Xayrulla Xamidov she'ri: Allohning uyida bo'ldi bu ishlar, Allohning uyida, eshityapsizmi?!

0

TA'ZIYa

Osmon qarab turdi, yer chidab turdi,
Vahshiylik to'niga burkandi lain.
Og'ir bir sukunat suqilib kirdi,
Zotan o'lim haqu, oqibat tayin…

Dilni moziy quchgan xun o'ti yedi,
Butun bashariyat tutindi guvoh –
Bu gul qismatlarning hayoti edi,
Kompyuter o'yini emasdi, e voh.

Bilaman, milliyard g'ichirlar tishlar,
Qo'llar bug'moq istar ul sharafsizni:
Allohning uyida bo'ldi bu ishlar,
Allohning uyida, eshityapsizmi?!

Ochildi jamiki oriy pardalar,
Olam o'z iqrorin sochdi oxiri:
Qiyomat jumada kelar, derdilar,
Bugun sodir bo'ldi kichik zohiri.

Yig'ladim onamni yo'qotgan kabi,
Singlimdan ayrilgan akadek, do'stlar.
Allohning yoniga ketdi talabi
Allohning O'zini tanigan ko'zlar.

Birgina, birgina yupanchim shulki –
Bari o'ch, bari xun yotur g'alvirda:
Hali hammasini qiyomat tongi
Ko'ramiz Maydonda, jonli efirda!

 

Xayrulla Xamidov

loading...