DARDIMIYoNA… (24-qism)

0

 

* * *

 

U go'shakni qo'yib qo'ydi. Mening gaplarim ichimda qolib ketdi. «Ishing ham, boshqa narsang ham o'zingga siylov. Gapini qaranglar, sinadimmish. Boshqa narsani ko'ngling tusamaydimi?!» deya xayolimdan o'tkazdim-da, apil-tapil kompyuterni o'chirib, tashqariga yo'naldim.

Haydovchi yonimga yugurib keldi. Hech kimni ko'rishni istamas, yolg'iz o'zim qolishni xohlayotgandim. Shu bois unga «O'zim yolg'iz shaharni aylanib ketmoqchiman», dedim. U unamadi. «Xavfli», dedi. Kulgim qistadi. Bu shaharga kelganimda birovning men bilan ishi yo'q edi. Ochmisan, to'qmisan, uy-joying bormi, hech kim xafa qilmayaptimi, deb hech kim so'ramasdi. Mana endi hattoki ko'chaga chiqishimda ham qo'riqchi tirkab qo'yishyapti. Agar shunday davom etaversa, erta hojatga ham yolg'iz bormayman, shekilli. Qiyin, hammasi qiyin. Oldingi sharoitimdan hozir ming chandon qiyinroq. Chunki hozir jonim garovda, xatarda.

Noiloj mashinaga o'tirdim. «Uyga hayda», dedim. Tavba, uymish. Gennadiy vaqtinchalik berib turgan boshpana. O'zimning… O'zimning hali tovuq katagim ham yo'q-ku.

Mashinalarning tirbandligi, yuz metr yurar-yurmas to'xtashi asabni o'ynatmay qo'yganiga ancha bo'lgan. Bir tarafdan, shunisi ham yaxshi. Maza qilib xayol surasan.

Oradan taxminan yarim soatcha o'tgandi. Kutilmaganda, ikki tomonimizdagi mashinalar bizni siqishdi. Oldindagi esa to'xtadi. Bir-biridan sovuq, bir-biridan barzangi yigitlar tushishdi ulardan va biz tomonga yaqinlasha boshlashdi.

Yana nima bu? Tinchlik bormi-yo'qmi? Endigina uylandim. Odamga o'xshab bir rohatimni topamanmi, desam, hali u narsa, hali bu narsa chiqib kelyapti. «He, enangni emgurlar», dedim-da, mashinaning eshigini qarsillatib ochib, pastga tushdim. To'g'ri barzangilar tomonga yurdim. Qo'lim musht, ko'zimdan o't chaqnaydi. Hozir betondan devor bo'lsa, yorib, ag'darib o'tib ketadigan shashtim bor.

— Nega to'sding?! — deya baqirdim oldingi mashinadan tushib kelgan barzangiga baqirib. — Nega to'sding, deyapman!

U qo'llarini ikki yoniga yozib irjaydi. Jahl ustida to'g'ri borib yoqasidan ushladim-da, siltadim. Ishonasizmi, qilt etmadi. Xuddi ikkita beshlik taxtani yerga qoqib, tepasini bir nimaga mixlab qo'yganday.

Odamzot butun tanasini qanchalik pishitmasin, bitta joyi nozikligicha qolib ketaveradi. Uni pishitishning sira ilojisi yo'q. Pishitaman desangiz, mayib qilib qo'yasiz, keyin anavilarga o'xshab qolasiz… Shuni bilganim bois o'sha joyiga chunonam musht tushirdimki, barzangining ko'zi soqqasidan otilib chiqib ketayozdi.

— U-uv! — degancha ikki bukilib qoldi.

Ammo shu zahoti o'zim ham bitta zo'ridan oldim. Ko'rmadim-u, lekin, nazarimda, kallamday keladigan musht yelkamga tegdi. «Piq». Nafas olish yo'q. Bor kuchimni to'plab, nafas olishga urinyapman. Ammo sira iloji bo'lmayapti. Yordam, yordam kerak menga… Lekin gapirolmayman. Qotib qolganman. Endi shu lahzada aft-angorim qay holga kelgan, faqatgina meni ko'rganlar bilgan. Hartugul, yordam berishdi. To'g'rirog'i, orqamga yana bitta musht tushirishdi. Haddan ziyod suv ostida bo'lgan odam yuzaga chiqishi bilan qanday nafas olsa, men ham xuddi shunday qildim.

— Endi men senlarga ko'rsataman! — deya baqirib, shunday ortimga qarashimni bilaman, «Urho-ur, jag'iga ur… Qorniga ur… Boshiga ur»ga ko'zim tushdi. Taqirboshlar va anavi barzangilar bir-birlarini shunday ko'yga solishayotgan ekan. Tushunmadim. Bu tap-taqirlar qaerdan kelib qolishdi? Nega mening yonimni olishyapti? Axir qora bo'lsam. Mendaqalarni barzangilardan ko'ra kal boshlar ko'proq yomon ko'rishardi-ku. Har qalay, ko'rmagan bo'lsam ham, shunaqa deb eshitganman. «Ey-y, menga nima? Battar bo'llaring. Bir-biringning go'shtingni ye!» dedim-da, sal nariroqqa qochdim. Shu yoqdan haydovchimga baqirdim. U bo'ynini cho'zib meni qidirayotgan ekan.

— Taksida boraman!

U eshitdi. Tanirkan ovozimni. Bo'lmasa, bunaqangi baqir-chaqir, qiy-chuvda birovga bir nimani aytishning hech iloji yo'q.

Haydovchi «xo'p», deganday boshini qimirlatdi.

Boshqa ko'chaga qochib o'tdim. Taksi to'xtatdim. Mindim. Jo'nadim.

Lyuba bezovta ekan. Uyga kirishim bilan bo'ynimga osilib oldi. «Qaerlarda qolib ketding? Seni rosa sog'indim. Xavotir oldim», deydi. Bo'lmasa, yaxshilab aft-angorimga qaragani yo'q. Yo'lda nimalar bo'lganini gapirganim yo'q. Birdan, o'z-o'zidan shunaqa deyapti. Yoki kimdir qo'ng'iroq qilib, mening ishdan chiqib ketganimni aytdimikan?..

O'yimni oxirlatmasimdan yelkamda og'riq turdi. Azbaroyi ingrab yubormaslik uchun tishimni tishimga bosdim.

Lyuba meni quchog'idan bo'shatib, yuzimga qaradi. Aftim bujmaygan, shekilli, ajablanib:

— Nima bo'ldi?! — dedi.

Qo'l siltadim.

— Arzimagan narsa, yo'lda bir-ikkita bezorilarga duch kelib qoldim.

— Yo'q, nima bo'lganini birma-bir hamma tafsilotlarigacha aytib ber. Mening yuragim bekorga siqilmagan. Gapir, — dedi u o'qday nigohini menga qadab.

— Bo'pti, bo'pti, aytaman. Faqat sen oldin menga bir qultum suv ber. Tomog'im qaqrab ketyapti.

U qo'limdan ushlab, oshxona tomonga boshladi. Suv ichdim. Keyin divanga o'tirdim. Lyuba qo'limni quchoqladi. Yuzimga tikildi.

Noiloj hammasini birma-bir gapirib berdim. Uning yuzi jiddiylashdi. Ko'zida yosh paydo bo'ldi. Ammo o'zimning qattiq musht yeganimni yumshoqqina qilib aytib berdim: «Bittasining qo'li yelkamga yo tegdi, yo tegmadi. Ishonsang, hech nima qilisholmadi. Ammo meni bir narsa hali-hamon qiziqtiryapti. Ya'ni anavi taqirboshlar. Nega mening yonimni olishdi, hech tushunolmadim».

— Qo'y ularni, ko'ylagingni yech, — dedi Lyuba.

— Nega?

— Yech degandan keyin yech.

Mana, uylandik. Mana, erkinlik qo'ldan ketyapti. Yech dedi, yechyapmiz. Kiy desa, kiyamiz-da.

— Nima bu?! — birdan baqirib yubordi Lyuba yelkamni ko'rishi bilan.

— Nimaykan? — dedim o'zimni go'llikka solib.

— Ko'karib ketibdi-ku! — dedi Lyuba yig'i aralash.

— Ko'karibdi? Nahotki? Lekin menga hecham bilinmayapti.

— Bekor aytyapsan! Bunaqangi katta ko'karishi uchun, bilasanmi, odamni qanaqangi qattiq urish kerak. Undan keyin qo'l tegmagan. Biron nima bilan urishgan. Darrov do'xtirga boramiz!

— Shunchaki ko'kargan bo'lishi mumkin. Lekin aniq bilaman, hech qaerimga hech nima qilmagan. Qilganida og'rig'ini sezardim, — dedim.

— Yuzingga bir qarashdayoq qanchalik qiynalayotganingni sezdim-ku. Agar hozir do'xtirga bormasang, undan keyin… Rustam, azbaroyi seni sevishim haqi-hurmati, yur, boraylik. Men aniq nima bo'lganini bilmagunimcha tinchiyolmayman. Xo'pmi, jonim? Men senga kerakman, to'g'rimi?! Agar shunday bo'lsa, meni siqilishdan xalos et.

 

***

 

 

Boshi berk ko'chaga kirib qoldim. Negayam Lyubaga hammasini aytib berdim? Shunchaki, yo'lakka kirayotganimda devorga urib oldim, desam ham bo'lardi-ku. Hozir Lyuba mening eng yaqin odamim. Uni ranjitib qo'ysam, anchagacha o'ziga kelolmay yuradi.

— Lekin do'xtirga nima deymiz? Agar bo'lgan voqeani aytadigan bo'lsak, darrov politsiyaga qo'ng'iroq qilib aytadi. Keyin mahkamada nimaydi, qachoniydi, nega, nechta edi, degan so'roqlarga ezilib javob berishimiz kerak. Bu yog'i Ruslan Nagayev shahar tashqarisiga taklif qilgan. Shuning uchun ham menga ruxsat berib yubordi. «Tayyorlan», dedi. Sen ham tayyorlanishing kerak. Keyin Zohid bilan Nadyaga ham qo'ng'iroq qilishimiz zarur. Shunday ekan…

— Bormaymiz hech qayoqqa! Do'xtirga biron nimani bahona qilarmiz.

— Shoshma, Ruslan Nagayevning o'z do'xtiri bor-ku, ana shular qarab qo'yishadi.

— Ishqilib, vaqt o'tib ketmasmikan?

— O'tmaydi. Keyin, o'ylashimcha, vahima qiladigan hech nima yo'q.

Shu payt qo'l telefonim jiringladi. Ekranda Ruslan Nagayevning ismi turardi.

— Ana, shefning o'ziyam qo'ng'iroq qilib qoldi, — deb yashil tugmachani bosdim-da, telefonni qulog'imga tutdim va hali «allo» deyishga ulgurmasimdan xo'jayinning o'zi gapira ketdi: «Rustam, hammasini eshitdim. Chorasini ko'ramiz. Uyingning yoniga qo'shimcha odamlarni jo'nataman. Ammo hozir sen xotining bilan birga vokzalga borasan. Magdeburg — Moskva poezdi keladi. O'n sakkizinchi vagon. Kuzatuvchi olma quti beradi. Olasan. Mashinaga ortasan, qolganini keyin aytaman».

Telefon o'chdi. Men garangsib Lyubaga qaradim. Xotinim ikkalamiz birga boramiz… Yashirincha kelayotgan yuk. Bundan chiqdi, kriminal. Demak, kriminalga o'zim aralashishimdan tashqari, Lyubani ham sherik qilaman. Ruslan Nagayev meni kim deb o'ylayapti? Nahotki meni… Ammo bormasam ham bo'lmaydi. Balki, shunchaki oddiy narsadir. Balki, u menga syurpriz qilmoqchidir.

— Nega o'ylanib qolding? — dedi mendan ko'zini uzmay turgan Lyuba.

— Bilasanmi? — deya endigina og'iz ochishim bilan eshik qo'ng'irog'i jiringladi.

«Kim bo'lishi mumkin?» degan savol yashin tezligida xayolimni sermab o'tdi. Lyuba esa boshini egdi.

— Nima gap? — deya so'radim.

— Sendan so'ramasdan bir ish qilib qo'ygandim, — deya javob berdi u.

— Ya'ni?..

— Turmushga chiqqanimni oyimga aytdim. U dadam bilan birga uyda o'tirgan ekan… Xullas, ko'p gaplar bo'ldi. Ular judayam qattiq norozi bo'lishdi. Ming bitta nayrang ishlatib, turgan joyimni aytishga majbur qilishdi…

Men Lyubani bag'rimga bosdim. Peshonasidan o'pdim.

— Xavotir olma, borib eshikni och. Ular bilan o'zim gaplashaman, — dedim.

Men bunaqa bo'lishini mutlaqo kutmagandim. Ular — Lyubaning ota-onasi — mening qaynona-qaynotam xuddi maxsus bo'linma xodimlariday eshik ochilishi bilan o'zlarini ichkariga urishdi.

— Qani u muttaham?! — deya baqirdi Oleg Abramovich.

— Mening qizimni kafangado qilib qochmoqchi bo'lgan qahramonni bir ko'rib qo'yaylik! — deya eridan o'tkazib chinqirdi Anastasiya Berezovskaya.

Bo'lmasa, ular kirishlari bilan meni ko'rishdi. Shunga qaramasdan bunaqa gap qilganlariga sira tushunmadim. Shunaqa paytda hattoki jinni-pinnimasmikin, degan xayolgayam borasan.

— Qizingizni qanaqangi muttaham qanday qilib kafangado qilmoqchi bo'lganidan bexabarman-u, lekin unga uylangan yigit men bo'laman, — dedim biroz asabim buzilgan esa-da, o'zimni bosib.

Oleg Abramovich birdan iljaydi. Va xuddi hayvonot bog'idagi maymunni tomosha qilayotganday u yoq-bu yog'imdan o'tib, menga boshdan-oyoq qaray boshladi. Sal o'tib eriga Anastasiya Berezovskaya ham qo'shildi.

— Nima qilyapsizlar?! — deya baqirdi ularga Lyuba.

Men ko'rsatkich barmog'imni labimga bosib:

— Indama, — dedim.

— Juda yaxshi, juda yaxshi, demak, gaplashishimiz kerak, — deya Lyubaga yuzlandi Oleg Abramovich, — balki, oshxonangga taklif qilarsan. O'sha yerda obdan kelishib olardik.

— Marhamat.

Lyuba alami kelganidanmi yoki ularga boshqacha hayotni ko'rsatib qo'ymoqchi bo'ldimi, birpasda stol ustini to'ldirib tashladi. Qo'yganlari orasida «isitmasi» baland ichimlik ham bor edi.

— Bunaqangi isrofgarchilikni shu yigit senga o'rgatdimi? — deya so'radi Anastasiya Berezovskaya meni ko'rsatib.

— Yo'q. Hech qanaqangi isrofgarchilik yo'q… Xo'sh, gaplashamizmi?!

— Birinchidan, — dedi Oleg Abramovich qansharini qashlab, — senda bunaqangi keskinlik bo'lmasligi lozim. Axir biz sen bilan kelishib olganmiz. Har qalay, o'n sakkiz yil mobaynida… Ikkinchidan, — deb menga ko'z qirini tashladi u, — bu yigitning tolei unaqa balandga o'xshamayapti. Sababini bilaman. Uchinchidan, senga uylanadigan bo'lsa, unda bo'yningdagi qarzlarni ham to'lashi kerak. Shunga kuchi yetadimi?

— Nimalar deyapsan, ota? Yana qanaqangi qarzlar? Hamma olgan pullarimni foizlari bilan to'laganman-ku, nahotki umrimning oxirigacha qutulmasam?

— Agar bizning yo'rig'imizdan yurganingda, qutularding. Chunki qondoshlarimiz, hech shubhasiz, ishbilarmon, ko'p pul topishni biladigan va har qanday sharoitda ham o'zlarini bosib oladigan odamlar.

— Men sizlarni ko'rishni istamayman. Rustam ota-onang kim bo'lishidan qat'i nazar, ularni hurmat qilishing va maslahatlariga amal qilishing kerak, degani uchungina sizlarga manzilimni aytdim. Va sizlar bilan gaplashib turibman. Aks holda…

— Bir daqiqa, — deya barmog'ini yuqoriga ko'tardi Oleg Abramovich, — bir daqiqa tanaffus, xonim… Ruxsat bersangiz… Harakatingizdan men shuni bildimki, dasturxon ustidagilarning hammasi mutlaqo tekin. Undan hamma yeyishi va ichishi mumkin. Shularni inobatga olib, men Rustam bilan qadah to'qishtirmoqchiman. Zero, qadah odam asab tolalari taranglashuvining oldini oladi.

Lyubaning gapi bo'lindi. U qizargan, azbaroyi hayajonlanganidan titrab ketayotgandi.

— Oleg Abramovich, siz donosiz. Bu haqda, bilsangiz, men sizga bir necha marta aytganman. Qani, o'shandan quying, — deb Anastasiya Berezovskaya idishini eriga berdi.

Ikkalasi ham kulishgan bo'lishdi.

— Darvoqe, nega biz asabiylashishimiz kerak? Hammasini tichgina hal qilsa bo'ladi. Shu yigitga turmushga chiqmoqchimisan, — deya Lyubaga meni ko'rsatdi Oleg Abramovich, — marhamat, hecham qarshilik joyimiz yo'q. Qani endi, o'zing ham o'tir. Men senga aytsam, uy nihoyatda ko'rkam ekan. Albatta, bilaman, o'zlaringniki emas. Ijarada turibsizlar. Sening mendan undirgan pulingga bu uyning yuvinish xonasidagi narsalarni ham bermaydi. O'tir, Lyuba, o'tir. Bizda hayotiy tajriba bor. O'rtoqlashsang, albatta, kam bo'lmaysan. Qolaversa, men bir insonni bilaman. U, — deb menga yuzlandi qaynotam, — siz issiq o'lkalardan bo'lsangiz kerak, to'g'rimi?

— Shunday, — dedim boshimni qimirlatib.

— Juda yaxshi-da. O'sha sen biladigan hattoki men ikki marta qo'l olib ko'rishgan odam ham sizning issiq o'lkangizdan. U judayam katta boy. Nimaning hisobiga? To'g'rirog'i, kimning hisobiga?

Oldin yelka qisdim. So'ng:

— Ishbilarmonligi, zamonning o'zgarishini oldindan ko'ra bilganligi hisobiga bo'lsa kerak, — dedim.

— Yo'-o'q, xotinining hisobiga, xotinining. Chunki xotini bizdan, — deya hiringlab kuldi Oleg Abramovich.

— Nima demoqchisan? — dedi shu zahoti Lyuba jiddiylashib.

— O'zimning aqlliginam. Hamma narsaga aqli yetadigan oppoqqinam, qani, manavindan ozginadan tatiylik endi, — deb Oleg Abramovich idishidagini ichib yubordi. Keyin shishaga bir muddat tikilib turdi-da, so'zida davom etdi: — Chiqqaniga ikki oy bo'lgan. Haqiqiy zavodniki. Bunaqalar faqat chetga eksport qilinadi. Shuning o'ziyoq sizlarda yaxshigina tanish-bilishlar borligidan dalolat berib turibdi. Nimayam derdim, bu — omad.

— Ota, sen boshqa narsani aytmoqchi eding. Meni…

— Shoshma, — deya birdan qizining gapini bo'ldi Anastasiya Berezovskaya, — biz sening to'ying haqida bugun eshitdik. Albatta, tanlovingga qarshi bormaymiz. Borolmaymiz ham. Kimni tanlashing mutlaqo o'zingning ishing. Biroq nishonlashga haqimiz bor, deb o'ylayman.

Lyuba boshini egdi. So'ng qo'liga sanchqini olib, salfetkani urib tesha boshladi.

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV

 

loading...