ShIQIR… (8-qism)

0

 

 

* * *

 

— Sizga bekor qo'ng'iroq qildim, shekilli, — dedi Dilzoda Muhiddinga uyalibgina qarab qo'yarkan, — ovora qip qo'ydim.

— Sira ovora bo'lganim yo'q. Agar telefon qilmaganingizda, shunday ajoyib xushxabarni eng birinchi menga aytmaganingiz uchun sizdan xafa bo'lardim, — deya kulimsirab chuqur nafas oldi yigit. Chunki yopishib turgan koftasi, jinsi shimi o'ziga yarashib, qaddi-qomatini yanada ko'rkam qilib yuborgan qizdan shirin xushbo'y atir hidi kelayotgan edi.

— Mening turmushga chiqayotganim siz uchun xushxabarmi? — deb birdan yurishdan to'xtadi Dilzoda.

— Albatta, chunki kimga erga tegishingizni bilaman, — dedi bamaylixotir Muhiddin.

— Kimga ekan? — dedi qizara boshlagan Dilzoda.

— Menga-da.

— Qanaqasiga sizga bo'lsin? Aytdim-ku, qarindoshlarimiz oq o'rab ketishdi, deb.

— Nima bo'pti? O'sha o'ralgan oqni qaytarib o'zlariga o'rab yuborasiz.

— Nega endi? He yo'q, be yo'q, qaytaraveramanmi?

— Nima qilibdi?

— Tavba, siz hali menga hech nima demagan bo'lsangiz. Yana…

— Aytaman. Ozgina bir-birovimizga ko'nikib olaylik, deb kutayotgandim. Qarasam, bir nimadan quruq qolganday turmushga chiqmoqchi bo'lyapsiz.

— Muhiddin aka, ustimdan kulish uchun meni bu yerga olib keldingizmi?

— Menga teging. Qo'ying o'sha qarindoshingizni. Hozir O'jarqul otaga telefon qilaman. Bugunning o'zida uylaringga sovchi bo'p boradi. Keyin ish pishadi.

— Muhiddin aka, rosti, sizni sira tushunolmayapman. Aniqrog'i, maynavozchilik qilayotganga o'xshaysiz.

— Yuring, tabaka yeymiz. Bahonada bemalol gaplashib olamiz.

Dilzoda indamadi. U endi, haqiqatan ham, qizarib ketgandi. Muhiddinni birinchi kundan yoqtirib qolganini hammadan yashirsa ham, o'zidan yashirolmasdi, albatta. Ammo yigitning ishdan boshqasini bilmayotgani uning alamini keltirdi. Shu alam ustida bugungi sovchilarga rozilik berib yubordi. Keyin xonasiga kirib o'zidan-o'zi yig'ladi. Shunda miyasiga bir fikr keldi va merosxo'rni chaqib olish uchun uning telefon raqamini terdi. Muhiddinning ovozini eshitgach esa, o'z-o'zidan yumshab, uchrashuvga rozilik berib qo'ydi. Bunga sabab yigitga nisbatan befarq emasligi bo'lsa, ikkinchi tomondan, tug'ilganidan beri kambag'allikda yashayotgani uchun qiynalib ketgandi. Otasi zavodda ishlaydi. Onasi maktabda. Ikkoviyam faqat oylikka kun ko'radi. Dilzodaning ikki singlisi va ikki ukasi bor. Ular ketma-ket voyaga yetishyapti. Demak, vaqti kelib, uylanaman, turmushga chiqaman, o'qiyman, deydi. Ulardan oldin ota uyini tark etib ketadigan Dilzodaning keyingi hayotiyam kunday ravshan. Chunki unga uylanmoqchi bo'lgan qarindoshi ham xuddi otasi kabi zavodda oddiy slesar ekan. Demak, u ham oylikka termilgan.

Dilzodaning yaxshi yeb-ichgisi, ora-chora kechki ovqatni restoranda qilgisi, mashina mingisi keladi. Axir odam hayotga bir marta keladi-ku. Shu bir martalik hayotni faqat kambag'allikda o'tkazish shartmi?.. Muhiddin bilan O'jarqul otaning o'zaro gap-so'zlarini chala bo'lsa ham eshitdi. Anglagani shu bo'ldiki, qariya kutilmaganda paydo bo'lgan bu yigitga do'konini butunlay bermoqchi… To'g'ri, avval ham bittasi keluvdi. Lekin uning boshi maishatdan chiqmagan, ustiga-ustak, do'konda ishlayotganlarning barini bo'shatib yuborgandi. Muhiddin bo'lsa, tinim bilmay ishlayapti. Do'konda mijoz ko'paydi. Demak, uning kelajagi porloq. Agar qiz shu yigitga turmushga chiqsa, hamma orzulari ushaladi.

Ko'zi bilan yer suzib turgan qizga qarab Muhiddin:

— Sizning dilingizni og'ritib qo'ydim, shekilli. Menimcha, o'zingiz yoqtirgan odamga turmushga chiqmoqchi bo'layapsiz-u, men sizni yo'ldan urayotganga o'xshayman, — dedi.

Dilzoda nigohini yerdan uzib, yigitga qaradi.

— Mening haligacha yaxshi ko'rgan yigitim bo'lmagan, — deya chuqur xo'rsindi u.

— Yuring unda, hozir biz uchun pishirilgan tabaka soviydi. Keyin har doimgiday men och qolaman, — dedi Muhiddin kulib.

Qahvaxonada qiz bilan yigit tamaddi qilib bo'lishguncha, asosan, Muhiddin gapirdi. Ora-chora bir nimalarni so'rab qo'ymaganini aytmaganda, Dilzoda uni jimgina tinglab o'tirdi.

— Rostini aytaymi? — deya jilmaydi Muhiddin xizmatchi qiz uning oldidagi bo'shagan likopchani olib ketganidan keyin.

— Nima, shu paytgacha yolg'on gapirayotganmidingiz? — deya qiz stakandagi sharbatni qo'liga oldi.

— Yo'g'-e, rost gapirayotuvdim. Lekin hozir boshqa narsani aytmoqchiman. Xullas, mana shu yerda birinchi marta o'tirishim. Har safar kafening yonidan o'tib ketardim. Qorni to'yib, kekirib chiqayotganlarga havas bilan qarab qo'yardim. Hozir tabaka yeyapman-u, shu narsa esimga tushib qolsa, deng.

— Ishonmayman. O'jarqul Rustamovichday boyvachchaning qarindoshi bunaqa joylardan shunchaki o'tib ketmaydi.

Muhiddin kuldi. Barmog'ini stolga urib, qizga biroz qarab turdi-da, O'jarqul ota bilan qanday tanishgani, keyin qariyaning do'kon sovg'a qilgani haqida so'zlay ketdi.

Dilzodaning butun vujudi quloqqa aylangandi. Goh qoshlari chimirilar, goh kipriklari pirpirar, gohida esa rangi biroz oqarardi. Muhiddin bo'lsa, gapirgani sayin qizishib borardi.

— Men tilanchiga o'xshab qoldim, — dedi u hikoyasining oxirida asabiylashib, cho'ntagidagi sigaret qutisini olib stol ustiga qo'yarkan.

— Yo'q, unaqa demang, — dedi birdan Dilzoda, — bu tilanchilikka kirmaydi. Meros desa bo'ladi. Chunki siz uning yoniga iltimos qilib bormagansiz-ku. Agar siz bo'lmaganingizda, ehtimol, boshqa birovga bergan bo'lardi.

— Balki… Lekin alam qilayotgani — siz meni yolg'iz qoldirib ketayotganingiz. O'zim oddiy jurnalist bo'lsam, osmondan tushganday bitta do'kon qo'limga tushib qolgan bo'lsa. Uni endi sizsiz qanday boshqaraman? Agar hamma meni baravariga aldashga tushib ketsa bormi, tamom, to'rt kunda do'kondan asar ham qolmaydi.

— Siz menga shuning uchun uylanmoqchimisiz?

Muhiddin boshini qashladi. Sigaretdan bir dona olib, avval barmoqlari orasida ozgina ezg'ilab turdi-da, so'ng labiga qistirdi. Dilzodaning nigohi esa yerga qadaldi. Shu holida u Muhiddinning ko'ziga har doimgidan-da go'zalroq ko'rinib ketdi. «Nomard, nimalar deyapsan? Qizning ko'nglini vayron qilding-ku. Bu qiz hech vaqt boylik uchun turmushga chiqadiganlardanmas», xayolidan o'tkazdi. So'ng:

— Men boylik uchun dunyoga kelgan emasman. Boshqalarni ham shunday o'ylayman. Sizni, haqiqatan ham, yoqtiraman. Bunga hozir yana bir karra ishonch hosil qildim, — dedi.

Dilzoda chiroyli ko'zini unga qadadi va o'ta noziklik, o'zgacha bir madaniyat bilan yigitning barmoqlari orasidagi sigaretni olib qo'yib:

— Men turmushga chiqadigan odam sigaret chekmasligi kerak, — dedi.

Muhiddinning ko'ngli yorishib, yuzida tabassum paydo bo'ldi.

— Ura, — deb qizning qo'li ustiga qo'lini qo'ydi, — ura!

— Jinnivoy, — deya jilmaydi Dilzoda, — odamlar qarayapti.

— Qarasa qarasin! Ko'rib qo'ysin men qanday qizga uylanayotganimni!.. Yuvamiz, shampan vinosi ichamiz!

— Tiss, — qiz ko'rsatkich barmog'ini labiga tekkizdi, — bugun emas!

— Nega?!

— Men uyimdagilarga aytayin. Janjal boshlanib tugasin, undan keyin…

— Shoshmang, xonim! Nega endi janjal bo'lishi kerak ekan? Hozir silliqqina bitiramiz hamma ishni, — deb Muhiddin qo'l telefonidan O'jarqul otaning telefon raqamini terdi. Chaqiruv ancha vaqt davom etdi. Lekin O'jarqul ota telefonga javob qaytarmadi.

— Bugun qayta-qayta qo'ng'iroq qilishga haqim bor. Bugun men uylanadigan qizim haqida unga aytishim kerak. U men uchun, baribir, sovchi bo'lib boradi, — dedi Muhiddin va yana qo'ng'iroq qildi. Bu safar O'jarqul otaning telefonidan boshqa odamning ovozi eshitildi.

— Kechirasiz, O'jarqul Rustamovich…

Kutilmaganda Muhiddin so'zlashdan to'xtadi. Yuzidagi tabassum o'rnini qayg'uli qiyofa egalladi. Rangi oqarib qovog'i uyildi.

— Qachon? — deb so'radi juda past tovushda.

— Joni uzilganiga bir soat bo'ldi, — dedi begona odam. So'ng telefonni o'chirib qo'ydi.

Muhiddinning nigohi g'amgin tortib, ko'zidan yosh sizib chiqdi va beixtiyor o'rnidan turdi.

— Tinchlikmi? — so'radi Dilzoda yigitning tusidagi o'zgarishni ko'rib.

***

 

Muhiddin qizga ma'yus tikilib, qult etib yutindi. Havo yetmayotganday, ko'ylagining tugmalarini yechdi. Keyin bo'shashib qaytib joyiga o'tirarkan, boshini kaftlarining orasiga olib, chuqur xo'rsindi.

— Meni qo'rqitmang, Muhiddin aka, hozir yuragim yorilib ketadi. Ayting, nima bo'ldi o'zi?! — dedi Dilzoda yig'lagudek bo'lib.

Muhiddin nigohini yerdan uzib, qizga qaradi.

— O'jarqul ota… — deya yana chuqur xo'rsindi va gapirishdan to'xtab, bir muddat sukut saqladi.

— Nima bo'pti O'jarqul otaga?! — dedi toqatsizlanib Dilzoda.

— Bandalikni bajo keltiribdi, — deya Muhiddin ko'zidagi yoshni artdi.

— Nega? — dedi qiz rangi oqarib. — Nega unaqa bo'ladi?!

— Ketdik… Hoziroq uyiga yetib borishim kerak, — deb Muhiddin o'rnidan turdi.

Ular sershovqin ko'chaga chiqqanlaridan keyin Muhiddin ikki yuzi olmaday qizargan Dilzodaga bir muddat tikilib turdi-da:

— Sizni uyingizgacha kuzatib qo'ymaganimdan afsusdaman, — dedi xijolatli ovozda.

— Hali kuzatasiz. Men siz bilan birga boraman, — deya javob berdi Dilzoda.

— Kech bo'p qoldi. Buning ustiga, qiz bolasiz. Hozir uyingizga boravering. Kechqurun… Shoshmang, yo'limiz bir-ku. Hozir taksi to'xtatayin, — deb Muhiddin bir-birini quvib, zuvillab o'tayotgan mashinalar tomonga o'girildi.

 

* * *

 

O'jarqul otaning mahallasida ko'chaning ikki yuzida mashinalar qatorlashib turar, ularning aksariyati xorijniki edi. Muhiddinning ichidan bir nima chirt etib uzildi. Shu yerga yetgunicha: «O'jarqul otaning telefoni boshqa birovning qo'liga tushib qolgan-u, o'sha odam menga beo'xshov hazil qilgan… Balki uning O'jarqul otada qasdi bordir», deb o'zini ovutib kelayotgandi. Ammo tizilib turgan ulovlarni ko'rib, ko'ngli g'ash tortdi. Darvozaga yaqinlashgach, darvozaxonaning devorlariga qadab qo'yilgan stollarda xomush o'tirgan odamlarga ko'zi tushib, yurak urishi tezlashdi. «Rost ekan-da», degan o'y o'tdi ko'nglidan. Bitta-bitta bosib o'tirganlarga yaqinlashdi. Ulardan bir-ikkitasi o'rnidan turib, Muhiddinga joy ko'rsatishdi. Otasiday aziz bo'lib qolgan insonning o'lganiga haligacha ishongisi kelmayotgan Muhiddin stulga omonatgina o'tirib, yuziga fotiha tortdi.

— Ertaga soat o'n birda chiqaramiz, — dedi Muhiddinning yonidagi kishi pichirlab.

Yigit qilt etmadi. U bir nuqtaga termilib qolgan, chakkasidagi tomirlari bo'rtib chiqqani chiroq yorug'ida shundoqqina ko'rinib turardi. U ancha vaqtgacha shu alpozda o'tirdi. Bel bog'lab turganlar uning qilt etmay o'tirishiga ajablanib qarab qo'yayotganini ilg'agach:

— Ota menga qadrli edilar, — deb atrofga ko'z tashladi va chuqur xo'rsinib o'rnidan turdi. — Ertalabgacha shu yerda bo'laman. Otamning ta'ziyasiga begonalarday kelib ketmayman. Agar biror xizmat bo'lsa…

Yig'ilganlar bir-biriga ma'noli qarab qo'yishdi. Zero Muhiddin bu yerga kelguncha meros haqida gap bo'lgandi. «Boyning o'limi ko'pchilikka bayram bo'ladi, — devdi bir kishi, — qarab turinglar, besh-begonalar ham merosxo'r bo'p chiqadi». Muhiddinning gap-so'zlari va o'zini tutishi ana shu gapning isboti bo'lib turgandi. Boshqalariga nisbatan yoshi ulug'roq, mo'ylovi oqargan kishi uning yoniga kelib, sekin so'radi:

— Uka, u kishi sizga qanaqa ota bo'ladi?

— Tutingan otam, — dedi Muhiddin tomog'iga bir nima tiqilgandek zo'rg'a gapirib.

— Himm, shundaymi? — dedi haligi kishi. So'ng yigitga bir muddat taraddudlanib tikilib turgach, gapini davom ettirdi: — Uka, hozir bunaqa gaplarning o'rni emas. Rahmatlini dafn etaylik, undan so'ng hammamiz o'tirib, bafurja kelishib, gaplashib olamiz.

Muhiddin hech narsaga tushunmay, hayron bo'lib suhbatdoshiga qaradi.

— Ko'rinishingizdan tushungan, aqlli bolaga o'xshaysiz, uka. Hozir uyingizga boravering.

— Nega? Shunchaki ketaveramanmi? Ota menga shunchaki odam emasdi. Ma'rakalarida…

— Hov bola, — deb ularga yaqin keldi nariroqda ularning suhbatini eshitib turgan kishi, — boraver degandan keyin boraver-da. Nima qilasan gapni ko'paytirib? Shunchakimi, boshqami, hozir bu yerdan tuyog'ingni shiqillat. Yo'qsa, yigitlar yaxshilab kuzatib qo'yishadi.

Muhiddin ichidan zil ketdi. Zo'rg'a o'rnidan turib, boshini xam qilgancha bir-bir bosib ta'ziyaxonadan uzoqlashdi.

U tuni bilan to'lg'onib chiqdi. Ko'ziga sira uyqu kelmadi. O'jarqul otaning qarindoshlari uni nega quvib solganini ancha paytgacha tushunolmadi. Otaning uyida o'ziga qilingan muomalani qayta-qayta xayolida jonlantirib, necha bor tahlil etdi. Nihoyat, otaning qarindoshlari nima uchun undan tezroq qutulishga intilganini angladi. Angladi-yu, alamdan dodlab yubordi: «Shunchalik ham past ketadimi odam degani! Men marhumdan biror nima undirib qolish maqsadida borganmidim?! Shunaqa bolaga o'xshaymanmi?!» deb o'ziga o'zi gapirinib, o'rnidan sapchib turdi-da, chiroqni yoqdi. Eshik yonidagi mixga ilingan kostyumining cho'ntagidan sigaret olib labiga qistirdi. Chamasi ikki soatlar deraza yonida turdi. Besh-oltita sigaret chekdi. Shundan so'ng qaytib to'shakka yotdi-yu, uxlab qoldi. Tushiga O'jarqul ota kiribdi. U boshdan oyoq oppoq libos kiygan, jilmayib turardi. Muhiddin uning qo'lini ushlab salom berishga harchand urinmasin, yoniga yaqinlasholmasdi. «Seni uyimdan quvib solganlar mendan uzoqlashgan, begonalashgan qarindoshlarim bo'ladi. Tag'in ularning gapiga ishonib, do'konni berib qo'yma. Agar shunday qilsang, ruhim chirqiraydi-ya», dedi ota. U gapirayotganda, negadir lablari qimirlamasdi. Boshda qanday jilmayib turgan bo'lsa, shundayligicha turaverdi. Muhiddinning qulog'iga esa otaning gaplari aniq-tiniq eshitildi. O'zi ham bir nimalar demoqqa og'iz juftladi, lekin ulgurolmadi. O'jarqul ota ko'zdan g'oyib bo'ldi.

Muhiddin uyg'onib ketdi. Uning yuragi tez-tez urar, boshida ham og'riq borday edi. Yostig'ining yonida turgan telefoni esa tinimsiz jiringlardi. Yigit ko'zini ishqalab, telefonni qo'liga oldi-da, yashil tugmachasini bosdi.

— Xayriyat, — degan ovoz keldi shu ondayoq, — sizdan xavotir olayotgandim.

— Dilzoda, — dedi Muhiddin va deraza tomonga qarab, allaqachon tong otganini ko'rdi, — uxlab qopman. Soat necha bo'ldi?

— To'qqiz.

— Ey, kechga qopman-ku. Vaqt buncha tez o'tib ketmasa… Siz qaerdasiz?

— Do'kondaman.

— Men hozir ta'ziyaga boraman. Bugun do'konga borish-bormasligimni bilmayman, o'zingiz ko'z-quloq bo'p turing.

— Xo'p. Ha, aytgancha, Muhiddin aka, choy ichvoling. Och yurmang, xo'pmi?

— Bo'pti…

Muhiddin shosha-pisha o'rnidan turib darrov yuvinib keldi. Apil-tapil kiyinib tashqariga chiqdi.

U O'jarqul otaning uyiga yaqinlashib ko'rsaki, tumonat odam yig'ilgan. Otaning darvozasi oldida belini bog'lab marhumning eng yaqin kishilariday turmoqchi edi. Biroq buning sira iloji yo'q ekan. Allaqachon yaqinlari, yaqinlikka da'vogarlar egallab bo'lishibdi. Muhiddin ancha berida to'xtadi…

Roppa-rosa o'n birda tobut hovlidan olib chiqildi. Muhiddin tobut ko'tarish maqsadida unga yaqinlashmoqchi bo'ldi, ammo ilojini qilolmadi. Qo'ldan-qo'lga o'tib kelayotgan tobut ko'z ochib yumguncha ancha berida turgan usti ochiq yuk mashinasiga olib chiqildi.

Masjidda janoza o'qilgach, marhum qabristonga eltilganidan so'ng, hartugul, Muhiddin tobutni ko'tarishga ulgurdi. Shunda ham uzog'i bilan uch-to'rt qadam… U shu tariqa O'jarqul ota bilan vidolashdi.

Do'konga qaytib kelganda, tinka-madori qurigandi. Bir tomondan qorni ochqagan, ikkinchi tomondan asabi buzilgan. Bugun unga birov qattiq gapirmagan, jerkimagandi, motam marosimi risoladagidek o'tgandi. Lekin u o'zini qadrdonining yonidan chetlatilgan odamdek his etayotgandi. Shu bois ham asabi buzilgan, ko'ngli g'ash edi.

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV

 

 

 

 

loading...