MUHABBAT VA NAFRAT… (13-qism. Birinchi kitob)

0

 

 

* * *

 

Elyor yana umid bilan qizni kutdi. Buni qarangki, atay qilganday, u otasi ketishi bilan kirdi.

— Siz bu yil maktabni bitirdingizmi? — so'radi yigit shoshib.

— Nimaydi?.. — deya sekin dasturxon ustiga choynakni qo'ydi Nargiza.

— Mening singlim bor. U bu yil o'qishga kiraman deb, rosa to'polon qildi-da. Keyin yana bir-ikkitasidan eshitdim, shu yil bitirganlarning ko'pchiligi janjal qilishni yaxshi ko'radigan qizlar ekan.

— To'g'ri aytishibdi. Men ham beting-ko'zing demaydiganlar xilidanman. Ayniqsa, begona, betayin shilqimlar biror nima deb qolsa, ayamayman.

— Lekin sizni ko'rgan odam bunday deb o'ylamaydi.

— Ko'rinishim yolg'onchi. Otamni bilasiz-ku, to'g'rimi? Men otamdan ham o'tib tushaman. O'zi hozir bemaza bolalar ko'payib ketdi-da. Bitta qizni ko'rsa bo'ldi, og'zidan suvi oqib, hiring-hiringga o'tadi.

— Ammo men unaqamasman.

— Menimcha, aynan shunaqa lo'ttivozlarga o'xshaysiz.

— Qoyil, bir og'iz gapirdimmi-yo'qmi, kim-kimlarga o'xshatib tashladingiz. Lekin aytib qo'yay, otangiz juda yaxshi odam. Kolxozdayam obro'si baland.

Qiz jilmaydi. Jilmayishi maftunkor, odamni asir qilib olish darajasida yoqimli edi.

— Rahmat, — dedi Nargiza va bir-bir qadam bosgancha chiqib ketdi.

 

* * *

 

— Bu yerda allamahalda sen nima qip turibsan? — so'radi Ma'ruf hayron bo'lib.

— Men… haligi mushukcham bor-ku, shu qochib ketdi. Oqshom birorta it tutib olib, o'ldirib qo'ymasin dedim-da… Shu yoqqa qochdi. Pomidorlar orasiga kirib ketdi. Keyin men topolmay qoldim. Endi nima qilaman, deb turgandim.

— Mushukchangni izlayapsanmi?..

— Ha, mushukchamni.

— Demak, pomidorlar orasiga kirib ketgan…

— Ha.

— Yarim oqshomda-ya?..

— Ustimdan kulyapsizmi? — dedi Nargiza.

U titrab ketdi. «Sharmanda bo'lding. Senga shu kerakmidi? Kelib-kelib, oilangni sariq chaqaga olmaydigan, kerak bo'lsa, jirkanadigan odamni yarim kechasi, hech qursa, bir marta ko'rish ishtiyoqida kelishga balo bormidi? Mana endi mulzam bo'lib turibsan. Hozir shunday mazax qiladiki, tug'ilganingga pushaymon yeysan» deya ichida o'z-o'zidan nafratlandi.

— Kulmayapman, — dedi Ma'ruf ma'lum vaqtdan keyin jiddiy tortib, — urishyapman. O'rningda singlim Mahliyo bo'lganida bormi, hech ikkilanmay, yuziga shapaloq tortgan bo'lardim. Nima bo'lgandayam, bu mahalda pomidor orasida pishirib qo'ygani yo'q. Mening o'rnimda boshqa birov ko'rib qolganida, nima xayolga borardi?

Yigitning gaplari Nargizaning chiroyini ochdi. Ichida shunday shodlik paydo bo'ldiki, sal qursa, Ma'rufni quchoqlab, yuzidan o'pib olay dedi. Axir u kuyunyapti. Ha, Nargizaning kechasi yurgani uni tashvishga soldi. Demak, befarq emas, atayin qizning jig'iga tegish uchun o'zini olib qochib, qo'rslik qildi.

— Meni birov ko'rmaydi, — dedi qiz shodon ovozda, — ko'rolmaydiyam.

— Nega endi? Men ko'rdim-ku.

— Siz bilgansiz. Sezgansiz. Shuning uchun adashmasdan to'g'ri keldingiz.

— Shuncha bilimdonligingni bilmagan ekanman. Mayli, bugun indamayman. Kayfiyatim yaxshi. Nima uchunligini bilasanmi?

— Bilmayman.

— Men ham bilmayman.

— Tavba qildim. Kayfiyati yaxshi ekan-u, lekin negaligini bilmaskan, — deya Nargiza qiqirlab kulib yubordi.

— Jim… — dedi yigit shivirlab. — Esing joyidami?.. Uydagilarning birontasi eshitib qolishi mumkin.

— Qo'rqasizmi?

— Endi ja qo'rqmayman-u, har qalay, sen bilan yarim kechasi gaplashib turganimni ko'rmaganlari ma'qul.

— Birinchidan, yarim kechasimas. Ikkinchidan, shunday deyishingizning o'zi qo'rqayotganingizni bildirib turibdi.

— Bo'ldi! Indamasam, Mahliyodan ham o'tgan mahmadona bo'p ketyapsan.

— Dugonam-da u. Gaplashib yuraverib, bir-birimizga o'xshab qolganmiz.

— Shoshma, adi desam, badi deyaverma. Nima qip yuribsan bu yerda?

— Mushugim…

— Bo'ldi, ertagingni eshitdim. Lekin, chindan, nima qip yuribsan, shuni menga ayt?..

Nargiza boshini egdi. Xo'rsindi va bir muddat sukut saqlab turdi-da:

— O'zingiz bilmaysizmi? — dedi past ovozda.

Shu payt Ma'rufning xayoli buzildi. Axir ayni muddao-ku. Hozir har narsa qo'lidan keladi. Demak, bemalol qizning otasini yer bilan bitta qilib, so'ng ustidan kulishi mumkin. Qiz e'tiroz bildirmaydi. Qaytanga shunday bo'lishini uning o'zi xohlab turibdi.

U bir qadam bosib, qizga yanada yaqin keldi. Endi yigitga Nargizaning nafasi eshitilib turar, uning hayajonlanayotganini idrok etardi. O'zining-da yuragi allanimalarni his etib, bezovta ura boshladi.

— Siz, — dedi Nargiza qaltirab, — otamni kechiring…

Ma'rufning boshiga birov gurzi bilan urganday bo'ldi. Uning ko'z o'ngida Haybatullo paydo bo'ldi. Qisiqko'z, bujmaygan sap-sariq bashara. Keyin uning o'ziga o'xshagan yoqimsiz gaplari…

— Shuning uchun kelganmiding?! — dedi yigit dag'al ovozda.

—…

Qiz ortiga tisarildi va shu zahoti ko'zida yosh paydo bo'ldi. Oy to'lin edi. Hamma yoq sutdek yorug'. O'sha yorug'likda qizning ko'zidagi yosh yiltillab ketdi. Ana shu yiltillash Ma'rufning qahr-g'azabini ham, yovvoyi tuyg'ularini ham parchalab tashladi. U yuvosh tortdi. Sekingina pomidor poyasi pushtiga o'tirdi-da, boshini kaftlari orasiga oldi. Nargiza ohista yuzidagi yoshni artdi. Bir muddat yigitga termilib qoldi, so'ng uning yonginasiga o'tirdi. Jasorati ustun kelib, Ma'rufning yelkasiga boshini qo'ydi.

— Senga bularning bari nega kerak? — dedi Ma'ruf bir muddat jimlikdan so'ng.

— Bilmayman… Balki, oilalarimiz yarashishini istarman. Otamning aytishiga qaraganda, yuz yillar avval biz bir oila bo'lgan ekanmiz. Aniqrog'i, ota-bobolarimiz.

— Yana nimalarni aytgan otang?

— Aytishicha, otamning bobosi qaysidir dasht joydan ko'chib kelgan ekan. Keyin shu yerning boylari qo'lida azbaroyi qornini to'yg'azish uchun ishlagan, boy juda qattiq azob bergan ekan…

— Nahotki? Shunaqamikan? Menimcha, sal boshqacharoq bo'l-gan bo'lsa kerak. Bir bechorani ochlikdan qutqarib, ma'lum vaqtdan so'ng uylantirib, yana to'la oyoqqa turib ketishiga yordam berish azoblash bo'lsa, men ham jon-jon deb azoblangan bo'lardim…

— Ma'ruf aka, men eshitganimni aytdim.

— To'g'ri, alaloqibat o'sha non-tuz bergan odamlarini inqilobchilarga sotishgan. Keyin bobom bechorani quloq qilishgan. Bundan foydalangan batrak xo'jayinining uyida qozon bormi, gilam bormi — hamma-hammasini o'zinikiga tashib ketgan. Yana… bunisi eng dahshatlisi, xo'jayinning qizining nomusini toptamoqchi bo'lgan!

Nargiza birdan boshini ko'tardi va hayrat to'la nigohini Ma'rufga qadadi.

— Bularni otang aytmaydi. Balki, bilmas, otasi gapirib bermagandir. Qanday gapirsin? — davom etdi Ma'ruf.

— Demak, sizning, otangizning oilamizda qasdi bor ekan-da.

— Yo'q. Kim-kimlardan qolgan eski narsani o'ylab, eslab, g'avg'o chiqarishdan kimga foyda? Meni hozirgi kun qiziqtiradi. Otang… Otang bilan tenglashmayman.

Nargizaning yuzida tabassum paydo bo'ldi.

— Rahmat sizga. Siz, baribir, boshqachasiz.

— Endi uyingga borib, yotib uxla. Men seni ko'rmaganman, gaplashmaganman. Mahliyogayam hech narsa dema. O'zing uyalib qolasan.

— Xo'p bo'ladi. Sizning har bitta gapingiz men uchun qonun. Lekin sira ketgim kelmayapti.

— Qiziqsan-ku, men qaytanga seni qo'yib yubormasligim kerak.

— Bir safar almashdik-da. Keyingi safar «Qol», desangiz ham, ketib qolaman.

— Bo'pti, bor endi.

Qiz ketdi. Ammo besh-olti qadam bosar-bosmas to'xtab, ortiga o'girildi.

— Ma'ruf aka, — dedi past ovozda.

Yigit uni kuzatib turgandi. To'xtab o'girilganiga hayron bo'ldi. Keyin uzoq masofadan gaplashayotganliklarini birov eshitib qolmasin, degan xayolda uning yoniga bordi.

— Nima deysan? — deya qizga termildi.

— Nimagadir chigirtkalar sayramayapti-ya?..

Ma'ruf atrofga alangladi. Qulog'ini ding qildi. Darhaqiqat, chigirtkalar sayramayotgandi. Odatda, bunday paytda ularning ovozi o'chmasdi.

— To'g'ri. Hamma yoq sutday yorug' bo'lsayam, vahimali. Shularniyam sayrab turgani yaxshi ekan. Men seni kuzatib qo'yaman.

— O'zim ketaveraman. Uydagilar siz bilan birga ko'rib qolishmasin.

— Shu yergacha mardlik qilib kelganding-ku. Birdan qo'rqib qoldingmi?

— Bilmadim, kelayotganimda, hech nimani o'ylamagandim, — javob berdi qiz.

— Mayli, unda shu yerdan qarab turaman, ketaver.

— Xo'p, — dedi qiz itoatkorlik bilan va sekin yurib ketdi.

Ma'rufning yuragi bezovta bo'la boshladi. Nazarida, kimdir ularni kuzatib turganday edi. Avval uyi tomondan xavotirlandi. Singlisi, onasi ko'rgan bo'lsa, mayli-ku, lekin otasining ko'zi tushgan bo'lsa, ahvol chatoq. So'kadi. Ehtimol, bir-ikki shapaloq urishi ham mumkin. Aslida, so'kish, urishishdan ko'ra, uning bir-ikki shapalog'i afzal. Chunki yuzi bir qiziydi. Shu bilan o'tib ketadi. Ammo urishsa, Ma'ruf anchagacha o'ziga kelolmay yuradi.

U nigohini Nargiza tomonga qaratdi. Qiz ancha olislab qolgandi. Ma'ruf «Bo'ldi, ketdi» deya ko'nglidan o'tkazishi bilan ko'zi qandaydir sharpaga tushdi. U tanasi quchoqqa sig'maydigan tut yonida edi. «Hozir Nargiza uni ko'rib, qo'rqqanidan baqirib yuboradi» deb o'ylagandi yigit. Ammo Nargiza sharpani ko'rmadi. Boshini xam qilgancha o'tib ketdi yonginasidan. «Ko'zimga ko'rindi, shekilli» deya ko'nglidan o'tkazgan Ma'ruf sharpadan nigohini uzmagan ko'yi sekin o'tirdi. Shunda sharpa qimirladi va Nargizaning ortidan tushdi. Ma'rufning yuragi bezovtalandi.

Haybatullo o'ziga yarasha ziyrak edi. O'zi dunyoni buzgudek xurrak tortsa, uyg'onmasdi. Keyin xotirjam kunlari orqasini birov kesib ketsa, sezmaydigan darajada qotib uxlardi. Ammo bezovta bo'lgan kuni uning uyqusida halovat yo'qolardi. Bugun ham shunday bo'ldi. Chunki qizining kunduzi Ma'ruf bilan uchrashganini o'z ko'zi bilan ko'rgan edi-da. «Kechqurun ko'rishishga kelishib olgan bo'lishmasin tag'in» degan o'yga bordi va ancha mahalgacha uxlayolmay yotdi. Ko'zi endi ilinganida esa, qulog'iga eshikning sekin ochilgani eshitildi. Bir-ikki daqiqa indamay yotdi. So'ng qizini poylab chiqdi. Ko'nglidagi ish bo'ldi. Qizi qo'shnisinikiga o'tdi. Norqulning ekinzoriga kirdi. Ko'p o'tmay, Ma'ruf paydo bo'ldi. U qancha harakat qilmasin, ularning gaplarini eshitmadi. Biroq qizi bilan Ma'ruf yonma-yon o'tirganini ko'rganida, ko'zi qinidan chiqib ketay dedi. Shunday bo'lsa-da, tishini tishiga bosib, chidadi. Uchrashuvning oxirini kutdi. Hartugul, yigit bilan qiz ortiqcha harakat qilmadi. Lekin ko'rganlarining o'ziyoq qiziga yaxshilab jazo berishga yetardi.

Nargiza hovlida to'xtadi. Otasining xurragi eshitilmayotganidan xavotirga tushib, yon-atrofiga alangladi. Ammo ortiga qarash xayoliga kelmadi. Qaraganida, padarini bemalol ko'rgan bo'lar va uyga kirmasdan qochib ketardi. Bu ham ehtimol. Chunki u qochadigan yoshdan o'tgan, uncha-muncha kaltaklanishga turib beradigan payt kelgan edi.

Qiz uyga kirdi.

Uning ortidan Haybatullo yo'rtdi. Undan-da orqada bo'lgan Ma'rufning esa qo'llari musht bo'lib tugildi.

Biroz o'tib, qizning chinqirgani eshitildi. Ana shunda Ma'ruf butunlay tamom bo'ldi. Unga qolsa, yugurib uyga kirar, qizini savalashga tushib ketgan Haybatulloning qo'lidan xivichni tortib olardi. Lekin uning borishi ichkaridagi janjalni yanada kuchaytirib yuborishi kunday ravshan edi.

Nargiza chiroqni yoqmasdan endi joyiga cho'zilgan edi hamki, «chirq» etgan tovush chiqdi. Keyin birdan uy ichi yorishib ketdi. Qo'rqib ketgan qiz birdan yostiqdan boshini ko'tardi.

— It emgan, haromi! — baqirdi Haybatullo.

Karomat opa ham shu uyda edi. U ham cho'chib uyg'onib ketdi.

— Dada!.. — dedi Nargiza qo'rqa-pisa.

— Dada, dema meni, it! Men sening dadang emasman! Sen mening qizim bo'lishga noloyiqsan!

Haybatullo avval qizining ustidagi ko'rpani olib tashladi. So'ng havoda xivichning ovozi eshitildi. Xivich behi novdasidan edi. Uncha-munchaga sinmasdi. Buning ustiga, yumshoq joyga tekkanda kesib o'tgudek bo'lardi.

Nargiza chinqirdi. Karomat opa o'zini qizining ustiga otdi. Ona-bolaning dodlashi tashqariga, hattoki ko'chagacha eshitilardi.

Haybatullo ularni joni boricha urar, urgani sayin qoni jo'shib, battar quturardi. Hovligacha kelgan Ma'ruf tipirchilab qoldi. U nima qilarini bilmay, bir necha marta devorni tepdi. Aniq biladiki, uyga kirsa, Haybatulloning qo'liga yopishsa, janjal yanada kattalashadi. Ehtimolki, berahm ota butun qishloqni boshlab kelishi ham mumkin. Keyin hammasi tamom bo'ladi. U qishloqdan chiqib ketishga majbur… Ammo ichkarida Nargiza uni deb kaltaklanyapti, azoblanyapti.

U ko'cha tomon yugurdi. Biroz uzoqlashgach, to'xtab, yerdan timirskilagancha tosh topdi va Haybatulloning tomiga uloqtirdi. Shifer taraqlab ketdi. Bu paytda Haybatullo jiqqa terga botgan, og'zida tupugi qotgan, qizining nozik beliga navbatdagi zarbani berayotgandi. Taraqlash uni cho'chitib yubordi. U urishdan to'xtab, so'kingancha tashqariga quloq soldi. Yana bir tosh shiferga tegdi.

— Onangni uch-qo'rg'ondan ko'ray, it emgan! — deya tashqariga yugurdi.

— Qizim, — dedi lablari dir-dir titrayotgan Karomat opa, — qoch! Teraskaga chiq. Keyin derazadan o'zingni tashlab qoch! Dadang o'ldirib qo'yadi!

Nargiza bir xayol shunday qilmoqchi bo'ldi. Biroq so'nggi daqiqada:

— Yo'q. Qochsam, dadam sizni sog' qo'ymaydi. Nima bo'lsa, bo'ldi, aya! — deya yuzini yostiqqa bosdi.

Haybatullo toshni Ma'ruf otgan deb taxmin qilgandi. Shu bois ularnikiga yugurdi. Biroq hech kimning qochayotganini ko'rmagach, ortiga qaytdi. To'g'ri uyiga kirmadi. Yerto'laga tushib, arqon olib chiqdi. Oshxonaga kirdi-da, piyolani suvga to'ldirib, ikki marta ichdi. So'ng sayisxonaga bordi. Sigirning ipini yechib oldi-da, uyiga qaytib keldi.

U qizi bilan xotini ingrab yotgan xonaga kirganida, hansirab nafas olardi.

Erining qo'lidagi ipni ko'rgan Karomat opaning jon-poni chiqib ketdi.

— Dadasi! Dadasi, nima qilmoqchisiz?! Voy o'lay! Yo'q! Yo'q! — deya baqirib yubordi.

 

* * *

 

Tolmas Badriddinovich uyiga kelsa, hech kim yo'q. Uydagilarning hammasi ko'chib ketganday, hovli huvillab qolgandi. U hayron bo'lib, ichkariga kirdi. Xonalarni birma-bir ko'rib chiqdi. Biroq hech kimni topmadi.

— Bularning bari qaerga ketdi? Bir og'iz aytib qo'yishsa bo'lmasmidi? — deb hovliga chiqdi.

Qulog'iga qo'ylarning ma'rashi, mollarning bo'kirishi eshitildi.

— Bundan keyin shulargayam o'zim qarayman. Yaramaslar yesa, yotsa, hojatga borsa bo'ldi. U yog'i bilan ishi yo'q, — deya o'ziga o'zi gapirdi-da, uyga kirib, kiyimlarini almashtirib chiqdi.

So'ng ochlikdan baqirayotgan hayvonlarning oxuriga xashak solib, iziga qaytdi. Yuvinib, oshxonaga kirdi. Qozonni ochdi: hech narsa yo'q. Muzlatkichni ko'rdi. Bo'm-bo'sh. Jahli chiqib so'kindi. «Butun boshli kolxozning xo'jayini bo'lsam-u, uyimda yegulik topmasam» dedi o'ziga o'zi va xonasiga kirib, televizorni yoqdi. Yumshoq divanga o'tirdi. Xayoliga Norqul aka keldi. «Bechora go'rga bir kirib chiqdi. Sochlari oqarib ketibdi… Uning ham xotini erini sariq chaqaga olmasdan, xohlagan payti xohlagan joyiga ketaverarmikan? Yo'q, unday bo'lmasa kerak. Undaylarning ayollari yeb to'ymas, qo'lidan bir ish kelmaydigan mening xotinimga o'xshamaydi. Bir necha marta chopiqda ko'rganman. Quyoshda kuygan bo'lsayam, terga botgan bo'lsayam, beli bukchayib ishlardi. Ko'rib, iching achiydi. Lekin u xursand. Ketmon chopayotganidan, ikki-uch sotix ko'proq chopiq qilganidan, bir-ikki so'm ortiqroq ishlab, uyiga oborishidan mamnun. Yana u uyiga borib, sigir sog'adi, ovqat pishiradi. Yana allambalo ishlar bilan yarim oqshomgacha tinim bilmaydi. Bu yog'i tong otmay, uyidagi hamma ishni saranjomlab, uchastkaga yuguradi. Meniki bo'lsa, yig'lamay non yesayam katta gap… Uff, Sumbulning yoniga borsammikan?.. Savil, sal uzoqlik qiladi-da. U yerga borsam, ertalabgacha kelolmayman. To'xta, ko'chirib kelsam-chi rayon markaziga? O'rislar ko'proq yashaydigan joyga. Ularning men bilan, Sumbul bilan ishlari yo'q. Ilgariyam bir necha marta Sumbulga aytuvdim. Lekin unamadi… Qorinam ochqab ketdi-ey».

U cho'ntagidan sigareta olib, tutatdi. So'ng o'rnidan turib, biroz xona ichida yurdi. Yuragi siqildi. Telefonning yoniga borib, go'shakni ko'tardi. Elyorning uyiga qo'ng'iroq qilgandi, onasi go'shakni ko'tardi. Qo'ng'iroq qilayotgan rais ekanligini bilib, ayol ancha-muncha xushomad qildi. Uning gaplarini sabr-bardosh bilan eshitgan Tolmas Badriddinovich Elyorni so'radi. Ming istihola bilan ayol o'g'lining uyda yo'qligini aytdi. Rais birdan go'shakni sharaqlatib joyiga qo'ydi-da, so'kindi. Keyin xayoliga Elyorni Haybatulloning uyiga jo'natgani keldi. «Mendan, biznikilardan xafa bo'lgani ikki pul. Kelib-kelib, shu mushtday bolaning qovoq-tumshug'iga qarab yuramanmi? Moshinani urib olgani uchun orqasiga bir tepib, javobini berib yuborishim keragidi… Haybatullo «Villis»da yurishi kerakmi? Boshqa moshina jo'natsam ham bo'lardi. Ko'ngilning bo'shligi qursin» deya ko'nglidan o'tkazdi u va beixtiyor hovliga, undan tashqariga chiqdi.

Quyosh endi ufqqa yonboshlay boshlagan, kolxozchilar, garajda ishlaydiganlar shoshgancha uylariga qaytishardi. «Tavba qildim, xuddi qarg'alarga o'xshashadi. Ular ham tong bo'zarmay turib, qorin g'amida qaerlarga uchib ketishadi. Kech tushgach esa, gala-gala bo'lib vaqtinchalik turar joylari — chinor shoxlariga qaytib kelishadi. Keyin hamma yoqni qag'-qag' bosib ketadi. Shu qaysi qarg'a nima qilgani haqida gaplashishsa kerak-da… Ana, kolxozchilar ham biri qo'yib, biri sayrab kelyapti. «Bugun kechagidan bir sotix ko'proq chopiq qildim, ellik tiyin ko'proq oylik olaman…» Eh, bechoragina, soddagina. Koshkiydi, idorada uyqusirab o'tirib, sening bir yilda zo'rg'a topadiganingni bir kunda cho'ntagiga soluvchilar borligini bilsang. Bilganingda ham nima qilarding? «Ha, endi, u katta-da» deysan-qo'yasan. Lekin uning o'sha harom puli, aslida, sening peshona tering…»

Xayolga berilib turgan raisning yonidan o'tuvchilar birma-bir unga salom berishdi. Tolmas Badriddinovich birovinikini eshitdi, bosh qimirlatib alik oldi. Boshqasiga esa shunchaki qarab qo'ydi.

Keyin o'zini o'zi yanidi. «Nimangga g'o'dayasan? Bular hozir borib, erlariga ovqat pishiradi. Bola-chaqasi bilan dasturxon boshida o'tiradi. Gurunglashadi. Sen-chi?.. Seniki-chi?.. Hozir uyingga qaytib kirasan. Zog' yo'q. Och qorningni silay-silay, bir amallab uxlaysan. Uxlab bo'psan. Yarim kechagacha u yoqdan-bu yoqqa ag'darilasan. Sadqayi rais ket».

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV

 

loading...