O'zbekistonning yangi media imiji qanday?

0

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi to'g'risida”gi Farmonida nazarda tutilgan mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash, jahon media makonini respublikamiz haqidagi xolis ma'lumotlar bilan ta'minlashga e'tibor qaratilganligi soha ekspertlari, tegishli tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari oldiga muhim vazifalarni qo'yadi. Bu borada yechimini kutayotgan masalalarni hal etishda xorijiy mamlakatlarning eng ilg'or tajribalaridan foydalanish, mavjud ichki imkoniyatlarni birlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakat imijini yuksaltirish zamonaviy PR (ing. public relations – jamoatchilik bilan aloqalarning eng yangi va istiqbolli yo'nalishlaridan hisoblanadi.

U respublikaning siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy jihatdan yanada taraqqiy etishiga bevosita ta'sir o'tkazadi. Shu sababdan ham mazkur yo'nalishda ilmiy izlanishlar olib borish, imijga tegishli instrumentlarni har tomonlama tahlilga tortish o'ziga xos ahamiyatga egadir.

So'z yuritilayotgan masala ko'p tarmoqli bo'lib, u jumladan sotsiologiya, iqtisodiyot, siyosatshunoslik, falsafa, tilshunoslik, xususan kognitiv tilshunoslik kabi fan sohalarining kesishmasida vujudga keladi va u turli aspektlarda o'rganilishi mumkin.

O'z o'rnida mamlakat imiji, obraz, hudud haqida kishilar ongida shakllanadigan tasavvur bilan bog'liq bo'lganligi sababli tadqiqotimizda kognitivlikning o'rniga alohida e'tibor qaratilmoqda. Chunki bu hodisa ommaviy kommunikatsiya vositalarining asosiy quroli bo'lgan til imkoniyatlari va undan foydalanish orqali yaqqol namoyon bo'ladi.

Olimlarning e'tiroficha, kognitiv tilshunoslik bu jihatdan psixolingvistika, antropolingvistika, etnolingvistika, sotsiolingvistika kabi turli kichik tarmoqlarga bo'linadi.

Biz ushbu tadqiqot doirasida mamlakat imijini shakllantirish va rivojlantirishda jurnalistikaning o'rni, OAV tilining omma (auditoriya) ongiga kognitiv jihatdan ta'sirini o'rganamiz.

Matbuotning klassik vazifalari qatorida odatda quyidagilar qayd etiladi:

a) axborotni to'plash;

b) uni qayta ishlash;

c) tarqatish.

Biroq shular qatorida OAVning yanada dolzarbroq g'oyaviy funksiyalari ham borki, ular asosan jalb etish, yo'naltirish, ta'lim berish, tarbiyalashdan iborat bo'ladi.

Imijning zamonaviy konsepsiyalarida uning axborot-kommunikatsion tabiati alohida qayd etiladi. Imij kommunikatsiya jarayonlari vositasida biron bir ob'yekt haqidagi axborot asosida shakllanadi.

O'zbekistonning yangi media imijini shakllantirishda medianing aynan jalb etish funksiyasidan samarali foydalanish mumkin.

OAV mafkura tarqatish vositasimi?

Tadqiqotchi D.Muitov hozirgi jurnalizmning zamonaviy imkoniyatlariga yanada kengroq ta'rif beradi: “bugun ommaviy axborot vositalaridan u yoki bu mamlakatda olib borilayotgan siyosatga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qilish imkoniyatidan foydalanish yo'liga o'tilgan.”

“Albatta shunday paytda u siyosatning muhim bir elementi sifatida namoyon bo'ladi. Ikkinchi tomondan OAV turli davlatlar haqida hududiy tasavvurlarni rivojlantirishi, kayfiyatlarni o'zgartirib turishi, aholining keng qatlamida tarqala olish imkoniyatiga ega”, – deydi D.Muitov.

O'zbek olimi e'tirof etganidek, haqiqatan ham OAV orqali ulashilgan ma'lumot auditoriyaning biron bir xorijiy mamlakat yoki uning tarkibiga kiruvchi aniq bir viloyat yoki hudud to'g'risidagi tasavvurini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Rossiyalik tadqiqotchilar A.Demidov va A.Fedoseev jurnalistlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko'lamiga quyidagicha baho beradilar: “OAVning bu imkoniyati ijtimoiy fikrni shakllantirishda juda qo'l keladi. Shu jihatdan olib qaraganda, u geosiyosiy o'yinchilarning o'yinchog'iga aylanishi hech gap emas. Bu jarayonda transmilliy korporatsiyalar, diniy tashkilotlar kabi boshqa turli faktorlarning teng ishtirok etishga intilishi sezilmoqda.”

Ko'rinadiki, ommaviy kommunikatsiyalar o'zining birlamchi vazifalaridan chekinish holatlari amaliyotda ko'p kuzatiladi. Ya'ni ular faqat xolis axborot yetkazish bilan cheklanmayaptilar.

Biroq, mamlakat media imijini yuksaltirishda OAV geosiyosiy manfaatlarni birinchi o'ringa qo'yishi nazariy jihatdan ham, professional etika nuqtai nazardan ham to'g'ri bo'lmaydi. Chunki jurnalistikaning asosiy vazifasi turli siyosiy o'yinlarda ishtirok etish emas, balki mahalliy yoki xorijiy o'quvchini qiziqtira oladigan ob'yektiv axborotni tarqatishdan iboratdir.

Retsipientlar ongidagi jarayon

Odatda OAV tomonidan taqdim etiladigan har qanday axborot auditoriya tomonidan bevosita o'zlashtiriladi, uning ongiga joylashadi, dinamik tarzda o'zgarib turadigan aniq voqealar va faktlardan tashkil topuvchi mavjud holat haqidagi yaxlit tasavvurni uyg'otadi.

Axborot texnologiyalarining misli ko'rilmagan taraqqiyoti, xususan, global internet tarmog'i shu paytgacha kishilar ongida shakllanib kelgan an'anaviy ommaviy axborot vositalari ko'lamini mutlaqo kengaytirib yubordi.

Har qanday media kontent tarkibidagi axborot – so'z va iboralar, grafikalar, ovoz yoki videotasvirlar vositasida retsipient ongiga kirib, o'rnashib oladi. Natijada o'quvchi xotirasida ma'lum bir voqeaning aksi, predmetning obrazi yoki alohida hududning imiji hosil bo'ladi.

E'tiborli jihati shundaki, til imkoniyatlari imij bilan bog'liq kommunikatsiya jarayonlari, ya'ni PR, reklama va jurnalistika amaliyotida beqiyos o'ringa ega. Shu o'rinda rus olimi V.Taranov qayd etganidek, odamlar tasavvuridagi har qanday hudud imiji asosan OAV tarqatgan xabarlar asosida shakllanadi

Xorijiy va milliy ommaviy kommunikatsiya vositalarida O'zbekistonning yangi qiyofasi, uning obrazi, imijini shakllantirishga qaratilgan xilma-xil maqola, sharh, suhbat va hokazo matbuot materiallarini atroflicha o'rganish, tadqiq va tahlil qilish ham ijtimoiy-siyosiy, ham ma'naviy-ma'rifiy, ham milliy-psixologik jihatlardan alohida ahamiyatga egadir. Biroq, shuni ham e'tiborga olish zarurki, odamlar salbiy axborotni qiziqish bilan va tezroq qabul qiladilar, ijobiy axborotga esa nisbatan e'tiborsiz munosabatda bo'ladilar. Psixologlar bu haqda juda ko'p tadqiqotlar olib borganlar.

Stereotip va freymlar

Rossiyalik olimlar T.Glushkova hamda O.Zayseva bildirgan fikrga ko'ra, ob'yektning media obrazini yaratishda stereotip va freym kabi kognitiv strukturalardan foydalanish maqsadga muvofiq bo'ladi.

Stereotip definitsiyasiga ta'rif beradigan bo'lsak, u biron bir narsa, predmet yoki bizning holatimizda mamlakat, ya'ni O'zbekiston obrazi bilan bog'liq barqaror, o'zgarmaydigan, soddalashtirilgan, sxematik tushunchani o'z ichiga oladi.

Stereotiplar amaliyotda salbiy yoki ijobiy bo'ladi. Albatta imijni yuksaltirishda ijobiy stereotiplardan samarali foydalanish mumkin bo'ladi.

Freym esa – aniq bir ma'no yuzasidan o'zaro birlashib ketadigan semantik munosabatlardan tashkil topadi. U nazariy jihatdan modellashtirilayotgan ob'yekt haqidagi tasavvurlar va bilimlarni tartibga solishda qo'l keladi.

Biz ushbu tadqiqot jarayonida OAV tomonidan shakllanayotgan tasavvurlarni mavzularga qarab tasniflashga harakat qilamiz. Shu jarayonda ularning ma'no-mazmun jihatidan bir-biriga o'zaro yaqin bo'lgan freymlarni hosil qilishi kuzatiladi.

Tadqiqot materiali sifatida AQSh, Britaniya va Rossiya ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan maqolalardan foydalaniladi.

O'zbekistonning turizm salohiyati bilan bog'liq ma'lumotlar New York Times gazetasida quyidagi shaklda o'z aksini topadi: “Agar siz Ipak yo'li bo'ylab sayohat qilishni orzu qilgan bo'lsangiz, uni amalga oshirish uchun qulay vaqt keldi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin oradan 25 yildan ortiq vaqt o'tib, sobiq sovet respublikasi bo'lgan O'zbekiston nihoyat o'zining qayta qurish davrini boshdan kechirmoqda. Aynan shu yerda tarixiy yo'lning ajoyib maskanlari joylashgan”.

Bunda amerikalik jurnalist O'zbekistonning qadimiy Buyuk Ipak yo'li bilan bog'liqligi stereotipidan foydalangan.

BBC ushbu mavzuda uzatilgan materialda quyidagicha yozadi: “O'zbekiston butun dunyo ziyoratchilarining manzili, ya'ni ikkinchi Makkaga aylanishga intilmoqda. Markaziy Osiyoning eng ko'p aholiga ega bo'lgan ushbu mamlakatida, Samarqand va Buxoro kabi mashhur Ipak yo'li shaharlarida yaxshi saqlangan masjid va ibodatxonalar bor.”

Ko'rinib turibdiki, britaniyalik muxbir O'zbekistondagi qadimiy shaharlarni musulmon olamidagi eng mashhur shahar hisoblangan Makkai madina bilan taqqoslaydi. Shaharlarni esa ziyoratchilar talpinadigan maskan sifatida freymlaydi.

TASS axborot agentligi xabarida Peterburg shahrida O'zbekistonning madaniy yodgorliklarini asrash bo'yicha butunjahon kongressi tuzilganligi qayd etiladi. Rossiyalik jurnalist o'zbek madaniyati merosining butun dunyo bo'ylab yoyilib ketganligiga e'tiborni qaratadi.

O'zbekistondagi iqtisodiy islohotlar haqida ham bir-biriga mazmunan yaqin bo'lgan maqolalarni kuzatish mumkin.

Vashingtondagi Brukings instituti tomonidan e'lon qilingan “O'zbekiston qanday qilib ochiq iqtisodiyotga aylanmoqda” sarlavhali maqolada shunday yoziladi: “O'zbekiston ikki yildirki bozor iqtisodiyotiga yo'naltirilgan keng ko'lamli islohotlar dasturini amalga oshirmoqda. Hukumat mamlakat iqtisodiyotiga uchta asosiy o'zgartirish kiritmoqda: buyruq va boshqaruvga asoslangan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o'tish; davlat sektori ustuvor bo'lgan iqtisodiyotdan xususiy sektorni rivojlantirishga yo'naltirilgan iqtisodiyotga o'tish; va yopiqlik va yakkalikdan hamkorlikka moyillik va ochiqlikka chiqish. Ushbu islohotlar tobora o'sib borayotgan tashqi nomutanosibliklar va ishsiz yoshlar soni hamda bu muammolarni xususiy sektor rivojlanishi evaziga yaratiladigan ish o'rinlarisiz hal qilib bo'lmaydigan bo'lgan bir davrda amalga oshirilmoqda.”

Reuters agentligining Jahon banki ma'lumotiga tayangan holda tarqatgan xabarida O'zbekiston biznes yuritishni yengillashtirish borasida 2017 yilda dunyo bo'yicha birinchi 10talikka kirgan.

Xabarda, xususan, korxonalarni ro'yxatdan o'tkazish, qurilishga ruxsat olish, investitsiyalarni himoyalash, elektr ta'minotiga ulanish kabi jarayonlarning soddalashtirilganligi e'tirof etiladi.

Britaniyalik jurnalist bu bilan O'zbekistonning biznes sohasida erkinlashayotgan mamlakat sifatidagi mediaobrazini yaratishga harakat qiladi.

RIA Novosti axborot agentligi xabarida ta'kidlanishicha, endilikda chet el fuqarolari O'zbekistonda xorijiy investitsiyalar evaziga barpo etiladigan korxonaning asoschisi maqomini olishlari mumkin Shuningdek, bunday investorlarga uch yilga mo'ljallangan ko'p marotabalik viza yengillashtirilgan tarzda beriladi.

Bu bilan rossiyalik jurnalist O'zbekistonda yangi iqtisodiy islohotlar joriy etila boshlaganligini qayd etadi. Yuqoridagi kabi misollarni juda ko'plab keltirish mumkin.

Imij va unga qarshi axborot to'fonlari

Shunisi aniqki, bir davlatning boshqa davlat tomonidan yaratilgan imiji jahon hamjamiyati va ushbu davlat fuqarolarining munosabatiga katta ta'sir ko'rsatadi. Ayniqsa, qudratli axborot texnologiyalariga ega tashqi kuchlar tomonidan tashkil etiladigan axboriy huruj katta xavf tug'diradi. Shu bois ham davlatning ijobiy imijini yaratishda muayyan konstrukt, qonun-qoidalar bo'lishi lozim.

Azal-azaldan dunyo sahnida bir-birlariga turli ko'rinishda – goh oshkora, goh pinhona qarama-qarshi kayfiyatida bo'lib kelgan davlatlar Internet va axborot mo''jizasidan mutlaqo yangi jang maydonlarini bunyod etmoqdalar. Achinarlisi, ezgulik uchun xizmat qiladigan jurnalistikani, ommaviy axborot vositalarini o'sha jang maydonlarining jangchilariga aylantirmoqdalar. Ko'plab davlatlar axborot urushiga hozirlikni boshlab yuborishgan. Shu maqsadda behisob mablag'lar safarbar etilmoqda. Axborot urushi uchun an'anaviy chegaralarni buzib o'tish shart emas, qolaversa, bu urushda odamlarga qirg'in keltirilmaydi, balki telekommunikatsiya, OAV tizimlari “hamkorligi”da keng ommaning dunyoqarashlariga zug'um o'tkaziladi.

Mediatexnologiyalar yordamida turli millat va mamlakatlar vakillarining axborotni qabul qilish psixologiyasiga alohida ahamiyat beriladi. Natijada OAV kanallarida uzatiladigan jurnalistik materiallar orqali kishilar ongiga bevosita kirib boriladi. Albatta bu o'z-o'zidan amalga oshadigan jarayon emas. Unda qarama-qarshiliklar va kurashlar sodir bo'ladi.

Biroq zo'raki targ'ibotni bozor ko'tarmaydiZamonaviy sivilizatsiyaning o'ziga xos muhim xususiyatlaridan biri, bu uning mavqei, salohiyati, taqdiri ko'p jihatdan axborotga bog'liq bo'lib qolganligida ko'rinmoqda. Oddiy insonlardan tortib mashhur shaxslarning, davlat rahbarlarining, shuningdek, xalqlarning, davlatlarning hayoti, yashash tarzi, istiqboli axborot maydonlarida hal etilmoqda, desak mubolag'a bo'lmaydi. Ko'rinadiki, vujudga kelgan yosh mustaqil davlatlarning oyoqqa turishi, mintaqada va jahon hamjamiyatida mustahkam o'ringa ega bo'lishi, har jihatdan axborotga, yana bir karra milliy va jahon axborot makonida kechadigan jarayonlarga bog'liq bo'lib qolmoqda.

Ma'lumki, har qanday milliy jurnalistika, ya'ni milliy matbuot, birinchi navbatda, mamlakat aholisining axborotga bo'lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Biroq har qanday ochiqdan-ochiq targ'ibot maqsadida tarqatiladigan axborotni demokratik prinsiplarga asoslangan jamiyatlar va umuman olganda bironta media makon shundayligicha qabul qila olmaydi. Filologiya fanlari doktori X.Do'stmuhammadning fikriga ko'ra, “Hozirgi bozor munosabatlari sharoitida axborot tovar, ya'ni buyum tusini olmoqda. Buyum bozorda xaridorini topgan taqdirdagina u bozordagi raqobatga bardosh bera oladi, aks holda kasodga uchrashi, sinishi, ya'ni bankrot bo'lishi muqarrar. Teleko'rsatuv yoki radioeshittirish bo'ladimi, gazeta yoki jurnal bo'ladimi – bularning oldida eng katta muammo bitta: aytilayotgan so'zga xaridor bor-yo'qligi” Shuningdek, o'zbek olimining ta'kidlashicha, “Zo'raki targ'ibotlar, hatto majburiy obuna qilish usullari ham endilikda ish bermaydi”.

Shu ma'noda O'zbekistonning ijobiy imijini yuksaltirishga qaratilgan targ'ibot jarayonini ham bozor qonuniyatlariga e'tiborsizlik bilan amalga oshirish mumkin emas. Qachonki biz ishonchli, ob'yektiv va balanslangan va eng muhimi xorijiy o'quvchining talabiga mos axborot tayyorlashni va ularni o'z vaqtida uzatishni o'rgansakkina, bizning “mahsulotlarimiz” dunyo media bozorida raqobatbardoshlikka erishadi.

Xulosa va takliflar

Zamonaviy media muhitdagi mamlakat imijining kognitivlik xususiyatlari haqida so'z ketar ekan, jamiyat a'zolaridagi ijtimoiy-psixologik kayfiyat va unga ta'sirning ahamiyatini chetlab o'tish mumkin emas. Shu sababdan:

– ijobiy psixologik fon yordamida chet elliklarning O'zbekistonga bo'lgan ishonchini yanada oshirish rejalarini ishlab chiqish tavsiya etiladi. Bunda o'zbek jamiyatida qo'lga kiritilayotgan yutuqlar haqidagi eng muhim va batafsil ma'lumotlar beruvchi materiallarni tanlab olish va ularni OAV orqali muntazam ravishda uzatish tizimi yo'lga qo'yilmog'i kerak;

– zamonaviy jurnalistikaning hosilasi bo'lgan mediaobraz nazariy jihatdan imijmeykingning mediaimij kabi tushunchasiga aynan mos tarzda yuzaga keladi. Bunda lingvokognitiv modellashtirish metodikasidan foydalanish kutilgan samarani berishi mumkin;

– nafaqat mamlakat, balki hududlar, viloyatlar va tumanlar kesimida ham imijni modellashtirish jarayonini yangi aspektlarda tadqiq qilish tavsiya etiladi.

Beruniy Alimov, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori

 

xalq so’zi

loading...