KALLAKESAR… (2-qism)

0

 

 

TUTQUNDA

 

***

 

«Mana shu yerdan jilmasligim kerak, — o'yladi Mehmonali uyoqdan-buyoqqa qo'llarida zil-zambil sumkalar bilan o'tib turgan yo'lovchilarga zimdan boqib. — Tursam, kimdir egallab qo'yadi. Undan keyin qaerda mizg'iyman. Ertaga mardikorlikka chiqishim zarur. Aks holda ochdan o'lish hech gapmas. Chidayman, bardosh qilaman… Eh, tog'a, tog'a, shunchalik ablahligingni bilmas ekanman. Bolalikdan ikkalamiz tepishib katta bo'lgandik. Seni «tog'a»mas, «aka» deb chaqirardim. Sen ham hech qachon meni «jiyan» deb atamagansan. Endi nega to'ningni teskari kiyib olding? Bobom rahmatlining «Xotin topiladi, ammo jigar topilmaydi» degan o'giti esingdan chiqdimi? Essiz, senday bag'ritosh bilan birga ulg'aygandan ko'ra axlatxonalarda yashab ulg'aysam alam qilmasdi…»

Bir-biridan ayanchli, vahimaga qorishiq, dardli, alamli o'ylar Mehmonalining miyasini uzoq vaqt kemirdi. Bilmaydi, tun yarimlagandami, ishqilib, vokzalda yo'lovchilar hiyla kamaygach, uyqusi kela boshlaganini his etdi va sumkasini yostiq o'rnida qo'yib, uzala tushib yotgancha ko'zlarini yumdi.

 

* * *

 

Yo'l charchatgan chog'i, Mehmonali darrov uxlab qoldi. Tushiga bobosi va buvisi kirganmish. Ular Bachqirariqning ikki qirg'og'ida turarmish-u, nuqul mushtlarini o'qtalgancha Mehmonaliga po'pisa qilisharmish. U qancha qichqirib, bu po'pisalar sababini so'ramasin, indashmasmish…

Mehmonali qora terga botib uyg'ondi. Uyg'ondi-yu, dast o'rnidan turib bosh tarafiga qaradi. So'ngra hech narsaga tushunmay ko'zlarini ishqalay-ishqalay yana o'sha tomonga boqdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, yo'l xaltasi joyida yo'q edi. Mehmonali azbaroyi yuragini vahm bosib tevarakka alangladi. Yo'lovchilar ahyon-ahyonda o'tib qolishar, o'rindiqlarda erkag-u ayol yastanib olgancha mudrardi.

«Endi nima qilaman? — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali uyoqdan-buyoqqa yurgan ko'yi boshini changallab. — Pullarim, pasportimni qanday topaman endi? Nima bo'ldi-yu, boshim ostidagi xaltani o'g'irlatsam? Kim o'g'irladi? Nega?..»

Mehmonali shu taxlit yarim soatcha vokzalni kezdi. Mo''jiza sodir bo'lishiga, xalta quchoqlagan o'g'rini ko'rib qolishiga umid bog'ladi. Baxtga qarshi bu mo''jiza sodir bo'lmadi. O'zi sezmagan holda tashqarini kuzatib yurgan militsionerga urilib ketdi.

— E, ichvolganmisan, yigit? — o'dag'aylab berdi militsioner. — Ko'zingga qarab yursang o'lasanmi?

— Kechirasiz, aka, — dedi Mehmonali aybdorona bosh egib. — Sizni payqamay qolibman.

— Qani, to'xta-chi, — militsioner birdan sergak tortib, Mehmonalining tirsagidan tutdi. — Qaerdan kelding? Hujjatlaringni bir ko'rib qo'yaylik-chi, okasi!..

— Men… Haligi… — chaynalib beixtiyor kissalarini kovlashtira ketdi Mehmonali. — Hujjatim…

— Namuncha chaynalasan? — do'qlay boshladi militsioner qo'lidagi charm tayog'ini o'ynatib. — Qani pasporting? Shaharga nima niyatda kelding?

— Ochig'i… — tutila-tutila rostini aytishga tutindi Mehmonali. — Pasportimniyam, pullarimniyam boyagina o'g'irlatib qo'ydim.

— Nima? — militsioner ko'zlarini kattaroq ochib, Mehmonaliga hayrat aralash razm soldi. — Kimni ahmoq qilmoqchisan-a o'zi?

— Aka, ishoning, — dedi Mehmonali o'rindiqlar tomonga ishora qilib. — Hov anavi yerda uxlab qolgan ekanman charchab. Yo'l xaltam boshimning ostidaydi. Uyg'onib ketib qarasam… G'oyib bo'libdi.

— Shunaqa degin? — bu gapdan so'ng militsioner sal shashtidan tushib muloyimlashdi. — Nega keluvding o'zi poytaxtga?

— Rostini aytsam, tirikchilik qilib, mardikor ishlab picha pul orttirmoqchiydim.

— Xo'sh, shu gaplaringga qanday ishonay, uka? — so'radi militsioner ko'zlarini lo'q qilib. — Men qaerdan bilaman? Balki sen qaysidir turmadan qochib berkinib yurgandirsan? Yo adashdimmi?

— Aka, ishoning, — dedi kuyinib Mehmonali. — Qishloqdan, hov Mehnatobod degan yerdan keldim. Turmadan qochmaganman.

— Qani, yur, bo'limga boraylik, o'sha yerda aniqlaymiz, — dedi militsioner aftini bujmaytirgancha goh o'ng, goh so'lga alanglab olarkan. — Yur tez!..

Mehmonalining buyruqqa bo'ysunishdan bo'lak iloji ham yo'q edi. Garchi shayton «orqa-ketingga qaramay qochvor, yetib bo'lishibdi bular», deya betinim uqtirayotgan bo'lsa-da, taqdir hukmiga bo'ysunishni ma'qul ko'rdi. «Balki shuyam yaxshilikkadir», degan o'yda bo'shashgancha militsionerning oldiga tushdi.

 

* * *

 

Vokzal militsiya bo'limida Mehmonalini olib kelgan xodimdan tashqari yana bir leytenant nimalarnidir yozar, qarshisidagi kursida esa Mehmonali kabi bir musofir yigit rangi bo'zargan ko'yi leytenantga umidvor boqardi.

— Mana, yana bir dezertirni opkeldim, — dedi militsioner xonaga kirishgach, qo'lidagi charm tayoqchani mixga ilib. — Na hujjati bor, na o'zining tayini borakan.

Leytenant yozishdan to'xtadi-da, boshini ko'tarib Mehmonaliga hayrat aralash qaradi. Shu taxlit chamasi o'ttiz-qirq soniya qarab turdi va daf'atan o'rnidan turdi-yu, kursida o'tirgan yigitga o'shqirdi.

— Yo'qol! Qaytib qorangni ko'rmay!..

Yigit shuni kutib turgan ekanmi, sapchib o'rnidan turdi va leytenantga yasama qulluq qila-qila tashqariga chopdi.

— Dezertir deysanmi? — so'radi leytenant Mehmonalini boshdan-oyoq kuzatib. — Jinni bo'lganmisan, serjant? Qanaqa dezertir? Qishloq yigitiga o'xshaydi-ku! Bo'shashganini qara! Shu dezertirlik qila oladimi-a?

— Men qaydan bilay? — zarda bilan naridagi oromkursiga o'tirib oldi serjant. — Qo'lida hujjatiyam yo'q ekan. Nimaymish, o'rindiqda uxlab qolganmish-u, kimdir hujjati-yu, puligacha shilib ketganmish.

— Qaerliksan? — so'radi Mehmonalidan leytenant. — O'tirvol, uka!.. Juda yaxshi! Qani, endi gapir!

— Qo'qonlikman, — dedi hazin tovushda Mehmonali. — Pasport, pullarni o'g'irlatganim rost.

— Poytaxtga nega kelding o'zi? Qo'qoningda ish qolmadimi qiladigan?

Mehmonali beixtiyor ma'yuslanib, bosh egdi. «Aytsammi, aytmasammi?», degan o'yda bir muddat bosh qashib turdi. Nihoyat, aytmaslikka, yolg'on to'qishga qaror qildi.

— Onam kasal, — dedi boshini devorga burgan holda lab tishlab. — Mendan bo'lak qaraydigani yo'q. Qarindosh-urug'lar ham o'z yo'liga. Ochig'i, dori-darmonga pul qolmagandi. Shunga… Mardikor ishlashga keluvdim.

— Shunaqa degin? — leytenant bu gapdan so'ng sal shashti pasaygan kabi qayta joyiga o'tirdi. — Qani, o'tir-chi bu yerga!.. Onang… Og'ir kasalmi? Shunchalik jiddiymi?

— Ha, jiddiy. Yo'qsa bu yerlarga kelib o'tirmasdim.

— Armiyada bo'lganmisan?

— Ha, chet elda xizmat qilganman.

— Qanaqa qismda?

— Desantchilar polkida.

— Zo'r, bu juda zo'r! Demak, hujjat, pullar ketdi qulog'ini ushlab, shundaymi?

Mehmonali javob o'rniga boshini silkitib qo'ya qoldi.

— Bironta kvartira topib… Ha-ya, birinchi kelishing bo'lsa, qaydanam kvartira toparding… Mayli, ism-familiyangni ayt! Biz harakat qilamiz hujjatingni topishga.

— Mehmonali Qo'qonov Saminovich.

— Yetadi. Hozir… — Leytenant bosh qashib turdi-da, oq qog'ozga nimalarnidir yozib, Mehmonaliga tutqazdi. — Mana shu manzilga borib Fozil aka degan odamga uchraysan. Meni aytdi desang, bir kechaga joy beradi. Hammasini yozib qo'ydim, uka. Kechasi vokzalda daydib yurmagin!..

Mehmonali qog'ozni olib kissasiga soldi-da, leytenantga minnatdorchilik bildirib tashqariga yo'l oldi. Ammo qog'ozda ko'rsatilgan manzilga bormadi. Mardikor bozor yonidagi ko'prik ostida tunashni ma'qul ko'rdi. So'ray-so'ray, o'sha tomonga boradigan avtobusni topdi-yu, tavakkal yo'lga tushdi.

 

QULLIKDA

 

* * *

 

Bahor havosi juda yoqimli edi. Biroq kimsasiz ko'prik ostida tunash oson kechmadi. Eski shahar yaqin bo'lgani sababmi, ko'prik ostidan goh yovvoyi mushuklar yugurib o'tib qolar, goh adashgan-netgan itlar iskalanib kelib, Mehmonalini bezovta bo'lishga majbur etardi. Mehmonali barchasiga chidadi. Militsionerlar yo'qligiga shukr qilib, ko'prik ostida kurtkasiga burkangancha mijja qoqmay tong ottirdi. Olam g'ira-shira yorisha boshlaganda, nihoyat mardikor bozorga asta-sekin odamlar oqib kela boshladi. Mehmonali umrida bunday ishga chiqib ko'rmagani bois, qay biri ishga oluvchi-yu, qay biri mardikor ekanini uncha idrok eta olmasdi. Shuning uchun kelgan har bir odamga yaqin borib, umidvor termilishdan tiyilmadi. Kimgadir ishchi kerak bo'lsa, albatta yuzlanib qolishiga umid bog'ladi. Shunday bo'ldi ham. Gavdali, soqol qo'ygan, yoshi oltmishdan oshgan sersavlat otaxon shoshilmasdan yurib keldi-da, yurishdan to'xtamay, turnaqator turganlarga bir-bir razm soldi. Shu taxlit borib Mehmonalining ro'parasida to'xtadi.

— Bolam, ishga borasanmi? — so'radi muloyim ohangda. — Sendan so'rayapman, ho'v bola!

Mehmonali rostakamiga hayajonlanib qolgandi. Ishi o'ngidan kelganigami, kalovlana boshlagandi. Qariyaning do'rillagan tovushi hushiga keltirdi.

— H-ha, boraman, — dedi u ikki qo'lini ko'ksiga qo'yib. — Nima ish, ota?

— Katta hovlida ishlaysan, — dedi otaxon uni boshdan-oyoq kuzatib. — To kech kuzgacha ishlaysan. Har ishlagan kuning uchun 25 so'mdan beraman.

Bu mardikor uchun haqiqiy baxt edi. Kunlik ishga borgan taqdirda ham shuncha haq berishadi. Qishloqdoshlari aytgan. Demak, juda ma'qul baho. Kech kuzgacha ishlasa, yotar joyi ham tayin bo'lishi aniq.

— Nima ish? — qayta so'radi Mehmonali ehtiyot shart. — Axir…

— Hovlida nima ish bo'lardi? Mayda-chuyda ishlar-da! Tomorqa bor picha, keyin… Buziladigan uy deganday… Qolgani yo'l-yo'lakay topilaveradi. Ko'p ikkilanaverma, yo'qsa boshqasini opketib qolaman, bola!..

— Yo'q, boraman, — dedi Mehmonali hovliqib. — Ketdik unda, ota!

— Faqat aytib qo'yay, dangasalik qilish yo'q! Men dangasa, quloqsizlarni yomon ko'raman!

— Tushundim!..

Qariya aytgan manzil shahardan ancha chetda ekan. Havo toza, tevarak keng dalalar bilan qoplangani Mehmonalini yanada mamnun etdi. Bobo uyidan quvilib ko'chada qolib ketmaganiga suyundi. Mashina chala bitgan hovli ro'parasiga kelib to'xtagach, pastga tushib qariyaning ortidan ergashdi. Hovlining narigi chetida to'rt nafar o'zidan uch-to'rt yosh katta, barvasta yigitlar qarta o'ynab o'tirishardi. Qariyani ko'riboq dast o'rinlaridan turishdi-da, ular tomon chopishdi.

— Yurlaring senlaram yerto'laga, — buyurdi qariya yigitlarga. — Bor, eshigini och!

Yigitlardan biri chopgancha borib yerto'la eshigini ochdi.

Ichkariga kirishgach, negadir eshikni tambalashdi. Mehmonali beixtiyor ko'ngli g'ashlangandek tuyilib, qariyaga, yigitlarga javdiradi.

— Pasportni ber, bola, — kutilmaganda qariya qovog'ini uyib Mehmonaliga o'dag'ayladi. — Nega qaqqayib turibsan? Pasportni ber dedim!

— Pasportim yo'g'idi, — dedi Mehmonali sergak tortib. — Yo'qotib qo'yganman.

— Nima?.. Mayli-i, bu juda yaxshi-i! Qani, Arslon, unda bu yigitning qo'l-oyog'ini zanjirlanglar!..

Ko'pchilik, baribir ko'pchilik-da! Bitta-bitta chiqsa, Mehmonali bu barzangilarni «eb» tashlardi. Ammo bunday qila olmadi. To'rt barzangi suvarakdek yopirilib, Mehmonalini yerga yotqizib olishdi oyoq-qo'lini zanjirlab tashlashdi.

— Bu… Nima qilganingiz, ota? — baqirdi Mehmonali siltanib. — Niyatingiz nima o'zi? Qanaqa odamsi-iz?..

— Ko'p bo'kirma buqaga o'xshab, — uning tepasiga keldi-da, ko'rsatkich barmog'ini o'qtaldi qariya. — Sen bugundan boshlab mening qulimsan. G'ing deb tovush chiqarsang, tuhmat qilib qamattirvoraman!..

Shunday dedi-yu, qariya ikki barvasta yigitni ergashtirib chiqib ketdi. Shu ondayoq yerto'la eshigiga qulf urildi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

 

 

loading...