NOMAHRAM… (1-qism)

0

 

* * *

 

— Armonda qo'yib ketgan enam-a, enam!.

Matnazarlarning ko'rimsizgina, ko'cha tarafi kesak devor bilan o'ralgan hovlisi naq qiyomatni eslatadi.

O'rtaga so'ri qo'yilib, to'rtta uy tushgan tomon choyshab bilan o'ralgan. Choyshablar ortida xotin-xalaj baland ovozda yig'i-sig'i qilar, ayniqsa, ko'chadan birorta ayol kirib kelsa, yig'i tovushlari yanada avjlanib, butun mahallani tutardi.

— Voy, enajonimdan ayrilib qoldi-im! G'aflatda tashlab ketgan enam-a, enam! — Bu tovush Matnazarniki edi. U og'ir gavdasini xiyol eggan ko'yi qo'lidagi hassani yerga urib-urib yig'lardi: — Bolalarini qiyomatga tashlab ketgan enam-a, enam!.

Shu tobda uning oyoqlari ostida besh yashar yolg'iz ukasi Mardon paydo bo'ldi. Uning ham ko'zlaridan shashqator yosh oqar, lablari titrab-titrab ketardi.

— Ha, ukajon, sen nega yig'layapsan? — Matnazar aza tutishdan to'xtab Mardonni qo'liga oldi. — Qo'y, hech bo'lmasa sen yig'lamagin!

— Bandalik ekan, uka! — sal narida tobut tepasida turgan mahalla oqsoqoli Haydar aka aka-ukaning holatini ko'rgach, toqat qilolmay ularga yaqin bordi. — Chidaysizlar-da, endi! O'lim hammamizning boshimizda bor. Lekin enang rahmatli juda yosh ketdi-da! Qirq besh yosh-a, qirq besh yosh! Sizlarning to'ylaringni, orzu-havaslaringni ko'rolmay ketgani chatoq bo'ldi-da! Bardam bo'l, uka, bardam bo'l!.

Oqsoqolning gapi Matnazarning ko'nglini battar bo'shatib yubordi. U endi ukasini mahkam bag'riga bosgancha hech so'z demasdan o'ksib-o'ksib yig'lar, Mardon ham ora-sirada unga jo'r bo'lardi.

 

* * *

 

Kunlar ketidan kunlar o'tib Matnazar onaning birinchi hayitini ham o'tkazib oldi. Yaxshiyamki, avtobus haydarkan. Bir haftadan keyinoq ishga chiqib ozmi-ko'pmi pul to'pladi. Harqalay, birovdan qarz ko'tarmay barcha marosimlarni o'tkazdi.

Ammo uni Mardon anchagina qiynab qo'ygandi. Hali yosh emasmi, ba'zan enasini qo'msab yarim kechalari o'rnidan turib dod soladi. Matnazar qancha ovutmasin, sira tinchlanmaydi. Ishdan horib-tolib kelganiga qaramay, ba'zi vaqtlarda erta tonggacha hovlida uni ko'tarib tunni o'tkazadi.

— O'g'lim, qiynalib ketding, — dedi bir kuni oqsoqol uning bola ko'tarib ishdan qaytayotganini ko'rgach. — Qarindoshlaringam bor bo'lsin. Bittasi kelib, «kel, shu bolani biz katta qilib beraylik», deyishga yaramadi-ya!

— Nimayam qilardim, oqsoqol! — yerga boqdi Matnazar. — Peshanamga shu kunlar yozilgan ekan. Enamning rak bo'lganini sezmay qolganim alam qiladi. Sezganimda balki do'xtir-po'xtirga ko'rsatib davosini qilarmidim.

— Bu kasalga davo yo'q, uka. Baribir olib ketardi. Faqat yosh ketdi rahmatli. Endi menga qara, bir maslahatli gap bor. Yur, yaxshisi, senikiga kiraylik, o'sha yerda gaplashamiz!

Matnazar oqsoqolni hovliga boshladi. Haydar aka bu hovliga anchadan beri kirmagandi. Hovlining to'zib ketganini, ayvon shiftlarigacha o'rgimchak uya bosganini ko'rib norozi bosh chayqab qo'ydi.

— Mana, yoshingam, adashmasam, yigirma yettiga qarab ketdi, — shoshilmasdan gap boshladi Haydar aka so'rining bir chetiga omonatgina cho'kib. — Xudoga shukr, bir ishning egasisan. Endi… Nima desam ekan… Enang rahmatliniyam hayitini o'tkazib olding. Erkak kishiga yo'l bor.

— Nimaga yo'l bor?

— Nimaga bo'lardi? Sen uylanishing kerak, uka! Manavi Mardonboyga qaraydigan bir ayol kishi bo'lmasa, og'ir bo'ladi senga. O'zing o'yla, qachongacha buni avtobusda, shaharma-shahar olib yurasan? Hademay maktabga chiqadi. O'shanda nima qilasan? Qolaversa, o'g'il bolaga ona kerak. Busiz bo'lmaydi.

— Aka, qo'ysangiz-chi, bu gaplarni! Hali enamning go'ri sovimay turib to'y qilamanmi bu hovlida?

— Ie, aza bilan to'y doimo yonma-yon yurgan. Senlar qaerdan bilarding, bu gaplarni? Hech bo'lmasa, manovi go'dakni o'ylasang-chi!

— Oqsoqol, axir, qaysi kelin go'dak qayniga onalik qilardi?

— Qiladigani topiladi. Agar sen rozi bo'lsang, o'zim bittasini mo'ljallab qo'yganman. To'ydan xijolat bo'lma! Mahalla birgalashib, amallab o'tkazamiz.

— Bilmadim, — teskari o'girildi Matnazar. — Negadir…

— Negadiringni yig'ishtir! Biz senga yomonlikni ravo ko'rmaymiz. Bo'ldi, tamom, ertaga ishingni yig'ishtirib turasan. Kelin bilan avval uchrashgin. Ana undan keyin ota-onasini ko'ndirib kelish menga tan!

Matnazar hech narsa demadi. To'g'ri, u ham yigit, uylanish haqida avvallari ham o'ylab ko'rgan. O'zicha mahalladagi ba'zi qizlarniyam ko'z ostiga olib edi. Faqat har gal bo'yining novchaligi-yu, o'rtoqlariga o'xshab to'lagina, kelishgan, kiygan kiyimlari yarashib qolavermasligi uni tashvishga solar, qay qizga ko'z tashlasa, darrov o'zini uning yoniga xayolan qo'yib ko'rardi-yu, «bor-e» degancha qo'l siltab ketaverardi.

 

* * *

 

Matnazarning yangi kiyimlari ham yo'q edi. Ishga kiyadiganlarini kechqurun yaxshilab yuvib quritdi. O'zi ham yuvinib, tayyor bo'ldi.

Ertalab ukasi Mardonni olib oqsoqol hamrohligida kelin bilan uchrashish uchun yo'lga tushishdi.

Kelin bo'lmish ikki qishloq narida turarkan.

— Otasi do'kondor, — yo'l-yo'lakay uqtirib bordi Haydar oqsoqol. — Agar mahkam ushlasang, yeganing oldingda, yemaganing ketingda bo'ladi. Ukang ham kamlik ko'rmay o'sadi. Harqalay, o'lik ko'mgansan. Qo'ling yupqa.

Haydar oqsoqol hammasini oldindan puxtalashtirib qo'ygan ekanmi, so'nggi mahallani oralab o'tib ko'k darvozaga yetishgach, taqqa to'xtadi.

— Mana shu uyda uchrashasan, — dedi Matnazarga. — Faqat qovun tushirib qo'yma. Muloyim bo'l, shirin gaplar bilan kelinning ko'ngliga yo'l top!

— Bo'pti, — kulimsirab qo'ydi Matnazar ukasini yelkasidan tushirarkan. — Yosh bola emasman-ku!

Shundan sng oqsoqol Matnazar va ukasini ichkariga olib kirib so'riga o'tqazdi-yu, o'zi ko'chaga qaytdi.

Hovli bo'm-bo'sh edi. Faqat tovuqlargina uyoqdan-buyoqqa chopib yurishardi.

«Ishqilib, ishim o'ngidan kelsin-da», — o'ylardi Matnazar kiriboq o'yinga mahtal bo'la boshlagan ukasiga achinish bilan tikilarkan. Meni-ku mayli, ukaginamning boshini silasaydi. Ishdan kelishimda uyim saranjom-sarishta, kiyimlarim toza bo'lsa, menga shuning o'zi yetadi.

Qancha o'tirdi, bilmaydi. Bir mahal darvoza ochilib, kimningdir hovliga qadam qo'ygani eshitildi.

Matnazar beixtiyor o'rnidan turib uyoq-buyog'ini to'g'rilagan bo'ldi-da, sekin darvozaxona tomon yurdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, ostonada bir qo'li osilib tushgan, oyoqlari ikki tomonga qiyshayib, yuzlarini qandaydir toshmalar bosgan, yigirma yoshlar oralig'idagi bir qiz devorga suyanib turardi.

Qiz Matnazarga ko'zi tushgani hamono sekin yerga boqdi.

— Nahotki, oqsoqol aytgan kelin shu bo'lsa? — deya xayol qilardi Matnazar ro'parasidagi cho'loq qizni ko'zdan kechirish asnosida. — Ko'zday qo'shni, mahallaning kattasi bo'la turib nega meni aldadi? Endi bir kamim cho'loqning ketidan yugurish bo'ladimi?

Matnazar birpas qizni kuzatib turdi-da, istar-istamas unga yaqin bordi.

— O'zim ham sezgandim, — kutilmaganda so'z qotdi qiz yerdan ko'zini uzmay. — Ammo uyimdagilar qo'yishmadi.

Matnazar taqqa to'xtab, qiz tomon o'girildi. Uning ko'zlari yoshlanib, lablari titray boshlagandi. Shu tobda qizga achinib ketdi. Tosh qotgan ko'yi uning so'zlarini tinglashda davom etdi.

— Men cho'loqman, — yig'i aralash so'zlanardi qiz. — Shunday tug'ilgan bo'lsam, nima qilay? Lekin menam baxtli bo'lishni istayman. Farzand ko'rishni, bolalarimni erkalashni istayman.

— Men sizni tushunolmadim, — dedi Matnazar qizga yaqinroq borib. — Nega bu gaplarni menga gapiryapsiz? Hali sizga biror og'iz so'z aytmadim-ku!

— Aytmasangiz ham, ko'z qarashlaringizdan sezdim. Hozir chiqib Haydar akani urishmoqchiydingiz. Mayli, chiqavering, yoqmagan bo'lsam. O'zi kimga yoqibmanki, endi sizning ko'nglingizga o'tirsam?

Matnazar indamadi. Nima desin? Umrida cho'loq qizlarga ro'baro' bo'lmagan. Boyagina ko'nglidan kechirgan gaplar tutunday tarqab, endi qizga nisbatan ko'nglida allaqanday mehrni, shu qatorda achinish hissini tuydi.

«Bu qiz men o'ylaganchalik yomon emas shekilli, — dedi o'ziga-o'zi qizdan ko'zini uzmay. — Yuragi to'la dard ekan. Bunday qizlar oqila, uyim-joyim deydigan bo'lishadi. Ana, kelishgan, sog'lariniyam ko'ryapmiz ko'chada. Bu qiz haqiqiy menbopga o'xshaydi. Cho'loq bo'lsa nima qipti? Xudodan-ku! Ro'zg'or ishlarida biroz qiynalsa, o'zim yordam berarman».

— Ismingiz nima? — o'rtadagi jimlikni buzdi Matnazar.

— Hamida.

— Menikini bilsangiz kerak-a?

— Bilaman. Ukangiznikiniyam bilaman.

— Unda siz shu yerda o'tira turing, men hozir kelaman.

Oradan hech qancha o'tmay, Matnazar hovliga qaytib kirdi. Hozir Hamida ukamni yoniga olib astoydil gaplashayotgan bo'lsa kerak, tanishib olishgandir, deb xayol qilgandi. Biroq ostona hatlab ichkariga kirganda, Mardon hamon tovuqlar ortidan quvlab o'ynar, Hamida esa, ketayotganda qanday o'tirgan bo'lsa, shu taxlit o'tirardi.

 

* * *

 

To'polon bilan to'y ham o'tdi. Oqsoqol va'da qilganidek, to'yni Hamidaning otasi o'z hisobidan o'tkazib berdi. Qo'shni ayollar hamma yoqni tozalab, hovlini odam ko'rsa bo'ladigan qilib berishdi.

— Men bugun ishdan kechroq qaytaman, — dedi katta-kichik marosimlar o'tib yolg'iz qolishgach Matnazar. — Hovlini yana bir supur-sidir qilib qo'yarsiz. Mardon och qolib ketmasin tag'in. Biror ovqat qilib ichiring!

Shunday dedi-yu, ishga yo'l oldi.

Qaytib kelganda Mardon tomorqadan urina-surina o'tin tashir, Hamida o'choqboshida astoydil o'tirib olganicha bolakay sudrab kelgan o'tinlarni o'choqqa tiqish bilan band edi.

— Bu nimasi, Hamida? — yugurib kelib ukasini qo'liga oldi Matnazar. — Nega go'dakka o'tin tashityapsiz? Qarang, hammayog'i kir-chir! Yuvintirib qo'ymadingizmi?

Hamida o'tirgan yerida yalt etib Matnazarga qaradi:

— Halitdan menga buyruq bera boshladingizmi?

— Nima? Axir… Bu mening jigarim, shundan bo'lak yaqinim yo'q.

— Ukangizni yuvintira olmayman. Chunki, men cho'loqman. Oyog'imni zo'rg'a sudrayman-u…

— Xotinlikka yarayapsan-ku, ahmoq! — to'satdan baqirib yubordi Matnazar. — To'yimizga hademay bir oy bo'ladi. Mayli, mayli, deb uncha-muncha ishni o'zim bajarib kelyapman.

— Ovqat pishirganingizni pesh qilyapsizmi? Qilgan bo'lsangiz, dadamning pullariga kelgan masalliqlarni pishir-kuydir qildingiz. Men sizga boshida aytdim-ku, cho'loqman, og'ir ishga yaramayman, deb!

Matnazar nima deyishni bilmasdi. Urishib tashlay desa, qing'ir-qiyshiq oyoq-qo'llariga boqib rahmi keladi. Qolaversa, to'yiga bir oy bo'lmay janjal chiqaribdi, deguvchilardan istihola qiladi.

Indamasdan ichkariga kirdi-da, Mardonga o'zi olib kelgan somsalarni yedira boshladi.

Bolakay ertalabdan och ekanmi, ikkita somsani ko'rdim demay paqqos tushirdi. Bundan bildiki, Hamida Mardonga umuman qaramagan.

— Hali shoshmay tur! — dedi ovoz chiqarib. — Burningdan sim o'tkazib ishlataman seni! Mening ukamga qaramayapsanmi, adabingni beraman.

Jahl otiga mingan Matnazar dast o'rnidan turib hovliga chiqdi. Hamon olov yoqolmay tutun haydash bilan ovora bo'lib o'tirgan Hamidaning tepasiga borib o'choqni tepib yubordi.

 

* * *

 

Umr o'tib borardi. Matnazar Hamida bilan sakkiz oy yashab qo'ydi. Shu orada uyning bir o'zi yashagan vaqtdagidan ham battar ifloslanib, idish-tovoqning yuviqsiz, pashsha bosgancha qolib ketishiga ko'nikdi.

Onasidan ta'lim olmagan uquvsiz xotinni qancha javrab tergamasin, uydagi deyarli barcha yumushlarni ishdan keyin o'zi bajaradigan bo'ldi. Hamida, hatto tugma qadashni bilmasdi. Uning igna ushlashiga qarab asabiylashmaslik uchun bu yumushniyam o'z bo'yniga oldi.

Shartta ajrashib ketishga esa endi kech edi. Hamida homilador bo'lib qolgan, oy-kuni yaqinlashgani sayin tashqariga kamroq chiqadigan, kun bo'yi kitob o'qib vaqt o'tkazishga odatlangandi.

— Jonimdan to'yib ketdim, aka, — dedi kunlarning birida masjiddan qaytayotgan Haydar oqsoqolning yo'lini to'sib. — Kimni menga ro'para qilgansiz o'zi-a?

— Haddingdan oshma, bola! — qo'lini paxsa qilib do'q urgan bo'ldi oqsoqol. — Senga mahalla yomonlikni ravo ko'rarmidi?! Xotinli bo'lding, ishdan kelishingga chirog'ing yonib turadi. Kutib oladiganing bor. Yana nimaga noliysan?

— Axir, bu xotin hech narsani bilmas ekan! Epi bo'lmasa nima qilay? Na ovqat pishiradi, na yolchitib kir yuvadi. Hovlini-ku, o'zim tozalab turmasam, tashlandiq makondan farqi qolmasdi.

— Sen o'ylaysanki, qizlarning hammasiyam tap-tayyor bo'lib borarmidi ernikiga? Ro'zg'or boshiga tushganidan keyin unisi-bunisiga qarab sekin o'rganadi-da! Namuncha oshiqavermasang? Sabrli bo'lishi kerak odam degan.

— Aka, nega ishonmaysiz? Nonniyam shu kelgandan beri novvoydan sotib opkeladigan bo'lganman.

— Bo'ldi, bas qil! Non bo'lsa, bir gap qilarmiz. Kelinimga aytaman, ertaga non yopib beradi. Senam tushungin, yarim jon bo'lsa! Bundaylarning boshini silasang-chi, uka, kam bo'lmaysan. Ikki dunyoing jannat bo'ladi. Bor, uyingga kir, kech bo'p qoldi!

(davomi bor)

(Asar o'quvchilar talabiga ko'ra qayta chop etilmoqda)

Olimjon HAYIT

 

loading...