TAShBEH… (Badia)

0

 

Yana uyg'onib ketdim yarim kechada. Ne iloj? Esga tushdi shekilli-da tag'in bolalik…

Yo'q, yo'q, faqatgina yetimligim bahona emasdir uyqusizlikka? Axir, dunyoda mendaylar kammi…

Ammo… Baribir qo'shni qishloqda onang yashab tursa-yu, yurak yutib unga erkalana olmaslik, hadding sig'ib padari buzrukvorning bir og'iz shirin so'zidan umidvor bo'la bilmaslik, kimlarningdir qarg'ishini beixtiyor tinglamoq, kimlarningdir turtkisiga bardosh aylamoq, yana kimlarningdir qosh-u qabog'iga mo'ltirab termulmoq alam qilarkan…

To'g'ri, men hattoki ota-buvalarim ko'rmagan, kechirmagan dardu iztiroblar ostida qoldim. Ota-bobolarim yurmagan past-baland so'qmoqlarda yeldim, yugurdim. Ammo mening ko'z o'ngimda, shundoqqina qarshimda muhabbat bor edi, g'oyibona suyanch bor edi. U menga uchqur qanotlar hadya etib, bulutning zahridan, gulduros chaqmoqlar qahridan to'sib turganini hech kim bilmaydi. Bus-butun dunyo edi mening nazdimda o'sha kuch-g'udrat, o'sha «yorug'lik»…

Biz armon haqida ko'p so'ylaganmiz…

Armon ne o'zi? Mavjudotmikan? Mavhumlikkinamikan yoki bo'lmasa?.. Yo'q, u mavhumlikmas. Mavjudot desak-da xato bo'ladi. Armon qo'llarimiz hech qachon yetishi mumkin bo'lmagan olis yuksaklik, olis bir qoya. Aslida bu yuksaklik eng yorqin umid chirog'i ekanki, xayolan u tomon talpinaverarkansan, qucharkansan uni, erkalarkansan. Poyida tiz cho'kaverarkansan, cho'kaverarkansan…

Men ishqimni yolg'iz, o'zim kabi g'arib-u notavon qalbimda, ehtirosli, hayajonga qorishiq maktublarimda judayam sof, odmigina tilaklarga suyangancha asrardim, avaylardim, ikki dunyodan-da qizg'onardim…

Afsus, umr tufroq ekan… Tufroq bo'lganda ham bo'z tufroq ekan g'aribning umri…

Kimlar toptamadi, kimlar to'zon ko'tarmadi bu bo'z tufroqdan…

Mundoq olib qaralsa, tufroqdan yaralgan deydilar-ku odamiy zotni. Ayni haqiqatga yo'ymoq bo'lsak bu inoyatni, bo'z tufroqdir nasibasi nechun g'aribning?

Sukut… Sukut hokim qolaverar bunday mahalda.

Chunki hech kim sirlarini bergisi kelmas…

Uf-f-f…

Meni yomon tergadingiz bu tun hijronlar. Ne sababdan xilvatlardan turib so'zlaysiz?..

Bilaman. Siz otamning ham, onamning ham elchisi emas.

Yolg'iz o'sha chor devordan sado berasiz. Hoynahoy, titrabgina, qo'rqibgina uchrashgan edik o'shanda ilk bor. Ha, ha. Siz unda tug'ilmagan edingiz chog'i…

Tan olib deyar bo'lsam, kechroq tug'ilish ham yaxshilig-u ezgulikkadir. Chunki o'sha «kech»gina hadya eta olarkan olis muhabbatni, ko'zlarga to'tiyo etgulik shirin yolg'onni…

Mayli, hammasi azaliy bo'lsin. Yomon niyatlar-u, quv nigohlar abadul-abad daf bo'laversin ro'paramizdan. Toki, buloqdek tiniq, o'sha ilk maktublardan-da oddiy qolaversin muhabbat ramzi…

Yo'q, g'ariblig-u armon tutashsa, ikki daryo oralig'i paydo bo'lishin hech kangullarga sig'mas qilchalik nafsiz demasman. Asli, g'ariblik ham baxt-u, armon inoyat. Negaki, hanuzgacha otam, onam baxtsiz qolishgan, qaro qolishgan. Lekin ming afsus… Armon ularning qalbiga sira sig'magan. Balki… Sig'moqchi bo'lgan-u, anglashilmagan. Shu sababmi, tutqazgan shekilli Olloh menga birato'la to'rt oliy baxtni.

Yana Olloh to'rtta armonni ham inoyat etdi. Bir armonki, unga qancha yukinsang-da, og'rimaydi yarimta kangul…

Yo'q, yo'q, endi uxlamayman. Uxlayolmayman…

Hech bo'lmasa, o'z-o'zimga intilmoq istayman, topinmoq istayman ko'yimda. Mayli, titrab ketmasam ham olis tashrifdan.

Faqat…

Siz g'ariblikka yo'ymang sira uyqusizlikni.

Olimjon HAYIT

 

 

 

loading...