«Men ojiz erkak emasman!»

0

 

— Sevgilimning fikricha, men ojiz emishman. Uning gaplari qalbimga qanchalik og'ir botmasin, jimgina ketdim. Bilaman, hozir ichida vulqon boshlangan. Xayollari chuvalashib, iztirob chekmoqda. Shu sababli ham tiliga nima kelsa, gapiryapti.

O'rtamizdagi munosabat meni uzoq vaqt qiynadi. Aniqrog'i, sevgimizga onam qarshilik qilaverishi, «Ikki dunyoda ham u qizni kelin qilmayman!» deganlari hiqildog'imga kelgandi. Shu tufayli men undan voz kechdim! Ikki o't orasida qolishga ortiq bardosh qila olmadim. Mening bu harakatim muhabbat yo'lida ortga chekinish emas, balki ona roziligi uchun qurbonlik qilish edi. Axir men ham tosh emasmanki, sevgilimni yo'qotib o'zim hech narsa sodir bo'lmaganday jimgina yursam…

Men uni juda sog'inyapman. Ehtimol, undanda-da ziyod qiynalyapman. Ko'ngil ishi oson emas. Ayniqsa, yigit sevsa-yu, yetisha olmasa butun umr o'sha yorini qumsab o'tadi, deb eshitganman. Qizlar esa ko'nikuvchan.

Ba'zan keyingi hayot yo'llarimni tasavvur qilib ko'raman. Yonimda men sevmagan, onam olib bergan qiz. Unga mutlaq ko'nglim yo'q. Muhabbat deganlaridan uzoqda, faqat majburlikda oila qurish… Menga «Ojiz ekansan!» deyish, yuzimga tarsaki tushirish juda oson. Axir nima qilay?! Onamdan kechib, unga uylana olmasdim-ku! Yuragim hamon uni qumsaydi. Lekin ikkimiz uchun ham bir-birimizni tezroq unutib, yangi hayot qurishimiz ma'qulroq!..

ASRORBEK

Buxoro

loading...