Yana bir muhim qonun ma'qullandi

0

“Ba'zi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni ham senatorlar tomonidan muhokama etildi. Qonunda O'zbekiston Respublikasining bir qancha qonunlariga Qonunchilik palatasi deputatlari va Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar mehnat huquqlari kafolatlarini ta'minlash mexanizmini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o'zgartish va qo'shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonunda Fuqarolik protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksiga va Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeksiga sud ishlarini yuritish ishtirokchilari va sud majlisi zalida hozir bo'lganlar yozma qaydlar qilish, stenogramma yuritish va ovoz yozib olish huquqiga aniqlik kiritishni nazarda tutuvchi o'zgartishlar kiritilmoqda. “Sudlar to'g'risida”gi Qonun O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining qonunlarni sharhlash va (yoki) muayyan ishda qo'llanilishi lozim bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to'g'risidagi taqdimnomani Oliy sud raisi tomonidan Oliy sud Plenumi ko'rib chiqishi uchun kiritish haqidagi norma bilan to'ldirilmoqda.

Bundan tashqari, bir qator qonunlarga Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalaridagi vakolatli vakilining Qonunchilik palatasi qo'mitalari majlislarida qonun loyihalari muhokamasida ishtirok etish huquqini, Vazirlar Mahkamasining a'zolariga, davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yuborilgan parlament so'roviga, shuningdek senatorning, Qonunchilik palatasi deputatining so'roviga o'z vaqtida javob yuborilishini ta'minlashda ko'maklashish, shuningdek qonun ijodkorligi faoliyati va parlament nazorati sohasida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan o'zaro hamkorligini ta'minlash funksiyalarini nazarda tutuvchi o'zgartishlar kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

loading...