ShIQIR… (13-qism)

0

 

 

* * *

 

Omborda yangi kelgan molni qabul qilayotgan Dilzoda Muhiddinning shisha ko'tarib, xonasiga kirayotganini ko'rib qoldi. Hayron bo'lib, kassir qizning yoniga bordi-da:

— Tinchlikmi, Muhiddin akam xonasiga nima olib kirdilar? — deb so'radi.

Kassir qiz avval yelka qisdi. So'ng:

— Tekshiruvchilar bilan birga chiqib ketganicha yaqinda qaytib keldi. Juda asabi buzilgan. Menimcha, pivo ichsa kerak, — dedi.

Dilzoda uni ortiq savolga tutmay, Muhiddinning xonasiga kirdi. Bitta shisha allaqachon bo'shagan, ikkinchisi ham yarimlab qolgandi. Kuldondagi sigaret esa tutab yotgandi.

— Nima bo'layapti? — dedi hayron bo'lgan Dilzoda.

— Hech nima.

Unga bir qarab qo'ygan Muhiddin ikkinchi shishadagi pivoni ham qulqullatib icha boshladi.

— Nega ahvolingiz yomon? Tekshiruvchilar biror ayb topishdimi?

— Koshki shunday bo'lganida. Yaramaslar! Itlar! Ulardan hamma narsani kutgandim. Lekin bu darajada pastlik qilishadi, deb o'ylamovdim. Birovning ko'karganini ko'rolmay, shunchalik ham g'ayirlik qiladimi odam? Yana bular madaniyatli emish. He, madaniyatinggayam…

— Tiss, — Dilzoda unga yaqin kelib, qo'lidagi shishani olib qo'ydi, — bunchalik kuyinmang. Qo'ying endi, shular bilan teng bo'lasizmi?

— Bugun menga indamang. Ozgina ichmasam, o'zimga kelolmayman.

— Jonim, unaqa qilmang. Ichsangiz, battar qiynalasiz.

— Jim…. Hammasi yaxshi bo'ladi. Nervlarim joyiga tushadi.

— Xo'p. Faqat shu bittani ichasiz. Keyin hatto sigaretam chekmaysiz.

— Bo'pti. Siz borib, ishingizni qilavering. Keyin o'zim chaqiraman.

Dilzoda yigitning yonidan ketgisi kelmayotgandi. Ammo u yolg'iz qolishni istayotgan ekan, demak, xalaqit bermaslik kerak. Chunki onasi shunday qiladi. Dadasi ichishni boshladimi, yoniga yo'lamaydi. So'ragan narsasini muhayyo qiladi-yu, darrov chiqib ketadi. Dilzoda onasining tutumini tutib, Muhiddinning qo'liga shishasini berib, o'zi tashqariga chiqib ketdi.

Muhiddin ikki shisha pivo bilan qanoatlanmadi. Yana ikki shishani bo'shatdi. Kayfi ancha oshib qoldi. Shu ahvolda boshqalarning ko'ziga ko'rinishni istamay, divanga cho'zildi. Hayal o'tmay, ko'zi ilindi. Tushiga O'jarqul ota kirdi. Oppoq libosda, soqoli o'sib ketibdi. Naq ko'kragiga tushadi. U bir muddat Muhiddinga qarab jilmayib turgach, yelkasiga qoqib qo'ydi-yu, birdan g'oyib bo'ldi. Muhiddin O'jarqul ota bilan gaplashmoqchi, tijorat mening qo'limdan kelmas ekan deb aytmoqchi, unga do'konini qaytarib bermoqchi edi, ammo otani qancha qidirmasin, sira topolmadi. Uyg'onib ketdi. Qarasa, yonida Dilzoda unga tikilib o'tirardi.

— Uxlab qopman, — dedi Muhiddin.

— Shirin uxladingiz. Uyg'otib yubordim, shekilli, — deya Dilzoda jilmaydi.

— Xonim, — uning qo'lini ushladi Muhiddin, — tezroq to'yimizni qilaylik. Men uy sotib olmoqchiman. Shu yaqin atrofdan.

— Uyingiz bor-ku, — dedi Dilzoda hayron bo'lib.

— Bor. Lekin katalakday. Eski shaharda. U yerga sizni oborolmayman.

— Qanaqa bo'lsayam, yashayveraman.

— Yo'q, bo'lmaydi.

Dilzoda uni quchoqlab, yuzidan o'pib qo'ydi.

— Men ham ertaroq to'yimiz bo'lishini xohlayapman. Sizni sirayam yolg'izlatgim kelmayapti.

— Unda juda yaxshi. Bugunoq Mo'min akani topaman-da, sizlarnikiga jo'nataman. Bir oydan keyin to'yni o'tkazamiz. Ungacha uy olishgayam ulguramiz. Men to'rt-besh so'm yig'ib qo'yganman. Anavi katalagimniyam sotaman.

— Siz nima desangiz, shu, jonim.

— Uyingizga telefon qilib, bugun kechroq borishingizni aytib qo'ying. Kechki ovqatni birga qilamiz.

Dilzoda qaddini rostlab, boshini egdi.

— Ruxsat berishmaydi. Kecha adam baqirib berdilar. To'y bo'lguncha do'konda ishlamaysan, dedilar.

— Adangizning o'rnida men bo'lganimdayam, shunday derdim. Unashtirilganmiz. Yoshmiz. Buning ustiga, men bezbetman.

— Unaqa demang.

— Mayli, demadim. Hozir darrov uy bozoriga borishim kerak.

Muhiddin ikki kundan keyin do'konidan bir bekat nariroqdan uy topdi. O'ziyam uchinchi qavat. Hozircha ta'mirlamasayam bo'ladi. Tozagina ekan. Buning ustiga, egasi boshqa shaharga shoshilinch ko'chib ketayotganligi bois arzon ekan. Muhiddinning puli uchma-uch bo'ldi. Lekin u kulbasini sotmadi. Uni sotadigan bo'lsa, to'yini o'tkazib oladi. Yana to'rt kundan keyin uyni butunlay rasmiylashtirib oldi. O'sha kuni Dilzodani olib borib, unga uyni ko'rsatdi. Qizga ham ma'qul tushdi.

— Keyinroq dang'illama hovli qurib berguningizcha yashasa bo'ladi, — dedi u yarim chin, yarim hazil qilib.

— Dang'illama imorat nima bo'libdi, vaqti kelsa, inomarka mashina haydaysiz, — deb g'o'daydi Muhiddin. So'ng qizni mahkam quchoqlab, labini labiga bosdi. Bir qancha muddat qo'yib yubormadi.

— Jonim, — dedi past ovozda erkalangan qiz, — shoshilmaylik, hammasi vaqti-soati bilan bo'ladi. Men sizni judayam yaxshi ko'raman. Siz uchun hamma narsaga tayyorman. Hozir istagingizni bajarishga roziman, lekin hali vaqt bor.

— Tushunaman, — dedi Muhiddin va qizni quchog'idan bo'shatdi.

Keyingi kunlarda Muhiddin ham, Dilzoda ham tinmadi. Chunki Mo'min aka Dilzodaning otasini bir oydan keyin to'y qilishga ko'ndirgandi. Shu qisqa vaqt ichida hamma to'y tayyorgarligini ko'rish kerak, shuning bilan birga, do'kon yumushlariniyam, bir daqiqa bo'lsin, esdan chiqarmaslik lozim edi.

Yigit bilan qiz ba'zida ikki-uch kunlab ham ko'rishmasdi. Biri ish bilan chiqib ketganida, ikkinchisi do'konga kelgan, unisi kelgunicha bunisi ketib qolgan bo'lardi. Vaqt esa shunaqa tez o'tardiki, Muhiddin hatto kunlarni adashtirib qo'ydi. Ana shunday tig'iz mahalda Ra'no qo'ng'iroq qilib qoldi.

— Muhiddin aka, bizni butunlay esingizdan chiqarib yubordingizmi, nima balo? Otpuskangiz tugaganigayam ancha bo'p ketdi. Lekin siz qorangizni ko'rsatmaysiz. Abdug'ulom aka kuniga besh-olti marta so'raydi. Ishga kelmayotganingizdan xavotirda, — dedi u faqatgina o'zigagina xos bo'lgan ingichka, yumshoq, sehrli ovozda.

— Ra'noxon, telefon raqamimni qaerdan topdingiz? — dedi Muhiddin ajablanib.

— Kerak bo'lgandan keyin topaman-da, akajon, — javob berdi qiz.

— Redaktor meni sog'inib qoptimi yoki boshqa dardi bormikan?

— Ko'p gaplar bo'ldi, Muhiddin aka. Anavi Abduvali sariq bor-ku, o'sha Abdug'ulom akani chuv tushirdi. Keraksiz narsani bildirmasdan gazitda bervoribdi. Shef baloning tagida qolib ketdi. Kuni kecha ozgina tinchidi. Abduvalini ishdan haydavordi. Agar ilojini qilsangiz, bugun keling. Xo'pmi?! — deya Ra'no nozlanib xo'rsindi.

Bu paytda Dilzoda Muhiddinning yoniga yaqinlashib qolgandi. Ular kelin ko'ylak buyurtirish uchun shahar markazidagi kelin liboslari saloniga kelishgan, o'ttiz-qirq ko'ylak orasidan amallab bittasini tanlashgandi. Dilzoda o'sha ko'ylakni kiyib ko'rish uchun maxsus xonaga kirib ketgandi.

— Bo'pti, boraman. Mabodo borolmasam, telefon qilaman, — dedi Muhiddin gapni qisqa qilish uchun.

— Albatta, keling. Ha, muzqaymoq esingizdan chiqmasin-a?

 

***

 

Muhiddin biroz qizardi. Shosha-pisha telefonni o'chirdi. Qizning ko'ngliga shubha oraladi. Muhiddin esa Dilzodadan ko'zini olib qocharkan, ko'ylakka tikildi. Yuzida tabassum paydo bo'ldi.

— Malika bo'p ketibsiz, — dedi xursandchiligini yashirolmay, — endi bunday go'zal sanamning yonida qanday yuraman?

— Yarashibdimi? — dedi qiz yigitining maqtovidan boshi osmonga yetib.

— Nimalar deyapsiz? Yarashibdi degan so'z kambag'allik qiladi. Bu ko'ylak faqat siz uchun tikilgan. Tikilmagan, qandaydir… qomatingiz uchun maxsus qolipga solib quyilganmi, deyman-da…

Dilzodaning yuzida yurakni hayajonga soladigan tabassum paydo bo'ldi.

— Ha, — dedi Dilzodaning yonida jilmayib turgan sotuvchi qiz, — siz bitta kelin bo'lasiz. Faqat, — deya Muhiddinga yuzlandi u, — birovning ko'zi tegib qolmasin-a, aka?

— Xavotir olmang, o'rab-chirmab qo'yaman, — dedi Muhiddin unga javoban kulib.

U darrov o'ziga kelib olgandi. Zero, Dilzodaning aqlni shoshirar darajadagi go'zalligiga suqlanib qarab turgan yigit Ra'noning nozlanib qo'ng'iroq qilganini oniy lahzada yodidan chiqardi.

Yigit-qiz tanlagan liboslaridan ko'ngillari to'lib, hazil-huzul qilib, tashqariga chiqishdi.

— Hali sizga kim telefon qildi? — deya so'rab qoldi kutilmaganda Dilzoda. — Juda boshqacha bo'p ketdingiz.

— Ha-a, anavi kotiba, Ra'no. Nega ishga kelmayapsiz deydi, — javob berdi Muhiddin.

— Tushunmadim. Sizni ishga bormayotganingiz bilan uning nima ishi bor ekan?

— Redaktor so'rayapti deydi. Sog'inib qolganmish.

— Kim?

— Rashk qilayapsizmi?

— Ishingiz bo'lmasin. Kim sog'inib qopti?

Javob berishga og'iz juftlagan Muhiddin Dilzodaning orqa tarafida ularga qarab kelayotgan Ra'noni ko'rib qoldi. «Obbo, shu yetmay turuvdi. Ishqilib, buyam bitta ishkalni chiqarmasa, go'rgaydi», xayolidan o'tkazdi u. Muhiddinga ko'zi tushgan Ra'no iljaydi va qo'lini musht qilib ko'rsatdi. Hartugul, uning mushtumini Dilzoda ko'rmadi. Ko'rganida bormi…

— Muhiddin aka! — dedi Ra'no yetib kelmasidan burun o'sha-o'sha shirali ovozda.

Dilzodaning uzun kipriklari pirpirab, ortiga o'girildi. Qorachadan kelgan, sochlarini yoyib olgan, do'mboqqina qiz Muhiddinga qarab erkalangandek iljayib kelayotganini ko'rdi.

Ra'no ularning yoniga yetib kelib, salom bergach:

— Tanishinglar, — dedi Muhiddin qizlarga bir-bir qarab qo'yarkan. Shu asnoda nimadir deyishga og'iz juftlagan Ra'noning gapirishiga imkoniyat qoldirmay: — Bu qiz, — deya Dilzodani ko'rsatdi u, — Xudo xohlasa, yaqinda rafiqam bo'ladi. Bu esa, — Ra'noga ishora qildi yigit, — men ishlaydigan… to'g'rirog'i, ishlagan redaksiyaning kotibasi. Ismlari Ra'noxon.

Kotibaning rangi battar qoraydi. Ichidan zil ketdi. U Muhiddinning kundan kunga boyib ketayotganidan xabardor edi. Ishga yangi kelgan kezlarida Muhiddinni ko'rishi bilan ko'nglida allaqanday iliq tuyg'u paydo bo'lgandi. Keyin esa muharrirga yaxshi ko'rinish maqsadida boyishi oldindan sezilib turgan bu bolaga har xil kesatiq gaplar aytdi, joyi kelsa, jerkib tashladi. Endi bo'lsa… shunday yigitni qo'ldan chiqarib o'tiribdi. Chiroyligina, istaraligina, qaddi-qomati kelishgan raqibasi (u Dilzodaning kimligini bilishi bilanoq shu xayolga bordi) unga ega chiqibdi. «Nega oldinroq Muhiddin akamning ko'ngliga yo'l topmadim? Nega?! Qayoqdagi suprasi quruqlarning qoshu qovog'iga tikilib, shunday barno yigitni boy berib o'tiribman. O'l, Ra'no, bu kuningdan battar bo'l. Shunaqa shalvirab yuraversang, padariga la'nat ikkiyuzlamachi Abduvali sariqdan boshqa birov xotin qilmaydi seni… He, o'lsin, o'sha sariq biram sasiydiki, yoniga yaqinlashib bo'lmaydi. Kelib-kelib, mening tengim shu bo'ldimi?» xayolidan o'tkazdi Ra'no.

— Erta-indin taklifnomamiz tayyor bo'p qolishi kerak. Redaksiyaga oborib beraman, to'yga boringlar, maylimi? — dedi Muhiddin yuzida kulgichi bilan qotib qolgan Ra'noga.

— A-a… ha, boramiz, — deya oldi Ra'no til uchida va xayr-ma'zurni nasiya qilib sevishganlar yonidan nari ketdi.

— Aqli joyidamasmi buni? — dedi uning ortidan qarab qolgan Dilzoda.

— Ha-a… shunaqaroq… — uning gapini tasdiqladi Muhiddin.

— Men sizni birinchi marta rashk qildim, — jilmaydi qiz.

— Endimi?! To'g'risi, bunchalik tez xafa bo'lasiz deb sira o'ylamagandim, — deb Muhiddin o'zicha qovog'ini uyib oldi.

— Do'kondagilardan, umuman, ko'chadagi hamma qizdan rashk qilaman. Lekin bugun anavi qizning ovozini eshitganimdan keyin… To'g'risini aytsam, Muhiddin aka, u juda g'alati bo'p ketdi. Ishqilib, oralaringda hech narsa yo'qmidi?

— Bor edi. G'urbat bor edi. Chaqmachaqarlik bor edi. Bo'ldi, boshqa hech nima so'ramang. Agar yana bir marta shular haqida eslatsangiz… redaksiyaga borib, padaringga la'natilarning jag'ini ezib kelaman. Sizni ko'rib, Ra'noning ichi kuyib ketdi. Uylanmaganimda, boshim qayg'udan chiqmaganida, shefining so'kishlarini eshitib turganimda, yaxshiydi unga…

— Xo'p, jonim. Boshqa so'ramayman, siz ham gapirmang. Shu yerning o'zida hammasini esdan chiqaramiz, — deb Dilzoda Muhiddinni qo'ltiqlab oldi. Ular talay joygacha indamay ketishdi. «Odam deganlari shunchalik ham pastkash, tuban bo'ladimi? Buncha qoralikni qaerdan olishadi ular? Esiz, shuncha vaqtimni shunaqalar orasida o'tkazibman. Darvoqe, Abdug'ulom haqida g'ing demadi-ya. Basharasini qora qoniga belab ketuvdim… Shoshma, Ra'no, shef Abduvalini haydab yubordi dedimi? Har qalay, meni deb haydamagandir. Soliqchilar oldida yuzi shuvut bo'lganidan uyalib… ha-a, esim qursin, sariqvoy gazitda redaktorning boshiga balo yog'diradigan nimadir berganini aytdi. Ey-y, menga nima, undan nariga o'tib ketmaydimi? Ammo keyingi paytlarda hech nima yozmay qo'ydim… Yozishim kerak, yozishim. Bu ahvolda haqiqatan ham hech narsaga yaramaydigan, kichkinagina e'lonni ham yozolmaydigan bo'p qolaman…»

— Hoy yigit, — dedi Dilzoda to'xtab, Muhiddinni o'ziga qaratarkan, — sizga nima bo'layapti? Yana nimani o'ylayapsiz? Indamasam, siz ham bir nima demaysiz.

— Uzr. Restoranga borishim kerakligi esimga tushib qoldi. Qandaydir kamchilik borligini aytishuvdi telefonda.

— Birga borib kelaylik.

— Yo'q, yaxshisi, siz do'kondan xabar oling. Kechqurun ko'rishamiz.

Muhiddin hozir yolg'iz qolishni istayotgan, uyiga borib, hammasini bir boshdan rejalashtirishni mo'ljal qilgandi. Shu bois qizni aldadi.

Uyiga borganidan keyin hech nimaga qo'li bormadi. Hatto biron nimani o'ylashga-da madori yetmay, darrov uxlab qoldi. Agar Dilzoda qo'ng'iroq qilib qolmaganda, namozshomgacha ham uxlab yotaverardi.

— Ertaga qishloqqa borib kelishim kerak, — dedi Muhiddin ko'zini ishqalab derazadan tashqariga qarab qo'yarkan, — bittayu bitta tog'am bor. To'yga aytmasam bo'lmaydi.

— Qanaqa tog'angiz? Nega menga u haqda hech nima demagansiz? — deya hayron bo'ldi Dilzoda.

— Keyinroq aytmoqchiydim.

— Tog'angiz bo'lsalar, albatta, ayting. Bir kuni ko'z ko'zga tushganda, uyalib qolasiz, xafa bo'ladi, — dedi qiz maslahatomuz ohangda. So'ng xo'rsinib, qo'shib qo'ydi: — Do'kon ertagayam mening zimmamda bo'larkan-da… Ha, ukamniyam do'konga oborsam-chi, bozorda ishlarim bor edi. U do'konga ko'z-quloq bo'lib turardi.

— Avvalroq qilishingiz kerak edi bu ishni, xonim.

— Bo'pti, Muhiddin aka, oyim kelayaptilar, — deb Dilzoda go'shakni qo'ydi.

Muhiddin miyig'ida kulib: «Hali oyingdan tortib olaman, ana undan keyin sen bilan menga xalaqit berish qanaqa bo'lishini ko'radi», deya xayolidan o'tkazdi, so'ng yuvinish xonasiga kirib ketdi.

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV

 

 

loading...