“Samsung” va “FitBit” kompaniyalari “Apple”ni siqib chiqarmoqda

0

Apple kompaniyasi “aqlli” soatlar bozoridagi mavqeini ushbu yo'nalishga shiddat bilan kirib kelayotgan “Samsung” va “Fitbit” kompaniyalariga boy bermoqda. “Strategy Analytics” tomonidan e'lon qilingan ushbu ma'lumotga 2018 yilning so'nggi choragi ko'rsatkichlari bo'yicha hisob-kitoblar natijasi asos qilib olingan.
Yangi yil bayrami arafasidagi xaridlar jarayonida eng yuqori sotuv ko'rsatkichni qayd etadigan “aqlli” soatlar savdosida “Samsung” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 2,4 million dona (o'tgan yilning shu davridagi ko'rsatkich – 600 ming dona) ushbu turdagi gadjetlar sotilgan. “Fitbit” kompaniyasi esa savdo hajmini o'tgan yilgi 500 mingdan 2,3 million donaga oshirishga muvaffaq bo'lgan.
Umuman olganda, 2018 yilning so'nggi uch oyi davomida dunyo miqyosida “aqlli” soatlarga bo'lgan talab ham katta “sakrash”ni amalga oshirdi. Ushbu oylarda umumiy hisobda 18 million dona bu kabi soatlar sotilganligi buni ko'rsatib turibdi. Bu 2017 yilning so'nggi choragiga nisbatan 56 foizga ko'p demakdir.
“Aqlli” soatlar bozorida hamon Tima Kuk firmasi yetakchilikni band etgan. Ushbu brend ostida ishlab chiqarilgan soatlar umumiy xaridlarning roppa-rosa 50 foizini tashkil etgan. (Bir yil oldin bu ko'rsatkich 66,2 foiz edi.) Ikkinchi va uchinchi o'rinlarni mos ravishda “Samsung” (13,2 foiz) hamda “Fitbit” (12,7 foiz) kompaniyalari egallagan bo'lsa, kuchli to'rtlikni “Garmin” (6,1 foiz) kompaniyasi yakunlab bergan.

loading...