ARTIST… (11-qism)

0

 

 

* * *

 

 

U yemagan somsasiga pul to'lagan odamni kuzatib qo'yganidan keyin xonasiga yugurarkan: «Lafz qildim. Bo'lmasa, Ahmadni rosa shilish mumkin ekan. Mayli, shoshmay tursin, internetdan o'chiraman, ammo originali kompyuterimda qoladi. Qora kun uchun. Bir marta foyda bergan, keyin foyda bermaydimi? Beradi, berganda ham qoplab pul olib keladi. Endi keyingi safar boshqalariga qo'shilib foyda keltiradi-da!» dedi ichida.

Laylo xonasidan chiqib oshxonaga kirdi. Onasining yuzidan cho'lpillatib o'pdi. Bitta yuz dollarlikni tutqazib: «Bozorga boring-da, istagan narsangizni sotib oling», dedi. Onasi burnini jiyirdi. «Lo'liga sadaqa berganday onangni pastga uryapsanmi? — dedi. — Buningga nima berardi?! Onangga shunaqangi qurumsoqlik qilsang, boshqalarni suvga olib borib, sug'ormasdan qaytarib olib kelarkansan-da!»

— O'zimning oyijonim, o'zimning tanhoginam, erkatoyginam! — deya Laylo onasini quchoqlab oldi-da, ikkala yuzidan ham cho'lpillatib o'pib qo'ydi. — Oyijonim, shunaqa qilsam yomonmi, hozir kiprik qoqishga ulgurmasingdan aldab ketishyapti. Shulardan qizingiz haqini ayirib olsa yomonmi?!

— Balosan, qizim, balosan. Xuddi otangga o'xshaysan. Ishbilarmonsan. Lekin-chi, adang rahmatli qancha odamni chuv tushirib ketgan bo'lsa ham, men o'zini chuv tushirardim. Eng avval xuddi senga o'xshab atir separdim. Ana undan keyin ishimni boshlardim. Shu tomoning menga o'xshagan. Qani, yana ikkitagina ber-chi.

Laylo qiqirlab kuldi va saxiyligi tutib, onasi so'ragan pulni berdi. Keyin o'tirib ovqatlandi. So'ngra Nozimaga qo'ng'iroq qildi. Biroq dugonasining telefoni o'chiq edi.

Bungacha Ahmad qariyb o'n marotaba Nozimaning telefoniga xabar yuborgan, raqamini yigirma martalab tergan edi. Har safar o'chiq. «Nima balo bo'ldi bu qizga?! Shoshma, uning ham telefoniga menikiga kelgan narsa kelgan. U ham mendayin asabiylashgan, shuning uchun telefonini o'chirib qo'ygan. Uyiga boraman. Baribir, yuzma-yuz o'tirib gaplashgan boshqacha. Ko'nglini olaman, keyin to'ylarning rejasini birgalashib tuzib chiqamiz. U birinchi eng zo'r to'yxonalarni mo'ljallaydi. Unaqa joylarda kazo-kazolar to'y qilishadi. Kazo-kazolarning tanish-bilishlari ham kazo-kazo bo'lishadi. Og'rinmay cho'ntagidagilarni qistirib yuboraverishadi, deydi. Men sal bundayrog'idan boshlaylik, toki boshqa joydagilar sarxush bo'lishsin, qancha qistirayotganini sezmasin, deyman. Har doim mana shu masalada fikrimiz ikki xil bo'ladi», deya o'yladi Ahmad.

U xayol bilan bo'lib Nozimaning uyi yoniga borganini sezmay qoldi. Nozimaning mashinasi yo'qligiga e'tibor bermay, yo'lakdan yuqoriga ko'tarildi. Qizning eshigi yonida qaqqayib turgancha qo'ng'iroqni bosdi. Biroq ichkaridan hech qanaqa javob bo'lmadi. Yana bosdi. Yana jimjitlik. «Uff!» dedi pastga tusharkan. Boshini qashlab qarasa, Nozimaning mashinasi yo'q. «Endi bu qay go'rga ketdi? Bundoq telefonini yoqib qo'ysa, o'lib qoladi», deya ko'nglidan o'tkazdi-da, mashinasiga mindi. Rulni quchoqlagancha Nozimaning kelishini kutdi. Biroq qizdan darak yo'q edi. Yarim soat, bir soat, ikki, uch soat o'tsa hamki, Nozima kelmasdi. Ahmadning jahli chiqdi. Qo'ng'iroq qildi. Xabar jo'natdi. «Tez telefonni yoqing, qaerdaligingiz haqida xabar bering», deb yozdi. Javob yo'q. Battar qoni qaynadi.

Uyiga qo'ng'iroq qildi. Xotini darrov go'shakni ko'tardi.

— Mana endi, — baqirdi Ahmad, — o'zing to'yga borasan! O'zing qo'shiq aytib, erkaklarning oldida likillab o'ynaysan! Rashk qilaverganingdan, har balo-bir balo deyaverganingdan Nozima qaergadir surib yuboribdi. Bu yoqda to'ylarim qarab turibdi. Bugun beshta to'y bor. Tushundingmi, beshta!

— Adasi, o'zingizni bosing, iltimos. Nimalar deyapsiz? Uning yo'qligiga mening nima daxlim bor? Kelib qolar. Bilar u ham to'ylaringiz borligini, — dedi Shahnoza yalinchoq ovozda.

— Kelsa kelardi shu paytgacha! — deb Ahmad telefonni o'chirdi-yu, xuddi hammasiga rul ayborday mushtladi.

«Kech tushyapti. To'y vaqti yaqinlashyapti. Yo'q, bugun borolmaymiz, bugun sira iloji yo'q. Bu qorasini o'chirdimi, demak, hali-beri ko'rinish bermaydi. Uff!» deya Ahmad to'y egalaridan biriga qo'ng'iroq qildi:

— Aka, uzr, Nozimaxonning tobi qochib qoldi. Hozir kasalxonada… Puli? Avans?.. Qaytarib beraman. Sira xavotir olmang.

Bittasiga shunday javob berdi. Yengil tin oldi. Biroq ikkinchisi rosa jahldor ekan. Birdan so'kinishga tushib ketdi. «Menga desa chalajon bo'lmaydimi, kelasan! Kelmasang, onangni uchqo'rg'ondan ko'rsataman. Bergan avansimni o'n barobar qilib qaytarasan, senlarni juda yaxshi bilaman, qaysidir puldor chiqib qolgan, yo'q deyolmagansan. Mendan ustun qo'ygansan uni. Basharangni buzaman!» deb telefonini o'chirdi. Ahmadning peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi. Nafas olishga qiynalib ko'ylagining tugmalarini yechdi.

 

 

* * *

 

 

— Otabek aka, bir-biridan chiroyli gaplarni gapiryapsiz. So'zlaringizni eshitib, suv misol oqib ketishimga oz qolyapti. Ammo shu gaplarning birortasini xotiningiz uyg'oqligida aytmadingiz-a, — dedi Nozima hayajondan amallab qutularkan.

— Uning yonidami? U o'ziga tegishlisini ko'p va xo'p eshitgan, — dedi Otabek iljayib.

— Bundan chiqdi, sizda har bitta ayol, qiz uchun alohida-alohida gaplar bor ekan-da. Hamma shirin gaplaringiz bitta yor uchun emas, shundaymi? — deya zimdan unga tikildi Nozima.

— Juda qaltis savol berdingiz. Menimcha, har bitta ayol, u erkak uchun kim bo'lishidan…

— Shoshmang, — deb birdan Otabekning gapini bo'ldi Nozima, — nega xotiningiz uyg'oqligida gapirmadingiz?

Otabekning qoshi chimirildi.

— Gapirdim. Lekin siz tushunmadingiz. Keyin u juda tez uxlab qoldi.

— To'ppa-to'g'ri. Nega shunaqa bo'ldi? Cho'milib chiqqan odam shuncha tez uxlab qolishi mumkinmi? — deya Nozima unga ayyorona tikildi.

— Ko'rdingiz. Demak, mumkin ekan.

— Ochig'ini aytsam, sizlarga havasim kelgandi. Ayniqsa, farzandlaringiz bir-biridan shirin ekan. Har ikkoviyam menga rosa yoqib qoldi. Xudo xohlasa, mening ham…

— Bir xil farzand bitta otadan bo'ladi.

Nozimaning eti muzladi.

— Men ham bugun charchabman. Boray, — deya Nozima o'rnidan turishga tayyorgarlik ko'rayotganida Otabek uning qo'lidan ushlab qoldi.

— Balki, qolarsiz. Hayhotday dala hovli, hammaga joy topiladi. Yoki…

— Yo'q, ketaman. Iltimos, qo'limni qo'yib yuboring. Sizga bo'lgan hurmatim yo'qolmasligini istayman.

— Agar shu yerda qolishingizni qattiqroq istasam-chi?

— Xotiningiz uyg'onib qolsa, sharmandangiz chiqadi.

— Uyg'onmaydi. Uxlatadigan dorining kuchlirog'idan bilmay ichib qo'ygan. Ertalabgacha qulog'ining tagida bomba portlatsangiz ham sezmaydi.

— Ey-y, hali siz…

— Restoranda ko'rganimdayoq…

— Qo'yib yubor qo'limni! — dedi Nozima ovozini bir parda ko'tarib. — Sendaqalar bilan bitta dasturxondan ovqat yeganim uchun o'zimdan nafratlanaman!

Hozirgina irjayib turgan Otabekning basharasida qop-qora bulutlar paydo bo'ldi.

— Nima?! Mendaylar bilan hali bitta dasturxon atrofida o'tirishga or qilib qoldingmi?! Hali sen o'zingni osmondaman, deb yuribsanmi?! Sendaqalarning qanaqaligini bilmaydi, deb o'ylaysanmi?! Kerak bo'lsa, oyog'ingdan shunday tortamanki, chirpirak bo'lib yerga tushasan, chilparchin bo'lib ketasan! — dedi Otabek o'qrayib.

— Hamma narsani pul bilan hal qilaman, desangiz, xato qilasiz. Men pulga sotiladiganlar xilidanmasman. Hamma…

— Pul?! — dedi Otabek va hiringlab kuldi. — Faqat pul?! Menimcha, litsenziyangdan ayrilib qolishni xohlamasang kerak, shundaymi?

— Qo'yvor! — dedi titrab ketgan Nozima hamda bir siltashda qo'lini tortib oldi. — Hech bo'lmasa, qora ko'z farzandlaringning hurmatini ham qilmading-a! Suf senga!

Nozimaning yuziga qarsillab shapaloq tegdi. Qiz o'tirgan joyida yoniga ag'anadi va shu zahoti o'rnidan turdi.

— Bolalaringga ham dori ichkazmagandirsan?!

Otabek sergaklandi va xavotir bilan uy tomonga qaradi. Bundan foydalangan Nozima sakrab chorpoyadan tushdi-yu, shosha-pisha oyoq kiyimini kiya boshladi.

— Agar oramizdagi gap-so'zlarni biron joyda aytadigan bo'lsang, o'zingdan ko'r! — dedi unga o'qrayarkan Otabek.

Nozima javob qaytarmadi. Uning yuzi lovullayotgandi.

Faqatgina darvozadan chiqib, mashinasiga o'tirganidan keyingina ko'zidan tirqirab yosh chiqib ketdi. Labi titradi.

— Uxlagin-u, qaytib uyg'onma, iflos! — deya baqirib yubordi. So'ng mashinasini haydab ketdi.

Dala hovlisiga bordi. O'zini karavotga tashladi. O'kirib yig'ladi.

— Hammasi burnimdan chiqdi! Hammasi! Nega?! Qaysi gunohim uchun?!

Uning ovozini devorlargina eshitadi. Bundan qiz battar o't bo'lib yondi. Yo'q, yotolmadi. Tashqariga yugurib chiqdi. Yechinib, o'zini suvga otdi. Suzdi. Tinimsiz suzdi. Bir qancha vaqt suv ostiga sho'ng'ib, yuzaga chiqmadi. «Qani endi o'lib qolsam! — deb o'yladi. — Darvoqe, shunday qilsam-chi? Hech kim bilmaydi. Ertaga dachaning egasi keladi. Shunda men shishib ketgan holimda yuzada qalqiyotgan bo'laman. Onadan qanday tug'ilgan bo'lsam, shundayligimcha. U qo'rqib ketadi. Darrov militsiya chaqiradi. U yog'i so'rov-qistov: «Qachon bo'ldi? Nega bunday bo'ldi? Kim bilan kelgan? Hech kim bilan… Nega? Bo'lishi mumkin emas!..» Savollarning birortasiga ham javob topisholmay o'likxonaga oborib tashlashadi. Keyin yorishadi. Ichak-chavoqlarimni shundoq tog'ora ichiga tashlashadi. Xuddi molnikiday. Yo'q, yo'q. Mening tanamni hali shunaqa xo'rlashadimi? Yo'q, bunday bo'lmaydi. Osonlikcha jon bermayman. Izzat-ikrom bilan ko'mishlarini xohlayman. Lekin hozir emas, ertaga, indinga, besh, o'n, balki, o'ttiz-qirq yildan so'ng…»

 

***

 

 

U suv yuziga chiqdi. Qo'rqqanidan junjikdi. Keyin havzadan chiqib, yotoqqa yugurdi. Artinmadi. Yotmadi. Ozgina serrayib turganidan so'ng hammomga kirdi. Iliqqina suvni ustidan quydi. Keyin hammomdan chiqdi-da, yumshoqqina xalatga o'randi.

U karavotiga borib o'tirganida ancha yengil tortgandi. Ammo Otabekning gaplari negadir sira xayolidan ketmayotgandi. «Bundan chiqdi, qo'shiqchilarning hammasini shunaqa deb o'ylasharkan-da! Xotiniga dori berib uxlatib qo'yibdi… Koshki edi, ayoli xunuk, qo'pol bo'lsa. Zamonaviy, shirin so'z, oppoqqina. Buning ustiga, doim kulib turadi. Shunday sohibjamolga xiyonat qilmoqchi bo'lding-a, yaramas! «O'zi to'ysa ham, ko'zi to'ymas», deb sendaqalarga aytishadi-da o'zi…» — Nozima xayol bilan bo'lib, beixtiyor telefonini yoqdi va shu zahotiyoq tiring-tiring etib ketma-ket SMSlar kela boshladi. Ahmaddan, Laylodan. «Qaerdansan? Nega yo'qolding? Insof bormi senda? Hech qursa, to'y qilayotganlarni hurmat qilsang bo'lardi! Odamni sharmanda qilding-ku. Ogohlantirganingdayam mayliydi» va hokazo, va hokazo. Nozima ularni o'qirkan yuzida tabassum paydo bo'ldi.

— Qadrimga yetarkansizlar-ku. Mensiz qiynalarkansizlar-ku, — dedi o'ziga o'zi.

Keyin darrov ekranda Ahmadning ismi paydo bo'ldi. Nozima bir muddat olsammi-olmasammi, deb o'ylanib turdi. So'ng bechora shuncha diqqat bo'libdi, ortiq azoblamay, degan o'yda yashil tugmachani bosdi.

— Nozima! — dedi Ahmad hovliqib.

— Labbay, — dedi Nozima nozlanib.

— Pichoqsiz so'ydingiz-ku!

— Nega?

— Nima deganingiz bu?! Miq etmasdan qaerga surib yubordingiz? So'kish eshitmagan odamim qolmadi! Odam ham shunaqa bo'ladimi?!

— Shoshmang, shoshmang, hovliqmang, men ham insonman. Qurbaqani bossangiz, vaqillaydi. Lekin meni toptab tashlashyapti-ku, birovingiz holimdan xabar olyapsizmi?! Sizlarga to'y, pul kerak! Boshqa narsani o'ylamaysizlar. Men-chi, ezilib yuraveramanmi?!

Ahmad jim bo'ldi.

— Telefonimga kelgan rasm siznikiga bormadimi?! Prodyuseri bilan yurarkan, degan sharmandachilik siz uchun shunchaki narsami?!

Nozimaning ko'zidan yosh oqdi. Boya salgina yengil tortgandi. Birpasda yana ustiga tegirmon toshi tushganday bo'ldi. Qisqa muddatda Nozima: «Nega telefonni yoqdim-a?!» deya xayolidan ham o'tkazdi.

— Qaerdasiz? — deya so'radi Ahmad bir muddatli jimlikdan so'ng.

— Tog'da.

— U yoqda nima qilyapsiz?

— Tog'da nima qiladi?

— Kim bilan?

— Mening birorta yaqinim bormidiki, birga kelsam…

— Hoziroq keling.

— Yo'q.

— Unda men yoningizga boraman.

— Xotinchangizdan ruxsat olib aytyapsizmi shu gapni? Yana yarim kechasi, bu yog'i tayyor go'sht, — deya kesatdi Nozima.

— Ruxsat olamanmi-olmaymanmi, bu mening ishim. Bo'ldi, hozir yo'lga tushyapman, — deya Ahmad telefonni o'chirdi.

U po'pisa qilgan odamning chaqirishini oqshom soat to'qqizlargacha kutdi. Nafaqat kutdi, balki yuragini hovuchlab o'tirdi. Odatda, mijozlari bilan ko'cha-ko'yda uchrashar, buyurtma olardi. Bunisini esa nima jin urib uyi yoniga chaqirdi. Ko'rishganida yumshoq gapirgandi u. «Do'stim to'y qilyapti, bitta yaxshi to'yona qilay, deb anchadan beri ko'nglimga tugib yurardim. Yuzimni yorug' qilib berasiz», degandi. Ha, xuddi shunday yumshoqqina gapirgandi. Vaholanki, aft-angoridan jahldorligi ko'rinib turardi. Ahmad: «Sira xavotir olmang, ko'nglingizdagiday bo'ladi», deya yuz ko'kini garov sifatida olib qoldi… Endi manavi qo'shiq.

U uyiga borganidan keyin ham bir joyda o'tirolmadi. Hali u xonaga, hali bunisiga kiradi. Hali oshxonadan bir nimalarni qidiradi. Biroq qidirganini topolmay xunob bo'ladi. Ketma-ket uf tortadi. Erining ahvolidan Shahnoza ham eziladi. Ichi achiydi unga. Vaholanki, kuni kecha bu erni go'rga tiqishga tayyor edi. Shahnoza qo'rqadi. Erining boshini silashga, ko'p siqilavermang, deb yupatishga qo'rqadi. Battar jahli chiqib ketadi, deb o'ylaydi. Shu bois bolasi bilan andarmon bo'ladi. Biroq ikki qulog'i eri tomonda.

Nozimaga qo'ng'iroq qilganda u ham o'rnidan sapchib turdi. Sekin, oyoq uchida yurib, eri o'tirgan oshxona eshigi yoniga bordi. Qulog'ini ding qildi. Erining hovliqib gapirganlarini eshitdi. Ichidan zil ketdi. Nega yalinadi? «Tur, yo'qol!» desin. Uning o'rniga boshqa bittasini, tuzukrog'ini topadi. Iflos, go'ringga yo'qolasanmi? Hamma narsangni tayyorlab bergan bo'lsa. Maza qilib yurgan bo'lsang. Bitta diskni tiqasan-da, jaraq-jaraq pul olasan. Yana har kuni yeb-ichishing shohona bo'lsa. Agar erim bo'lmaganda, shularning birortasiga erisholarmiding? Hech qachon», deya ko'nglidan o'tkazdi Shahnoza. Bu orada Ahmad boraman, deb telefonini o'chirdi. Shu zahoti Shahnoza yotoqqa ketdi. Ahmad ko'rmadi, sezmadi, deb o'ylagandi ayol. Biroq u ko'rib qolgan ekan. Ortidan kelganidan so'ng:

— Lokatoring hamma gapni ilib oldimi? — dedi qoshini chimirib.

— Yo'-o'-q, o'zim sira kelavermaganingizga xavotir olib qarayotgandim. Kimgadir boraman deganingizni eshitib, darrov izimga qaytdim. Menga qarang, hozir to'ychilar bilan ko'rishmaganingiz ma'qul. Bo'lsa-bo'lmasa, ichib olishgan. Bunaqangi paytda borsangiz, biron nima qilib qo'yishadi. Agar juda borgingiz kelsa, ukam bilan boring, shunda ko'nglim xotirjam bo'ladi, — deya yaltoqlandi Shahnoza.

— Nozima topilib qoldi. Padar la'natini borib olib kelmasam, ertangi to'ylarning ham rasvosi chiqadi. Yana bittasida navbatchimiz, — dedi Ahmad va kiyimlarini almashtirish uchun shkafni ochdi.

— Unday bo'lsa, boring, adasi. Faqat ko'p qolib ketmang.

Shahnoza shunday deb chaqqonlik bilan eridan oldin kiyimlarni oldi. Uning kiyinishiga yordamlashdi. Keyin yuzidan o'pib, kuzatdi.

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV

 

 

 

loading...