BOLALIKNING AChChIQ VA ShIRIN XOTIRALARI… (6-qism)

0

 

Nodonning o'z puli

 

Bola ekanimdagi xotiramga muhrlanib qolgan yana bir hodisa bu paxta kompaniyasi edi. O'sha paytlarda kuz eshik qoqib ulgurmay, barcha paxta terimida ishtirok etishi shart hisoblangan. Ko'p qatori beshinchi sinfga o'tgandan keyin bizning sinfni ham maktabgamas, paxta dalasiga yetaklashgan.

Darslardan bezgan o'g'il bolalar qiyqirgancha dalani buzgudek paxta terishga kirishib ketdik. Ayniqsa, paxta terganga pul to'lanishi bizlarni juda ruhlantirib yubordi. Bundan chiqdi, bizning ham o'z pulimiz bo'larkan-da!..

Xuddi o'sha «o'z pulim» degan jumla xayolimda aylanaverdi. Bu xayol ta'sirida ter to'kdim. Nihoyat kutilgan lahzalar yaqinlashdi. Hisobchi to'g'ri paxta dalasiga kelib bir haftalik pulimizni tarqatdi. Men naqd olti so'm oldim.

Qanday baxt! Axir, buncha pulni hech qachon qo'limga olib ko'rmagandim!..

Kech tushgach, oyog'imni qo'lga olib qishloq tomon jo'nadim. Yo'q, bugun to'g'ri uyga bormoqchi emasdim. Do'konga kirishim, o'zimning yaxshi ko'rgan shokoladlarimni sotib olishim shart edi.

O'z puling bo'lsa boshqacha kecharkan. Do'konga dadil kirib bordim-u, do'konchi amakiga qo'limdagi olti so'mni uzatdim.

— Menga shokolad bering!..

U bir xaltacha shirinliklarni tarozida tortib, qo'limga tutqazdi. Xursandligimdan yuragim qinidan chiqqudek uy tomon jo'nadim. Shubhasiz, uyga yetgunimcha xaltachani deyarli bo'shatib qo'yayozdim.

— Voy, mening paxtakor bolam kep qoldi-ku, — deya hovliga kirishim bilan buvim meni bag'riga bosdi. — Ha-a, ja xursandsan? Tinchlikmi? Voy, qo'lingdagi shokoladlarni kim berdi?

— Men bugun paxta puli oldim, — dedim kerilib. — Olti so'm berishdi.

— Ie, shunaqami-i? — buvim xabarimni eshitib, quvonib ketdi. — O'zimning pultopar bolamdan o'rgilay! Qani puling? Menga berasanmi? O'zim senga qo'y go'shtidan dimlama pishirib berardim. Hoy, bobosi, kelmaysizmi, bolangiz paxta puli olibdi! Olti so'm ishlabdi!

Payqamabman. Bobom sal naridagi karavotda yonboshlab yotgan ekan. Buvimning chaqirig'ini eshitdi-yu, asta o'rnidan qo'zg'alib biz tomon yurdi.

— Men pulimning hammasiga shokolad sotvoldim, — dedim buvimga bir kulib, bir javdirab. — Maza qilib yedim.

— Nima? Shokolad? Hamma pulga-ya? Axir… Voy sho'rim!.. Shuncha shirinlikni yeb kasalga chalinsang, biz nima qilamiz?.. Keyin… Pulingni ehtiyotlab uyga olib kelsang bo'lmasmidi? Bobong ikkalamiz bozordan senga yangi ko'ylak-shim olib bermasmidik?..

Tanbehni bobom davom ettirdi.

— Biz seni shu niyatda katta qilyapmizmi? Bizga aytgan rahmatingmi bu?..

— Axir… Bu o'zimning pulim-ku! — chiyillab baqirdim men alamim kelib. — Nima qipti?..

— Bilamiz, sening puling, — dedi bobom dag'dag'a bilan. — Lokigin farzand pul ishlab topsa ota-onaning qo'liga opkelib topshirishi kerakligini doim uqtirardim-ku! Mening gaplarim, nasihatlarim bir pul ekan-da!?. «Yetim bola asrasang, og'iz-burning qon eltar» degani shumi, Xudoyim?..

Xullas, shu kuni bobom va buvimdan keragicha tanbeh eshitdim. Rosa alam qildi. Nuqul miyamni «Nega o'z pulimga ega chiqolmayman? Nimaga o'zim ishlab topgan pulni ishlata olmayman?», degan savollar kemiraverdi.

O'sha voqeadan keyin bir haftagacha mehribonlarim menga ola qarab yurishdi. Biroq bu uzoqqa cho'zilmadi. Vaqt o'tgani sayin ginalar unut bo'ldi. Bobom, buvim yana meni qaytadan erkalaydigan, alqaydigan bo'lishdi.

Faqat… O'shanda yo'l qo'ygan xatomni sal ulg'aygach, anglab yetdim. Meni yedirgan, kiydirgan, yeru-ko'kka ishonmay katta qilgan insonlarga o'sha pulni keltirib berishim shart ekan. Iloji bo'lsa, pulga qo'shib ularga qayta-qayta rahmat aytishim lozim ekan…

To'g'ri, qo'pol xatolar qalblarda zarradek bo'lsin dog' qoldiradi. Shunday bo'lsa-da, keyingi gal qo'limga pul tushsa, darrov ularning qo'liga qo'shqo'llab topshirishni odat qildim. Bobojonim ham, buvijonim ham har pul topib kelganimda meni alqab, duolar qilib charchashmadi. Ular menga ishonishdi, mening haqiqiy odam bo'la boshlaganimga shukr qilishdi.

Afsuski, hamon yo'l qo'ygan ilk xatom o'zimning bag'rimni tirnab o'taveradi. Umrim bino bo'lib ilk bor ishlab topgan pulimni bo'lar-bo'lmasga sarflaganimni ko'rgan buvimning mo'ltirab qolgani, bobomning nadomat aralash bosh chayqab, norozilangani ko'z o'ngimda gavdalanib, yuragim og'riyveradi.

 

Haydalish

 

Qachonlardir ma'lum muddat poytaxtdagi aeroportga yaqin joyda yashaganman. Har kuni erta tongda hovliga chiqdim deguncha osmonda turnaqator samolyotlarga ko'zim tushardi. Ammo ularning shovqini, deraza oynalarini sindirgudek dunyoga jar solib uchishlari zarracha asabimga tegmasdi. Aksincha, xuddi shu samolyotlar meni yaqin o'tmishim tomon olib uchardi…

Ha, o'shanda 15 yoshni qarshilash arafasida turgandim. Buvijonim va bobojonlarim ancha qarib qolishgan. Ilgarigi erkalanishlar, injiqliklar, xudbinliklar ortda qolgandek edi. Men bilan birga o'sgan Abdurahmon tog'am ham ulg'ayib armiya xizmatidan qaytgan, uylangan… Yangam Gulnor uyimizga kelin bo'lib tushgach, oradan hech qancha vaqt o'tmay, tog'am bilan munosabatlarimizga putur yetdi. Tog'am hadeganda he yo'q, be yo'q menga o'shqiradigan, do'pposlashga shaylanadigan odat chiqardi. Shunda ham buvijonim o'rtaga tushib meni kaltaklardan asrardi.

Foydasi bo'lmadi. Tog'am yangamning ta'siriga tushib ulgurgan ekan.

Yangam hovlining yarmiga da'vo qilishimdan cho'chib tog'amni gij-gijlarkan…

Keksaygan haloskorlarimga quloq osishmadi.

Meni uydan haydab solishdi.

Xo'sh, mendek tuman markazidan nariga chiqmagan bo'z bola qaerga boradi? Kimning yoniga borib ko'mak, himoya so'raydi?..

Onam, meni achchiq to'lg'oq yeb dunyoga keltirganim allaqachon boshqa erdan tug'ilgan to'rt bolasini bag'riga bosgancha tek yashardi. U menga yordam bera olmasdi. Himoyasiga olmasdi. Eridan cho'chirdi…

Xolalarim esa…

Ha, ularnikiga yig'lab borsam albatta quchoq ochib qarshi olishlariga ishonardim. Ammo unday qilmadim. 15 ga kirib katta bo'lib qolgan ekanmanmi, nomus qildim. Tavakkal katta shaharga — poytaxtga jo'nadim. Keksayib qolgan buvim meni yalab-yulqab, achchiq ko'z yoshlariga cho'miltirib, qo'limga pul tutqazdi.

Ko'zlari ojizligiga qaramay, bobom meni katta yo'l bo'yigacha kuzatib bordi. Ortga qaytarishning iloji bo'lmadi.

Shunday qilib men 15 yoshimda qismatning yetagida bo'lishga tavakkal qildim.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...