?.. Qishloqdagilarga nima deyman?.. Xosiyat nima bo'ladi?.. Uni endi qaysidir boyvachcha ilib ketaveradimi?..»

Orifjon og'ir uf tortib ko'chaga chiqdi. Aksiga olib unga yotoqxona ham berishmagan. O'zi shaharni yaxshi bilmasa. Universitetni ham adasha-adasha zo'rg'a topib kelgan bo'lsa… U xayol bilan bo'lib metro bekatiga yaqinlashib qolganini ham payqamay qolibdi. Odam gavjum. Hamma o'zi bilan o'zi ovora. Shu payt baland bo'yli bir erkak Orifjonning yonidan ildam yurib o'tib ketdi-yu, sal nariga bormay cho'ntagining bir chetidan zo'rg'a ilinib turgan katmonchasi yerga tushib ketdi. Erkak buni sezmadi chog'i, indamay yo'lida davom etdi. Orifjon bu orada katmonga yaqinlashib qolgan ham ediki, shundoq biqinida yana bir qorachadan kelgan, o'rta yashar kishi paydo bo'lib uni astoydil turta boshladi.

— Okasi… Pul tushib qoldi… Olmaysanmi?.. E-e, olsang-chi tez!.. — Soddalik-da, Orifjon ham haligi kimsaning gapiga laqqa tushib shartta katmonnierdan ko'tardi. Ko'tarishi hamono, boyagi kimsa kutilmaganda ovozining boricha baqirib yubordi.

— Ali-i!.. Tez kel, manavi meni hamyonimni o'marib qo'ydi… Tezroq kela qolsalaring-chi, qochib ketadi!..

Orifjon hech narsaga tushunmay orqasiga angrayib qaradi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, besh-olti nafar o'zidan kattaroq bolalar u tomonga yugurib kelishyapti. Nima bo'lsa bo'lar dedi-yu, duch kelgan tarafga qarab chopdi. Lekin yigitlarning oyog'i uzun ekan. Birpasda yetib olishdi. Orifjon bir to'p bezorilar orasida kimningdir «Shumi o'g'ri?.. Shu qishloqimi?..» — degan qichqirig'ini eshitib qoldi, xolos. Hatto, shundoq o'zini himoya qilishga ham ulgurmadi. Har tarafidan goh shapaloq, goh musht kelib tushaverdi… Bu safar Rasulboyvachchanikida yegan kaltaklari holva bo'ldi. Lekin… Negadir hushidan ketib yiqilmadi. Katmonni ham bermadi. Payt poylab turib to'da orasidan zo'rg'agina chiqib oldi-da, bor kuchini to'plab astoydil yugurdi… Ancha joygacha yugurib borgach, qo'rqa-pisa orqasiga qaradi. Baxtiga katta ko'chada bezorilardan asar ham yo'q edi.

 

IShGA BORASANMI, OG'AYNI?..

 

Orifjon bezorilardan eson-omon qutulganiga shukr qilib yonginasidan oqib o'tayotgan beton ariqchadagi suvda bet-qo'lini yaxshilab yuvib, artingach, sekin katmonchani ochib ko'rdi.

«Voy-bo'!.. Bir dasta pul-ku!.. Anavi yaramaslar bekorga orqamdan quvmagan ekan-da!..» — U katmonchani shosha-pisha cho'ntagiga yashirdi-da, og'zi qulog'igaetib xuddi boyvachchalardek taksi to'xtata boshladi.

— Qaerga borasan, uka?.. — ro'parasiga kelib to'xtagan «Neksiya» haydovchisi — qaytarma mo'ylovli baquvvat erkak oynadan boshini chiqarib so'radi.

— Qo'yliqqa, buva!.. Qo'qonga ketadigan mashinalarga oborib qo'ying…

Mashinaga joylashib o'tirib olgach, haydovchi uni yana gapga soldi.

— Qo'qonlikmisan deyman-a?..

— Ha, qo'qonlikman…

— Vatanga qaytyapsanmi?..

— Ha… Shunaqa…

— Qovun chopiqdan xabaring yo'qmi mabodo?..

— Bilaman, buva… Bolaligimdan dalada o'sganman.

— Unda… Menga picha yordam bervormaysanmi?.. Kuningga uch mingdan beraman… Pul ishlab olasan mo'maygina…

Orifjon o'ylanib qoldi… Nima qilsa ekan?.. Bir tomondan bu odam to'g'ri aytyapti… Cho'ntagidagi pulga qo'shib borsa, buvisi ham xursand bo'ladi… Qolaversa… Balki, Xosiyatga pullarini ko'rsatsa, boyib ketganiga ishonar…

— Mayli, boraman, — deb yubordi Orifjon qat'iy qilib, — Qovun chopishni qoyillatib tashlayman…

 

HAQQIMNI BERING, BUVA!..

 

Erkakning ismi Sotvoldi bo'lib, paykali keng ekan. Orifjon uerdagi bepoyon dalalar, mol-qo'y, ot-eshaklarning ko'pligini ko'rib bahri-dili ochilib ketdi. Xayolida xuddi qishlog'ida yurganday astoydil ishlayverdi. Atrofidagi o'ziga o'xshagan hasharchilar uning kuyib-pishib ishlayotganiga zimdan nazar solib ma'noli bosh chayqab qo'yishar, faqat Sotvoldi akagina ba'zi-ba'zida kelib ham unga sir boy beravermasdi…

Kunlarning birida kela solib bir muddat Orifjonning ishini kuzatgan bo'ldi-da, kutilmaganda qachonlardir chopilib ketgan qovun niholini topib oldi. Ko'zlari qinidan chiqayozgan Sotvoldi aka qurigan niholni qo'lida bayroqday ko'targancha indamaygina chopiq qilayotgan Orifjonning tepasida paydo bo'ldi.

— Vey, qishloqi pandavaqi, mana buni ko'rayapsanmi?.. — o'shqira ketdi u jonholatda Orifjonning sochini changallab, — Nima qip qo'yding bu ko'chatni-a?.. Men sen qishloqiga nima uchun pul to'layman?.. Ko'chat quritib berganing uchunmi?..

— Buni men chopganim yo'q, — yig'lamsiradi Orifjon sochi og'riganiga chidayolmay, — Men chopganim yo'q…

— Yo'qol!.. Ko'zimga ko'rinma!.. Kechdim sendaqangi qishloqidan… Bor, dedim!..

Orifjon ketmonni bir chetga qo'yib sal nari ketdi-da, beixtiyor yana orqasiga o'girildi.

— Haqqimni bermaysizmi, buva?.. Bir oydan beri ishlayapman-ku axir!..

— Nima?.. Qanaqa haq?.. Qovun ko'chatlarimni quritib berganingga haq beraymi?.. Buni qaranglar-a, buni qaranglar!.. Yo'qol tezroq, hozir abjag'ingni chiqarib tashlayman, xunasa!..

Orifjonning boshi egildi. O'pkasi to'lib yon-verida ishlayotgan hasharchilarga umid bilan tikildi. Hech kimdan najot bo'lavermagach, yig'lay-yig'lay piyoda yo'lga tushdi.

 

«YaNGI SEVGI» SAROBLARI

 

Yo'l azobi, har qadamdagi tekshir-tekshirlar Orifjondek nimjongina yigitchani holdan toydirdi. Hatto, katta o'qishni orzulaganlariga ming pushaymonlar yedi. Qo'yliqqacha bir amallab yetib kelib qaysidir bekatdagi o'rindiqlardan biriga ohista cho'kayotib esa, xayoliga kelgan birdan-bir narsa shu bo'ldi: «Buvijonim to'g'ri aytgan ekan… Kambag'alning bolasi, baribir, kambag'al bo'larkan…»

Shu tobda yoniga kelishgangina bir qiz kelib o'tirdi-yu, xayolidagi barcha o'ylagan o'ylari ostin-ustun bo'lib ketdi. Qiz ko'rinishidan Xosiyatning o'zginasi edi. Qosh-ko'zlari, soch turmaklashlari quyib qo'ygandek… Orifjon, hatto u bilan beixtiyor salom-alik qilib yuborishiga bir bahya qoldi… Bu qiz Xosiyat emasligini bilib tursa-da, undan ko'zini uzolmay qoldi. Yaqin o'tmishdagi iztiroblar, Xosiyatning lab burib qarashlari esiga tushib a'zoyi badanida titroq turdi.

— Menda ishingiz bormidi?.. — nihoyat tomdan tarasha tushgandek qizning o'zi savol tashladi.

— Yo'q… — deb yubordi Orifjon ham shosha-pisha o'zini qo'lga olib, — O'zim… Shunchaki…

Qiz uning hayajonlanishini ko'rib kulib yubordi.

— Voy, muncha qaltiraysiz?.. Hech qizlar bilan gaplashib ko'rmaganmisiz deyman-a?.. — deya luqma tashlay boshladi qiz hanuz kulishda davom etib. Orifjon esa, adoyi tamom bo'layozgandi. Har qadamda Xosiyatning noz-firog'i, achchiq-tirsiq gaplarini eshitib o'rgangan yigitcha uchun bu haqiqiy mo''jiza edi. Ayniqsa, musofirchilikdagi shuncha kun azob, kamsitilish, xo'rliklardan so'ng bir og'iz mayin so'zni eshitib terisiga sig'may ketdi Orifjon. «Shunday kelishgan, bashang kiyingan qiz menminan gaplashib o'tiribdi-ya!.. — o'zicha o'yladi u qizdan yashirincha ko'zlarini uzolmay, — Buyam boylarni qiziga o'xshaydi-ku, axir!..»

— Judayam kamgap ekansiz-a?.. — o'rtadagi jimlikni buzdi qiz mayin jilmayish qilib, — Otingiz nima?..

— Orifjon…

— Menikini so'ramaysizmi?..

Orifjon kutilmagan savoldan esankirab qoldi.

— S-so'rayman…

— Ha, mayli… — dedi qiz unga yanada yaqinroq o'tirib. Yelkalari qizning yelkasiga yopisha borgan sari Orifjon xuddi boshi aylana boshlagandek seskanib ketaverdi. — Ismim Dilorom… Aytgancha, bu yerlikka o'xshamaysiz… Qaerda turibsiz hozir?..

— Hech qaerda…

— Voy, shunaqami?.. Bechoragina-ey!.. Yuring unda menikiga!..

Orifjon Diloromning bir-biridan yoqimli so'zlarini eshitib uyga qaytayotganini ham unutdi. Hatto, soddalarcha qizga cho'ntagidagi bir dasta pulni ko'z-ko'z qilmoqchi, u ham ja unaqa kambag'al emasligini isbotlamoqchi bo'ldi.

— Xo'sh, nima qilasiz?.. Borasizmi yo men ketaveraymi?.. — kutilmaganda toqatsizlanishga tushdi Dilorom.

— Yo'q, yo'q… Boraman… Uyingiz qani?.. Ketdik…

Dilorom hovliqib o'rnidan turib ketgan Orifjonni qo'lidan tortib qayta joyiga o'tqazdi.

— Judayam shoshqaloq ekansiz-a?.. — ayyorona ko'z suzib dedi Dilorom, — Oldin menga huv anu do'kondan biror narsa obering… Pulingiz bormi o'zi?..

— Pulim bor, Diloromxon, pulim bor… — katmonchadan pullarni qo'liga olib Diloromga ko'z-ko'z qilarkan, Orifjon o'zini xuddi boyvachchalardek tutib gerdayib qo'ydi. — Bizam ja kambag'almasmiz…

Bir dasta pulni ko'rib Diloromni ko'zlari chaqnab ketdi.

— Vuy, rosa boy ekansiz-ku!.. — hiringlab kuldi u pullarni qo'li bilan silab ko'rarkan, — Keling, yaxshisi, bularni menga bering… O'zim chopqillab kirib ko'nglimga yoqqan narsani opchiqaman… Keyin… Bozorga tushib… Sizga… Tuzukroq kiyim sotib olamiz, xo'pmi?..

Orifjon qanday qilib qo'lidagi pulni qizga tutqazib yuborganini o'zi ham sezmay qoldi. Qiz ketgach, miyasidan «Ishqilib, qochib ketmasin-da!..» — degan o'y o'tib yana xavotirlanishini ham qo'ymadi… Ana, Dilorom do'kon eshigiga yaqin borib qandaydir sochi ustarada qirilgan uch-to'rtta yigitga nimanidir uqtirdi… Ie, ular nega Orifjon tarafga yugurib kelishayapti?.. Ha, ha, to'ppa-to'g'ri uni mo'ljalga olib yugurishyapti…

Orifjon bu qiz ham betayin bezorilarning sherigi ekanini tushunibetdi-yu, afsuski, kech edi… Hozir… Qochib qolmasa, yana bekordan-bekorga kaltak yeydi, bekordan-bekorga tepkilashadi… Orifjon shoshib o'rnidan turdi-da, hali bezorilar yaqin kelmay turib bozor tomonga qarab chopdi. To olomon orasiga kirib ko'zdan g'oyib bo'lmaguncha chopaverdi.

 

BOY BO'LMASANG-BO'LMAGIN!..

 

Bezorilardan bir amallab qutulsa-da, pulsiz, och-nahor yuraverib toliqqan Orifjonni qo'qonlik yo'lovchilar savob bo'lar degan umidda ola ketishdi. U o'qishdan ham, katta shahardan ham, va nihoyat, boylikdan ham sovidi. Yo'l-yo'lakay xayolan goh o'zini, goh boshiga shuncha kulfat solgan yomon odamlarni so'kib bordi. Bir necha o'n kunlik «safar»dan so'ng o'zini ancha ulg'aygandek, oq-qorani taniy boshlagandek his qildi. «Endiyam Xosiyatning menga tegmasligi aniq, — o'ylardi u mashina silkingan sari yuragi hapqirib, — Buvim behuda aytmagan-da!.. Kambag'alning bolasi, baribir boy bo'lmasakan… Men bo'lsam, buvimni yolg'onchiga chiqarib yuribman… Haqiqiy yolg'onchi, ayyor boylarning o'zi ekan-ku!..»

Mashina qishloq ko'chasiga yaqinlasha boshlagach, Orifjon bezovtalana boshladi. Garchi ona qishlog'ining qadrdon havosi, bir-biridan bo'ydor va salobatli mirzateraklar ko'zlarini quvnatayotgan bo'lsa-da, ichidan zil ketaverdi.

«O'qishga kirdingizmi?..» — deb so'rashsa, qanday javob qaytarishni bilmay boshi qotdi…

Mashina jo'nab ketgani hamono, darvozadan kiriboq, baribir o'zini tutolmadi. Baland ovozdagi hayqirig'idan butun qishloq jaranglab ketgandek bo'ldi.

— Buvijo-on!.. Qaydasiz, buvijo-on?!. — Bahrinisa aya chamasi xamir qorayotgan ekanmi, qo'l chayishni ham unutib yugurganicha tashqariga chiqdi-yu, biroz dovdirab qoldi.

— Voy, Orifjonmisan?.. O'zingmisan, ishqilib?.. Voy o'zimni domla bolamdan aylanay!..

Orifjon buvisining yelkasiga boshini qo'yarkan, butun chigallari tarqagandek, yengil nafas oldi. Astoydil ko'z yosh qilayotgan Bahrinisa ayani yupata-yupata so'riga borib o'tirdi va birinchi gapirgan gapi shu bo'ldi:

— Buvijon, men «katta o'qish»ga kirolmadim… Hamma aytganlaringiz to'g'ri ekan… Qo'ying, kambag'almizmi, shundayligimizcha qolaveraylik… Menam… Ertagayoq ketmonimni ko'tarib dalaga chiqaman… O'sha yaxshi… Ha… Aytgancha, buvijon… Mabodo, kelin qilmoqchi bo'lsangiz-chi, Sherxon buvamning qizi Sanobarga kiravering… Yaxshi qiz bo'lgan deyishadi-ku!..

Shu tobda Sherxon buvaning qizi Sanobar ko'cha devori yoqalab suv olib o'tib ketayotgandi. Orifjonning o'ziga qarata aytgan gaplari qulog'iga moydek yoqib, mayin jilmayib qo'ydi.

Olimjon HAYIT

 

loading...