ALAMZADA… (8-qism. BIRINChI FASL)

0

 

* * *

 

— Ha, senmisan? — so'radi u nihoyat baland ovozda. — Sotim, qaydasan hozir?

— Bozordaydim, — javob qildi haydovchi. — Kecha o'zingiz buyurgan ish bo'yicha yurgandim.

— Hal qildingmi? Bitdimi?

— Deyarli bitdi hisob.

— Tez tugatgin-da, menikiga kel! Aytgancha, mashinaga to'ldirib benzinam quyvol! Bir joyga borib kelamiz.

— Xo'p bo'ladi, aka! Yarim soatda oldingizda bo'laman.

Tolib go'shakni joyiga qo'ydi-da, Meliboy mirobga bir muddat tikilib qoldi.

Mirob esa hayajondan bilinar-bilinmas titrar, Tolibning so'nggi so'zini intiq kutardi.

— Do'ppini osmonga otavering! — dedi nihoyat Tolib kulimsirab. — Qishlog'ingizga borib keladigan bo'ldingiz.

— R-rostdanmi? — so'radi hovliqib mirob. — Rostdan aytyapsizmi, inim?

— Nima, biror marta aldaganimni ko'rdingizmi? Namuncha shakkok bo'lmasangiz? Borasiz degandan keyin borasiz-da!

— Umringiz uzoq bo'lsin, iloyim! — mirob haddan tashqari suyunganidanmi beixtiyor qo'llarini duoga ochdi. — Nima niyat qilgan bo'lsangiz, xudo o'nglasin! Men… Chiqaveray unda!

— Qaerga shoshasiz? Hozir Sotim keladi, ana undan keyin uchchalamiz birga jo'naymiz.

— Sizam-a? — Tolibning kutilmagan gapini eshitib, mirob unga ishonqiramagandek nigoh tashladi. — O'-o'zingizam borasizmi?

— Nima, bir o'zingizni yolg'iz jo'natadi deb o'ylovmidingiz? Chuchvarani xom sanabsiz, boboy!

— Ie, ie, unda… Tezroq hozirligimni ko'rib tura qolay! Sizlarni mahtal qilib qo'ymay!..

— Ha, — dedi Tolib qovoq uyib. — Vannaxonaga kirib cho'miling! Harqalay, shahardan boryapsiz. Keyin… Soqolniyam qirtishlab olsangiz yomon bo'lmaydi. Tez bo'ling, boboy!

Meliboy mirob oyog'ini qo'lga olgancha Tolibga qulluq qila-qila vannaxonaga g'izilladi.

 

* * *

 

Bu yilgi qish aldamchi keldi. Bir kun qattol sovuq jonni uzib olar darajada izillasa, ertasi kuni quyosh charaqlaydi-yu, kambag'alning yelkasiga taft berib, jonini huzurga to'ldiradi.

Meliboy mirobning xush kayfiyatiga havo ham sherik bo'lmoqchidek, yo'lga chiqqanda Quyoshbobo taftini darig' tutmadi. Mirob oldinda jimgina ketib borayotgan Tolibga boqarkan, shu tobda ich-ichdan faxrlandi. Tun bo'yi vujudini tark etmagan tashvishlar, qayg'ular, afsus, nadomatlar tumani tarqab, tani yayradi. Yaqin o'tmishdagi xafagarchiliklar ortda qoldi. Tushkunliklar botqog'i nari chekindi. Ko'ngli hayitdagidek chog'landi. Bunday lahzalarda dunyo ham bandasining ko'ziga juda go'zal ko'rina boshlarkan. Meliboy mirob qadrdon yurtiga yaqinlashib kelarkan, turnaqator mirzateraklar, mo'ysafid tollarga suq bilan tikilardi. Qip-yalang'och bo'lsa-da, ular mirobning qalbiga olam-olam quvonch ulashgandek tuyulardi.

O'ylanib o'tirib, mirobning xayoliga da'fatan qishloqdoshlari, Soli tegirmonchi, hamisha kekkayib yurguvchi Sulton do'konchi, Turdimat birgad kelib og'zining tanobi qochdi. Ularning yonida Tolibni tasavvur eta boshladi. So'ngra egnidagi yangi ko'ylak, kostyum-shim, yupqa, ayni kazo-kazolar kiyadigan choponni ushlab-ushlab oldi.

«Ha-a, — o'yladi mirob miyig'ida kulimsirab. — Hozir qishloqqa mana shunday haybatidan ot hurkadigan mashinada kirib borsam, birinchi o'rinda Soli tegirmonchining joni chiqib ketsa kerak. Sultonni-ku, aytmay qo'ya qolay. Qarzi uzilishidan umidvor bo'lib oyog'i kuygan tovuqday chopqillab qoladi. Turdimad birgad-chi? O', uzoqdan qulochini yozib kelar-ov! Ha, keyin «bu ukamizni tanishtirmading-ku!» deyishadi. Men viqor bilan Tolibni ularga ko'z-ko'zlayman. O', kimligini eshitishsa, birgadigayam, do'konchi-yu, tegirmonchisigayam sichqonning ini ming tanga bo'lmasa, men kafil! Nima bo'larkan keyin-a? Birgaddan qo'shimcha tomorqa undirvolsammikan? Qo'rqqanidan bervorardi. Ana undan keyin oshig'im olchi edi. Bug'doyim ja mo'l bo'lardi…»

Meliboy mirob to qishloqqa yetguncha turli shirin xayollar ummonida suzdi. Bu ummonning bahaybat va bir-biridan sarbaland to'lqinlarini osongina o'ziga bo'ysundira oldi. Xayolan butun bir qishloq odamlariga qaddi-bastini, turish-turmushini namoyish etdi. Marhuma xotinini yodga oldi. Xayolan bo'lsa-da, uning haqiga duo qildi. Oxiratini obod qilishini tilab Yaratganga yolvordi.

Mashina qishloq ko'chasiga burilgach esa, mirob o'zgacha sevinch va faxr bilan Tolibga so'z qotdi:

— Inim, mana shu bizning qishloq bo'ladi! Qarang, qanday chiroyli qishlog'im bor!

Tolib mashina oynasidan boshini chiqarib chuqur-chuqur nafas olarkan, to'satdan ortga o'girildi va Meliboy mirobning yelkasiga qo'l tashlab, xoxolab kulgan ko'yi qichqirdi:

— Boboy! Bardam bo'li-ing! Choyxona palov damlamas ekansiz, sizga kun yo'q! Kun yo'q!

 

* * *

 

 

Meliboy mirob mashina mahallasiga qarab burilgani hamono hovliqqancha Tolib tomon o'girildi.

— Inim, — dedi u negadir qizarib-bo'zarib. — Iloji bo'lsa, oldin qaynsinglimnikiga o'tsak devdim-da! Q-qizim o'sha yerdaydi!

— E, boshlang-da qaerga bo'lsa! — qo'l siltadi Tolib. — Biz qaydan bilamiz? Xo'sh, qay tarafga yuraylik, boboy?

— H-hozir orqaga qaytib narigi ko'chaga kirishimiz kerak edi. U-uzoqmas, uzoqmas! Bir qadam, ha!

Haydovchi mashinani orqaga qaytardi-da, mirob ko'rsatgan yo'lga burdi.

Meliboy mirob manzilga yaqin qolgani sayin battar to'kilib borardi. Nuqul titrardi. Goh Tolibga bo'zrayib boqar, goh egnidagi ohorli kiyimlarni siqimlab-siqimlab qo'yardi.

Mashina chamasi yuz metrcha yurdimi-yo'qmi, mirobning ko'zi ancha naridan kelayotgan Sulton do'konchiga tushdi.

Do'konchi piyoda kelardi. Qandaydir bo'g'chani qo'ltiqlab olibdi. Uzoqdan kelayotgan begona mashinaga ko'zi tushishi bilan taqqa to'xtab chap kaftini peshonasiga tiragan ko'yi turib qoldi.

— Inim, — deya do'konchi turgan tomonga ishora qildi mirob. — Huv anavi odam qishlog'imizning do'konchisi. Qarang turishini!..

Tolib mensimaygina mirob ko'rsatgan tarafga ko'z tashladi-da, aftini bujmaytirdi.

— Nima qipti do'konchi bo'lsa? — dedi u esnab. — Yo qarzingiz bormidi?

— Ha-da, — jonlandi mirob. — Aytgandim-ku, yangangiz rahmatli o'tib qolgan kuni naqd ikki yuz so'm sanab bergandi. Shuning qarzini to'layman deb haligiday shaharga jo'navorgandim-da, inim!

— Sotim, — haydovchiga yuzlandi Tolib qovoq uyib. — Mashinani hov o'sha qariyaning ro'parasida to'xtat! Boboy, hozir tushasiz-da, do'konchingiz bilan so'rashasiz. Qo'rqmang, men o'tiribman bu yerda! Quyuq so'rashing! Keyin mana bu pullarni imi-jimida qo'liga berasiz!

— Xo'p bo'ladi, xo'p! — Meliboy mirob mashina to'xtagach, shoshib pastga tushdi-da, do'konchiga quchoq ochdi.

— Ie, Melimisan? — Sulton do'konchi kutilganidek so'rashish o'rniga mirobning egnidagi yangi kiyimlarga qarab baqraydi. — Vey, xumpar, yasanib olibsanmi? Tag'in… Manavinaqangi mashinalarda kepsan? Boyib ketdingmi nima balo?

Bu Meliboy mirob bir umr orzulagan, yarim tunlari to'lg'onib, oh chekkanda xudodan astoydil so'ragan onlar, endi u o'sha orzulari ushalishi uchun o'ylab qo'ygan gaplarini tiliga ko'chirishi, hech qursa do'konchini lol qilishi shart edi.

Meliboy mirob xuddi yosh boladek iyagini ko'tarib, ikki qo'lini beliga qo'ygancha do'konchining qarshisida bir aylanib qo'ydi. Shu harakat sabab qalbidagi armonlar birpas chekingandek, xumordan chiqqandek, alamlari tarqagandek bo'ldi. Sulton do'konchi uning qilig'idan battar hayratga tushib bir qadam ortga tislandi.

— Meli, qancha pul ishlading? — asta shivirlab so'radi do'konchi mashinaga zimdan ko'z tashlab olarkan. — Manavinaqangi po'rim bo'p kelganingga qaraganda, ancha-muncha pul topgansan-ov-a? Topdimmi?

— E, aka, — dedi mirob hamon ikki qo'lini beliga tirab. — Qachon qarasa puldan gapirganingiz gapirgan-a, vey! Keling, oldin manavini olib qo'ying-da, keyin ko'rishaylik!

Sulton do'konchi mirobning bu taklifini rad etib o'tirmay, pullarni olib darrov kissasiga berkitdi va bag'rini ochdi. Quchoqlashib ko'rishish bahonasida atayin mirobni bir-ikki ko'tarib-ko'tarib qo'ydi.

Shu orada Tolib mashinadan tushib ularga yaqin keldi.

— Aka, bu mening tutingan inim, — Tolibni do'konchiga tanishtira ketdi mirob. — Shahardagi kazo-kazolarning oldi desam ishonavering!

— Qulluq, qulluq! — do'konchi qarshisidagi barvasta, sovuq nigohli Tolibga yer ostidan hurkkannamo qaragancha qo'l berib so'rashdi. — Yaxshi yetib keldingizmi, mehmon?.. Aytgancha… M-mehmonni biznikiga olib kiraqol, Meli! M-mehmon qilaman o'zim, ha!..

Tolib esa atayinmi, kutilmaganda Meliboy mirobning yelkasidan quchdi-da, do'konchiga maqtay boshladi.

— Bu inson haqiqatan otamday bo'p qolgan! Qarang, o'zini yolg'iz yuborishga ko'nglim ishonmay birga kelaverdim!..

Bu gapi Meliboy mirobni butkul taltaytirib yubordi. U g'alati tirjayish qilib, qisqa-qisqa yo'talib oldi. Shu bahonada Tolibning ilgarigi jerkiganlari, siltashlari, nomaqbul ishlarga boshlaganlari unut bo'lgandek tuyuldi. O'zini go'yo farzandining tanti otasidek tutib, do'konchiga sal yuqoriroqdan qaray boshladi.

— Q-qani, mehmon, — deya do'konchi tutila-tutila mahalla tarafni ko'rsatdi. — Yuringlar bo'lmasa! Birpasda osh damlaymiz! Xush kepsizlar!

— Rahmat, otam, — dedi Tolib cho'ntagini kovlab sigaret chiqarish asnosida. — Biz hozir Sevinch singlimni ko'rib chiqmasak bo'lmaydi. Undan keyin borsak borarmiz!..

Meliboy mirob do'konchidan faqat bir gapni kutgandi. Hozir-hozir Tolibni savolga tutadi, tag'in boylik, puldan gap ochadi deb xayol qilgandi.

Unday bo'lmadi. Do'konchi Tolibni, yarqiragan mashinani, mirobning egnidagi kiyimlarni ko'rgandayoq tamom bo'layozgandi. Unday gaplar xayoliga kelmadi chog'i. Yoki keyinroq, mehmonga chaqirsa, so'rab olishni ko'ngliga tugdi…

Mashina mirobning qaynsinglisi yashaydigan uy tarafga jo'nagandan keyin ham Sulton do'konchi qimir etmay turaverdi.

 

* * *

 

Jigarbandini sog'inish hissi, yurakdagi xavotir, hadik Meliboy mirob tanish hovli darvozasiga yetib kelib to'xtashgandan so'ng belgi berdi.

Mirobning yuragi odatdagidan tezroq urdi. Vujudini nimadir tirmalayotgandek, a'zoyi badani achisha boshladi. Ko'zlari namlanib, o'pkasi to'lib keldi. Bo'g'ziga nimadir tiqilgan kabi xo'rsinib-xo'rsinib ketdi. Hozir ichkariga kiriboq dod solib yig'lagancha qizalog'ini mahkam quchishi, aytib-aytib o'kirishi muqarrarligini chuqur his etdi. Ammo Tolib yana yo'l bermadi. Mashinadan tushishlari bilan mirobni tirsagidan tutib to'xtatdi.

— O'zingizni bosing! — tayinladi u darvoza tirqishidan ichkariga o'g'rincha ko'z tashlab. — Yosh bolamassiz-ku! Kap-katta odam qo'yib bersa yig'lamoqdan beri bo'lyapsiz! Undan ko'ra orqaga o'ting! Yukxonadagilarni oling! Sotim, anavi narsalarni olib boboyga tutqaz! Quruq qo'l bilan kirib bormasin!

Meliboy mirob ikkita kattakon, yaltir-yultir xaltani ko'rdi-yu, hayratdan yoqa ushlay dedi. Tolibdek sovuqqon, shafqatsiz, cho'rtkesar yigitning qo'lidan bu qadar mehribonchilik kelishi yetti uxlab tushiga kirmagan, umuman, bu xaltalarni qachon xarid qilgan-u, qachon mashinaga ortganini ham ko'rmagandi. Yuragi to'kilay deb Tolibga javdiradi.

— Dadil bo'ling, boboy! — kuldi Tolib qishloq uylaridan ko'chaga chiqib, ularni tomosha qilishga tushib ketggan xotin-xalaj, bolalarga ishora qilib. — Qarang, hamqishloqlaringiz ham hayron bo'lishyapti. Tag'in Meliboy boboy yig'loqi ekan deb yurishmasin! Yuring, boshlang bizni!

Mirob Tolibning bu gaplaridan so'ng tag'in bir qop semirdi. Darhol o'zini qo'lga olib jussasini yuqoriroq ko'targan holda ko'cha yuzini to'ldirib turgan xotin-xalajga qarab yasama tirjayish qildi va bosh qimirlatib boloxonador so'rashgan bo'ldi. So'ngra pildiragancha Tolib va haydovchining oldiga tushib hovliga kirdi.

Sevinch egniga baxmal kamzul kiyib, boshiga jun ro'mol o'ragancha tok ostidagi so'riga suyangan ko'yi o'y surayotgan ekan. Tapir-tupur qadam tovushlarini eshitib ilkis boshini ko'tardi va otasini ko'rdi-yu, dodlab yig'lagancha chopib borib mirobning bo'yniga osildi.

Meliboy mirob nima deyishni, qiziga qanday tasalli berishni bilmasdi. Aniqrog'i, bilardi-yu, ko'nglidan kechayotgan gaplarni tiliga ko'chira olmasdi.

Shu orada qaynsinglisi ham ichkaridan chiqib qoldi. Darvoza hatlab haddi siqqan qo'shnilar kirib kelishdi. Faxrinisaning hovlisi qo'ni-qo'shni, bola-chaqaga to'ldi.

Uy bekasi goh Tolib, goh Sotimga ikki qo'li ko'ksida mulozamat qilar, shu orada hanuz bir-birlarini qo'yib yuborgisi kelmayotgan ota-bolaga achinish va dard aralash qarab qo'yardi.

— Qani, ichkariga kiringlar! — muloyim ohangda mehmonlarni tuzab qo'yilgan xonaga boshladi Faxrinisa. — Pochcha, boshlasangiz-chi! Voy-voy-voy, ota-bola ja bir-birlarini sog'inishibdi-da! O'zi-chi, Sevinchim qurmag'ur bugun ertalab turib aytgandi. «Dadamni tushimda ko'rdim, kep qolsalar kerak» degandi. Farishtalar omin debdi-da! Qani, qo'shnijonlar, sizlaram yuringlar! Qaranglar, biznikiga shahardan mehmonlar keldi! Yura qolinglar, qoqindiqlar! Yura qolinglar!

Tolib ichkariga kirishga shoshilmadi. Avval hovlini boshdan-oyoq kuzatdi. Juda chiroyli tiklangan tokka qarab o'zicha bosh irg'adi. Tomorqa, og'ilxonalarga boqdi. Ora-sirada to'yib-to'yib nafas oldi. Bu yerlarning havosi ko'ngliga o'tirishganmi, bilinar-bilinmas kerishib ham oldi. So'ngra shosha-pisha qo'l soatiga qaradi. Vaqtni chamalagach, asta Sotimni turtib, qulog'iga nimadir deb shivirladi. Haydovchi shu zahoti tashqariga chopdi.

— Qo'yavering, — mirobning hayrat aralash tikilishini ko'rib tinchlantirgan bo'ldi Tolib. — Bir og'aynim kelishi kerak edi. Shuni kutib olsin!

— Ie, inim, axir… Biz shu yerda turib-a? — norozilandi mirob. — Hoziroq jiyanlardan birontasini…

Tolib atrofdagilarga sirli qarash qildi-da, mirobrning qulog'iga pichirladi.

— Boboy, hadeb bezovtalanavermang! Sizga zo'r syurprizim bor. Sotim o'shani olib keladi.

— Shunaqami? — yer chizdi mirob qo'shni xotin-xalajlar davrasiga kirib allaqachon maqtanishga tushib ketgan qizi tarafga kulimsirab tikilarkan. — Xo'p, inim, xo'p! Iloyim topganingiz oltin bo'lsin! Endi… Ichkariga kirsak, inim! Qaynsinglim…

— Bo'pti, sazangiz o'lmasin! Qani, boshlasinlar!

Meliboy mirob bu takallufdan og'zi qulog'iga yetib Tolibning oldiga tushdi.

 

* * *

 

Faxrinisa ko'z ochib yumguncha dasturxonni noz-ne'matga to'ldiribdi. Bir tomonga kosa to'la yangi qaymoq, ikkinchi tomonga bir tovoq suzma qo'yibdi. O'rtaga qatlama, qatlamali somsa, malda patirlar deysizmi, hammasini bisyor qilibdi. Hoynahoy pochchasi mehmonlar oldida mulzam bo'lmasin debdi.

Dasturxonni ko'rgach, haqiqatan mirobning o'zi ham hayron edi. Chunki shuncha yil xotini bilan yashab bu uyga qadam qo'ysa, hech qachon bu qadar shohona dasturxon yozilmagandi. Xayolan «qaynsinglim shuncha narsani qaydan oldiykan? Ishqilib, qo'shnilardan qarz ko'tarib qo'ymadimikan? deya ingranib ham oldi.

Tolib esa bu ne'matlarga unchalik e'tibor bermasdi. Bezovtalangancha ikki ko'zi tashqarida, aftidan Sotimni kutardi. Shu sababli mirobning iltifotli so'zlari qulog'iga kirmasdi.

Bir mahal xona eshigi ohista ochilib Sulton do'konchining boshi ko'rindi. Do'konchi egniga yangi kiyimlar kiyibdi. Lekin kiyimlariga hech kimning nazari tushmadi. Aksincha, asabiylasha boshlagan Tolib Sotim keldi deb o'yladimi, ostonada do'kondorni ko'rgach, birdan qovoq uydi-da, yuzini ters burdi.

— Mehmonlar, yaxshi o'tiribsizlarmi? — hech narsa bo'lmagandek ichkariga kirib mirob ko'rsatgan joyga cho'kdi do'konchi. — Q-qalay, yaxshimisizlar?

Tolib uning savoliga javoban sovuqqon bosh irg'agan bo'ldi-yu, to'satdan so'z qotdi.

— Do'konchimishsiz, otam? Shu rostmi?

— H-ha, sh-shunday desayam bo'ladi, mehmon, — tutilib javob berdi do'konchi. — Kichkinagina do'kon berishgan. O'shani… Yurgizib turibmiz-da!

— Tushum yaxshimi ishqilib? — ko'zlarini ayyorona qisib so'rashda davom etdi Tolib.

— Tushum? Be, tushum qayoqda deysiz, mehmon? Xalqqa xizmat qilib yuribmiz-da endi!

— Opqochmang-da, otam! Bizniyam shaharda kichkinagina do'konimiz bor. Nimaydi? Haligi boridi-ku…

Tolibning gapi og'zida qoldi. Ichkariga bir bolakay kirib baland ovozda mirobga qichqirdi.

— Buva, ko'chaga yana bir mehmon keldi! Chiqarkansiz!

Tolib bu xabarni eshitiboq dast o'rnidan turdi va qo'zg'almoqqa shaylangan mirobni yelkasidan tutib joyiga o'tqazdi.

— Bezovta bo'lmang, meni so'rab kelishgan!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...