Haqiqiy hangoma mana bunday bo'ladi…

0

 

 

 

GADOY MONOLOGI

 

 

— Azizlar, qadrdonlar, oftovda qatiq yalashganlarim! It quvganda, meniyam sudrab qocharlarim! Sadaqa qiling! Menday ko'chada qolgan bomjzoda, piyonzoda, gerzoda g'aribga xudo yo'lida mingta so'm xayr qiling!..

Hoy cho'ntaging dollarga to'lgur bo'z yigitlar, bir-biridan shahlo ko'z yigitlar! Ota-onam o'lib ketgan. Xotinim mentga tegib ketib qolgan. Bola-chaqa, qarindosh-urug'lar parokanda bo'p ketgan! Tutingan tog'am turmada. Menday ojiz-u notavon tashlandiqqa uch mingta so'm sadaqa qiling! Sadaqa baloni qaytarar, ha!..

Hay singlim, oq xalat kiyvolganingizga qaraganda, yaxshi odamga o'xshaysiz. Ikkala oyog'im ham uvishib, tomirlari tortishgancha qop ketgan. Aksa ursam tishlarim to'kilib tushay deydi. Kechasi ko'rpamminan boshimni yopsam, nafasim siqib qoladi. Qo'llarimni tarakan chaqib tashlagan. Uyqu orasida ustimdan sichqon-kalamush sakrab o'taverganidan vos-vos bo'p qolganman. Kapitalizm infarktga uchratgan bir kasalga besh mingta so'm sadaqa qiling!

Oh, ukajonim, bormisiz? Shunday ajabtovur galstuk taqvolganingizga qaraganda, yaxshi odamga o'xshaysiz. Ha-a, katta amaldormisiz? Oh, buyursin, buyursin!.. Menday kar-soqov, duduq, boshi Gobi sahrosi kabi kal bir g'aribga rahmingiz kelsin! Akam ham, otam ham siz. Ursangiz un oshi, so'ksangiz so'k oshi. Ikki yuz mingta so'm xayr qiling, oylikkacha yetvolay-y!..

Eh, odamlar mendanam battar ziqna, xasis, qizg'onchiq bo'p ketishibdi! Menday tashlandiq gadoydanam pulini qizg'onishadi-ya!..

Ha mayli, xotinchamning yubileyini o'zimning yashirgan-berkitgan pullarimminan o'tkazib turaman. Mard, hotamtoy ham uchrab qolar!

Odamla-ar, g'aribga sadaqa qiling! Ota-onam qazo qip ketgan. Xotinim mentminan qochib ketib qolgan. Menday tashlandiq marazga xayr qili-ing!!

Olimjon HAYIT