Sudga chaqirishning antiqa usuli

0

Tarixda ilk marotaba gumonlanuvchi sudga «Tvitter» ijtimoiy tarmog'i orqali taklif etildi. Bunday yo'l bilan sudga chaqirilgan birinchi inson sifatida Quvayt fuqarosi Xajjoj ben Faxd al-Ajmi nomi tarix sahifalariga bitildi. U Yaqin Sharq davlatlarida faoliyat yuritayotgan “Jebxat an-Nusra” terrorchilik guruhi faoliyatini moliyaviy qo'llab-quvvatlayotganlardan biri sifatida shubha ostiga olingan. Unga qarshi da'vo ishi ochilishiga jangarilardan jabrlangan minglab insonlar nomidan sudga taqdim etilgan ariza sabab bo'lgan. Ular o'zlariga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya undirib berilishini talab qilmoqda.
Da'vo ishi Kaliforniya federal sudida sudya Lorel Biler raisligida ko'rib chiqilmoqda. Uning ma'lum qilishicha, Faxd al-Ajmini odatdagi vositalar orqali sudga chaqirish imkonsiz. Shu sababli sudya uning «Tvitter»dagi sahifasidan faol tarzda foydalanib kelayotganligini hisobga olib, shunday yo'l tutishga qaror qilgan. Hozircha Faxd al-Ajmi bu “chaqiruv xati”ga nisbatan qanday munosabat bildirganligi ma'lum emas.
Bu – «Tvitter» orqali birinchi sudga chaqirilish bo'lsa-da, boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali bu kabi holatlar ilgari ham kuzatilgan. Misol uchun 2014 yilda Turkiya fuqarosiga Nyu-York sudi tomonidan «Facebook», «LinkedIn» tarmoqlari va elektron pochta orqali chaqiruv xati yuborilgan. Undan oldinroq esa, Hindistonning 5 nafar fuqarosi ham ushbu vositalar orqali sudga taklif etilgan edi.

loading...