QAMOQXONADA KEChGAN KUNLARIM… (21-qism)

1

 

* * *

 

Nazoratchi xuddi xayolimdan kechgan fikrlarni g'oyibona uqib olgandek, yaqin borishim bilan eshikni sharaqlatib ochdi-da, meni tashqariga imladi.

Quvonib ketdim. Nihoyat Tolyan bilan yuz ko'rishib, qilgan ishlarim haqida hisob berish vaqti kelibdi. Jazo chorasi qo'llamaganlariga qaraganda, Tolyan gaplashib qo'ygan bo'lsa kerak degan o'yda buyruqni so'zsiz ado etib devor tomon o'girildim.

— Seni turma boshlig'i kutayapti! — dedi nazoratchi qovog'ini uyib. — So'roqsiz turmadan chiqib ketib bekor qilibsan, yigit! Endi kamida bir oy karserda yotishingga to'g'ri keladi. Albatta, og'irroq jazo tayinlashmasa.

— Tolyan-chi? — so'radim yo'l-yo'lakay nazoratchi tomon o'girilib. — U meni kutayotgan bo'lishi kerak.

— Namuncha Tolyanlab qolding? — jerkib tashladi u. — Qilg'ilikni qilib qo'yib bema'ni savollar berishingga o'laymi? Turma boshlig'i kabinetida so'roq berayapti hamtovog'ing.

Bu gapni eshitgach, indamadim. Foydasi yo'qligini angladim. Agar Tolyanni ham chaqirtirgan bo'lsa, demak, u ishni yopdi-yopdi qila olmagan. Mayli, nima bo'lganda ham taqdirimiz shu mentlar qo'lida. Peshonaga bitilganini ko'raveramiz-da!

Turma boshlig'i podpolkovnik Tarasov ozg'indan kelgan, o'rta bo'yli, qoshlari qalin odam edi. Uning xonasida Tolyandan tashqari stulda kerilgancha o'tirgan kapitanni ko'rib sira hayron bo'lmadim. Bilaman, u meni kameraga jo'natgach, to'g'ri turma boshlig'ining huzuriga kirib hisob bergan.

Ichkariga kirishim hamono kapitan shu qadar yomon tikildiki, qo'yib bersa, g'ajib tashlashga shayligi yaqqol ko'zga tashlanardi.

— Xo'sh, retsidivist! — gapni do'qlashdan boshladi boshliq. — Bular indamadi, demak, mendan qo'rqdi deb o'ylaganmiding?

— Tushunmadim, nachalnik! — bir chetda labini asabiy tishlagancha jim o'tirgan Tolyanga qarab oldim-da, o'zimni go'llikka solib so'z qotdim.

— Tushunmadingmi? Nima, ozodlikda miyangga qurt tushib qoldimi?

— Haqorat qilmang, nachalnik! — dedim bo'sh kelmay. — Men haqoratlarga ko'nikmaganman.

— Nima?

Podpolkovnik bu gapimdan so'ng dast o'rnidan turdi-da, qarshimda hozir bo'ldi.

Uning lablari uchib, tishlari takillab ketayotganidan do'pposlashga tayyor turganini payqash qiyin emasdi.

— Shunaqami hali? — baqirdi u ichidan titrab. — Hali gap ko'tarmaydigan ham bo'lib qoldingmi sen kallakesar, o'g'ri?.. Yo'-o'q… Adabingni beraman. Shunday ahvolga solamanki, tug'ilganingga ming pushaymon yeysan! Konvoy!..

Shu zahoti ostonada ikki askar qo'llarida qurol ko'targan holda paydo bo'lishdi.

— Buni gazli karserga qama! Bir haftagacha chiqmasin!

— Oldin nega turmadan chiqib ketganim sababini so'ramaysizmi? — dedim kapitan tomon bir qarab olib. — Men o'zboshimchalik qilgan emasman.

— Nima?.. Vey, sen kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi o'zi? — battar tutoqib ketdi boshliq.

— Bilaman. Shuning uchun ham sizga bor haqiqatni aytmoqchiman.

Bu gapimni eshitib, Tolyan sal qursa o'rnidan turib ketayozdi.

— Ha-a, haqiqatni a ytmoqchiman degin? — sal o'zini bosib olib so'radi boshliq. — Xo'sh, nima ekan o'sha haqiqating?

— Meni manavi kapitaningiz chiqarib yuborgan edi.

— Vey, nima deb valdirayapsan? — kapitan kutilmagan gapdan sapchib turdi-da, yugura kelib yoqamdan oldi.

— Ha, shu odamning buyrug'ini bajardim. Bilasiz, bu kishining xotinchasi juda kelishgan juvon. Ozodlikda bir erkak o'sha ayolga sal ortiqcharoq gapirib qo'ygan ekan. Kapitan shu muammoni hal qilib kelishimni so'radi.

— Ablah! — xirillab yoqamni qattiqroq changalladi kapitan. — Hozir… O'ldiraman!..

— Kapitan, o'zingni bos! — gapga aralashdi boshliq. — Bilib turibman, bu ishda sening aybing yo'q. Buni manavi ikkalasi o'ylab topgan bo'lishi kerak. Konvoy! Olib chiq bu nusxani!

— O'zingni bos, nachalnik! — shu payt Tolyan o'rnidan turib ketdi. — Bu ishing bizga ma'qul emas. Agar hoziroq buyrug'ingni bekor qilmasang, hamma aristonlarni oyoqqa turg'azaman. Ertadan boshlab hech kim ishga chiqmaydi, bunt ko'taramiz. Bizning bosh ko'targanimizni eshitib, boshqa turmalarda ham norozilik boshlanadi. Yo'q deganda ochlik e'lon qilishadi yoki ishga chiqishmaydi.

Hayron bo'ldim. Turma boshlig'i aristonlarning to'polon ko'tarishlari-yu, ochlik e'lon qilishlaridan qo'rqishini tasavvur ham etib ko'rmagan ekanman.

Tolyanning so'nggi gapi boshliqni konvoylarga «ketaver» ishorasini qilishga va qaytadan joyiga o'tirishga majbur etdi.

— Tag'in eski ashulangni aytmoqchimisan? — birmuncha bosiqlik bilan so'radi u Tolyandan.

— Nima qilay? — dedi Tolyan. — Bu ariston mening yaqin do'stim. Qolaversa, bu yerda adolatsizlikka yo'l qo'yilayapti. Kapitan jo'natdi degan gapga ishonmasdan, faqat aristonni aybdor qilayapsiz. Shunday bo'lgandan keyin biz qarab tura olmaymiz.

Boshliq birpas o'ylanib turdi-da, yana konvoyni chorladi.

— Buni olib borib oddiy karserga qama! Bir oy o'sha yerda yotadi!

— Hecham-da! — bo'sh kelmadi Tolyan. — U hozir o'zining kamerasiga qaytib boradi. Aks holda…

— Mayli, mayli, ko'ndirding! — dedi boshliq. — Faqat aytib qo'yay, shundan keyin ham bir baloni boshlaydigan bo'lsang, mendan o'pkalama!

— Aristonlar gapiga javob beradi, — deya menga bilinar-bilinmas ko'z qisdi Tolyan.

Men konvoy yetagida kameram tomon yo'l oldim. Ko'nglim shu tobda shod, chunki biz uchun juda muhim «jang»da qo'limiz baland kelgandi.

 

* * *

 

Turma boshlig'i bilan bo'lib o'tgan suhbatdan keyin Tolyanning menga ishonchi ortdi. Endi men ham o'rmon kesishga chiqmaydigan, barakda qolib arzimagan ishlar bilan shug'ullanadigan bo'ldim. Asosiy ishim esa aristonlar o'rtasida ichki tartibni saqlash va ular orasida o'zaro kelishmovchiliklarning oldini olishdan iborat edi. Bundan tashqari ko'pchilik aristonlarning gapi bilan «obshak»dagi pullarning hisob-kitobi ham menga topshirilgandi. Panjara ortidagi qora kunlarim ortda qolganidan suyunib, endi o'zimga kela boshlaganimda, qo'qqisdan yarim tunda nazoratchi meni uyqudan uyg'otib, Tolyanning kamerasiga olib bordi. O'g'riboshi karavotning bir chetida ma'yus o'tirar, cho'zib-cho'zib sigaret tortardi-da, har tutun chiqarganda og'ir uflab olardi. Meni ko'rishi bilan sigaretini o'chirib, qo'li bilan kursiga imo qildi.

— Yashirmayman, — dedi g'amgin ohangda Tolyan, — sen meni deb o'zingni dushman o'qiga tutib berding. Qaytmasligingni, tartibli o'g'riboshilikka munosib ekaningni isbotlading. Aslida, o'sha ishga Davidning o'zini yuborsam ham pulimni undirib kelardi. Seni shu yo'l bilan yana bir karra tekshirib olishni ixtiyor qilgandim.

— Bilasan-ku, Tolyan, — dedim azbaroyi quvonganimni yashirmay jilmayib, — sen uchun har qanaqangi mushkul ishga ham tayyorman. Men uchun ishning qiyinligi zarracha ahamiyatga ega emas. Muhimi, yigit kishi va'da berdimi, so'zining ustidan chiqishi kerak. Men ana shu qoidaga amal qilaman.

— Mana shu fel'ing uchun ham seni hurmat qilaman-da, Burgut! Ayniqsa, ozarbayjon boboynikidagi razboringni eshitib, tan berdim senga. Haqiqiy erkak, tartibli aristonlar shunday yo'l tutishadi. Faqat…

Tolyan qo'l siltagancha o'rnidan turib ketdi.

Bir muddat kamera darichasidan tashqaridagi chiroq nurida jilvalangancha yerga tushayotgan qor uchqunlariga tikilib qoldi. Men indamasdan uning nima deyishini kutdim.

— Kel, avval qittay-qittay olaylik! — Tolyan kamera eshigi ro'parasida uning ko'rsatmasini kutayotgan kalbosh aristonga imo qildi. — Quy konyakdan!

Ariston likillagancha kelib ikkita temir krujkaga konyakdan yarimlatib quydi va navbatdagi buyruqni bosh eggan ko'yi kuta boshladi.

— Joyingga bor! — dedi Tolyan unga qovog'ini uyib. — Chaqirganimda kelasan. Xo'sh, Burgut, kel, sening salomatliging uchun olamiz!

— Nimadir demoqchi bo'lganding chog'i, — dedim Tolyandan ko'z uzmay.

— Ha, senga bir xunuk xabarni yetkazib qo'yishim zarur edi.

— Nima bo'ldi? — so'radim ko'nglim g'ash tortib. — Tinchlikmi?

— Yo'q. Tinchlik bo'lganda seni bu tahlit kutib olmagan bo'lardim, — dedi Tolyan. — Bilasanmi, anavi mentlar bizni, baribir, tinch qo'yishmaydigan ko'rinadi.

— Nega? Tunov kungi gaping kor qilmabdimi?

— Masala boshqa yoqda. Bilishimcha, meni bu yerdan boshqa joyga o'tkazishmoqchi. Men ketsam, o'rnimga o'zlarining yo'rig'iga yuradigan biror kishini qo'yishlari tayin. Bu bir. Ikkinchidan, men ketganimdan keyin sen ham bu yerda ko'p yashamasliging aniq. Chunki ularga senga o'xshagan oriyati baland, g'ururli aristonlar yoqmaydi.

— Shunaqa degin, — Tolyanga qattiqroq tikildim, — demak, mentlar o'zlaridan xavotir ola boshlashibdi-da…

— Lekin sen unchalik xavotir olma, — davom etdi Tolyan, — men ham qarab o'tirganim yo'q. U yoqdagi bratvalarga maslahat soldim. Ular bir qarorga kelishib, mentlar orasidagi do'mbirachilariniyam ogohlantirishdi.

— Xo'sh, nima qiladigan bo'lishdi?

— Xullas, hozircha seni karserga qamashadi. Bu seni aristonlar nazaridan uzoqroq tutib turishning birdan-bir yo'li. Lekin hali aytganimdek, hech nimadan xavotir olma: sen bizning himoyamizdagi odamga aylanding. Endi bizning tartib-qoidalarga amal qilasan! Bordi-yu, mentlar bilan osh-qatiq bo'ladigan bo'lsang yoki biror joyda xol qo'ysang, unda nafaqat o'zingga, balki seni avtoritetlarga tavsiya qilganim uchun meni ham tashvishga qo'ygan bo'lasan. Shuning uchun bundan bu yog'iga qiladigan har bir ishingni obdan toroziga solib keyin gapir, hatto tashlaydigan qadamingni ham o'ylab bos. Xullas, aristonlar orasida obro'ga raxna soladigan harakatlardan tiyil! Senga bundan keyin to'g'ridan-to'g'ri yo'l-yo'riq ham, maslahat ham bera olmayman. Xabarlashish faqat qamoqxona pochtasi orqali bo'ladi endi…

— Shunaqa gaplar, degin, — dedim bu gaplarni eshitib. — Lekin…

— Lekin-pekiningni qo'y. Bu yog'iga ko'p narsa o'zingga bog'liq. Nima bo'lgandayam, Burgut, sendan iltimos, joningga jabr qilma. Keyin turma ma'muriyati bilan ko'p nifoqqa boraverma. Ularni bilasan-ku, ayab o'tirishmaydi. Ayniqsa, qarshilik qilganlarni imi-jimida o'ldirib yuborishdan ham tap tortishmaydi.

— Balki, meni ham bosh-qa turmaga o'tkazib yuborishar? — umid bilan so'radim Tolyandan.

— Bunisi mengayam qorong'i. Ishqilib, qaerda bo'lsang-da, sog'lig'ingga bee'tibor bo'lma. Ke-yin murosa bilan bitadigan ishni hech qachon urish-janjal yoki birovning burnini qonatish bilan hal etma! Negaki, erta bir kun nohaq urilgan bir musht uchun ham javob berishga to'g'ri kelib qolish mumkin. Bunday holatlarda omon qolishingga hech kim kafolat bera olmaydi.

— Tolyan, chin dildan berayotgan maslahatlaring uchun sendan minnatdorman. Va'da berib aytamanki, o'zimning ham, sening ham nomingni qora qiladigan, obro'yingga raxna soladigan ish qilmayman.

— Bilaman, Burgut, sen bir so'zli yigitsan, — kuldi Tolyan. — Aytgancha, men ham senga bir va'da berib qo'ygandim, yodingdan chiqqani yo'qmi?

 

***

 

— Kerakli odamlar bilan gaplashib, senga tug'ilib o'sgan yurtingdan hovli sotib olganman. Volyaga chiqqaningdan keyin Davidga uchrashib, qolgan masalalarni u bilan gaplashasan. Ha, yana bir narsani aytishni unutayozibman: ayollardan sal uzoqroq yur!

— Xo'p, Tolyan, sen nima desang shu, — kulimsiradim.

— Men ketganimdan keyin bu yerda bir ko'ngilsizlik boshlanishini sezib turibman, shuning uchun har daqiqada hushyor tur.

— Xo'p bo'ladi, Tolyan!

Biz qadrdonlarcha quchoqlashib xayrlashdik.

Oradan ikki kun o'tib, chindan ham Tolyanni boshqa muassasaga o'tkazishibdi. Buning xabarini karserdalik chog'imda yetkazishdi. O'g'riboshi aytganiday, meni hech bir sababsiz o'n besh kun muddatga karserga tashlashgandi.

Har safargidek bu gal ham karserda vaqt o'tkazishning o'zi bo'lmadi. Chunki tik turib uxlaganing ozlik qilganday, bu yerda kunlik ovqatdan ham mahrum etishar, kuniga bir martagina qotgan qora non bilan suv berishardi. Karserga tushganidan so'ng oradan hech vaqt o'tmay, aksariyat mahbuslar kun bilan tunni adashtirib qo'yishadi. Menda ham shunday bo'ldi. Karserning beton devoriga aniq nechta chiziq tortganim yodimda yo'q: to'rtinchi yoki beshinchi kuni boshim gir-gir aylanib, hushimdan ketdim…

Qamoqxona shifoxonasida o'zimga keldim. Ammo ancha paytgacha qaerda ekanligimni xotirlay olmay, palataning oppoq shiftiga ko'z tikib yotdim. Shu payt yo'lakda gaplashayotganlarning ovozi keldi.

— Omadi bor ekan yigitning, agar yana bir-ikki kun yotganida to'g'ri morgga jo'natib qo'ya qolishardi.

— Nima karomat ko'rsatgan ekan, buncha azob berishibdi?

— Anig'ini bilmadim, eshitishimga qaraganda, rosa urishqoq, gapidan qaytmaydiganlar xilidan emish. Kelganiga hech qancha bo'lmasdan, uncha-munchaning og'ziga tushib qolgan. Hatto uni bechora Tolyan ham hurmat qilarkan.

— Tushunmadim, nega endi uni «bechora Tolyan» deyapsan?

— Ie, hali eng katta yangilikdan xabaring yo'qmi?

— Ichimni qizdirmasdan tezroq ayta qol, Sasha, unga nima bo'pti?

— Kecha turma boshlig'ining o'rinbosari spirt olishga kirgandi. Aytishicha, yangi borgan yerida Tolyanni chavaqlab tashlashibdi. Gap-so'zlarga qaraganda, uni u yoqqa shuning uchun o'tkazishgan ekan.

— Demak, yana «uy»da to'polon boshlanarkan-da!

— Men bunday deb o'ylamagan bo'lardim, chunki uning o'rniga allaqachon odam tayinlab qo'yishgan…

— Ishqilib, sal odamgarchiligi bor ekanmi?

— Kulgimni qistatma! O'g'ri, kallakesar, tovlamachi-yu firibgarlarda odamgarchilik bo'lishini qaerda eshitgansan?..

Yo'lakdagi suhbat shu yerga yetganda meni beixtiyor qattiq yo'tal tutdi va ularning gapi nima bilan nihoya topganini anglolmay qoldim. Lekin bilganlarim ham dahshatga tushishim uchun yetarli edi. Chunki eshitganlarimdan Tolyanning ayanchli o'lim topgani sezilib turardi.

Yo'talim biroz bosilar-bosilmas xona eshigi ochilib, ichkariga ikki ariston kirib keldi. Ularning birini avval qaerdadir ko'rganday edim-u, ammo xotiram pand berib qay sharoitda uchrashganimizni eslay olmadim. Ikkinchisini esa, umuman, tanimasdim.

— Qani qahramon, sal o'zingga kelib qoldingmi? — dag'al ovozda so'radi aristonlardan biri.

Uning bu gapidan keyin badanimdan sovuq ter chiqib ketdi. Chunki bu ikki nuxsaning mendan hol-ahvol so'rash uchun kelmagani yuz-ko'zidan ko'rinib turardi.

— Shunaqa shekilli, harqalay, o'zimni kechagidan ancha yaxshi his qilyapman, — hazil bilan javob qaytarmoqchi bo'ldim.

— Tezroq sog'aygin, — xunuk tirjaydi dag'al ovozli «mehmon». — To'shakda yotgan odam bilan mushtlashishni xohlamayman…

— Lekin bunga o'xshash kecha qamoqqa kelib, ertasi kuniyoq o'zining tartibini o'rnatmoqchi bo'lganlarni kasaliga ham qaramasdan tinchitish kerak, toki boshqa mushtiga ishonadiganlarga o'rnak bo'lsin!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...

1 TA FIKR

Comments are closed.