«Nissan» avtokonserni sobiq rahbari bugun qamoqxonadan ozod etildi

0

“Nissan” avtokonsernining sobiq rahbari Karlos Gon bugun qamoqxonadan ozod etildi. U 2018 yilning noyabr oyidan buyon panjara ortida qolayotgan edi.
Uchinchi marotaba urinishdan so'ng Karlos Gonning advokatlari Tokio okrug sudida mahbusni garov evaziga ozodlikka chiqarishga erishishdi. Garov sifatida esa 1 milliard yapon ieni yoki 8,9 million AQSh dollari miqdorida mablag' to'lashga kelishildi.
Karlos Gon uchun ozodlik to'laqonli bo'lmaydi, albatta. Uning Yaponiya hududini tark etishi, mobil aloqa vositalaridan va internetdan foydalanishi ta'qiqlanadi. Kompyuterdan esa faqat o'z advokatining ofisida ish vaqti rejimida foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, uyidan chiqish va kirish vaqtlari maxsus o'rnatilgan videokameralar orqali doimiy nazorat ostida bo'ladi.
Karlos Gonga nisbatan bir necha moddalar bilan ayblov e'lon qilingan edi. Jumladan, u “Nissan” kompaniyasidan olgan daromadlarini soliq hisobotlarida muntazam ravishda kamaytirib ko'rsatib kelgan. Oqibatda davlatdan yashirilgan mablag' 8 yil davomida 80 million AQSh dollaridan oshiqroqni tashkil etgan.
Bundan tashqari, u boshqa loyihalardan ko'rilgan 15,5 million dollar zararni “Nissan” hisobidan yopganligi ham aniqlangan.
Karlos Gonning o'zi ayblovlarning birortasini tan olgani yo'q. Advokatlar cheklangan holda bo'lsa ham uning ozodlikda bo'lishi, ayblovlarni olib tashlash uchun yetarli dalillarni to'plashga imkon berishidan umidvor.

loading...