NOMAHRAM… (4-qism)

0

 

* * *

 

«Ana endi o'zingdan ko'r, xotinboz, — ichkariga kirib ko'cha eshikni tambaladi-da, o'zicha so'zlanib qo'ydi Hamida. — Cho'loq, qo'lidan hech ish kelmaydi, deb o'yladingmi? Bekorlarni aytibsan. Hali mening sovunimga kir yuvmabsan sen hezalak! Mana shu kecha qiynala-qiynala jon berasan. Keyingina taqdirga tan beraman… Bo'lmasa, chiday olmayman bu ko'rgiliklarga, chiday olmayman! Sen yaramasni o'sha qanjiqning qo'ynida ko'rgandan ko'ra…»

Hamida inqillagancha kiyimlarini almashtirdi. Qizchasini yaxshilab o'radi. Keyin shiypon tomon yo'l oldi…

Bu paytda Matnazar Marhamat bilan allaqachon qo'shni qishloq masjidiga ketgan, domla peshin namozini o'qib bo'lib, ularni nikohlash arafasida edi…

Nihoyat barcha amallar qilinib, ikkovlariga nikoh o'qildi. Faqat… Domla Marhamat tashqariga chiqib ketgach, Matnazarni to'xtatdi.

— Uka, — dedi u bosiqlik bilan. — Men ayolingizning oldida indamay qo'ya qoldim. Biroq bu ishni bekor qipsiz.

— Nega? — hayron bo'lib so'radi Matnazar.

— Sizni, otangiz rahmatlini yaxshi bilaman. Shuning uchun bu gapni aytib qo'yish men uchun farz… Bilasizmi, ikkinchi xotinni to'qol xotin deyishadi. To'qol xotinning to'qmog'i judayam qattiq bo'ladi. Ehtiyot bo'lib ish ko'ring!.. Tag'in…

Matnazar domlaning gaplariga tushunmadimi, majburan bosh irg'agancha tashqariga yo'l oldi.

— Voy, anovi turgan kim? — shiyponga yaqinlashganlarida, Marhamat birdan to'xtab, bola ko'targan ayolni ko'rsatdi.

— Bu o'sha… cho'loq xotinim. — javob qildi Matnazar. — Hozir boshlanadi… Siz aralashmay qo'ya qolganingiz ma'qul. O'zim hal qilaman.

Ular shiyponga yetib kelishgach, Marhamat yerga qaragan ko'yi ichkariga kirib ketdi. Matnazar esa uf torta-torta Hamidaga yaqin bordi.

— Nega kelding? — do'q aralash so'radi u Hamidaga sovuq tikilib. — Nima kerak yana?

— Men sizni opketgani keldim, — dedi Hamida yer chizib. — Qizchamiz kechadan beri tinchlik bermayapti. Isitmasi chiqyapti kechalari. Ichikkan, shekilli.

— Buni otangga borib ayt, o'sha kelib tinchlantirsin!

— Otamni qo'yaversangiz-chi, dadasi! — Hamida ko'zidan oqib tushgan yoshlarni chaqaloqning yo'rgagiga artib Matnazarga tik boqdi. — Fe'lini bilasiz-ku! Axir, biz sizsiz nima qilamiz? Mayli, uylanibsiz, bo'lar ish bo'pti. Men sirayam qarshi emasman. Faqat… Bizniyam tashlab qo'ymasangiz bo'lgani… Yuring, hech bo'lmasa kechgacha qizchamizning yonida bo'ling! Zora o'ziga kelsa…

Matnazar buni kutmagandi. O'ylanib qoldi. Nima qilishini bilmay boshi qotdi…

— Bo'pti, sen boraver, — dedi oxiri bir to'xtamga kelganday. — Orqangdan boraman… Picha ishim bor…

— Rostdan borasizmi?

— Ha, dedim-ku!

— Unda… Borishingizga ovqat qip qo'yaman!

Hamida ketgach, Matnazar o'zicha g'udranib qo'ydi.

— Ovqat qilarmish! Avval o'zingni eplagin, cho'loq!

 

* * *

 

Qosh qoraydi. Qaerdadir eshakning cho'zib hangragani quloqqa chalindi.

«Demak, vaqt shomga yaqinlashibdi, — ko'nglidan o'tkazdi Matnazar hovlisiga yaqin kelib qolganda. — Do'kondor hozir masjidda bo'lsa kerak. Birrov kiraman-u, Marhamatning yoniga qaytaman…»

— Keldingizmi? — u hovliga kirganda, Hamida o'choq boshida kuymalanayotgan ekan.

Matnazar bu holatni birinchi marotaba ko'rgani uchunmi, hayron bo'ldi: «Bu hech qachon o'choq boshida o'ralashmasdi-ku! Qayoqdan kun chiqdiykin?»

— Keling, siz yaxshi ko'rgan tovuq sho'rva tayyorlab qo'ydim, — dedi Hamida shosha-pisha so'riga ko'rpacha to'shab. — O'tiring, men hozir ichkaridan kosalarni olib chiqay! Ana, qizingizni qarang, sizni sog'inganidan yig'lab-yig'lab hozirgina uxlab qoldi…

— Otang kelmadimi? — sovuqqon ohangda so'radi Matnazar qiziga bir qur ko'z tashlab olib. — Yo endi kelmoqchimi? Shuning uchun meni chaqirib keldingmi?

— Nega unaqa deysiz? Otam bugun umuman kelmaydi. Ishlari ko'p ekan. Chaqirgan bo'lsam, sizni sog'inganimiz uchungina chaqirdim. Axir, o'zim bormagunimcha o'sha xotinchangizning yonidan jilgingiz kelmaydi!

— Bu hayot, Hami, — dedi Matnazar bosiqlik bilan. — Peshanada shu kunlar bor ekan, nima qilay?!. Qo'rqma, senlarni tashlab qo'ymayman. Faqat anovi otang…

— Qo'ying, hozir otamni gapirmang! — Hamida sekin turib kelib Matnazarning yelkasiga bosh qo'ydi. — U kishi qari odam. Nimaniyam tushunardi?.. Men ko'ndim-ku hammasiga! Agar ko'nmasam, oldingizga borarmidim? Taqdirga tan berganim uchun o'zim bosh egib bordim. Bo'pti, men ovqatni suzay! Hademay qizingiz uyg'onsa, hammasi o'zingizga qolib ketadi…

Hamida oqsoqlangancha ichkari uyga kirdi-da, kosalardan birining ichiga tayyorlab qo'ygan zaharni soldi.

— Bo'g'ilib o'lishingni bir ko'rsaydim, xotinboz! — deya shivirladi u tashqariga o'g'rincha ko'z tashlab. — Seni xuddi ana shunaqangi zaharlab, qiynab o'ldirish kerak. O'shanda mendaylarning qadriga yetasan…

 

* * *

 

— Voy, dadasi-ey, qizingizning sog'inganini aytmaysizmi!.. Ketganingizdan beri ko'z yummadi. Boyagina zo'rg'a uxlatib qo'ydim. — Hamida yasama iltifotlar bilan og'u qo'shilgan bir kosa ovqatni sekin kelib Matnazarning oldiga qo'ydi. — Oling, dadasi, atayin siz uchun tayyorladim bu ovqatni. Yemasangiz, xafa bo'laman… Agar istasangiz, ovqatdan… Ukangizgayam bervoray-a?..

Matnazar yalt etib Hamidaga qaradi. Negadir uning ko'zlari bejodek edi. Ustiga ustak eri ko'zlariga boqishi bilan u darhol boshini egib oldi…

— Matnazar, hov Matnazar!.. — endigina qo'liga qoshiqni olib kosaga engashgan ham ediki, ko'cha tomonda kimdir chaqirgandek tuyuldi.

— Ha-a, hozir! Mana, ketyapman!..

— E, bemalol ovqatlanishgayam qo'yishmaydi-ya!.. — norozi to'ng'illab qo'ydi Hamida. — Qo'ying, chaqirsa o'lib ketmaydimi kim bo'lsayam!?. Ovqat sovib qoladi.

— Dadangmasmikan ishqilib? — Matnazar ehtiyotkorlik bilan o'rnidan turib ko'cha tarafga ko'z tashlagan bo'ldi. — Poylab kelgan bo'lmasin tag'in?

— Dadam keladigan bo'lsa, chaqirib o'tirmay o'zi kirib kelaveradi. Keling, ovqatga qarang!.. Bironta og'aynilaringizdandir-da!..

— To'xta, men chiqib xabar olay-chi!..

U shoshilmasdan yurib borib kesak devordan ko'chaga mo'raladi.

— E, Qulmat, senmiding? Kiravermaysanmi chaqirib o'tirmay!?. — Matnazar xo'ppa semizgina, past bo'yli, qisiq ko'z do'stini ko'rib qo'l siltadi. — Nima, begonamiding? Kelib yurgan joying-ku!..

— Sen uydamisan-yo'qmi deb o'yladim-da!.. — Matnazar eshikni ochib tashqariga qadam qo'ygani zahoti quchog'ini ochdi Qulmat. — Harqalay, hamma gapdan xabarim bor.

— To'g'risi, oshna, birrovga kelgandim. Anavi qo'ymadi yuring deyaverib…

— Menga qara, qaynotang qarzini qistab qo'ymayotganmish deb eshitib qoldim. To'g'rimi?

— Ha, ana, uyniyam buzishni boshlab yuboribdi qari tulki.

— Yo'g'-e, uyni nimaga buzadi?

— Bilmadim…

— Ja bo'shsan-da o'zingam!.. — Matnazarni koyigan bo'ldi Qulmat. — Shuncha gap-so'z o'tibdi. Bormaysanmi qimorxonaga, menga bir og'iz shipshitmaysanmi?!. O'zim kelmasam yuraverarkansan-da indamay-a?..

Matnazar indamay bosh egdi.

— Endi gap munday. — davom etdi Qulmat va qo'ynidan bir dasta pul chiqardi. — Manavi ikki yuz ming so'm. Naqd. Mana shuni olgin-da, qaynotangning qarzidan qutul!..

— E, yo'-o'q, — pullarni qaytadan Qulmatning qo'liga tutqazdi Matnazar. — Men sendan pul ololmayman…

— Miyamni qotirmasang-chi!.. Ol degandan keyin olavermaysanmi?!.

— Axir… Qanday uzaman senga bu pullarni keyin…

— Ertaga ber demadim-ku!.. Qo'lingga pul tushganda uzarsan… Aytgancha, menga qara, uylanibsan deb eshitdim… Qalay, yaxshimikan? Kelishganginamikan o'zi?.. Yomonsa-an Matnazar!.. Qachon yuvamiz endi-a?..

— Fursati kep qolar…

— Bo'pti, sen darhol qarzingdan qutul, do'stim!.. Uyingni buzdirib o'tirasanmi?!. Pulini bergin-da, yana kelib uyingga yopishsa, orqasiga tep! Kuching yetmasa, mana, meni chaqir, o'zim tepishvoraman!.. Ha, keyin-chi… Shiypondan olib ket xotiningni!.. Bilib bo'ladimi. Hozir yomon odamlar ko'p… Yaxshi qol!..

Qulmat ketgach, Matnazar ostonada bir muddat tek turib qoldi. Shu lahzalarda hech narsaga kallasi yetmasdi. Axir, Qulmat bilan bir sinfda o'qigan bo'lsa-da, hech qachon oldi-berdi qilib ko'rmagan. Hatto, mundoq o'tirib ulfatchilik ham qilmagan!.. Nega endi he yo'q, be yo'q qo'liga pul tutqazib ketdi? Kim bilsin? Balki, haqiqatan ichi achishganidan shunday qilgandir?.. Qimorda qo'li kelib qolgan bo'lsa, hotamtoyligi tutgandir-da!.. Ishqilib, oxiri baxayr bo'lsin!..

U shosha-pisha uyga kirib pullarni so'rida mung'aygancha o'y surib o'tirgan Hamidaning qo'liga tutqazdi-da, dadasiga berib qo'yishini tayinlab indamasdan chiqib ketdi…

 

* * *

 

Shiypon. To'rt tarafi ochiq ayvon o'rtasiga Marhamat uvadasi chiqqan ikkita ko'rpani to'shabdi. Sal nariga o'g'li uchun ko'rpacha yozibdi. O'zi yonboshlagancha yulduzli osmonga termulgan ko'yi xayolga cho'mgan…

Matnazar sekin kelib o'ringa yonboshladi. Birpas ikkilanib turgach, har ehtimolga qarshi bolakay tomon ko'z tashlab qo'ydi-da, Marhamatni bag'riga tortdi.

— To'g'risini aytsam, mana endi-endi xotin nima ekanini his etyapman. — dedi u shivirlab. — Tasavvur qilasizmi, cho'loq ayolni quchoqlash qanchalik og'ir ekanini?.. Sal qattiq tegib ketsangiz, voy-voylab qolardi. Yo atayin shunday qilamikan-a?..

— Qaydam? — yelka qisdi Marhamat Matnazarning ko'ksiga bosh qo'yib. — Cho'loq bo'lib ko'rmaganman.

— Endi menga ochig'ini ayting, rostdanam eringiz yo'qmidi?

Marhamat keskin boshini ko'tardi.

— Erim bo'lsa, shu yerlarda sizning ortingizdan ergashib yurarmidim? Yo er ustiga siz bilan nikohdan o'tarmidim?..

— Achchig'ingiz kelmasin, shunchaki so'radim-qo'ydim-da! — yupatgan bo'ldi Matnazar. — Unda… Ha mayli, asosiysi, bugun anavi iflos qaynotamning jag'ini o'chirdim. Qarzini berib keldim…

— Boplabsiz… — dedi Marhamat. — Harqalay, endi cho'log'ingiz kelib bezovta qilmas?

— Kelib ko'rsin-chi!.. Lekin baribir… Bu shiypondan boshqa joyga ko'chishimiz kerak.

— Qaerga ko'chamiz?.. Mo'ljallagan joyingiz bormi?..

— Bilmadim… Ertaga bir surishtirib ko'rishim kerak… Ha-a, esimga tushdi. Ertaga o'sha menga pul bergan Qulmatdan so'rab ko'raman. Yangi hovli quribdi deb eshitganim boridi. Balki, vaqtincha yashab turishimizga rozi bo'lar-a?..

— Bilmadim… So'rab ko'ring-chi!..

— Yangi hovlisi qishloqdan ancha narida. Qulog'imiz ham tinchirdi… Albatta surishtiraman bu narsani… Harqalay, bolalar ikkita bo'ldi. Shiyponda yashab kasal-pasal qib qo'ymaylik!..

 

* * *

 

Oradan bir hafta vaqt o'tdi. Qulmat uyida yashab turishlariga negadir rozilik bildirmadi. Lekin bir yo'l ko'rsatdi.

— Oshna, bu shaloq aravangni qo'y! — dedi Matnazarga. — Ukangniyam bekorga qiynab yurma!.. Uni bolalar uyiga berish lozim. O'zing bo'lsang… Vey, menminan bir qimorga borib ko'r! Avval tomosha qilib yurasan. Cho'tal berib turaman. Ko'zing pishib, qimorning nima ekanini tushunvolganingdan keyin astagina davraga qo'shilasan. Qara, men kam bo'ldimmi?.. Mendagi pul-chi, o'sha qari qaynotangdayam yo'q, bildingmi?.. Xohlasam, do'kon-po'koni bilan sotib olib qo'yaman…

Matnazar avvaliga o'ylanib qoldi. Mardonni ko'zi qiymasdi. Nima bo'lganda ham ukasi. Unga qattiq suyanib qolgan. Bolalar uyiga bersa-yu, u yerda xor bo'lib qolsa, onasining ruhlari uni kechirarmikan?.. Gap-so'zga qolib ketmasmikan mahallada?..

— Sizga to'g'ri aytibdi o'rtog'ingiz. — dedi Marhamat bu gapni eshitgach. — O'zim ham shuni o'ylab yurgandim. Ikkalasiniyam beramiz. U yerda juda yaxshi qarashadi bolalarga. Keyin… Menam qaerdandir bir ish topib ishlardim. Bekorga kunni o'tkazavermayman-ku, axir!.. Nima deysiz?..

— Ukamni ko'zim qiymayapti-da!..

— Nima, mening ko'zim qiyadi deysizmi?.. Sizning ukangiz bo'lsa, Shahriyor mening tuqqan bolam. Lekin nima qilaylik? Sharoitimiz shunday bo'lib turgandan keyin…

— Buni-ku, mayli, bir nima qilarmiz. — dedi Matnazar uzoq-uzoqlarga o'ychan termulib boqarkan. — Qulmatning boshqa bir taklifiyam chiqib qoldi-da!..

— Qanaqa taklif? Ishmi?

— Ha, ish. Qimorga taklif qilyapti meni.

— Qimorga?.. Voy, sizam qimor o'ynashni bilasizmi? — kulib yubordi Marhamat. — Men bilmagandim…

— Nimaga kulasiz?.. Kim aytdi sizga meni qimorni biladi deb?.. Qulmat: «Qimorxonaga qatna, men boshlanishiga cho'tal berib turaman, ko'zing pishgandan keyin davraga qo'shilaverasan», deyapti… Shunga boshim qotdi…

— Shungayam bosh qotirib o'tiribsizmi? O'sha Qulmatingiz qarzingizdan qutultiribdi. Hammayam ikki yuz ming pulni qo'lingizga tutqazib qo'yavermaydi. Demak, o'sha odam haqiqiy do'st ekan sizga. Menga qolsa, boravering degan bo'lardim.

— Qo'rqmaysizmi?..

— Voy, nimadan?

— Qimorboz bo'lib ketishimdan.

— Otam rahmatliyam qimor o'ynagan men sizga aytsam.

— Yo'g'-e!

— Ha, o'la-o'lguncha qimor o'ynab o'tdi. Ammo biror martayam yutqazib, borini sovurganini ko'rmaganman. Qachon qarasa, changali to'la pul yurardi. Hamma qarindoshlarga yordam berardi…

— Sizga qoyilman! — Marhamatning uzun sochlarini silab erkaladi Matnazar. — Uncha-muncha xotin bunaqa maslahat bera olmaydi. Bunaqasini birinchi ko'rishim.

— Eh, dadasi, menam sizni odam bo'lsin, biri ikki bo'lsin deyman. Mana, ko'chada qolib sarson edim. Siz shu yerlarga opkelib jonimizga oro kirdingiz. Sizga yomonlik tilarmidim?!. Boravering, ajabmas, omadingiz kelib boyib ketsangiz…

— Aytganingiz kelsin!.. — o'rnidan turib ketishga shaylandi Matnazar. — Men hoziroq borib Qulmatga javobini aytaman. Ertaga bolalarni shaharga oborib, bolalar uyiga joylashtiramiz…

— Qizchangizdanam xabar olib qo'yavering! — deya maslahat berdi Marhamat. — Hamidaga yomon gapirmang!.. Er bermoq, jon bermoq degan gap bor. Ko'nglini ovlab qo'ysangiz, olam sof!..

— Bo'pti, kirib o'tarman…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...