KILLER… (9-qism. IKKINChI FASL)

0

 

* * *

 

Haydovchi mashinani to'g'ri tog' cho'qqisiga haydadi.

Qorong'i tun. Onda-sonda qarama-qarshi tomondan kelayotgan mashinalarning chirog'i ko'z ochishga qo'ymaydi. Ochiq oynadan tog'ning muzdek shabadasi yuzlarga urilib, etni junjiktiradi…

Mashina tobora yuqoriga ko'tarilib boraverdi. Valining hamon yuragi bezovta urar, boyagi ko'rganlari ko'z o'ngida betinim aylanib, ko'nglida dahshatli qo'rquv uyg'ota borardi. Ammo xotirjamgina rulni boshqarib ketayotgan haydovchi amakiga bir so'z aytishga hayiqardi. Chunki yonida quroli borligini, hozir biror ortiqcha so'z aytib qo'ysa, otib tashlashini o'ylab tilini tishlardi…

— Mening ismim To'ravoy, — kutilmaganda jimlikni buzdi haydovchi. — To'ra amaki deb chaqiraver!.. Menga qara, nega indamaysan?..

Ana shu so'z hammasini alg'ov-dalg'ov qilib yubordi…

Mashinaning motori to'satdan o'chib qoldi. To'ravoy aka shosha-pisha tormozni bosdi. Afsuski, shu mahalda tormoz ham ishlamadi.

Mashina orqaga o'qday uchib keta boshladi…

Bunday vaziyatlarda hech bir kuch mashinani to'xtatib qololmasdi…

— Sakra!.. — baqirdi To'ravoy aka. — Bolakay, sakra!.. Men mashinani toqqa borib uraman, sakra dedim senga!..

Vali nima qilishni bilmasdi…

Jonholatda eshikka yopishib ochmoqchi bo'ldi. Lekin kuchli shamol eshik ochishga qo'ymadi…

To'ravoy aka kuch bilan rulni burib mashinani toqqa yo'naltirdi…

Nihoyat mashina toqqa borib urildi… Urildi-yu, ag'anab, yo'l chetiga qo'yilgan beton to'siqlardan ham oshib, pastga — jarlik qa'riga sho'ng'idi…

 

* * *

 

— Ana, o'ziga kelayapti! O'ziga kelayapti!..

Valining qulog'iga allakimlarning shivir-shiviri kirardi-yu, o'zini o'nglab, ko'zlarini ocholmasdi… Ko'z ochishga qandaydir oppoq pardasimon to'siqlar xalal berardi. Xuddi hozir ko'zlarini ochsa, ko'r bo'lib qoladigandek tuyulardi…

— Ko'zlaringni och, bolajon!.. — deya turta boshladi kimdir. — Qani, shoshilmasdan, ohista ochgin-chi ko'zlaringni!..

So'nggi bor shu gaplarni eshita oldi xolos. To'satdan boshi aylanib qusgisi keldi. O'qchib-o'qchib yubordi. Lekin hech narsa tushmadi…

Boshi esa, aylanaverdi. Qaerlargadir osmonlarga chiqib tushdi. Uy teskarisiga aylanib yuragi hapriqib-hapriqib ketdi…

So'ngra hammasi joyiga tushdi. Shundoq ro'parasida otasi paydo bo'ldi. G'irt mast holda. Oyoqda zo'rg'a turardi-yu, nuqul Valining boshini silash uchun qo'l cho'zardi. Biroq yeta olmasdi. Qalqib ketaverardi…

— Yo'qol! — deya qichqirdi Vali yig'lab. — Senlarni ko'rishga ko'zim yo'q!.. Meni tashlab ketgansanlar!.. Yetimxonaga tashlab ketgansanlar!.. Yo'qol!..

— Bolakay, o'zingni bos!.. — yana kimdir boshini ushlab siltay boshladi. — Hammasi ortda qoldi, jonim!.. Sen ko'zlaringni ochgin!.. Ocha qolgin!..

Vali qo'rqa-pisa ko'zlarini ochdi. Tepasida oq xalat kiygan ko'hlikkina ayol turar, ko'zlari to'la yosh edi.

— Voy, Xudoyim, xayriyat, ko'zlaring ochildi!.. — dedi ayol yig'lab. — Qo'rqma, sen kasalxonadasan!.. Xudo xohlasa, tez kunda tuzalib ketasan!..

Vali nimadir demoqchi bo'ldi. Og'zini ocholmadi. Buning ustiga oyoqlari shu qadar qattiq og'rirdiki, chidab turishning iloji yo'q edi…

Birpas yotgandan so'ng yana ko'ngli behuzur bo'la boshladi. O'nboshiga ag'darilmoqchi bo'ldi. Kuchi yetmadi. Yaxshiki, vrach ayol tepasida edi. Darrov qo'ltig'idan olib ohista yonboshiga ag'darib qo'ydi.

— Ih-h!.. Oyoqlari-im!.. — deya beixtiyor qichqira boshladi Vali. — Ih-h!..

— Sabr qil, bolajonim, sabr qil!.. Hozir ukol qildirib qo'yaman! Uxlaysan!..

 

* * *

 

Shu ko'yi uch kun yotdi. Ko'ngil aynishi to'xtagan bo'lsa-da, oyoqlari hamon azob berardi. Ertalabki tekshiruvlardan so'ng vrach ayol yana tepasiga kelib o'tirdi. Birpas achinib tikilib qoldi. Hamshiraga nimalardir deb pichirladi. Vali nima deganini anglay olmadi. Og'riq azobi sabab qulog'iga hech narsa kirmasdi…

Vrach o'zi turib ukol qildirgach, hamshirani olib tashqariga chiqdi.

— Bilasizmi, — dedi u hamshiraga. — bu bolaning hech kimi yo'qqa o'xshaydi. Oyoqlarini kesib tashlamasak bo'lmaydi. Ezilib ketgan. Agar shu taxlit yotaversa, o'lib qoladi bechora… Boring, tez markaziy kasalxonaga qo'ng'iroq qilib mutaxassis chaqiring!.. Ungacha men boladan so'rab turaman!..

Hamshira ketgach, u palataga qaytib kirdi. Vali uyquga ketib ulgurmagan ekan.

Sekin kelib karavotning bir chetiga cho'kdi.

— Valijon, opoqmisan endi? — so'radi muloyimlik bilan. — Oyoqlaring sal qo'yvordimi?

Vali unga javoban boshini qimirlatib qo'ydi.

— Menga qara, sen o'g'il bolasan, to'g'rimi? — gapni uzoqdan boshladi vrach. — O'g'il bola hamma narsaga chidashini bilasan-a?

Vali yana boshini qimirlatdi.

— Juda yaxshi… Bilasanmi, oyoqlaringni… Kesib tashlamasa bo'lmaydi… Operatsiyaga chiday olasanmi?..

O'n ikki yashar bola oyoq kesish nimaligini qaerdan tushunsin?.. Umuman, u hozir bu taxlit mulohazalarni miyasidan kechiradigan ahvolda emasdi. Shunchaki… Boshini qimirlatib qo'ya qoldi…

— Jon bolam, ayt, — davom etdi vrach. — biror qarindosh-urug'ing bormi? Bo'lsa aytsang, men o'zim toptirib kelardim…

Vali indamay boshi bilan «yo'q» ishorasini qildi…

Beixtiyor ko'zlari yoshlanib labini tishladi.

— Mayli, mayli, xafa bo'lma! — uni yupata boshladi vrach. — Biz bormiz-ku!.. Seni yolg'izlatib qo'ymasmiz… Faqat yig'lama!.. Yuragimni ezma!.. Biror nima yeging kelayaptimi?.. Kabob opkelib berishsinmi?..

Bu gaplar albatta ko'ngil ko'tarish uchungina aytilgan edi. Chunki vrach hozirgi vaziyatlarda Valiga parhezli ovqatdan boshqasi mumkin emasligini bilardi…

Qaradiki, bola ukol ta'sirida ko'zlarini yumib uyquga keta boshladi. Vrach asta o'rnidan qo'zg'olib uning ustini to'shak bilan yopdi-da, oyoq uchida tashqariga chiqib ketdi…

Operatsiya muvaffaqiyatli o'tdi. Valiga qo'rqib ketmasligi uchun avvaldan narkoz berib uxlatib qo'yishgandi…

Afsuski, oradan to'rt-besh soatlar o'tib u ikki oyog'idan ayrilgan holda operatsiya stolidan olinib, palataga yotqizildi…

Endi unga bir-ikki haftagacha qimirlash mumkin emasdi…

Oradan yigirma kunlar vaqt o'tdi. Valining oyoqlari bitish pallasiga kira boshladi. Ko'ngli ham aynimay qo'ydi.

Faqat… Oyoqlarini uzatib yotgisi kelaverardi. Ammo tizzadan balandigina qolgan. Bir qarich oyoqlarni qaergacha ham uzatardi?!.

Bola joni og'riganidan emas, oyoqlarini yo'qotib qo'yganidan o'ksib qur-qur yig'lab oladigan odat chiqardi. Tez-tez tushida mashinadan yiqilib tushadigan, orqasidan kimlardir miltiq otadigan bo'ldi…

Shunday paytlarda sab bo'lmasa o'rnidan sapchib ketardi. Biroq qimirlashga imkon yo'q. Uyqu orasida yiqilib tushmasligi uchun kechasi ikki qo'lini karavot chetiga bog'lab qo'yishardi…

— Men endi… Yura olmaymanmi, xola? — bir kuni kutilmaganda so'rab qoldi u vrachdan. — Doim shunday yotaveramanmi endi?..

— Nega unday deysan, asalim? — deya uni yupatgan bo'ldi vrach ayol. — Senga judayam chiroyli, yumshoq aravacha olib berishadi. Men kattalarga aytdim. Tez kunda opkep qolishadi…

— Men… Futbol o'ynashni yaxshi ko'rardim. — dedi Vali afsus bilan. — Bundan buyon o'ynolmas ekanman-da!..

— Unaqa dema!.. Hali vaqt kelib ko'rmaganday bo'p ketasan… Xo'sh, futboldan bo'lak yana nimani yaxshi ko'rasan?

— Menmi?.. Men miltiq otishni yoqtiraman… Aytgancha, haydovchi amaki qani?

— Qaysi haydovchi?

— Meni opketayotgandi-ku!.. Keyin… Biz ag'anab ketdik…

— Ha-a, umi?.. Voy bolajonim-ey, u kishi… Bilmadim… Boshqa kasalxonada bo'lsa kerak…

— Tirikmikan ishqilib?

— Albatta… Menga qara, unaqangi narsalarni hadeb o'ylayverma!.. O'zing sog' qolganingga xursand bo'l!.. Demak, miltiq otishni yoqtiraman degin?..

— Ha, katta bo'lsam, menam Vadim amakimga o'xshagan zo'r killer bo'laman.

— Qaysi Vadim? — hayron bo'lib so'radi vrach ayol.

— E, uni otib tashlashgan…

Vrach hech narsaga tushunmay, bolaning peshonasini ushlab ko'rdi. Issig'i chiqa boshlabdi. Darrov o'rnidan turdi-yu, yo'lakka chopdi. Vali aytgan gaplarni shunchaki isitma ta'siriga yo'yib qo'ya qoldi…

 

* * *

 

Kunlar ketidan kunlar o'tib bahor ham yaqinlashdi. Daraxtlar kurtak yozib, havoning zahri ketdi. Boshqa yerlarda bo'lgani kabi kasalxona hovlisini ham qushlarning chug'ur-chug'uri bosdi.

Valining oyoqlari bitib bemalol aravachada yura boshladi. Operatsiyadan keyingi og'riqlar xiyla nari ketdi. Faqat havo ayniy boshlasa, oyog'ining kesilgan yerlari chimillatib-chimillatib qo'yardi. U hammasiga ko'nikdi.

Vrach Gulnoza opa esa, bu bolaning kelgusi taqdiri haqida qayg'ura boshlagandi. Axir, bir umr kasalxonada yashamaydi-ku!.. Qaysar bola nogironlar uyiga borishni istamasa…

— Qiziqsiz-a! — uni koyib berdi bosh vrach No''mon Kamolovich. — Istamayman desa quloq solib o'tiraverasizmi? Shartta oborib o'sha yerga joylang, vassalom!..

Gulnoza opa o'ylana-o'ylana yana Valining palatasiga kirib bordi. Bolakay aravachada o'tirgancha uzoq-uzoqlarni tomosha qilardi. Xayolga shu qadar berilib ketgan ekanki, vrach kirib kelganini ham payqamay qoldi.

— Valijon, nimalarni o'ylab o'tiribsan?..

Kutilmagan ovozdan Vali seskanib ketdi. Shoshib orqasiga o'girildi. Vrachni ko'rib biroz chehrasi ochilgandek kulimsirab qo'ydi.

— Nega xomushsan, bolajonim? O' birov xafa qildimi? — Uning boshini silab aravachani karavotga yaqin olib bordi Gulnoz opa va o'zi karavotning bir chetiga o'tirdi. — Qani, menga ayt-chi! Nima bo'ldi?..

Vali boshini quyi solib ko'zlariga yosh oldi.

— Ie, o'g'il bolayam yig'laydimi? — yupata ketdi Gulnoz opa. — Uyat bo'ladi-ku!.. Qani, tez ko'z yoshingni artib menga gapir-chi!..

— Men u yerga bormayman. — shivirladi Vali.

— Nimaga bormaysan? Axir, u yerda senga yaxshi qarashadi!.. Kamchilik ko'rmay yashaysan.

— Baribir bormayman!..

— Nima uchun? Sababi bormi?

— Men… Vadim amakimga o'xshab bir o'zim yashashni xohlayman.

— Yo'q, unaqa demagin, jon bolam!.. Odam bir o'zi yashasa, o'lib qoladi-ku!.. Sen hali kichkina bo'lsang…

— Mana ko'rasiz, baribir qochib ketaman o'sha yerdan!..

— Bo'pti, bo'pti, avval borgin!.. O'zing ham yoqtirib qolasan…

O'sha kuni Valini «Tez yordam» mashinasiga o'tqazib nogironlar uyiga olib ketishdi. Bola kasalxonadan to ko'rinmay ketguncha ko'zini uzolmadi…

 

* * *

 

Nogiron bolalar uyida Valiga o'xshaganlar anchagina edi. Birining qo'li yo'q, yana birining bo'yni qiyshayib qolgan…

Ayniqsa, Vali ikki qo'li betinim qaltirab turadigan maymoq bolaga juda achindi. U hali juda kichkina edi. Hatto, ovqatini ham o'zi yeyolmas ekan…

Baribir bu yer unga yoqmadi. Tarbiyachi ayollar aylanib-o'rgilishlariga qaramay, ikki xayoli qanday qilib bo'lmasin qochib qolishda bo'lib, tushga qadar ko'zini derazadan uzolmadi. Lekin derazaga qarab o'tirgan bilan bir ish chiqmasdi.

— «Hovlini tekshirib ko'rishim kerak. — xayolidan o'tkazdi Vali. — Agar darvozada to'xtatib qolishmasa, zo'r bo'lardi. Shartta katta ko'chaga chiqardim-da, jo'nab qolardim…»

Soat kunduzgi o'n ikkilarga yaqinlashganda, u xonaning bir chetidagi stol qarshisida yastanib o'tirgancha allanimalarni yozayotgan tarbiyachi Masturaning yoniga yaqinlashdi.

— Opa, hovlini aylanib kelsam maylimi? — muloyimlik bilan so'radi Vali.

— Yiqilib-netib ketmagin yana!.. — qog'ozdan ko'zini uzmay tayinlagan bo'ldi tarbiyachi.

— Yo'q, yiqilmayman!.. O'rganib ketganman…

— Bo'pti, boraqol!.. Faqat birpas aylangach, qaytib kelgin!..

— Xo'p bo'ladi!..

Vali xursandligi ichiga sig'may, aravachaning g'ildiraklarini qo'llari bilan tez-tez aylantirgancha tashqariga yo'l oldi…

Birinchi qavat emasmi, u ko'z ochib yumguncha tashqariga chiqib oldi…

Havo ochiq edi. Quyosh charaqlab turibdi. Esayotgan mayin shabada odamning bahri-dilini ochadi…

Darvoza yonida hech kim ko'rinmadi. Qorovul chol hov narida yerga to'kilgan xazonlarni supurgi bilan to'plab astoydil qopga joylayapti…

Vali xuddi osmonlarni tomosha qilayotgan bo'lib, qaysidir qo'shiqni xirgoyi qilgancha aravachasini ko'chaga yo'naltirdi. Bildiki, hech kim unga e'tibor bermadi. Aravachani yanada tezroq yurgazib serqatnov yo'lga chiqdi. Har-har zamonda orqasiga o'girilib olishni ham unutmadi…

Xayriyat, ichkaridagilar bilishmadi. Endi bemalol boshi oqqan taraflarga ketaversayam bo'ladi…

Qiziq, o'zi yashagan axlatxona uzoqmikan-a?.. O'sha yerga yetib olganda-ku, ko'pchilik bolalarni tanirdi…

Eh, nima bo'lsa bo'lar. Baribir bu yerlarda qolmaydi. Ketadi. Ketaveradi…

 

* * *

 

«Aniq bilaman, hozir anavilar meni qidirishayapti. — o'yladi Vali astoydil oldinga intilarkan. — Agar, tezroq bu yerlardan ketib olmasam, tutib olishadi. Tag'in o'sha sassiq yerga opkirib qo'yishadi…»

Taxminan bir-ikki chaqirimlar yurgach, charchadi. A'zoyi badanidan ter quyilib g'ildirak aylantirishgayam xoli kelmay qoldi…

Sekin chetroqqa o'tib atrofga alangladi. Yo'l chetida pistachi kampirdan bo'lak odam yo'q. Faqat o'tkinchi piyodalar juda ko'p ekan bu yerlarda…

Vali qorni ochib borayotganini his etib pistachining stolidagi rang-barang konfetlarga tikilgancha tamshanib qo'ydi…

Kampir uning holatini sezdimi, qo'li bilan o'ziga chorladi.

— Hoy, bola, beri kel!..

Vali indamay kampirga yaqin bordi.

— Qaerdan bo'lasan? — so'radi kampir unga achinish bilan tikilib.

— Hech qaerdan. — lablarini burib javob qildi Vali.

— Voy, Xudoyim, uying yo'qma?..

— Yo'q.

— Ie, unda qaerda yashaysan endi?..

— Bilmasam…

Kampir rahmi keldi shekilli, stol ustidagi konfetlardan uch-to'rttasini olib Valiga tutqazdi.

— Ma, manavilarni yeb ol!.. Oyog'ingga nima qildi, bolam?..

— Oyog'imgami?.. E, mashinadan yiqilib tushgandim. Do'xtirlar kesib tashlashdi…

— Voy, voy, voy!.. Bechora bola-ya!.. Rosa yig'lagandirsan-a?.. O'mon og'ridimi?..

— Yo'-o'q, yig'lamadim… Uxlatib qo'yisharkan… Tursam, kesib bo'lishibdi…

Kampir bosh chayqay-chayqay, o'rnidan turib ketdi.

— Menga qara, katta bo'p qopsan… Koshki meni uyimda tinchlik bo'lsaykan, sen sho'rlikni opketib boqsam… O'g'illarim g'irt piyonista… Seni sig'dirishmaydi…

— Kerakmas, xola, o'zim bir amallayman! — dedi Vali iyagini ko'tarib. — O'rganib ketganman…

— Xo'sh, qanday qorin to'ydirasan ko'chada yurib?.. Hozirgi zamonda senginaga juda qiyin bo'ladi-ku!.. Menga qara, pul topish yo'lini o'rgataymi?..

Vali kampirga sinchkovlik bilan tikilib qoldi.

— O'rgataymi? — davom etdi kampir. — Sen-chi, tilanchilik qilgin!.. Uyati bor ekanmi?.. Ana, ko'chada nima ko'p mashina ko'p… Hov anavi svetoforgacha borvolsang, o'sha yerda turib tilanaverasan… Qorningam to'yadi, cho'ntaging pul ko'radi, bolam!.. Xo'sh, nima deysan?..

Vali biroz o'ylab turgach, kulib qo'ydi.

— Ma'qul, xola!.. To'g'ri aytdingiz… Hoziroq boshlayman…

— Voy, umring uzoq bo'lsin, bolajonim!.. Boraqol, Xudo yo'lingni bersin iloyim!..

Haqiqatan, pul topish yo'lini topolmay turgandi. Valiga kampirning ko'rsatgan yo'li juda ma'qul kelib aravachasini g'ildiratgancha chorraha tomon yugurtirib ketdi…

 

* * *

 

Go'dakligidan ko'chada katta bo'lgan Vali uchun katta yo'l o'rtasida uyoqdan-buyoqqa yurish qo'rqinchli emasdi. Mashinalarning g'iz-g'iz o'tib turishi ham odatiy hol edi…

U qizil chiroq yonib mashinalar to'xtashi bilan oldindagi «Neksiya» ro'parasiga yaqin bordi. Va ikki qo'lini oyna tomon cho'zdi.

— Amaki, sadaqa qiling!..

Haydovchi oynani ochib unga birpas qarab olgan bo'ldi-yu, cho'ntagidan yuztalik chiqarib uzatdi.

— Ma, ol, bola!.. Eh, hayot-a, hayot!..

Vali hovliqib pulni oldi-da, cho'ntagiga tiqib keyingi mashina tarafga qarab yurdi.

— Sadaqa qiling!..

Shu taxlit ikki soatlar chorrahada yurib pul yig'di. Gulnoz opa olib bergan yupqagina kostyumining ikki cho'ntagi pulga to'lib ketdi… Bolaga yanada jon kirdi…

Shu payt kimdir orqadan kelib aravachani yo'l chetiga itarib ketdi. Kutmagandi. Vali jonholatda ortiga o'girilib qaradi. Aravacha yetaklab borayotgan yigit taxminan yigirma yoshlarda bo'lib, ozg'indan kelgan, yuzlariga husnbuzar toshgan, basharasi qo'rqinchli edi.

— Ha, yigitcha, pul ishlayotganmiding?.. — yo'l-yo'lakay xoxolab kuldi u. — Bizning «tochka»da-ya?..

Vali javob berishga ulgumay qoldi. Yigit uni ko'p qavatli uylar oralig'iga olib bordi. Atrofda hech kim yo'q edi…

Qo'rqib ketdi. Hozir pullarini olib qo'ysa-ya!?.

Shosha-pisha ikki qo'lini pul to'la cho'ntaklariga tiqib oldi…

Bir mahal podyezdlarning biridan ikkinchi yigit chiqib keldi.

— Opkeldingmi «delovoy»ni?.. — so'radi u sherigiga ma'noli qarab qo'yarkan.

— Ha, qarasam, ja astoydil ishlayapti… «Shustriy»ga o'xshaydi bu cho'loq!..

— Xo'sh, nima qilamiz buni?..

— Nima qilardik?.. Agar ko'nsa, yotoqqa oborib anavilarga qo'shib qo'yamiz. Ko'nmasa, dabdalasini chiqaramiz-u, ketaveramiz…

— Vey, yigit, — nihoyat podyezddan chiqqani Valining tepasiga keldi. — nimaga bizning «tochka»da tilanayapsan?..

Vali unga yeb qo'ygudek tikildi.

— Siznikimas u yer. Tilanaveraman…

— Vey, katta ketaverma!.. Hozir abjag'ingni chiqarib qo'yaman!..

— Chiqarolmaysiz.

— Menga qara, bolani qo'rqitma! — dedi aravacha yetaklab kelgan yigit sherigiga. — Avval yaxshilikchasiga gaplashaylik!.. Bolakay, bizda bir taklif bor. Nima deysan?..

— Aytavering! — dedi Vali o'zini yo'qotmay.

— Hozir biz seni yotoqxonaga oboramiz. U yerda o'zingga o'xshagan bolalar yashaydi. Baribir ko'chada yotmaysan-ku!..

— Keyin-chi?..

— Har kuni mana shu yerga kelib tilanchilik qilasan. Lekin pullarni bizga topshirasan. Senga «dolya»ngni ajratib berib turamiz.

— Topshirmasam-chi? — so'radi Vali hamon qo'llarini cho'ntakdan olmay.

— Topshirmasang, o'lasan! — ikkinchi yigit qo'lini musht qilib Valining iyagiga tiradi. — O'ligingniyam topisholmaydi…

Shu tobda kutilmagan hodisa yuz berdi. Vali sekin yerga qaragandi, ko'zlari toshga tushib qoldi. Shosha-pisha toshni qo'liga olib zarb bilan tepasida turgan ikkinchi yigitning boshiga tushirdi.

— Ih, maraz!.. — yigit qonga belangan boshini ushlagancha yerga engashib qoldi. Sherigi esa, Valining bo'ynidan bo'g'ib oldi.

— Shunaqami?.. Hozir o'ldiraman sen xunasani!.. O'l!.. Bo'g'ilib o'l!..

Vali qancha chiranmasin, uning qo'llaridan bo'shala olmasdi. Endi-endi nafasi qayta boshlaganda kaltak yegan yigit joniga oro kirdi.

— Qo'lingni tort! — sherigini itarib yubordi u. — Jinni bo'lganmisan? Hali ish beradi bu bola!.. Aravani yetakla!..

Yigit itoatkorona aravachani yetaklab noma'lum tomonga keta boshladi. Sherigi ham qonagan boshiga ro'molcha bosgancha ularning ortidan borardi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT