ShE'RIM, YaNA SENGA YuKINDIM, NETAY…

0

 

 

***

 

Bizni nochor demangiz, Biz nochordan bezganmiz. Nochorning ko'chasida, keragicha kezganmiz. Orzumandga ham yo'ymang, Orzuga biz begona. Biz shunchaki orzuni, orzulagan devona. “Ko'mganda kulgur”, deya qarg'ab turar allakim. Gar kulsak, ko'milishdan asrab turar allakim. Xayolparast ham demang, Qalbimiz tund xayoldan. Xayol elchisi faqat darak berar zavoldan.

Bizni xudbin ham demang, Oromingiz buzmaymiz. Nafrat qo'zg'olmasin deb ko'zguga ko'z suzmaymiz…

Umrimiz zulmat yanglig', yo'qsillikka quldirmiz, Yona bilmas, tutamas ikki hovuch kuldirmiz…

 Ketar jafoimizda Bo'tadek bo'zlamangiz, Ko'ngil qurg'urimiz bo'sh, Shirin so'z so'zlamangiz. Bizning telba qayda deb, uzzukun izlamangiz, Qish, kuzni bizga bering, Qishlamang, kuzlamangiz.

Izn bering, biz ham, bi-ir ko'z yoshlarsiz kulaylik. Hayratlarning zo'ridan qotiblar-a qolaylik…

Shunda bizning ko'chada ka-atta bayram bo'lardi. Alam armonimizga tiqiliblar o'lardi.

Olimjon HAYIT

 

 

 

 

loading...