Chaqaloqlar parvarishi borasida yosh onalarga maslahatlar

0

Ona bo'lish baxtini barcha homilador ayollar sabrsizlik bilan kutishadi. Biroq jajjigina chaqaloq dunyoga kelgach, uni qanday qilib katta qilaman, deb ko'pchilik yosh onalar xavotirga tushib qolishadi. Bunga chaqaloqlarni parvarish qilish qoidalarini bilmaslik yoki bola tarbiyasida tajriba yetishmasligi sabab bo'lsa ajabmas. Bularni inobatga olib, oliy toifali shifokor, pediatr Salomat Xo'jaboyevadan bir qator savollarga javob oldik.

ChAQALOQ KINDIGI NEChA KUNDA TUShADI?

— Yangi mehmonni neonatolog shifokor ilk bora tibbiy ko'rikdan o'tkazadi va parvarishlaydi. Chaqaloq kindigi tug'ilgandayoq barcha sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilgan holda spirt bilan ishlov berilib, rezina halqa yordamida qattiq qisiladi. Shifokor kindik tushishini nazorat qilib, har kuni kindik qoldig'iga etil spirti eritmasi bilan ishlov beradi. Me'yoriy holatda chaqaloqlarning kindigi 3-5 kundan so'ng tushishi kerak. Kindik tushgach, uning o'rni biroz qizarib qoladi. Yara butunlay bitishi uchun 12-14 kun kerak. Ona kindikni to'g'ri parvarish qilishi shart, agar gigiena qoidalarga rioya qilinmasa, bolaning kindik yarasiga infeksiya tushishi mumkin. Kindikka infeksiya tushmasligi uchun kaliy permanganatning nim pushti eritmasi (margansovka)da ho'llangan paxta bilan bolajonning kindigi atrofini har kuni artib turish, bolani cho'miltirganda ehtiyot bo'lish, yuvintirgandan so'ng, albatta, kindigiga ishlov berish lozim.

Turli yallig'lanishlardan asrash uchun 2 haftagacha bo'lgan go'daklarni tuzli yoki margansovkali suvda cho'miltirish maqsadga muvofiq.

Yangi tug'ilgan chaqaloqlarda til va og'iz bo'shlig'ida oq karashlar paydo bo'lsa undan xavotirlanish, alohida davo choralarini qo'llash shart emas. Tildagi karashlarni tuzli suvga ho'llangan steril bint bilan artib tashlash kifoya.

BOLA NEGA ChINQIRIB YIG'LAYDI?

Go'dak dunyoga kelar ekan, organizmining mutlaqo notanish muhitga moslashish jarayoniga duch keladi. U bu paytda nafas olish va ovqatlanishdan tortib, ko'rish, harakatlanish va boshqa ko'plab fiziologik jarayonlarga ko'nikishi uchun bir qator stresslarni boshdan o'tkazishi kerak.

Bola chinqirib yig'lasa, onalar xavotirga tushishadi. Shuni aytish muhimki, avvalo, yig'i yangi tug'ilgan chaqaloqlarda me'yoriy holat. U faqat bir joyi og'risagina yig'lamaydi. Yig'lash vositasida uning nafas, yurak-asab tizimi faollashadi, o'pkasi kengayadi. Shu bilan birga bolaning qorni ochsa, uyqusi kelsa, chanqasa ham yig'lab o'z ehtiyojlari haqida darak beradi.

Bundan tashqari, yangi tug'ilgan chaqaloqlarning kayfiyati, uyqusi onasining emotsional holati bilan bog'liq. Agar ona bolasi ko'p yig'lashidan, kam uxlashidan siqilib asabiylashsa, chaqaloqning ham injiqlanishi ortadi. Aynan onaning og'ir-bosiqligi, his-hayajonini boshqara olishi yordamida go'daklar me'yoriy hayot tarziga ko'nika oladi.

Shuni unutmaslik kerakki, agar bola sog'lom bo'lib kun davomida o'zini yaxshi tutgan bo'lsa ham kechqurunga kelib, uxlashdan oldin biroz injiqlik qilishi mumkin. Aslida, chaqaloqlar shu tarzda kun davomida to'plangan zo'riqishlarni chiqarib yuboradi. Kun bo'yi yangi voqealar, taassurotlarni ko'rib, qabul qilgan go'dak kechqurun bir kunlik yig'i me'yorini ham bajarishga harakat qiladi. Bu go'daklardagi tabiiy o'z-o'zini tinchlantirish usuli hisoblanadi. Bu holat kattaroq bolalarda chopish, sakrash, baqir-chaqir qilish bilan, kattalarda esa og'ir ish kunidan keyin biroz asabiylashish bilan o'tib ketadi.

GO'DAGINGIZ KUN VA TUNNI ALMAShTIRSA…

Chaqaloqlarning uyqusi notinch bo'lishining asosiy sababi ichak mikroflorasini me'yoriy holatga tayyorlovchi og'riqlar hisoblanadi. Ular bola 4-6 oylik bo'lganda o'tib ketadi. Chaqaloq 6 oylik bo'lgunicha uyqusi notinch bo'lishi, uyquda ko'p qimirlashi, kulishi, aftini burishtirishi mumkin. Go'daklar uyqusining yana bir xususiyati shuki, ularning uyqusi kun va tun bilan bog'liq emas. Bolajon kun bo'yi uxlashi, tunda esa bemalol o'ynab o'tirishi ham mumkin. Ayrim kichkintoylar 1,5 oylik bo'lganda kun va tunni almashtirishdan to'xtaydi. Bu davrga kelib chaqaloqlarda kunduzi uyg'oqlik soatlari darajasi ortadi.

Bolajon uxlayotganda jimlikni saqlash shart emas. Chunki televizorning tovushi va oila a'zolarining odatdagi suhbatlari uning uxlashiga xalal bermaydi. Agar go'dak uyqu aralash sezilar-sezilmas tovushlarni, yaqinlarining gapirgan ovozlarini eshitib ulg'aysa, u bu holatga ko'nikib ketadi.

ChAQALOQNI NEGA HIQIChOQ TUTADI?

Chaqaloqni hiqichoq tutishi ko'pchilikni xavotirga soladi. Lekin aksariyat hollarda bu holat hech qanday xavotirga sabab bo'lolmaydi. Hiqichoq bu — go'dakning ichki va tashqi ta'sirlarga javob reaksiyasidir. Bilasizmi, hatto ona qornidaligida ham bolani hiqichoq tutishi mumkin. Bunda uning qorin va ko'krakni ajratib turuvchi mushaklari yangi hayotiy sharoitlarga moslashayotgan bo'ladi. Yangi tug'ilgan chaqaloqlarda asab va ovqat hazm qilish tizimlari mukammal rivojlanmagan. Ular mustaqil ishlashga ko'nikib ketguncha, ya'ni 2-3 oylik bo'lguncha chaqaloqlarning qorni dam bo'lishi, qorni og'rishi, ichi ketishi va hiqichoq tutishi tabiiy holat.

Agar onalar e'tibor bergan bo'lishsa, chaqaloqni ko'pincha ovqatlangandan keyin yoki ovqat vaqtida hiqichoq tutadi. Bunda oshqozon to'lganda u cho'zilib, mushaklarga ta'sir ko'rsatadi va bolani hiqichoq tutadi. Bolaning ichagi gazga to'lib qorni dam bo'lganida ham shunday hol yuz beradi.

Ko'krak yoshidagi go'daklarni hiqichoq tutishi faqat ichki emas, tashqi ta'sirlar bilan ham bog'liq. Masalan, ba'zida havo vannalari qabul qilganda, ya'ni onasi bolani ko'chada aylantirib yurganda, biroz sovqotgani sababli ham hiqichoq tutadi. Bolani hech qanday sababsiz, juda ko'p va uzoq vaqt hiqichoq tutsa, uni tezda shifokorga olib borish lozim.

Agar chaqaloqni emayotganda hiqichoq tutsa, emizishni to'xtatish, vertikal holatda ushlash lozim. Shunda u yutgan havo kekirish orqali chiqib ketadi.

Bola sovqotganda hiqichoq tutsa, birinchi navbatda, uni qizdirish chorasini ko'rish, ko'rpachaga o'rash, issiq kiyim kiygizish yoki quchoqlab isitish lozim.

Chaqaloqni hiqichoq tutganda hech qanday dori ichirmang, suv ham bermang. Asosiysi, vahima qilmang. Negaki ota-onalar xavotiri bolaga tez o'tadi va u ham bezovta bo'ladi.

NEGA KIChKINTOYLARNING QO'LChALARI SOVUQ BO'LADI?

Yangi tug'ilgan chaqaloqlarda ular olti oylik bo'lguncha tanada issiqlik almashinuvi jarayonlari yaxshi rivojlanmaydi. Shuning uchun ikki oylikkacha bo'lgan go'daklar tanasi tez sovqotadi va oson isib ketadi. Ba'zan bunday chaqaloqlarning qo'lchalari va oyoqchalari ko'kish tusga kirib qolganini sezamiz. Bu hali qon aylanish tizimi ham to'liq rivojlanmaganligidan dalolat beradi. Shu boisdan bu holatga alohida e'tibor berib, xavotirga tushish kerak emas. Asosiysi, bola yotgan xona harorati me'yoriy darajada bo'lishini ta'minlash va bolani ham shunga yarasha kiyintirish zarur.

QANDAY SO'RG'ICh
BERISh MUMKIN?

Yosh onalar go'dagiga so'rg'ich sotib olishdan oldin quyidagi maslahatlar bilan tanishib chiqishini tavsiya qilamiz.

So'rg'ichlarning bir qancha turi mavjud. Masalan, lateksli so'rg'ichlar tabiiy hisoblanib, rangi to'q sarg'ish bo'ladi. Ular ko'pincha muddatidan oldin tug'ilgan, zaifroq chaqaloqlarga tavsiya etiladi. Sababi, ular og'iz haroratida isib yumshaydi.

Silikonli so'rg'ichlar sun'iy materialdan tayyorlanadi. Ular rangsiz bo'ladi. Silikonli so'rg'ichning asosiy xususiyati  bolada unga allergiya bo'lmaydi, lateksli so'rg'ichdan ko'ra uzoqroq muddatga yaraydi.

Bitta so'rg'ichdan faqat bir bola foydalanishi kerak. So'rg'ich teshilgan, shakli buzilgan, rangi o'zgargan bo'lsa, undan foydalanish mumkin emas.

So'rg'ichni muntazam ravishda tozalab, sterilizatsiya qilish, kamida 6-8 haftada almashtirib turish talab etiladi.

So'rg'ichni ipga ilib, bolaning bo'yniga osish o'ta xavfli bo'lib, bunday holatda bo'g'ilib qolish ehtimoli bor.

GULShAN yozib oldi.

loading...