QABRDAGI QIYNOQLAR… (Mistika)

0

 

 

***

 

Men ketayotgan mashina daryo bo'yiga yetganda to'satdan ag'darilib ketdi…

Ko'zimni ochganimda esa, xuddi shu ko'chada turar, negadir qip-yalang'och edim.

Hissiz nigohlar bilan yon atrofimni ko'zdan kechira boshladim.

Hech kim ko'rinmasdi. Faqat ag'darilayotganimizda mashinadan tushib qolgan mayda-chuyda buyumlargina yerda sochilib yotardi.

—  Qani qolganlar? — o'zimga o'zim savol berib daryo bo'yiga yaqinroq bordim. — Haydovchi, yonimdagi ayol… Nahotki, ular izsiz g'oyib bo'lishdi?..

Yaxshiki, bu yerlar uyimdan unchalik olis emasdi. Nari borsa, ikki-uch bekat xolos.

Aksiga olib yo'lda o'tkinchilar ko'p edi. Yalang'ochligimdan xijolat tortib goh u daraxtning, goh bu daraxtning panasiga o'zimni olardim. Ammo butkul ko'rinmaslikning sira imkoni yo'q edi.

Berkinaverish jonimga tegib tavakkal yo'l o'rtasiga chiqib oldim. «Mayli, — dedim o'zimga o'zim. — Meni jinni deb o'ylashsin-u, e'tibor bermay qo'yishsin…»

Yo'q, men umuman yanglishgan ekanman. Odamlar menga qarashmas, o'z yo'llarida xotirjam ketib borishardi.

Hayron bo'ldim. Nega menga hech kim qaramayapti? Hammalarining ko'zlari ochiq-ku!..

Bola ko'targan bir ayoldan atayin yo'l so'rab ko'rdim. Ajabo! U men tomonga qarab ham qo'ymadi. Qancha baqirib- chaqirmay, u o'z yo'lidan qolmadi…

—  To'xta, — dedim boshimni silkita-silkita. — Menga nima bo'ldi o'zi? Nega meni hech kim eshitmayapti? Nega so'zlarimga quloq tutishmayapti?.. Ha-a, men o'lgan bo'lsam-a?!. To'g'ri, boyagina mashinada ketayotgandim. Mashina ag'darilib daryoga quladi. Shundan so'ng nimalar bo'lganini eslay olmayman. Yodimda qolgani katta ko'chada yalang'och holatda turganim bo'ldi xolos. Yo'q, ehtiyot shart uyimga borib ko'raman. Agar haqiqatan o'lgan bo'lsam, meni yigirma besh yoshgacha oq yuvib oq taragan onajonim ham, xotinim ham sezishmaydi, eshitishmaydi va ko'rishmaydi…

Shunday xayollar bilan yo'limda davom etdim.

Besh chaqirimlar chamasi yo'l yurgach, ona uyimga yetib bordim. Ana, bizning pod'yezd. Ikkinchi qavatga ko'tarilsam, kvartiramga kirishim mumkin bo'ladi. Lekin… Qanday kiraman? Taqillatsam-u, eshikni ochishmasa-chi?.. E, qo'ng'iroq tugmachasini bosaman. Eshitishadi. Albatta, eshitishadi…

Yanglishmabman. Qo'ng'iroq bir-ikki marotaba chalingach, eshikni ochishdi va ro'paramda suyukli rafiqam Madina paydo bo'ldi.

U negadir xafaqon, so'lg'in edi.

—  Salom, Madina! — deya unga qo'l uzatdim men.

Qiziq, suyukligim hech narsa bo'lmagandek, pod'yezdni ko'zdan kechirgan bo'ldi.

—  Kim ekan qo'ng'iroqni o'ynayotgan? — deb qo'ydi o'ziga o'zi va eshikni yopdi.

Men eshikning yopilishiga qarshi edim. Axir, ichkariga kirmoqchi, uydagilarimdan xabar olmoqchi edim.

Ammo qancha tortqilab eshikni ochishga urinmay foydasi bo'lmadi.

Alamimga chiday olmay, eshikka boshimni urdim. Bu safar o'zim uchun yanada hayratomuz hodisa sodir bo'ldi. Men yopiq eshikni go'yoki teshib ichkariga kirib ketdim.

Hayron bo'lib orqamga o'girilib qaradim. Eshik bus-butun.

—  Ha, — dedim xayolan. — Demak, o'lganligim rost. Ilgari arvohlar devor orasini ham bemalol yorib o'ta olishadi degan gaplar qulog'imga chalingandi. Bu gaplar to'g'ri chiqib qoldi. Basharti o'lmasam, hozir Madina meni ko'rardi, yalang'ochligimga ko'zi tushgach, uning o'zi darhol meni ichkariga olgan bo'lardi. Afsus, mashina ag'darilibdi-yu, men o'libman va arvohga aylanib tag'in katta ko'chada paydo bo'libman. Shunday bo'lsa… Qolganlar qani? Haydovchi, yonimdagilar… Ular qaerga g'oyib bo'lishdi? Yo o'lmay qolishdimi? Bo'lishi mumkinmas. Men ag'darilayotganimizda haydovchi boshi bilan old oynaga qattiq urilganini, boshi tars yorilib sharillab oqqan qon mening ustimga ham sachraganini ko'rganman… Yana bilmadim…

O'lganligimga to'liq amin bo'lsam-da, baribir xotinimni tag'in bir karra sinovdan o'tkazishga qaror qildim va u kirib ketgan yotoqqa yo'l oldim.

Ie, Madinam o'ksib-o'ksib yig'layapti!.. Kim uni xafa qildi? Nega bu qadar kuyinib yig'laydi?.. E, o'zim ham juda anqov bo'lib qolibman shekilli. Axir, qaysi xotin eridan ayrilib yig'lamaydi? Albatta, yig'laydi-da!..

—  Oh, yolg'izim, — deya oh tortib parda ortiga o'tdim men, — Qaniydi hozir tirik bo'lsam-u, mana shu mayin sochlaringni silab ovutsam. Ko'zlaringga bir tomchi yosh qo'ndirmasdan olib yursam!..

Men pardani ohista qimirlata boshladim.

Bu to'g'rida ham avvallari buvimdan eshitganman. Arvoh o'zi kelganini yaqinlariga bildirmoqchi bo'lsa, birinchi navbatda uy pardasini qimirlatadi deyishgandi.

Bu gal ham adashmadim. Parda qimirlay boshlaganini ko'rgan Madina birdan yig'lashdan to'xtab o'rnidan turdi va bir muddat qotib turgach, kutilmaganda dod solib yo'lakka chopdi.

—  Voy-dod, arvoh! Arvoh keldi!.. Arvoh keldi!..

Men baqir-chaqirlardan so'ng bu yerda qola olmasdim. Go'yoki, hozir qo'ni-qo'shnilar kirib kelishadi-yu, meni ur kaltak qila boshlashadi…

Boshimni eggancha deraza orqali tashqariga chiqib ketdim…

 

***

 

 

Payqamabman, allaqachon qorong'i tushib uyimiz atrofida shataloq otib o'ynaydigan bolalarning ham qadami tinibdi. Havo esa, sovuq. Qanday sovuq bo'lmasin? Qish kirganiga bir oydan oshgan bo'lsa. Izg'irinning kuchliligiga qaraganda, hali zamon qor yog'ib qolsayam ajabmas.

Xo'sh, o'liklar bunday vaziyatlarda qaerga borishadi? Qay manzildan panoh izlashadi? Shubhasiz, qabristondan. Ular bir-birlarini o'sha yerdagina ko'rib, o'zaro suhbat qurishadi, shu qadar zerikarli, g'amgin onlarni xush kayfiyat bilan yengishadi.

Qabriston bizning uyimizdan unchalik ham uzoq emasdi. Men u yerga o'n daqiqa deganda yetib borib yopiq darvozadan xuddi uy eshigi kabi sirg'alibgina ichkariga qadam qo'ydim. Vo ajabo!.. Qabriston go'yo bayram o'tkazilayotgan maydonni yoki bo'lmasa, katta bir bozorni eslatardi. Oyoq bosishga joy yo'q desam ishonavering!.. Yoshu qari oppoq liboslarga o'rangancha u yoqdan-bu yoqqa yuradi, gaplashadi, bahslashadi, kimlardir bor ovozda qo'shiq kuylaydi, kimlardir dod solib yig'laydi, yana kimlardir qah-qah otib kuladi…

Men bu yerdagi tomoshaga mahliyo bo'lgan ko'yi ulkan qabrtosh ro'parasida o'tirib tilanchilik qilayotgan kampirning oldiga borib to'xtadim.

Kampir meni ko'rgan zahoti, ikki qo'lini osmonga ko'tarib zorlana ketdi:

—  Jon bolam, yeyishga bir narsa ber!.. Itday ochman!.. Menga rahming kelsin, chirog'im!..

—  Xola, mening hech vaqoim yo'q! — dedim muloyimlik bilan. — Qarang, hatto, egnimda libosim ham yo'q!..

Kampir menga boshdan-oyoq tikilib oldi-da, jiddiy tortib qovog'ini uydi.

—  Sen bu yerda nima qilib yuribsan, kelgindi? — zaharxandalik bilan so'radi u mendan.

—  Nima qilib yurardim? Aylanib yuribman.

—  Qani qabring? Qabringni ko'rsat-chi unda!

Shoshib qoldim. Haqiqatan, qabrim qaerdaligini bilmasdim. Umuman… Meni o'zi qabrga qo'yishganmi?.. Hoynahoy, qo'yishmagan. Qo'yishganda darrov topib ko'rsata olgan bo'lardim.

—  Mening qabrim yo'q. — dedim yelka qisib.

—  To'ppa-to'g'ri, — qo'l siltadi kampir, — Senga qabr buyurilmagan. Chunki, cho'kib ketgansan daryoga!

—  Siz buni qaerdan bilasiz?

—  E, bolam, biz marhumlar hamma narsani bilamiz, ko'rib turamiz.

—  Nega unda men hech vaqoni bilmayman? — so'radim qiziqishim ortib.

—  Senmi? Negaki, senga hatto janozayam o'qilmagan.

—  U nima degani?

—  Voy, sen o'zi qaysi dunyodan kelib qolgansan? Janoza nimaligini bilmaysanmi?

—  Qaerdadir eshitganman. — dedim bosh chayqab. — Lekin sira eslay olmayapman.

—  Bo'pti, gapni kalta qil! Biror narsa berasanmi yeyishga yo yo'qmi?

—  Aytdim-ku hech vaqoim yo'q deb!..

—  Eh, nodon, suvga cho'kib o'lib kallangdan ham ayrilib qolibsan shekilli. Birgina oyat o'qib haqimga duo qilsang, to'yardim. Bugunga shuning o'zi kifoya edi. Ko'rayapsanmi, anavi yurganlar shuniyam menga ravo ko'rishmayapti.

—  Nega?

—  Chunki, odamlar faqat o'zini o'ylaydigan bo'lib ketishgan. Bitta duoniyam qizg'anishadi. Sen-chi? Sen qizg'anmaysanmi?

Men bosh egdim.

—  Xola, men duo o'qishni bilmayman-da! — dedim eshitilar-eshitilmas.

—  Bilmayman deysanmi? Nega bilmaysan?

—  Chunki, menga hech kim bu narsalarni o'rgatmagan.

—  Nima balo, ota-onang yo'qmidi?

—  Yo'-o'q, ota-onam bor edi. Biroq ularning o'zlari ham bu narsalarni bilishmasdi.

—  Sadqai odam ket! — kampir dast o'rnidan turib ortga tislandi. — Qoch, ro'paramdan, dinsiz!.. Bor, hov anavi zovur ichiga borsang, o'zingga o'xshagan yalang'ochlarni ko'rasan! Sening joying o'sha yerda! Yo'qol, bo'lmasa, oqsoqolni chaqiraman, adabingni berib qo'yadi! He odam bo'lmay ket, isqirt!..

Haligina hissiz edim. Meni urishishsa ham, bo'g'izlashsa ham to'pig'imga chiqmasdi. Kampirning qarg'ishi negadir yuragimni teshib o'tayozdi.

Ich-ichim alamga to'lib u ko'rsatgan zovur tomonga sudralgancha jo'nab qoldim.

 

***

 

 

Zovur yoqasida o'zim kabi yalang'och yigit-qizlar to'planib olib nimanidir tanovul qilishardi. Mening yaqin borganimni sezib barvasta bir yigit o'rtadagi narsani oyoqlari ostiga berkitib oldi.

—  Yaqinlashma!— qichqirdi qorni osilib tushgan bir xo'ppa semiz ayol o'rnidan turib. — Bermaymiz senga! Haqing yo'q bu yerga kelishga, yo'qol!..

Men taqqa to'xtadim. Yaqin bormasligimga amin bo'ldi chog'i, yigit oyoqlari ostidagi narsani qaytadan chiqarib olib o'rtaga qo'ydi. Men bo'lsam, oyoq uchida yurib ularga yaqinlashdim.

Uf-f!.. Bu narsani ko'rib ko'nglim ag'darilib ketayozdi. Ular cho'chqaning qurib-qaqshab ketgan suyaklarini g'ajish bilan ovora edilar.

Azbaroyi jirkanganimdan yuzimni teskari burdim. Bu qilig'im boshqa bir yalang'och erkakka yoqmadimi, dast o'rnidan turdi-da, men tomon o'girildi.

—  Ha-a, olifta, namuncha aftingni bujmaytirmasang? — deya qo'lini bigiz qildi u. — Qaysi boyning tashlandig'isan o'zing?

—  Axir, bu qoq suyak-ku, — dedim unga, — Shuniyam yeb bo'larkanmi?

—  Nima, sen umringda cho'chqa go'shti yemaganmisan?

—  Yeganman. Lekin biz qurigan suyakmas, lahm go'shtni pishirib yerdik.

Bu gapimni eshitib hammalari kulib yuborishdi.

—  Eh, landovur, — ro'paramdagi erkak silkinib-silkinib kularkan, meni koyirdi. — Bu yer senga uying emas. Butkul boshqa dunyo. Yeging kelsa, shunaqa narsalarnigina yeyishing mumkin. Boshqachasi bo'lmaydi bizlarda.

—  Mayli, yoqimli ishtaha! — men shunday dedim-u, nari ketdim.

Niyatim bitta edi. Qabristonni aylanib sayr qilayotgan, faqat shirin so'z, barchaga maqbul bo'la oladigan amallar bilan band bo'lib yashayotgan hov anavi oq liboslilar orasiga kirib borish va bir umr ular bilan birga bo'lish…

Ming afsuslar bo'lsinki, qay guruhga yaqin bormay, ular shu zahoti yuzlarini ters burishar, «Qoch, shayton! Yo'qol, bizlarni bulg'ama!» deya haydab solishardi…

Men ertalabga qadar shu taxlit quvg'inlarga uchrab vaqt o'tkazdim. Tong yorisha boshlagandagina qabristonni yoqalab o'tgan o'sha zovurga tushdim-u, g'ujanak bo'lib olgancha uyquga ketdim…

 

***

 

 

Shu ko'yi bir haftacha yashadim. Kunlarning birida erta tongdanoq qabristondagi oq libosli marhumlarning shovqin-suronlari qulog'imga chalinib, o'zim makon qilib olgan botqoqdan chiqib atrofga nazar tashladim.

Qabriston to'la odam. Ikki-uch metrlar balandlikda esa, oppoq duldullarda xuddi odam qiyofasidagi o'ta barvasta kimsalar o'tirishar, o'zlariga talpinayotgan marhumlarni birma-bir ulkan va bahaybat duldullarga chiqarib olib navbatma-navbat samoga parvoz qilishardi.

Yuragim qandaydir ezgulik nafasini sezib ular tomon chopdim. Bilardim, marhumlarni boqiy va osuda olamga olib ketishyapti. Negaki, qabriston faqatgina shu kunni kutib yashash uchun kerak ularga. Marhumning abadiy makoni esa, o'sha… Uzoq-uzoq, hech kimga ma'lum bo'lmagan, hamisha sir tutilishi joiz bo'lgan manzillarda…

Baxtga qarshi bu gal ham niyatimga yetolmaydigan ko'rinib qoldim.

Olomon orasiga kirishim bilan kimdir meni orqadan kelib turtib yubordi.

Men yerga yuztuban yiqildim-u… Oyoqlar ostida qolib ketdim.

Marhumlar ketma-ket tanamni tepkilab o'tishar, o'zimni o'nglashga chora topa olmasdim.

Nihoyat tepkilab o'tishlar barham topib arang boshimni ko'tardim.

Duldul mingan kimsalar marhumlarning oxirgi qismini olib ketishga hozirlik ko'rishardi.

— Hoy, nega meni qoldirib ketyapsizlar? — qichqirdim ularga. — Meni yolg'iz tashlab ketmanglar!..

— Sening u yerda hech kimga keraging yo'q, kofir! — deya javob qaytardi dulduldagilardan biri. — Bir kun kelar balki kimdir seniyam olib ketar. Lekin biz emas. Hozircha botqog'ingga bor-da, o'zingga o'xshaganlarning orasida bo'l!..

So'nggi duldul yeru ko'kni titratib havoga ko'tarildi…

Umrimda bu qadar ayanchli ahvolga tushmagan edim.

Ich-ichimda titroq turib, a'zoyi badanimni muzdek ter bosdi…

Axir, men mana shu do'mpaygan qabrlar bilangina qolamanmi?.. Nega?.. Qaysi gunohim uchun?..

— Sen diningni, iymoningni unutganing sababli shu ko'yga tushding! — degan ovoz keldi ichimdan.

Bu ovoz hozirgi ahvolimda shu qadar yoqimli tuyulib ketdiki, hech bo'lmasa, qalbim bilan gaplasha olish imkoni borligidan sal o'zimga kelgandek, chehramdagi so'lg'inlik tarqaganday bo'ldi.

— Tirikligingda ko'p va xo'b gunohlarga yo'l qo'yding! — davom etdi ichki ovoz. — Bilmasdingki, bandai-bechorachilikni tan olmay qo'ygan kimsalar oxir-oqibatda og'ir va kechirilmas gunohlarga yo'l qo'yishadi. Endi kut, ajab emaski, vaqt soati kelib o'sha gunohlaring kechirilsa va sen ham egningga oq libos kiyib Arshi a'loda yashash baxtiga muyassar bo'lsang…

Mana o'shandan beri ancha yillar o'tdi. Men hamon yolg'iz va xoru zorman.

Deyarli har kuni qabristonga yangi-yangi marhumlar tashrif buyurishadi. Biroq men ularning hech biriga qo'shila olmayman. Ular bilan shirin suhbatlar qura olmayman. Marhumlar bilan do'stlashish baxtidan mosuvoman.

Har yili ularni olib ketish uchun oq duldullarda barvasta kimsalar tashrif buyurishadi.

Men marhumlarning ketidan chopib oq duldullar sari talpinaman.

Afsuski, sonsiz oyoqlar ostida qolgan qaddimni uzoq vaqt rostlay olmay halak bo'laman.

O'zimni tutib atrofga boqqanimda esa, yana hayhotday qabristonda yolg'iz o'zim qolgan bo'lib chiqaman-u, boshimni zovur botqoqlariga botirib-botirib yig'lashdan, oh chekishdan nariga o'ta olmayman.

Olimjon HAYIT

 

loading...