Bugundan qonunchilikda nimalar o'zgardi?

0

2019 yil 1 martdan qonunchilikda nimalar o'zgaradi?

1.Tadbirkorlik, biznes sohasida

Bugundan boshlab jismoniy shaxslar ham qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati bilan shug'ullanishi mumkin.

Buning uchun litsenziya olish va o'lchamlari 1 gektardan ortiq bo'lmagan sochma oltin konlaridan foydalanish huquqini elektron auksion orqali sotib olish lozim.

2019 yil 1 martdan:

tadbirkorlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishda bank hisob raqamlarini masofadan turib ochishga ruxsat beriladi;

iste'molchilarni elektr ta'minotidan ruxsatsiz uzganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qo'llaniladi;

ko'chmas mulkka bo'lgan huquqlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish va kadastr hisobini yuritish uchun ariza eksterritoriallik prinsipi asosida (istalgan joydan) berilishi mumkin;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarning hujjatlarga muhr bosilishini talab qilishi taqiqlanadi.

2. Ijtimoiy soha, to'lovlar

“Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarining rahbarlari va tarbiyachilari, xalq ta'limi muassasalari tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkasi bugundan 1,5 barobarga oshirilib, umumta'lim maktablari bazaviy tarif stavkasining 75 foizi darajasida belgilanadi.

Bundan tashqari bugundan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun to'lanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirilib, 820 000 so'mni tashkil qiladi, keyinchalik inflyatsiya hajmidan kam bo'lmagan miqdorda oshirib boriladi.

Bugundan boshlab bolalikdan nogironligi bo'lgan farzandi bor onalarga, ular pensiya yoshiga to'lgandan so'ng, agar ularda pensiya tayinlash uchun zarur staj mavjud bo'lmasa, ijtimoiy nafaqa to'lash bo'yicha tartib kuchga kirdi.

Davlat xizmatlari, axborot texnologiyalari

Fuqarolar bugundan oylik ish haqlari haqidagi ma'lumotlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olishi mumkin.

Bundan tashqari, “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi ham bugundan to'liq ishga tushirilishi lozim.

Maktablarga bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Ta'lim, nostrifikatsiya

2019 yil 1 martdan quyidagilarning ta'lim olganlik to'g'risidagi hujjatlari to'g'ridan-to'g'ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi:

O'zbekistonda alohida bo'linmalari bo'lgan xorijiy ta'lim muassasalarida o'qigan fuqarolarning;
xalqaro reytingda birinchi 1000 o'rinni egallagan xorijiy oliy ta'lim muassasalarida o'qigan fuqarolarning;
vazirlik va idoralarining yo'llanmalari asosida xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta'lim olgan fuqarolarning;
1992 yil 1 yanvargacha xorijiy ta'lim muassasalariga o'qishga kirgan fuqarolarning;
Oliy ta'limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining to'laqonli a'zolari – vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta'lim muassasalarida ta'lim olgan fuqarolarning;
Amerika Qo'shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarida ta'lim olgan fuqarolarning;
vazirlik va idoralar tomonidan ajratilgan mablag'lar hisobidanxorijda ta'lim olgan fuqarolarning.

Adliya Vazrligining telegramdagi «huquqiy_axborot» kanalidan olindi.