NOMAHRAM… (3-qism)

0

 

* * *

 

Avtobus serqatnov yo'l bo'ylab yelday uchib borardi. Matnazar ko'zlari yo'lda bo'lsa-da, xayolan qaynotasi bilan hamon janjallashar, jahdi tanasiga sig'may, qo'llarini musht qilgancha rulga urib-urib qo'yardi.

«Haromxo'r, — o'ylardi u. — Qayoqdanam shu yeb to'ymasning qiziga yo'liqdim? Cho'loqligiga, yarim jonligiga rahmim kelibdi. Ko'ngli yarim, bundaylardan yomonlik chiqmaydi, deb o'ylabman. Nega o'shanda qo'ni-qo'shnisidan surishtirmadim? Nega oqsoqolning quruq gaplariga laqqa tushdim? Hozirgi zamonda hech kim do'stlik qilmas ekan-da! Nega shularni vaqtida anglamadim? Endi nima qilaman? Manovi shalog'i chiqqan aravani haydab, qanday uzaman harom pullarini? Ilgari qaynota-qaynonalar kuyovni o'z farzandidan ham azizroq ko'radi, deb eshitardim. Nahotki, o'sha gaplar shunchaki aytilgan bo'lsa? Yo men shunaqasiga uchradimmi?»

Shu payt uzoqdan bir ayolning qo'l ko'targaniga ko'zi tushib Matnazar tezlikni kamaytira bordi. Bolasi bo'lsa kerak, ayol to'rt yoshlar orasidagi bir go'dakning qo'lidan ushlab olgandi.

— Bu kim bo'ldi? — dedi o'ziga-o'zi. — Kech kirganda katta yo'lda nima qilyapti? Bu atrofda qishloq bo'lmasa…

Matnazar ayolning yoniga kelganda qattiq tormoz berdi va o'zi eshikni ochib pastga tushdi.

— Tinchlikmi? Qaerga ketyapsizlar? — so'radi u ona-bolaga hayrat aralash boqib.

Ayolning ko'zlari to'la yosh edi. Qo'lidagi dastro'molchasiga ko'z yoshlarini arta-arta yerga boqqan ko'yi javob qildi.

— Mullaka, bizning boradigan joyimiz yo'q…

— Nima? Q-qanaqasiga? Yo musofirmisiz?

— Musofirlikka musofirmiz. Ammo o'z qishlog'imizdan ham haydaldik…

— Kim haydadi sizlarni? Bolangiz hali yosh bo'lsa…

— Erim o'lib ketgach… Qaynonam meni buzuqqa chiqarib… Haydab soldi qishloqdan. Endi qayga borishni bilmay garangmiz bolam bilan.

— Unda katta ko'chada nima qilib turgandingiz? Kech tushib qolgan bo'lsa…

— O'zimcha uzoq-uzoqlarga ketib joy toparmikanman, deb o'yladim. Agar topsam, dehqonchilik qilsammi… Hayotimni yo'lga solvolarmidim, deb xayol qilgandim.

Matnazar ayolga yer ostidan tikilib qaradi. Kelishgangina, ko'rinishidan unaqangi yengiltak ayollarga o'xshamaydi. Tag'in kim bilsin? Hayotida sira bu taxlit voqealarga duch kelmagandi.

«Nima qilsam ekan, — o'yladi u. — Qanday maslahat bersam? To'xta, dehqonchilik qilsam dedimi? Ha, agar buzuqi bo'lganda, shu yerlardayam qilaverardi qiladiganini… Demak, haqiqatan qiynalgan. Jonidan o'tgani uchungina shunday qarorga kelgan. Yo'q, yordam bermasam bo'lmaydi…»

— Sizni qishloqqa opketsam, borarmidingiz? — ayolga yuzlanib so'radi Matnazar.

— Voy, sizlar tomonda bo'sh yerlar bormi?

— Albatta bor. Agar dehqonchilik qilaman, desangiz, istaganingizcha topiladi…

— Q-qanday bo'larkin-a? U yerlarga borib qaerda turaman keyin?

— Buyog'idan xavotir olmang! Bolangiz ikkalangizga joy topilib qolar. Qani, tanishaylik. Men Matnazarman. Haydovchiman.

— Marhamat, — dedi ayol bosh egib. — O'g'limning ismi Ma'rufjon. Yaqinda oltiga to'ladi…

— Juda yaxshi, Marhamatxon! Ketdik unda!

 

* * *

 

— Oilangiz bo'lsa, men qanday qilib uyingizga kirib boraman? — yo'l-yo'lakay so'radi Marhamat. — Harqalay, ayol kishi. Yomon xayolga borishi mumkin…

— To'g'ri aytasiz, — dedi Matnazar bosh irg'ab. — Ayniqsa, otasi bilsa, janjal ko'tarishi tayin. Shundoq ham tish qayrab yuribdi menga.

— Nega?

— E, to'yimizni o'tkazib bergandi. Endi o'sha pullarini talab qilyapti. Hayronman, qanday uzaman, qachon qutulaman?..

— Katta pulmidi?

— Ha-da, naq ikki yuz ming.

— Sizga qiyin bo'pti.

— Mayli, bu gaplarni qo'yib turaylik, — Matnazar beixtiyor kulimsirab Marhamatga boqdi. — Noqulay bo'lsayam… yoshingiz nechada?

— Aytsam ishonmaysiz!

— Balki ishonarman. Aytavering!

— O'n to'qqizda.

— Nima? — Matnazar ayol tomonga keskin boshini burdi. — Yo'g'-e, bo'lishi mumkinmas.

— Aytsam hech kim ishonmaydi. Kattasiz deb aytishadi doim. Afsuski, bu haqiqat… Hayot meni shunchalar tez qaritib yubordi…

— Xafa bo'lmang. Hayotda nimalar bo'lmaydi deysiz… Xudo xohlasa, yer olib ozmi-ko'pmi daromad qilsangiz, yana qaytadan yasharib, ko'rmaganday bo'lib ketasiz… Menga qarang, kallamga bir fikr keldi. Sizlarni… Xullas, biz tomonda bir shiypon bor. Anchadan beri bo'sh yotibdi. Shirkat kattalari uning o'rniga boshqa shiypon qurganidan beri tashlab qo'yishgan. O'sha yerga joylashtirsam qanday bo'larkan? Ko'zdan pana… Ha endi… Osh-ovqatingizdan bir amallab xabardor bo'lib turarman…

— Bilmasam, — bosh egdi Marhamat uxlayotgan o'g'liga ko'z tashlab qo'yarkan. — Tinch bo'lsa, sizga gap tegmasa bas…

Ko'z ochib-yumguncha ular Matnazar aytgan shiyponga yetib borishdi. Haqiqatan, atrofi katta-katta paxta dalalari bilan o'ralgan bu shiypon qishloqlardan ancha olisda edi. Buning ustiga shiypon tevaragi tollar qurshovida bo'lgani Marhamatga ma'qul tushdi.

— Sizdan Xudoning o'zi rozi bo'lsin, — dedi Marhamat ketishga chog'langan Matnazarga. — Qanday minnatdorchilik bildirishniyam bilmay qoldim…

— Xo'p, endi asta-sekinlik bilan joylashaveringlar. Men kechga borib biror yegulik olib kelaman. Hozircha manovi sumkada picha non, tuxum deganday… Shularni bolangizga pishirib berarsiz. Ichkarida qozon bo'lishi kerak. Qorni ochib ketgandir… Men ketdim. Yaxshi qolinglar!..

 

* * *

 

Qishloqda gap yotarmidi? Oradan ikki kun o'tar-o'tmas, «Matnazar boshqasiga uylanib olibdi, o'sha xotinini shiyponga yashirib qo'yganmish», degan gap tarqaldi-yu, tezda Hamidaning qulog'iga yetib bordi…

U avvaliga ishonmagandi. Bu qadar bo'sh-bayov erning qaysidir ayolga iliqishini tasavvur ham qila olmasdi. Biroq qo'shni bolalarni jo'natib shiyponda bolali ayol yashayotganini aniqlab bilgach, indamasdan qizchasini qo'liga oldi-da, Botir do'kondorning oldiga chopdi.

— Hali shunaqami? — quturib ketdi ota qizidan xunuk xabarni eshitgach. — Endi bu hunari chiqibdimi? Yaxshilikni bilmagan yalangoyoq! Men unga ko'rsatib qo'yaman. Sen, qizim, hech gap bo'lmaganday uyingga boraver. O'sha uy seniki. U ko'rnamakni o'zim haydab solaman. Qani, yaqinlashib ko'rsin-chi, hovliga!

Shu tobda Matnazar endi ishdan qaytib avtobusini uyi ro'parasiga qo'ygandi. Uzoqdan halloslagancha u tomon kelayotgan qaynotasiga ko'zi tushib yuragi uvishdi. Botir do'kondor yetib kelmasdanoq unga o'shqira ketdi:

— Shu turishingga kim qo'yibdi, ikkinchi xotinga uylanishni-a? Uyalmadingmi? Mahalladan nomus qilmadingmi?

— Nimalar deyapsiz? — Matnazar hech nimaga tushunmay savol nazari bilan boqdi. — Qanaqa ikkinchi xotin? Og'zingizga qarab gapiring!

— Shiyponga olib borib qo'ysam, hech kim bilmaydi, aysh qilib yuraveraman, deb o'ylovdingmi? Chuchvarani xom sanabsan, bola!

Matnazar shiypon so'zini eshitgani hamono hammasiga tushundi. Demak, xabar topishgan. Kimdir bu ayolni uning xotiniga chiqargan-u, bularga yetkazgan.

«Eh, odamlar, — xayolidan o'tkazdi u bosh eggan ko'yi avtobusiga suyanib. — Darrov er-xotinga chiqarib qo'yishganini… Endi qanday isbot qilaman xotinim emasligini? Bu ayol musofir, qiynalgan ekanini qanday tushuntiraman bularga?»

— Gapir! — uning xayolini bo'lib xezlandi do'kondor. — Nega qoqqan qoziqday jim turib qolding? Shu gaplar rostmi?

— Yolg'on.

— Shiypondagi ayol-chi?

— Unda gunoh yo'q. Bolasi bilan ishlashga kelgan.

— Bekorlarni aytibsan. Meni laqillataman, deb o'ylama… Qishloqda sening dastingdan bosh ko'tarib yurolmay qoldim.. Endi yelkangga choponingni ilgin-da, sekin daf bo'l bu yerdan! Endi uyni qizimga xatlab bermasam, Botir do'kondor emasman. Suf, sendaqa ko'rnamakka! Bo'l tez, yaxshilikcha yo'qol! Bo'lmasa, hozir mahalla yigitlarini chaqirib surobingni to'g'rilatib qo'yaman!

— Shunaqami? Siz boylikka, uy-joyga to'yasizmi o'zi? — alam aralash qaynotasiga tik boqdi Matnazar. — Hali qizingiz bilan bir yil yashab ulgurmay, shu hovliga ko'z olaytirishni boshlagandingiz… Ana, oling shu uyni! O'ligingizga buyursin!

Matnazar qo'l siltagancha avtobus eshigini ochib o'tirmoqchi bo'ldi. Lekin do'kondor yo'liga ko'ndalang turib oldi.

— Bu avtobusdayam haqqing yo'q. Qarzning foizlari evaziga uni opqolaman… Yalangoyoqmisan, tinchgina piyoda ketaver. Ammo bu yerlarga yaqinlashishni xayolinggayam keltirma!

Matnazar vaziyat bu qadar qaltis tus olishini kutmagandi… Hech qachon yig'lab ko'rmagan yigitning ko'zlari yoshlanib ikki kaftiga nazar soldi. Bo'm-bo'sh…

Birpas alanglab turgach, bexosdan kulib yubordi. Faqat… Bu kulgi yuragi dardga to'lib ketgan odamning hayqirig'ini eslatardi…

 

* * *

 

Tuhmatga qolish, dabdurustdan hamma narsasidan ayrilish, ayniqsa, sharmandalarcha haydalish kishiga alam qilarkan.

Matnazar yuragi ezilgan holda shiyponga kirib keldi. Biroq bu gal qo'lida hech vaqo yo'q edi. Do'konga borib nimadir sotib olish xayoliga kelmagandi…

Tol tagida o'tirib nimadir pishirayotgan Marhamat uning ahvolini ko'rib qo'rqib ketdi.

— Sizga nima bo'ldi? — qo'lidagi cho'michni qozonga soldi-da, to'ngak ustiga kelib o'tirgan Matnazardan so'radi. — Biror gap bo'ldimi? Tinchlikmi o'zi?

Matnazar og'ir xo'rsinib qarshisidagi ayolga boqdi.

— Marhamatxon, men tuhmatga qoldim.

— Voy, nega? Qanaqa tuhmat?

— Qishloqda gap tarqalibdi. Go'yoki biz ikkalamiz er-xotin bo'lib olganmishmiz.

— Voy, tavba qildim! Endi nima bo'ladi?

— Marhamat, men… Uyimdan, oilamdan, minib yurgan avtobusimdanam ayrildim. Qaynotam hammasini tortib oldi…

Marhamat aybdorlarcha bosh egdi:

— Ko'nglim sezgandi, mullaka. Shunday bo'lishini bilgandim. Men o'lgur, kelmay qo'ya qolsam bo'lmasmidi shu yoqlarga? Kelib, mana, sizgayam bir dunyo tashvish orttirib berdim…

— Yo'q, tashvish orttirganingiz yo'q, — Matnazar boshini ko'tarib Marhamatning ko'zlariga tikildi. — O'zi… anchadan beri shu janjalning isi bor edi. Sizning aybingiz yo'q.

— Endi nima qilasiz? Avtobusingizni olib qo'yishgan bo'lsa, tirikchilik qanday o'tadi?

— Menga qarang, — kutilmaganda o'rnidan turdi-da, Marhamatning ro'parasiga kelib o'tirdi Matnazar. — Yesayam, yemasayam, baribir bo'rining og'zi qon… Shu qilganlari uchun ham ikkovimiz turmush qurmaymizmi?

— Voy, bu nima deganingiz? Sizning oilangiz bo'lsa… Bugun urishganingiz bilan, ertaga baribir orqangizdan keladi axtarib.

— Men… sizga yoqmaymanmi?

— Men… Yoqmaysiz deyayotganim yo'q-ku! Xotiningiz bor.

— Nima, o'sha cho'loq xotin bilan bir umr o'tib ketishimni istaysizmi? Menam erkakman, axir!

— Siz hali meni yaxshi bilmaysiz-ku! Balki, men undan ham yomon ayoldirman?

— Yomon ayol bo'lganingizda sizni shu yerlarga yetaklab kelmasdim. Ilk ko'rganimdayoq ko'nglim sezgan yaxshiligingizni… Keling, narigi mahalladagi masjid yaqin. Qorong'u tushishi bilan boramiz…

— Yo'q-yo'q…

— Men o'ylab ko'rguningizcha hov anovi yerda bo'laman… Bir qarorga kelishingiz bilan chaqiring…

 

* * *

 

— Oting o'chsin, er bo'lmay! — Matnazarni begona ayolning qo'ynida tasavvur qilgani sayin Hamida ich-etini yeb borardi. — Xotinsiramay o'l! Qaydanam tegdim shu xotinbozga? Ersiz o'tirsam o'larmidim? Endi nima qilaman? Bu nogiron bolamni kim boqadi? Qachongacha dadamga osilaman? Odamlar nima deydi? Cho'loqligi uchun tashlab ketdi, o'l-a, deyishmaydimi? Yo'q, men undan o'ch olaman! Xotin ustiga xotin olish qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yaman. Yo meniki bo'ladi, yo hech kimniki!

Hamida qizchasining ho'l bo'lgan yo'rgaklarini bir amallab almashtirdi-da, qo'shnisi Xosiyat xolanikiga yo'l oldi. Ishqilib, bir o'zi o'tirgan bo'lsin, degandi. Kutilganidek, Xosiyat xola hovlida yolg'iz o'zi o'tirgancha ko'rpa qaviyotgan ekan.

— Voy, keling, kelin! — shosha-pisha o'rnidan turib Hamidaning qo'lidan bolasini oldi u. — Katta bo'p qopti-ku! Ishqilib, umri bilan bergan bo'lsin! Qani, o'tiring so'riga!

Hamida ko'z yoshlarini bildirmaygina artib so'rining bir chekkasiga omonatgina cho'kdi.

— Ha, qizim, yig'labsizmi? Nima bo'ldi?

— Bilasiz-ku, xola! Uyimda…

— Ha-a, eshitdim… Hammasini eshitdim. E, bu erkaklarning hammasi bir go'r. o'am chekaman, desa-chi, ajalidan besh kun burun o'lib ketadi odam… Qo'ying, qizingizni o'ylang! Itday akillab-akillab qaytib keladi bir kuni. Meni aytdi dersiz…

— Xolajon, sizdan bir narsa so'rab chiqqandim, — Xosiyat xolaning gapini bo'ldi Hamida.

— Jonim bilan. Nima kerak edi?

— Uyda… Sichqonlar ko'payib ketibdi… Shunga… Dori-pori bormikan sizda, deb…

— Ha, bor… Qurib ketsin bu sichqonlar. Kechadan beri biznikidayam paydo bo'p qolibdi… Hozir olib beraman, o'rgilay!

Hamida sichqon dorini qo'liga olgach, uy bekasi dasturxon yozib qistaganiga ham qaramay, uyiga yo'l oldi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...