MUSOFIRLAR… (7-qism)

0

 

* * *

 

Mashina anchagina yo'l bosib qo'ydi. Qandaydir o'rmonsifat joylardan o'tib yana serqatnov yo'lga chiqdik. Haydovchi rulni chapga burib taxminan ikki chaqirimcha yurgach, o'ngga qayrildi. Bu yo'lning ikki cheti daraxtzor edi. O'rtacha tezlikda borib qandaydir baland, ikki tavaqali darvozadan ichkariga kirdik. Yuz metrcha yurilgach, yana bir shunaqa darvoza ko'ndalang bo'ldi. Sal o'tib uchinchi darvozadan ichkariladik va haydovchi tormoz berdi…

Shunda beixtiyor ko'nglimni g'ashlik tumani qoplab oldi. Darrov qachonlardir qizaloqligimda enam rahmatli aytib bergan bir voqea esimga tushdi…

Enam rahmatli aytgandiki, juhudlarning qo'liga tushsang, seni ikki-uchta eshikdan aldab-suldab olib o'tadi-da, bir xonaga qamab qo'yadi. Keyin esa yemayman deganingga qo'ymay, xudoning bergan kuni majburan og'zingga ovqat tiqaverishadi. Shu taxlit semirtirib olishadi-da, kunlarning birida seni qip-yalang'ochlashadi. So'ngra ko'plashib a'zoyi badaningga bigiz sancha boshlashadi. Dodingni it ham eshitmaydi. Qoningni idishga yig'ib, unga belashadi. Xamir qorib non pishirishadi. Senginaning qoningdan pishgan nonni o'zaro bo'lishib yeyishadi. Sen bo'lsang, itday o'lim topasan. Keyinchalik murdangni itlarga yedirishadi…

«Nahotki, Arsen ham meni aldagan bo'lsa? — o'ylardim yuragimning allaqaerida titroq tuyib. — Armaniman deb aldagan bo'lsa-ya? Hozir ichkariga opkirib og'zimga ovqat tiqa boshlasa nima qilaman? Kim eshitadi? Kimga dod deyman?..»

Shunday vahimaga qorishiq xayollar girdobida qo'rqa-picha Arsenga razm soldim. Uning yuz-ko'zlarida g'azab, yomonlik sezilmasdi. Shu narsa ham meni biroz bo'lsa-da tinchlantirdi. Unga ishongim keldi. Xayolan Ollohga iltijo qilib, yomonlardan o'z panohida asrashini so'radim.

— Xo'sh, senga hovli yoqdimi? — muloyimlik bilan so'radi Arsen qo'ltig'imdan olib ichkariga boshlarkan. — Yo yoqmadimi?

— Yoqdi, — dedim qo'rqa-pisa unga yer ostidan qayta boqib. — Ayniqsa, darvozalari ko'pligi yoqdi.

Arsen bu gapimni eshitib, kulib yubordi.

— To'g'ri anglabsan, — dedi u kulgidan arang to'xtab. — Darvoza ko'p. Uch birday darvoza qurdirganman. Chunki mening koshonam yomon ko'zlardan nari bo'lishini xohlaganman. To'g'rimi?

— H-ha, albatta, — javob qildim tutilib. — Sizning bilganingiz bilgan…

Shu orada yo'lak bo'ylab yurib borib chapdagi xonaga kirdik.

Xona keng va juda go'zal edi. Jihozlardan tortib, ta'mirigacha har qanday odamning ko'zini o'ynatishi tayin. Mening o'zim ham hayratdan yoqa ushlab qolgandim. Lekin sir boy bermaslikka urinib, tishni tishga bosdim. Arsen esa meni yetaklab keldi-da, yumshoq kresloga avaylab o'tqazdi.

Ochig'i, begona yurtlarga kelganimdan beri hech kim meni bu qadar avaylamagan, mehr ko'rsatmagandi. Shuning uchunmi, g'alati bo'lib ketdim. Qo'yib bersa, qarshimdagi shu badavlat erkakning izlarini o'pishga-da tayyor edim. Agar qolgan bo'lsa, qizlik iffatimi, yo andishami, ishqilib, nimadir meni bu harakatdan tiyiltirib turardi.

— Yur, hozir birga ovqatlanamiz, — dedi Arsen qo'limdan tortib turg'azarkan. — Keyin vannaga tushasan. Undan so'ng… Menga xizmat ko'rsatishni boshlaysan!..

 

* * *

 

Qishloqda o'sib-ulg'aygan odam uchun bu qadar qulayliklarga ko'nikish oson kechmaydi. Vannaxonada cho'milardim-u, katta shaharlarda yashaydiganlarga havaslarim kelardi. Shu bahonada uydalik paytlarimda cho'milgim kelsa, chelakdagi qaynoq suvni ko'tarib og'ilxonaga jadallaganlarim ko'z oldimga kelardi. O'zimcha taqqoslardim. Qishloq bilan shaharni taroziga solib ko'rardim. Baribir shahar ustun kelaverardi…

Ana shunday tuyg'ular og'ushida cho'milib ham bo'ldim. Endi esa buyog'iga…

Ovqatlanish, cho'milish, turli o'y-xayollarga andarmon bo'lib asosiy voqeani unutayozgan ekanman. Esimga tushdi deguncha a'zoyi badanimni qaltiroq tutdi. Men o'zimni Arsenning bag'rida tasavvur etdim-u, ko'nglim yana g'ash tortdi. Baxtiyorning qiynoqlari, Gulnorning masxaraomuz kulgulari ko'z o'ngimdan marjondek o'ta boshladi. Qandaydir daqiqalar ichida vujudimni qaytadan muzlik domiga oldi.

Nailoj. Xudo yosh boshimga shunday achchiq qismatni, bir-biridan mushkul sinovlarni yuboribdi. Ulardan qochib qutulib bo'larmidi…

Qiziq, xudoni tanib turibman. Yosh bo'lsam-da, duo qilish, tavbalar aylab zorlanishga ham tilim aylanmoqda.

Miyam baloday ishlab turibdi. Nimaga bilib, ko'rib, sezib, his etib turib xudoga qarshi bormoqdaman? Tavba qilyapman-u, har bir tavbadan so'ng yangi gunohlarga qo'l urmoqdaman. Nega?..

Agar taqvo yo'lini tanlagan, qalbida faqat yaxshilik, xudoga, atrofdagilarga, oilasiga, avlod-ajdodlariga mehr tuya ola bilguvchi banda bo'lsa-yu, o'zi sezmagan holda iblis yetagiga tushib qolsa, allaqachon to'g'ri yo'lni tanlagan, jirkanch amallarga erk bermagan bo'lardi. Ammo men…

Demak, mening qalbimda o'sha ezguliklar, mehr zohir emaskan. Shuning uchun ham Ollohni tanib turib ham barchasiga qo'l siltamoqdaman. Qarshimdan qancha to'siqlar chiqsa, barchasini ag'darib, abgor qilib, oldinga, o'sha sarqit amallarga, nahs, vahshiyona xayollar sari talpinmoqdaman…

— Marhabo, kutib qoldim! — men kutilmagan qichqiriqdan seskanib ketdim.

Xayol olib ketgan ekan.

Qichqiriq yana bir necha marta takrorlangach, shosha-pisha uyoq-buyog'imni to'g'riladim-u, Arsen o'tirgan xonaga zipilladim…

Xona keng va hashamatli edi. Kim ta'mirlagan, bezagan bo'lsa, didi nozikligi shundoq ko'rinib turibdi. Biror jihatiga tanqidiy ko'z bilan qarab bo'lmaydi. Shu qadar jozibali va go'zal ediki, xonada bir muddat o'tirib chiqishning o'zi odamga yorug' dunyoning jami lazzatini hadya etishi tayin edi.

Men bo'lsam, bir muddat emas, istaganimcha o'tirish, yurish, aylanish, uxlash imkoniga egaman. Balki shuning o'zi ham bir baxtdir-a?..

— Qara-ya, — Arsen asta menga yaqinlashib keldi-da, iyagimdan tutdi. — Vannada cho'milib yanayam go'zallashibsan. Judayam go'zallashibsan!..

Uning qaynoq nafasi, deyarli shivirlab so'z qotishi menga yoqayotgandi. Hech qachon begona erkakning mehrini, erkalashini vujudimda tuyib ko'rmaganim uchunmi, yo Gulnor va Baxtiyorning xo'rlashlaridan keyin shunday tuyildimi, baribir borlig'imni yoqimli hislar zabtiga oldi.

Juda qisqa fursat bo'ladimi, yo bir kechalikmi, baribir, bu hislar vujudimni tark etishlariga rozi bo'lmasdim. Sirayam xohlamasdim.

Shu bahonada butun dunyoni unutgandek edim. Xo'rliklar, o'z inon-ixtiyorim bilan sodir etayotgan gunohlar ajri ham meni qiziqtirmayotgandi.

Men allaqachon ehtiroslar, nafs quliga aylanib ulgurgandim.

Shunday sarxushlik domida, mast-alast holda Arsenning — umrim bino bo'lib ko'rmagan erkakning qo'yniga kirdim…

 

* * *

 

Ertasi kuni tushga yaqin uyg'ondim. Uyg'ondim-u, dast o'rnimdan turib, atrofni kuzatdim. Xonada o'zimdan bo'lak hech kim yo'q edi.

Yuragimni g'ashlik buluti qoplab jonholatda derazadan tashqariga qaradim.

Arsen ko'rinmasdi. Xizmatchi erkaklardan kimdir astoydil hovli supurardi…

Bo'shashgancha ortga qaytdim va qaytadan karavotga cho'kdim.

Shu ondayoq tundagi voqealar ko'z oldimda namoyon bo'ldi. Arsenning shivirlab erkalashlari, «Tan berdim! Qomatingga gap yo'q», deya pichirlaganlari quloqlarim ostida jaranglagandek bo'ldi.

«Xayriyat, shunisidan ham o'tvoldim, — xayolan so'zlandim men ko'zlarimni yumib. — Endi va'dasida turib menga boshqa ish berar. So'z berdi-ku! Yo shunchaki ishi bitguncha aytdi-qo'ydimi?..»

Bir mahal beixtiyor o'ng tomonimga bosh burdim. Karavotdan nariroqda shishali stol bor edi. Stol ustiga esa ikkita elliktalik pul tashlab qo'yilibdi. Pullarni ko'rdim-u, ko'zlarim chaqnab ketdi.

Rost, umrimda ko'rmaganman elliktalik pullarni. Axir… Bu juda katta pul-ku! Nahotki, bir kecha Arsenning qo'ynida yotganim uchun shuncha haq bergan bo'lsa? Agar ikki kecha yotsam, to'rtta elliktalik berarkan-da!..

Qiziq, killerlikka qancha pul to'lasharkin? Bundanam ko'pmi?.. Bo'lishi mumkinmas. Bitta odamni uzoqdan turib otasan-u, qochasan. Ketsa yarim soat vaqting ketsa kerak. Yarim soatga shuncha pul berishmas har holda?!.

Bilmadim… O'zimga qolsa, hozir tinchgina fohishalik qili-ib yuraverishni ma'qul ko'ra boshladim.

To'g'ri-da, teshib chiqarmidi?!. Bir kecha chidab, itoat bilan vaqtni o'tkazsang bas, ikkita elliktalikni qo'lingga tutqazisharkan. Agar bir oy har kuni erkaklar bilan yotsam, demak, bir yarim ming so'm pul ishlarkanman. O'h-ho', boyib ketaman-ku unaqada!..

 

* * *

 

Oradan taxminan bir soatcha vaqt o'tgach, hovliga qatorasiga ikkita mashina kirib keldi.

Shu zahoti Arsenning tovushi qulog'imga chalindi.

Ehtiyotkorlik bilan derazaga yaqinlashdim-da, hovlini kuzata boshladim. Arsenning yonida bo'yi pastroq, qorindor va kal bir erkak paydo bo'libdi. Aft-basharasidan u ham armani ekani ko'rinib turibdi. Ular nimalarnidir o'zaro muhokama qilgan bo'lishdi-da, oldinma-ketin ichkariga yo'l olishdi. Mashinalarning yonida esa xizmatchilari qoldi…

Men Arsen tunda sovg'a qilgan harir ko'ylakni kiyib ulgurgandim.

Karavotga cho'kdim-u, uning kirib kelishini kuta boshladim.

Nihoyat yo'lakda oyoq tovushlari eshitilib, zum o'tmasdan ichkariga Arsen kirdi.

— O', bizning malika uyg'onibdilar-ku, — deya asta kelib yuzimdan o'pdi u. — Nonushta qilmagandirsan-a?

— Yo'q, — dedim yasama jilmayish qilib. — Sizni… Kutayotuvdim.

— Juda yaxshi…

Arsen bir muddat jimib qoldi-da, ko'zlarini yumgancha nimalarnidir chamalagan bo'ldi. So'ngra yana menga yuzlandi.

— Bilasanmi, — dedi Arsen o'ychan qiyofada. — Anavi ishni yana ortga surib turamiz shekilli.

— Nega? — so'radim Arsenning ko'zlariga ilk bor qovoq uygan holda tik boqib. — Tinchlikmi? Axir…

— Bilaman, — gapni kesdi u asabiy lab tishlab. — Ammo bir og'aynimga seni maqtab qo'yuvdim. Endi menga oshirasan deb turvoldi. Ishon, uning ra'yini qaytara olmayman. U juda badavlat odam. Mening biznesim ham o'shasiz oldinga siljimaydi. So'z beraman, bir kecha ko'nglini olasan, tamom, seni mana shu uyga opkeb qo'yishadi. Sen bilan biz albatta o'sha ishni do'ndiramiz…

Bu gaplariga ishonsam-da, ko'nglimning allaqaerida chaqnab turgan uchqun so'nib, xuddi tarvuzi qo'ltig'idan tushgan odam kabi shalvirabgina qolganimni his eta boshladim. Xayolimda esa «Endi manavinaqangilarning orasida qo'lma-qo'l bo'laman shekilli», degan gaplar aylanib, battar ko'nglimga g'ashlik sola boshlagandi. Ammo qarshimdagi mana shu boyvachcha armaniga ham so'z qaytara olmayman. Yo'rig'iga yurishdan, itoat etishdan bo'lak yo'l yo'q. Chunki bunaqalar meni fohisha o'rnidagina ko'rishadi. Fohishaning qismati esa bir xil. Yasama jilmayishlar, sun'iy erkalanishlar, yovvoyi noz-u firoqlardan boshqa harakatlar sodir etish, gap aytishga haqqi yo'q. Hoynahoy, to go'rga kirmaguncha mendaylarning qismati o'zgarmasa kerak. Ha, bu aniq. Fohisha pul uchun soqovniyam, maymoqniyam, piyonista-narkoman, o'g'ri-battol, shoir-u xayolparastniyam, nodon-u notavonni ham kerak bo'lsa «aka»laydi, «tog'a»laydi, «jonim»laydi. Xudo ko'rsatmasin, bir og'iz qarshi so'z aytsa-yu, xojasining jahli qo'zg'alsa, bo'g'ziga pichoq tortib yuborsa-da, u haq chiqadi. Uni hech kim ayblamaydi. «Ayol kishiga qo'l ko'taribsan» demaydi. Buning o'rniga «Ha, bitta buzuqi kamroq», deyishadi-yu, tek qotishadi…

— Roziman, — dedim hamon bo'shashgancha yer chizib. — Siz aytgancha bo'la qolsin!

— Malades, — Arsen kaftlarini bir-biriga ishqalagancha shkafni ochdi-da, ichidan bitta yangi ayollar jinsi shimi, oqish koftasini olib qo'limga tutqazdi.

— Hozir mana shularni kiyvol, — tayinladi u tashqariga ishora qilib. — Valera shunaqa kiyimdagi qizlarni xush ko'radi. Biroq oldindan aytib qo'yay, Valera juda badavlat va o'taketgan injiq odam. Mabodo ko'nglingga og'ir botadigan gap aytsa, jahl qilib yurmagin. O'zingga yomon bo'ladi. Qolgan gaplarni esa kelganingdan keyin gaplashamiz. Bo'laqol, qizaloq, bo'laqol!

 

* * *

 

Valera deganlari tepakal, boya ko'rganimdek qorindor, yoshi chamasi qirq beshlardagi armani edi.

Tag'in armaniga uchraganim sal alam qilsa-da, beixtiyor Baxtiyor va Gulnor maraz yodimga tushib alamimni ichga yutdim.

«O'zimnikilar nima karomat ko'rsatdi-yu, bular nima qilib berardi, — o'yladim o'zimcha Valeraning yap-yangi mashinasiga yasama nozlanish bilan chiqib o'tirgach. — Ana, Arsen ham armani. Yomonlik qilmadi-ku! Buning o'rniga meni ko'chalardayam maqtab yuribdiykan. Demak, men maqtasa arzirli go'zal ekanman-da! Yo'qsa, Valera vaqt ketkazib meni olib ketishga kelmasdi. Bu yaxshi-ku… Lekin Gulnorning dastidan fohishaga aylanganim alam qiladi-da. Shunchalik go'zal ekanman, qaysidir yigitning chimildig'ini jannatga aylantirsam, suyukli xotin, suyukli kelin bo'li-ib o'tirsam bo'lmasmidi, xudoyim? Nimaga meni bu ko'ylarga solding? Qaysarligim, o'jarligimdan g'azabing keldimi? Shuning uchun qismatning qora qozoniga solib qo'ydingmi meni?.. Afsus… Ha, o'jarligim, qaysarligim, tantiqligim uchun endi umrimning oxirigacha azob chekib yashaydigan bo'ldim. Men tengilar hali zamon turmushga chiqib, keng uyning keliniga aylanishadi. Zum o'tmay erlariga etak-etak bolalarni tug'ib berishadi. Kechalari uyqularini harom qilib bo'lsa-da, o'sha bolalariga allalar aytib chiqishadi. Bu, axir, naq lazzatning o'zi-ku, xudoyim!.. Afsus… Afsus… Afsus…»

Valera Arsen ta'riflaganidan ham injiqroq, kalondimog'roq, jahldorroq ekan. Buni lablarining uchib-uchib qo'yishi ham ko'rsatib turardi.

— Xo'sh, oyimqiz, xizmatga hozir-u nozirmisan? — mashina allaqaerlarga kelib hali chap, hali o'ng, hali oldinga yura-yura, hashamdor, uch qavat qilib qurilgan uy ichkarisiga kirib to'xtagach, Valera orqasiga o'girildi-da, savol tashladi. — Nega jim bo'p qolding? Alyo!!!

To'g'risi, undan qo'rqmayotgandim. Ko'z qarashlari qandaydir sirlimi-ey, salobatlimi-ey, bilmayman, sal karaxtlantirib qo'ygandi. So'nggi so'zidan keyin bir seskanib oldim-da, majburan jilmayib bosh egdim.

— T-tayyorman, aka, — dedim past ovozda. — Buyuravering!..

— Juda yaxshi. Men xuddi shunaqa itoatkor qizlarni xush ko'raman. Malades! Agar shunday yuvosh-mo'min bo'lsang, uzoqqa borasan. Endi gapimni eshit! Bilasan, men seni ziyofatga opkelganim yo'q. Yo bilmaysanmi?

— Bilaman, — dedim hiyla ovozimni balandlatib. — Meni xizmatga opkelgansiz, aka!

— Malades! Demak, gap munday. Men bugun og'aynilarim bilan gap yeyapman. Siz o'zbeklarda bor-ku, xuddi o'shanaqa gap yeymiz har oyning yakshanbasida. Bugun mening galim. Shuning uchun og'aynilarga sovg'a bo'lsin dedim. Aytgancha, yana bir narsani aytib qo'yay, og'aynilarimning hammasi millatdoshlaring. O'zbek hammasi. O'sha hamshaharlaringning oldiga chiqib, o'rtada qip-yalang'och holda raqs tushib berasan. Qarshi gap aytishni, so'zimni ikki qilishni xayolinggayam keltirma! Naq asfalasofinga jo'natvoraman! Uqdingmi, sohibjamol?..

Eh, bu boyvachchaning so'nggi po'pisalari naq jonimni uzib olay degandi. Shu ikki-uchta jumla meni go'yo yer ostiga ko'mib yuborgandek bo'ldi. Daf'atan ko'nglimning allaqaerida erkak zotiga kuchli nafrat tuyg'usi paydo bo'ldi. Bu tuyg'u alam va nadomatga qorishib, vujudimning har bir nuqtasiga igna sancha boshladi…

Ne qilay-y?.. Qismat-da! O'zim tanladim-da shu qismatni!.. Yo'q, yig'lamayman. Yuragimni siqib, o'zimni qiynoqqa solmayman. Siqilib, kasal orttirganim bilan birov kelib meni tuzatib qo'ymaydi. Itday xor bo'lib o'lganimdayam birov achinmaydi. Shunday ekan, boshimni baland, qaddimni tik tutgancha bu maraz olchoqlarning qarshisida hozir bo'laman. Ularni hiringlab, kulib, nozlanibgina yenga olaman. Shunday qilayki, birontasi manavi Valera kabi do'qlashga so'z topolmay qolsin. Jahl qilish, po'pisalashga tili aylanmasin! Go'yoki kar-soqovga aylansin-u, tosh qotsin…

— Men… Tayyorman, aka, — dedim ovozimni yanada mayinlashtirib. — Siz nima desangiz shu-da!

— Malades, — deya bilagimdan avaylabgina tutib mashinadan tushirdi Valera. — Maza qiladigan bo'ldi og'aynilarim! Shunday o'ynaginki, bir umr seni eslaganda so'laklari oqib yuradigan bo'lsin! Faqat… Jahl qilishni, qaysarlanishni mo'ljallama. Jahlim yomon. Jahlim chiqsa, otamniyam ayab o'tirmaydigan odamman. Og'aynilar nari borsa badaningga qo'l cho'zadi. Bundan ortig'i bo'lmaydi… Ha endi pulini olganingdan keyin qo'yib berasan-da!..

— Xo'p bo'ladi, tushundim!

— Juda soz! Arsen maqtaganicha borakansan! Yur unda, kutib qolishdi!..

Biz qo'ltiqlashgancha hashamati bir olam bu uyning birinchi qabatiga kirdik. O'ngga yurgandik, hov anavi yoqdagi xonalarning biridan erkaklarning qichqiriqlari, o'zbekchalab so'kinishlari eshitildi. Valera bu qichqiriqlarga javoban bir tirjayib qo'ydi-yu, o'sha xonaga meni yetaklab kirdi.

Xona Arsennikidagi kabi keng. Ikki tarafiga ko'rpachalar to'shalibdi. Uzun dasturxon atrofida o'n chog'li bashang kiyingan erkaklar chordona qurgancha o'tirardi.

Bizni ko'rishlari bilan hammalari o'rinlaridan turib o'ng qo'lini ko'ksiga qo'ydi.

Sezdim, bildim, bu iltifot men uchun emas, balki Valera uchun atalgandi. Shunday bo'lsa-da, barchalariga bir-bir boqib, xuddi iltifotdan mamnundek yasama jilmayish bilan javob qilgan bo'ldim.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...