O'zbekiston hududidagi qizlarning ilk Islom Akademiyasi haqida bilasizmi?

0

Qirqqiz qal'asi – eramizning 9-10 asrlariga oid Surxondaryo viloyatidagi me'moriy yodgorlik  bo'lib, Termiz tumanida vayrona holida saqlanib qolgan. Inshoot qanday maqsadda qurilganligi (qal'a, saroy, xonaqoh, karvonsaroy) haqida rasmiy dalil, ma'lumot yo'q.

U dunyo tomonlariga moslab qat'iy mujassamotda, ya'ni G'arb va Sharq burchaklarini aniq hisobga olib bunyod etilgan. Qal'a to'rtburchak tarhli (53,3×54,8 m), 1 qavatli, faqat yo'laklar umumiy balandlikda 2 qavatli bo'lib, xom g'isht (30x30x5 — 5,5 sm)lardan qurilgan, toq va ravoqlarida shu o'lchamdagi pishiq g'ishtlar ham ishlatilgan; qalin devor bilan o'ralgan (tashqi devor qalinligi 2—2,5 m).

Qal'aning barcha xonalari va markazdagi sahn (11,5×11,5 m) o'zaro yo'laklar bilan bog'langan; markaziy sahn hovli yoki gumbazli zal bo'lgan deb taxmin qilinadi. Ayvon va yo'laklar binoni 4 qismga bo'lgan. Bular: 2ta bir xil tuzilgan (5 xona va 3 tomonidan o'ralgan yo'lak, eni 2,1 m) shimoliy-g'arbiy va shimoliy-sharqiy hamda 2ta janubiy-g'arbiy (2ta yo'lakcha bilan bog'langan 5 ta xona) va janubiy-sharqiy (yo'lakcha bilan bog'langan 2ta xona va 3 ustunli katta mehmonxona) qismlardir.

Yo'laklar va xonalar devordagi tuynuklar orqali yoritilgan. Qirqqiz qal'asi yopmasida balxi hamda kesishgan gumbazsimon toqlar, boshqa turlardagi gumbazlar, toqlar va ravoqlar qo'llanilgan.

Qoraqalpoq xalqining «Qirqqiz» dostonida bayon etilgan ma'lumotlarga ko'ra, dushmanlar hujumini qaytara olgan qahramon qiz Guloyim va uning 40 dugonasi aynan shu yerda yashagan. Mahalliy aholi qal'a mintaqadagi ilk qizlar akademiyasi vazifasini o'taganiga ishonadi.

«Somoniylar hukmronligi zaiflashgan, taxt uchun yangi kurashlar boshlangan bir paytda Eski Termiz yaqinida qal'a qurdiriladi. Qal'a qizlar uchun xos akademiya, ilm-fan bilan shug'ullanish uchun yagona maktab sifatida ilk o'quvchilarini qabul qilgan. Aytishlaricha, akademiyaning birinchi tinglovchilari yurtning eng iqtidorli va oqila 40 nafar qizi bo'lgan. Shu tufayli, qal'a nomi aholi tomonidan Qirqqiz nomini oladi.

Qal'ada yashagan qizlar Islom dini, tibbiyot, hisob-kitob, astronomiya va kimyo, chorvachilik va harb ishidan puxta bilim olgan. Ular zamondoshlaridan ilg'or, zehni o'tkir olimalar bo'lishgan.

Afsuski, ular Chingizxon istilosi payti halok bo'ladi. Rivoyatlarda aytilishicha, mo'g'ul askarlari qal'a himoyachilari qizlar ekanligidan xabardor bo'lmay, qamal uchun katta kuch tashlaydi. Shunga qaramay, qizlar qal'ani mardonavor himoya qilib, ular kuchlar notengligi tufayli halok bo'lgan. Eng so'nggi himoyachining niqobi ochilib, mo'g'ul askarlarini esankiratib qo'yadi», — deydi suhbatdosh.

Qal'a tarixdagi voha ahlining madaniy turmush hayoti va ijtimoiy voqealardan darak berishi tayin. Kelgusida uning tarixi ilmiy tahlil etilishiga umid bog'laymiz.

 

kun.uz

 

loading...