ARTIST… (9-qism)

0

 

 

 

* * *

 

 

Nozimaning birinchi qiladigan ishi cho'milish bo'ldi. To'g'ri, u avval ayvon ostidagi so'riga chiqib, uzoq-uzoqlarga termilgancha bir muddat xayol surib o'tirdi. Shamollarga sochlarini taratdi. Keyin yechindi-da, o'zini suvga otdi. Xayol surib o'tirganida qanchalik yengil tortgan bo'lsa, suvda o'n chandon o'zini betashvish sezdi. Suv uning qayg'usini yanada ko'proq oldi. Ikki soatlar obdan suzganidan so'ng suvdan chiqdi. Karavotda yotdi. Qorni ochqaganini his qildi. Lekin yeyishga hech vaqo yo'q. «Oh, biron nimalar sotib olishga borgim kelyapti. Ilgari bozor qilishni yaxshi ko'rardim. Ammo shu bozordan keyin hammasi boshlandi. Aravakash… Shoshma, Nozima, qaerga ketyapsan, yana boshladingmi bosh og'riqlarni eslashni? Sen bilan kelishib olganmiz, hech qanaqangi muammo eslanmaydi. Mana, boshingni og'ritmaganding, hammasi risoladagiday ketyapti. Qorning ochgan. Xo'sh, nima qilish kerak? O-o-o, bir ajoyib restoran ochilibdi, lekin biror marta ham bormabman. Laylo gapirib bergan. Boya kelayotganimda ko'zim tushganday bo'luvdi. O'sha yerga borib, maza qilib qorin to'yg'azaman».

Nozima qomatini yanada ko'zga yaqin qiladigan, naq Parijdan buyurtma bilan keltirilgan, yupqa, biroq badanni mutlaqo ko'rsatmaydigan sport kiyimini kiydi. «Old tomoni sal ko'proq ochiq-da, — degan o'y o'tdi xayolidan, ammo shu zahoti qo'l siltadi. — Nima qilibdi? Bundan ham ochiq kiyinganlar tiqilib yotibdi-ku!» Keyin darvozani ochishga yugurdi.

Tabiat qo'ynidagi restoran. Yoshini yashab, oshini oshagan va yana oshashda davom etayotgan chinorlar, kichkina hovuzchada suzayotgan baliqlar, tog'dan jildirab oqib tushayotgan suv odamning bahri-dilini ochib yuboradi.

Nozima maza qilib yeb-ichdi. «Bo'ldi, endi charchadim. Boraman-u, qotib uxlayman», deb turganida bir qizaloq uning tapchani yonginasiga kelib, kipriklarini pirpiratgancha qarab qoldi.

— Bu asal qiz kimning qizi? — deya uni erkaladi Nozima.

— Oyimning, — javob berdi qo'ng'iroq sochli qizcha shirin ovozda.

— Oyisining qizi. Men senga mandarin beraman. O'zingday kichkinagina mandarin. Mandarinni yaxshi ko'rasanmi?

Qizcha avval boshini qimirlatdi, keyin unga tikilib turdi.

— Juda yaxshi, — deb Nozima likobchadagi mandarinlardan birining po'stini archdi. Ich-ichidan ona bo'lishni, mana shunday oppoqqina, shirin qizchasi bo'lishini xohladi. Shirin entikdi. Mandarinni qizchaga uzatdi. Qizcha mevani birdan og'ziga soldi va uni chaynash asnosida:

— Meni akamga teging, — dedi kutilmaganda.

— Akangga?! — so'radi Nozima hayratlanib.

Qizcha boshini qimirlatib tasdiq ishorasini qildi.

— Seni akang jo'natdimi? — yuziga nim qizillik yugurdi Nozimaning.

Qizcha yana boshini qimirlatdi.

— Qani akang?

— Hov, ana, — deb qizaloq barmoqchasi bilan chinor ostidagi hovuzcha tomonni ko'rsatdi.

— Nima unda?! — dedi Ahmad ko'zini chaqchaytirib.

— Men, men…

Ahmad telefonni bor kuchi bilan yerga urdi. Bechora matoh chil-chil sindi. Ahmad bunga ham qanoat qilmadi. Tovoni bilan tepkiladi. So'ng hali biror joyiga bir nima bo'lmagan sim-kartani olib, qiyshaytirib tashladi. Xotinining rangida rang qolmagandi. U bamisoli murdaga aylangan va shu ko'yi erining qilayotgan ishlarini kuzatib turardi. Miq etolmaydi. Qimirlolmaydi. Qo'rqadi.

 

***

 

Ahmad uning qo'lidan ushladi. Oshxonaga sudrab bordi. Pichoqni oldi.

— Bolam… Bolam bor, — deya shivirladi butunlay adoyi tamom bo'lgan Shahnoza.

— Endi bolang esingga tushib qoldimi, it?! — o'kirdi Ahmad.

Xotini gapirolmas, nuqul dag'-dag' titrardi.

— Hayf, bunga arzimaysan. Hozir otangning oldiga olib boraman. Qip-yalang'och

rasmga tushib, internetga joylashtirganini o'z og'zing bilan aytasan, ana undan keyin otang seni so'yadi. Menga bo'lsa…

— Vo-o-o-y! — dedi Shahnoza zaif ovozda va sekin yerga o'tirdi. Keyin ko'zini yumib, cho'zilib yotib qoldi.

Ahmad unga tikildi. Xotinining ko'ksi ochiq. U har zamon-har zamon Shahnozaning hiqillashidan ko'tarilib tushadi. Ahmadning birdan yuragi orqasiga tortib ketdi. Sekin engashib xotinining peshonasiga kaftini bosdi. Issiq. «Bunchalikka borishim shart emasdi, ehtimol, internetga qo'ymagandir. Ehtimol, faqatgina Nozimaga jo'natgandir. Nozima qiz bola. Yana g'irromligi yo'q. Ammo g'irromligi bo'lsa-chi? «Mana, qaranglar Ahmadning xotinining ahvolini! He yo'q, be yo'q, salonda menga tashlangandi. O'zi mana bunaqangi sharmanda ekan. Sharmandaligini yashirish uchun atayin nomimni yomon-otliqqa chiqarmoqchi bo'libdi», desa-chi. Yo'-o'q, ja unchalikka bormas. Ja aqlini yo'qotib qo'ymagandir? Hozir unga qo'ng'iroq qilishim kerak», deya xayol surgancha Ahmad xotiniga termilib turaverdi. Shahnoza yanada og'ir nafas ola boshladi.

— Padaringga la'nat, buning tirigidan o'ligi qimmat! — dedi ovoz chiqarib va cho'zilib yotgan juvonni ko'tarib oldi-da, yotoqqa olib borib yotqizdi. Shunda Shahnoza, haqiqatan ham, o'layotganga o'xshab xirilladi.

«Bu ahvolda o'ladigan bo'lsa, baloga qolib ketaman. Sen o'ldirgansan, deb otasi g'ippa tomog'imdan bo'g'adi. Uning changalidan chiqish qiyin. Tanish-bilishi judayam ko'p. Har balo qilishi mumkin», deya o'yladi Ahmad va suv olib kelib xotinining og'ziga tutdi. Oldiniga Shahnozaning labi bilinar-bilinmas qimirladi. Ahmad boshidan ko'targandi, bir-ikki ho'plam suv ichdi. Ahmad miyig'ida kuldi. So'ng xotinining boshini qo'yib yubordi.

Uning uyqusi butkul o'chgani kabi hech nima qilgisi ham yo'q edi. Shu bois hali oshxonaga, hali ayvonga, hali mehmonxonaga kirdi, oxiri kompyuter qarshisiga borib o'tirdi. Shu vaqt oralig'ida bir necha marta Nozimaning telefon raqamini termoqchi bo'ldi. Ammo qo'ng'iroq qilolmadi. Yuragi betlamadi.

Kompyuterda avvaliga o'yin o'ynadi. Ke-yin o'zi biladigan saytlarga kirdi va kutilmaganda Nozima uning qo'lini quchoqlab olganiga, o'pganiga ko'zi tushdi. Keyin rasmlar ostidagi gaplarni o'qidi. Va birdan bo'ynini cho'zib yotog'i tomonga qarab qo'ydi-da, shosha-pisha saytdagi rasmlarni o'chirib tashladi. «Kim qildi? Qanday rasmga oldi? Qorong'ida ham rasmga olishi mumkinligini sira eshitmagan, bilmagan ekanman. Mayli, to'yxonadan chiqayotganimizda chiroqning yorug'ida edik, lekin Nozimaning uyi yoniga kelganimizda hammayoq qop-qorong'i edi-ku… Kim qildi buni? Odamzot shunchalik ham pastkashlikka boradimi? Menimcha, ortimdan odam tushar darajada birov bilan qasdlashmagandim. Shahnoza… U qilganida past ketmasdi. Men bilan tikkama-tikka olishardi. Bundan chiqdi, uning ishi emas. Boshqa birovning… Shoshma, Laylo arazlab ketib qolgandi-ku. Nozimaga aytgan gaplarim unga yoqmaganligini sezgandim. Boshi og'riyotganini bahona qilib, ketib qoldi. Padaringga lan'at, sen hali men bilan o'ynashyapsanmi?!»

***

 

Ahmad Layloga qo'ng'iroq qilish uchun telefonini qo'liga oldi. Xabar kelibdi. Ochib qarasa, yana o'sha gap. Qoni ko'pchidi. Keyinroq ichida xotinidan minnatdor bo'ldi. Chunki Shahnoza janjal boshlamaganida, o'zining sirini o'zi ochib qo'ymaganida, hozir manavi qaysidir bemazaning ishlarini ko'rar va otini boshqacha qamchilardi. «Ehtimol, hozir uning o'rnida mening rangim oqarib, chorasiz bir ahvolda to'shakda yotarmidim?» deya xayolidan o'tkazdi Ahmad. Ke-yin sekin o'rnidan turib, yotoqqa kirdi. Shahnoza yoniga o'girilgan va shu ko'yi uxlab qolgandi.

Ahmad ayvonga chiqdi. Orqasiga bir qarab olib, Layloning raqamini terdi. U telefonni tezda ko'tarmadi. Ahmad qizni uxlab qolgan bo'lsa kerak, degan xayolga borayotganida uyqu aralash «Allo», degan ovoz eshitildi.

— Menman, — deya shivirladi Ahmad.

— Kim? — so'radi Laylo.

— Ahmad. Uxlayotganmidingiz?

— Soat nechaligidan xabaringiz bormi? Men sizlarga o'xshab to'yma-to'y yurganim yo'q. Nima gapingiz bor edi, Ahmad aka? — dedi Laylo norozi bo'lib.

— Internetga g'alati narsalar chiqib ketibdimi?

— Internet? Qaysi internet?

Layloning karavoti g'ijirlagani eshitildi. U atayin boshqa tomoniga o'girilgandi. Uxlayotgani tabiiy chiqishini istadi. Ishontirdi Ahmadni.

— Iltimos, keyinroq, ertaga gaplashaylik, — dedi.

— Bu yerda boshqa narsalar bor. Agar ertagacha shularning hammasi internetda qoladigan bo'lsa, sharmandam chiqadi, — deya ovozini bir parda ko'tardi Ahmad.

— Nimalar deyapsiz?.. Hozir.

Shu bilan Laylo talay muddat jim bo'ldi. Ahmadning ich-etini bir nimalar kemirar, u Layloning tezroq gapirishini istardi. Nihoyat, oradan besh daqiqacha vaqt o'tgach qizning ovozi eshitildi.

— Nima bo'lyapti? — deb so'radi u.

— Kimdir men bilan Nozimaning suratini internetga joylashtiribdi. Umuman bo'lmagan narsalarni bo'ldi, deb yozibdi. Telefonimga ham jo'natibdi. Menimcha, Nozimaning telefoniga ham yuborgan bo'lsa kerak. Kimdan shubhangiz bor, kim qilgan deb o'ylaysiz?

— Qiziqmisiz, Ahmad aka, men qaerdan bilay? Sizning qanchadan-qancha tanishlaringiz bor. Men ularning birortasini ham tanimayman. Undan keyin, «Gadoning dushmani gado bo'ladi», degan gaplar bor. Boya Nozima ham qo'ng'iroq qilib, siz aytgan gaplarni aytgandi. Keyin internetga kirdim. Haqiqatan ham, bor ekan. Menimcha, qiynalishingiz bekor. Boshqalarning rosa dabdala rasmlarini qo'yib tashlashyapti. Xo'p, yuzingizdan Nozima o'pibdi. Shunga nima bo'libdi?

Xuddi shu payt pol g'ichirlaganday, kimdir yurganday bo'ldi. Ahmadning yuragi tez urib ketdi. Oshxona eshigi tomonga qaradi. Chunki ayvonga aynan oshxona tomondan kiriladi.

 

* * *

 

Nozima qizcha ko'rsatgan tomonga qaradi. U yoqda hech kim yo'q edi. Aniqrog'i, bor edi: sakkiz-to'qqiz yoshlardagi kalta ishtonli bolakay xuddi kattalardek oyoqlarini ikki tomonga kerib, o'zini o'zi quchoqlagancha g'o'ddayib turardi.

— Menga uylanadigan yigit yo'q-ku, — dedi Nozima jilmayib.

— Nima, ko'rmayapsizmi? Huv ana, turibdi-yu, — deya qizcha bir o'zi ko'rsatgan tomonga, bir Nozimaga qaradi.

— U yerda kichkina…

— O'sha mening akam bo'ladi, — dedi qizcha Nozimaning gapini bo'lib, uzun kipriklarini pirpiratarkan.

— Voy-voy! — deya birdan qahqaha otib kuldi Nozima. Kulganidan qizarib ketdi, ko'zidan yosh chiqdi va shu asnoda boshini qimirlatib:

— Xo'p-xo'p! — dedi.

— Aka! — baqirdi birdan yuzida tabassum paydo bo'lgan qizcha. — Kelavering, sizga tegarkanla!

Nozima qizchaning gapiga battar buralib kularkan, o'zini tutib turolmay chorpoyaga cho'zildi. Yuziga yostiqni bosdi. Shunda ham ko'kragi ko'tarilib tushaverdi. Ikki daqiqalar shu holda yotgach, yuzidan yostiqni olib, qaddini rostladi. Qarasa, «kuyov bola» singlisining yonida turibdi. Qo'llari belda, qovog'i soliq.

— Nega kulasiz?! — dedi.

— Kechirasan, ey-y, kechirasiz, bilmay kulib qo'yibman. Qani, xo'jayin, chorpoyaga chiqing, — dedi Nozima o'zini zo'rg'a tutib.

— Oxirgisi bo'lsin! — deya ovozini atay yo'g'onlashtirdi bolakay va burnini tortib qo'ydi.

— Xo'p, oxirgisi, boshqa takrorlanmaydi.

Nozima shunday deyishi bilan sal pastroqda, restoran binosi yonida turgan juvon:

— Bobur! — deya baqirdi.

«Kuyov bola» ovoz kelgan tomonga yuzlandi.

— Ha-a!

— Nima qilib u yerda turibsanlar, bu yoqqa kellaring!

— Shoshmang, ishim bor! — dedi bolakay norozi bo'lib va yana Nozimaga yuzlandi.

— Xo'sh, endi nima qilamiz, kuyov bola? — dedi Nozima unga jilmayib.

— Klip qilamiz. Suv omborida, men mototsikl haydayman, siz orqamga o'tirib olasiz. Belimdan mahkam quchoqlaysiz, yana yiqilib tushmang. Lekin yiqilib tushsangiz ham bo'laveradi. O'zim sizni do'xtirga olib boraman!

Nozima o'zini kulgidan zo'rg'a ushlab turarkan:

— Singlingizni klipga qo'shmaymizmi? — dedi.

— Yo'q, u hali yoshlik qiladi.

— Balki, qo'sharmiz, bo'lmasa, u xafa bo'lib qoladi-da.

— Xafa bo'lmaydi. Singillar akasining gapiga quloq solishi kerak.

— Nega menga uylanmoqchi bo'ldingiz?

— Yoqib qoldingiz!

— Adangiz olib bermasalar-chi?

— Oberadila. O'zlari aytganla, «Topganingni oberaman», deganla. Erkakla, gapida turadila…

Boburning onasi kelib, ularning suhbati buzildi. Ayol qizg'ish sochlarini yelkasi osha tashlab olgan, oldiga qip-qizil yurak rasmi tushirilgan oppoq futbolkasining ko'krak qismi xiyla ochiq edi. Yuzi oppoq, uzun kipriklarini dona-dona qilib bo'yagan, labi pushti rangda. Shu turishida uni sira ikki bolali deb o'ylamaysiz. Farzandining kattasi sakkiz-to'qqizlarda, desangiz, o'la qolsa, birov ishonmaydi.

— Sizning ham rosa boshingizni qotirib tashlashdimi? — dedi juvon mayin ovozda.

— Yo'q, sirayam boshimni qotirib tashlashmadi. Qaytanga maza qilyapmiz. Bu yog'i men sizga kelin bo'laman, to'yning tayyorgarligini ko'ravering, — dedi Nozima.

Juvon hayron bo'lib, bolalariga qarab qo'ydi.

— O'g'lingiz qo'limni so'rab kelibdi. Rozi bo'ldim. Endi bu yog'i to'y.

— Voy, yaramas, nimalar deb tashlading?! — dedi juvon achchiqlanib.

— Adam aytganlar-ku «Seni ketvorgan qizga uylantiramiz!» deb. Mana, o'sha ketvorgan qiz, — deya Bobur pinagini ham buzmasdan Nozimani ko'rsatdi.

— Jinni, adang katta bo'lganingdan keyin uylantiraman, degan. Darrov kechirim so'ra-chi! — po'pisa qildi juvon o'g'liga.

— Urishmang. Qaytanga menga yoqdi, — deya bolakayning yonini oldi Nozima.

— Shoshmang, — deya keyin unga yaxshilab tikildi juvon, — siz, siz Nozisiz-ku!

Nozima jilmaydi.

— Shunday. Lekin tanimaganingizda yaxshi bo'lardi.

— Voy, uzr. Bola-da, xayoliga kelganini gapiraveradi. Hali buni adasiga aytay, tanobini tortib qo'yadi, — dedi juvon xijolat bo'lib.

— Yo'q, unaqa qilmang. Yaxshisi, chorpoyaga chiqinglar, birgalashib ovqatlanamiz. Bir o'zimning tomog'imdan sira o'tmayotgandi. Kelib qolganlaring yaxshi bo'ldi. Bolalaringiz ham bir-biridan shirin ekan. Ha, aytgancha, biz klip ham olmoqchimiz. O'g'lingiz mototsikl haydaydi, men orqasiga o'tirib olaman. Belidan mahkam quchoqlayman, shundaymi, Bobur aka?!

Bolakay qizardi. Boshini egdi.

— Shumtaka, uyalmadingmi shunaqangi gaplarni aytishga?!

— Adam ham sizni sevaman, deydila-yu…

— Bo'ldi, tiss, — dedi qizarib-bo'zarib ketgan juvon, — odamni rosa sharmanda qildinglar.

— Qo'ying, unaqa demang, bolaning sho'x bo'lgani yaxshi-da. Hali bir yigit bo'lsin, bir yigit bo'lsin, menga o'xshagan qizlarning o'zi yoniga yugurib keladi. Endi, iltimos, chiqing chorpoyaga, gaplashib o'tiramiz.

— Biz…

— Yo'q, demang.

Juvon noiloj chorpoyaga chiqdi. Bolalar «Baliqlarni tomosha qilaylik», deyishgandi, ruxsat berdi. Nozima unga chaqqonlik bilan sharbat quyib uzatdi.

— O'zi siz bilan uchrashishni orzu qilib yurardim, — dedi juvon.

— Mana, bolalaringizning sharofati bilan uchrashdik.

— Lekin rosa g'alati bo'ldi. Adamizni ishxonasidan chaqirib qolishdi. Bizni restoranning yonida qoldirib ketdi. Ammo zo'r joy ekan. Ilgari boshqa joylarga borardik. Bu yerga birinchi kelishim. O'zi Chorvoqqa juda kam chiqamiz. Asosan, chet elga ketardik.

Nozima ichidan zil ketdi. Uni xorijga borib dam olishga imkoniyati yo'qmi? Bor. Xo'sh nega bormaydi? O'zi ham hayron.

— Ana, siz ham bolalarni hisobga olmaganda, yolg'iz ekansiz. Har qalay, bir-ikki soatga. Men ham xuddi shunday. Aslida, odamlardan qochib kelgandim. Hech kimga aytmadim. Hammasiga qo'l siltadim-da, bu yoqqa yo'l oldim. To'g'risini aytsam, sal-pal zerikkan ekanman. Bolalaringiz birpasda kayfiyatimni ko'tarib yuborishdi. Ular bilan maza qildim.

Juvon kuldi. Keyin o'zini tanishtirdi. Ismi Dildora ekan. Shu bilan suhbat qizigandan-qizidi. Hamma narsa haqida: yurish-turish, kiyinish, hattoki erkaklarga munosabatlari haqida ham tortinmasdan gaplashaverishdi. Ofitsiantga yangi buyurtma berishdi. Bolalar kelishdi. Ular bilan birga ovqatlanishdi. Shunda ham ularning suhbati bir daqiqaga bo'lsin uzilib qolmadi. Vaqt shiddat bilan o'tib bormoqda edi. Bir mahal Dildoraning telefoni jiringladi.

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV