“SO'QIR”… (8-qism)

0

 

 

* * *

 

Soniya sayin Nilufarning yuragida nafrat alangasi lovullardi.

U nima qilishni, bu zo'ravonni qanday insofga chaqirishni bilmasdi.

Faqat taqdirdan, tasodifdan najot izlardi. Yaratgandan xayolan Majidga diyonat tilardi.

Afsuski, barchasi sarob ekanini bilmasdi. Qamoq ko'rgan bu erkak qanday qabihliklarni o'ylab qo'yganidan bexabar edi. Shu sababli tezroq narigi xonadan chiqishini, bo'g'ibmi, bo'g'izlabmi tashlashini va bu balolardan xalos bo'lishni xohlardi.

Nihoyat Majid sigaret tutatgancha Nilufar o'tirgan xonaga chiqib keldi.

Haykal kabi qotib, ora-sirada himoyasiz, ojiz va notavon jussasini qimirlatib-qimirlatib olayotgan Nilufarga masxarali nigoh tashladi.

— Sen men uchun bir ish qilasan, — dedi oxiri sigaret qoldig'ini burchakdagi stol ustida turgan kuldonga tashlab. — Menga jaraq-jaraq pul ishlab berasan. Ana shunda bir qoshiq qoningdan kechishim mumkin. Eshitdingmi? Gapir!

— Hali jazongni olasan! — shivirladi Nilufar sovuqqon ohangda. — Bu ishlaring javobsiz qolmaydi, yaramas! Nega qarab qolding? O'ldiraqol! Baribir niyatingga yetolmaysan!

Majid asta kelib Nilufarning bir tutam sochini siqimladi.

— Namuncha osmondan kelmasang? — dedi tishlarini g'ijirlatib. — Bor yo'g'i so'qir bir qizsan. Go'zalligingni aytmasa, bir pulga qimmatsan shu turishingda.

— Ko'rligim senga asqotdi. Agar ko'zim ochiq bo'lganda, hozir sening iflos, nahs bosgan uyingda o'tirmasdim.

— Mayli-da, nima desang deyaver! Hozir ko'nglim yumshab turibdi. Gapirib qol. Ertadan boshlab Tuproqqo'rg'ondagi avtovokzalda sayraysan, ha! Vey, sendaqangi ko'rlar tilanchilik qilsa, yaxshi pul topadi.

— Nima? Iflos!

— Ha, alam qildimi? Yoqmayaptimi? Ana shunaqa-a! Meni ranjitganlarning holi shu! Qani, endi bir turib yuborsinlar-chi!

— Iflos qo'lingni tekkizma menga! — baqirdi Nilufar gavdasini orqaga tashlab. — Kim bo-or? Yordam bersanglar-chi! O'ldirishayapti!

Majid jonholatda Nilufarning og'zini yopdi-da, bir qo'li bilan tomog'idan bo'g'a boshladi.

— Hali shunaqami? Ovozlariyam bormi? Qani, endi baqir-chi! O'lasa-an! Qiynalib, xo'rlanib o'lasan! Mening ko'nglimni olmaganing uchunam shunday o'lim topasan! Bu yerda sening ovozingni it ham eshitmaydi! Baqir, it, baqir!

Nilufarga qolsa, tanasini tilka-tilka qilib tashlashsa ham bo'sh kelmasdi.

Majidga qarshi so'nggi nafasigacha kurashgan bo'lardi. Biroq ruhi unga itoat etmadi.

Havo yetmay xirillay boshlaganda, tipirchilashga tushdi. Tanani tark etishni xohlamagan ruh jon-jahdi bilan Nilufarni past kelish va rizolikka undadi.

— Q-qo'yvor! — deya oldi bazo'r xirillab. — Q-qo'yvor!

Majid masxarali tirjayib Nilufarning tomog'idan qo'lini tortib oldi.

— Xo'sh, tavbangga tayandingmi? — so'radi zardali harakat bilan ko'zoynagini taqib qo'yarkan. — Ajal qo'rqinchli bo'ladi. Jud-dayam qo'rqinchli bo'ladi. Yo ishonmaysanmi? Boshqatdan boshlayinmi?

— Yo'q, yo'q, kerakmas! — dedi Nilufar ikki qo'lini oldinga cho'zib. — R-roziman! Hammasiga roziman! Meni o'ldirma! O'ldirma!

— Mana bu boshqacha gap bo'ldi, — deya o'rnidan qo'zg'aldi Majid. — Hali yo'rig'imga yurmaydigani onasining qornida yotibdi. Qani, turib olsinlar-chi xonimcha! Qo'lni ber!

Nima ham qila olardi? Boyagina yuragida ko'z ochgan umid, orzu, maqsadlari kuzgi yaproq kabi sarg'aygan Nilufar qo'rqa-pisa o'rnidan turdi.

U shu qadar yurak oldirib qo'ygandiki, mustaqil bir qadam oldinga bosishga qo'rqar, qalbi quloqqa aylangancha Majidning so'nggi qarorini kutardi.

 

* * *

 

— Endi menga quloq sol, — dedi Majid Nilufarni kursilardan biriga o'tqazarkan. — Tuproqqo'rg'on degan joy bor. O'sha yerda o'tirib tilanchilik qilasan. Ko'rlarga durustgina sadaqa berishadi. Seni yigitlarim o'sha atrofda kuzatib yurishadi. Har kuni kechqurun yiqqan pullarni shaxsan mening qo'limga topshirasan. Basharti melisaga chaqishni yo qochib qolishni o'ylasang, tamom bo'ldim deyaver! Itday qiynab o'ldiraman-da, o'ligingni zovur suviga cho'ktirvoraman. Tushundingmi, yo'qmi?

Shundoq ham bo'lari bo'lgan Nilufar hayiqibgina bosh irg'ab qo'ydi.

— Juda yaxshi, — dedi Majid kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Bugun senga dam beraman. Narigi xonada dam olasan. Hozir ovqat ham beraman. Faqat kallangni ishlat, ahmoq qiz. Bolalar uyidaligingda Xudo urgan mag'rur eding. Hatto menday dovyurak, mard yigit ham yurak yutib senga sevgi izhor qila olmaganman. Xudoga shukr, hammasi joyiga tushadigan bo'ldi. Asosiysi, qamoqdagi alamlarim chiqdi. Buyog'iga azoblarimning badalini sen to'laysan. Aytgancha, agar yaxshi pul ishlab bersang, senga uylanishim ham mumkin, ha! Axir, so'qirga kim ham uylanardi!? Nima deysan? Xi-xi-xi-xi-xi!..

Garchi xo'rliklar, masxaralashlar, zo'ravonliklar me'yoridan oshib tushgan bo'lsa-da, Nilufar ayni pallada lab tishlashdan, chidashdan, itoat etishdan bo'lak chorasi yo'qligini bilardi.

Ko'zlaridan oqib tushgan achchiq yoshlarni kaftiga arta-arta bosh egdi.

 

* * *

 

Tun cho'kdi. Buni Nilufar boya deraza tarafdan yuziga urilgan yorug'lik tafti g'oyib bo'lganidan bildi.

Majid qaergadir chiqib ketgandi. Timirskilanib oldiga qo'yilgan non bo'lagini og'ziga yaqin olib bordi-yu, negadir tomog'iga nimadir tiqilgan kabi nonni tishlay olmay yana joyiga qo'ydi.

Shu lahzalarda xayollari chalkashib ketgandek edi. Nuqul ko'z o'ngida Majidning g'oyibona sovuq basharasi, og'zidan tupuk sachratib qichqirishi namoyon bo'lar, o'ylagani sayin battar vahimaga tushardi.

Ustiga ustak eti junjikib, ich-ichdan titray boshladi. Ko'rpami, choyshabmi topish ilinjida yon-verini paypasladi. Hech vaqo topa olmagach, go'yo shunday qilsa isinib oladigandek devorga qisilib oldi.

Bir zumda tafakkur osmonini afsusning qora bulutlari qopladi.

«Behudaga ko'rlar yashaydigan joyga borishdan bosh tortibman, — o'yladi o'zicha. — O'sha yerda tinch bo'lardim, hech kim xo'rlamasdi, nomusimni toptamasdi. Hozir anavi yaramas kelsa, xohlaganicha ustimdan kulishi, ayollik iffatimni yer bilan bitta qilishi hech gapmas. Men nima qila olardim?! Hech nima. Ohlarim Xudo tugul, hovligachayam chiqmaydi. Ko'zimdan, baxtimdan, kelajigimdan ayrilganim yetmay, ko'z qorachig'imday asrab kelgan nomusimni ham boy beraman. Ey Xudo, o'zing yordam ber! Biror qabristonga yetakla meni! O'sha yerda sovuq qabrlardan birini quchayin-u, tinchgina omonatimni senga topshirayin! Meni qiynab, sinab nima toparding? Ojiz-u notavonman baribir. Shundog'am hamma narsamni olding. Meni ko'chalarda, zo'rlarning changalida qoldirding. Hech bo'lmasa, bugun bir martagina rahmimni yesang-chi! Senga qiyin emas-ku!..»

Ana shunday o'ylar, pushaymonlar, nido va xayoliy dod-voylar og'ushida Nilufarning ko'zi ilindi.

 

* * *

 

Yarim tun. Nilufar uyqu orasida eti junjikib sovqota boshlaganini his etdi va jonholatda o'rnidan turib tizzalagancha tavakkal yopinchiq izlashga tushdi.

Xonada sokinlik hukm surardi. Majidning ham ovozi kelmayapti.

U ko'ngli qandaydir ezgulikni, yoqimli lahzalar yaqinligini sezgan kabi emaklagan ko'yi paypaslanib chiqish eshigini qidira boshladi.

Eshik qiya ochiq edi.

Yana emaklab hovliga chiqdi. Darrov dimog'iga gullarning yoqimli isi urilib, biroz ko'ngli yayragandek bo'ldi.

Shu taxlit katta ko'chani izlab topmoqni, amal-taqal bu hovlidan uzoqroqqa ketmoqni istadi.

Aksiga olgandek, qaddini rostlab ulgurmay, hov naridan Majidning qisqa-qisqa yo'talishi qulog'iga chalindi.

Nilufar bu xunuk tovushni eshitdi-yu, tek qotdi. Tanasida kuchli titroq tuydi. Qo'rquv shu qadar kuchli ediki, lablari ham tanasi bilan barobar titray boshladi.

Bu orada Majid unga yaqin kelib tepasida to'xtadi. Undan qandaydir yoqimsiz, badbo'y his anqirdi.

Shu isni Nilufar so'nggi bor Arslonga ro'baro' bo'lganda dimog'ida tuygandi.

Darhol angladi.

Majid ham giyohvand ekan. Bundaylar shafqatsiz bo'lishadi. O'ldirishdan, tanangni qiyma-qiyma qilib tashlashdan toyishmaydi. Qo'rqish kerak! Qo'rqish kerak!

— Ha-a, hojatga borgilari keldimi deyman xonimning? — kinoya va masxarali ohangda so'radi Majid. — Ishtoningda bajaraver hojatingni, xi-xi-xi-xi!

— Yolvoraman, meni qo'yib yubor! — yalina boshladi Nilufar. — Axir bir so'qir bandani qiynab, azoblab, masxaralab nima topasan? Hech nima. Gunohga botganing qoladi-ku! Qo'yvor meni! Ko'chaga opchiqib qo'ysang bas, o'zim yo'limni topib ketaveraman!

— Ovozingni o'chir! — Majid jahd bilan Nilufarning bilagini siqdi-da, o'rnidan turg'azdi. — Gaplarim yodingdan chiqdimi? Yo esingam haligiday kirdi-chiqdi bo'lib qolganmi? Pul ishlab berasan menga, pul, g'alcha! Menga katta pul kerak. Mashina, hashamatli uy sotvolishim zarur. Tushunasanmi-yo'qmi? Qizlik iffatingni, o'n sakkiz yasharlikdagi dirkillagan paytingni qayoqdagi bir nusxaga bag'ishlagansan. Buni eshitdim. Menga esa qayrilib ham qaramading. Qamalishimga, turmada o'tirib yovg'on sho'rva ichishimga sababchi bo'lding. Ie, bularning badalini kim to'laydi? Katta xolangmi? Unaqa desam, katta xolangam yo'q. Qani, bo'l, uyga kir! Hozir jinim qo'zib turibdi! Bo'l tez!

Shunday dedi-yu, Majid Nilufarni go'yo bir qop tuproq kabi ichkariga sudrakladi.

 

* * *

 

Balo, ofatlardan-da bu qadar qo'rqmaydilar. Nilufar Majidning sharpasi qulog'iga chalindi deguncha qopqonga tushgan jonivor kabi tipirchilaydigan bo'lib qolgandi. Dod solish, kimlarnidir yordamga chorlab baqirish tugul ortiqcha tovush chiqarishga cho'chirdi.

Ertasi kuni ham xuddi shu ahvolda Majid yetovida Tuproqqo'rg'onga bordi.

«Yetimxonada o'sganlarning qismati bir shekilli, o'ylardi Nilufar posyolkasifat bu maskanni tutgan shovqin-surondan bezib. «Hamma yetimlar yomonlarning qo'liga tusharkan. Umrining so'nggi daqiqasigacha xo'rlikda, nadomatlar chekib, qo'rquvlar, tahlika-yu, do'qlovlar qurshovida yasharkan. Men ham qismatdoshlarimning boshiga tushgulik o'sha ko'rgiliklardan mosuvo bo'lmadim. Chivindekkina jonim yonimdagi mana shu nusxaning qo'lida ekanini sezib turibman. Bunaqalar hech narsadan qo'rqishmaydi. Odam o'ldirish bular uchun cho'tmas. Xudoyim, endi nima qilaman? O'tkinchilar, atrofdagilar menga qanday qarashayotgan ekan? Achinishayaptimikan? Nega unda yugurib kelib meni Majidning changalidan qutqarishmaydi? Bir og'iz hol so'rash shunchalar mushkulmi? Yo ular ham Majiddan cho'chishadimi? Xudoning g'azabimi Majid?..»

— To'xta, — dedi kutilmaganda Majid Nilufarning bilagini mahkamroq siqib. — Tilanishning boshqacharoq yo'lini tanlaymiz. Hozir… Shoshmay tur!..

Majid cho'ntagidan telefon chiqardi-da, kimgadir qo'ng'iroq qilib, tez yetib kelishini tayinladi.

— Ana endi yur, — dedi nihoyat. — Hov anavi yerda muzqaymoq sotishayapti. Seni bi-ir muzqaymoq bilan siylay! Faqat ahmoqlik qilib qo'yma. Uningni o'chirib o'tir! Bir og'iz ortiqcha gapirsang, tamomsan!

Nilufar indamadi. So'zlashga, qarshilik ko'rsatishga holni qaerdan topsin?

Tutqunlikni yana bir karra bo'yniga olib itoatkorona Majidga ergashdi.

 

* * *

 

Oradan hech qancha o'tmay, ular o'tirgan stol qarshisiga o'n-o'n bir yoshlar oralig'idagi, odmi kiyingan, yuzlarini sepkil bosib, sochlari pataklashgan qizcha iymanibgina yaqinlashdi. Majid uni ko'rdi-yu, dast o'rnidan turib yelkasidan quchdi.

— Bu qizchaning ismi Nodira, — uqtirdi qotgancha o'tirgan Nilufarga. — Bolalar uyida qiynalib yurgan ekan. «O'zim boqvolaman» deb zo'rg'a olib chiqqanman. Nodi, mana shu opangni massivda yetaklab yurasan. U tilanchilik qilib pul topadi. Yonidan bir qadam ham jilmaysan. Sizlarni menga o'xshagan akalaring kuzatishadi. Tushunarlimi?

Nodira yer chizgan ko'yi bosh irg'adi.

— Juda yaxshi-i, — dedi Majid sovuq tirjayib. — Qani, oldin manavi muzqaymoqni yeb ol! Undan keyin ish boshlaysizlar! O'tir, qizaloq, qo'rqma!

Nodira qora ko'zoynak taqqan Nilufarga sirli qarab oldi-da, kursiga o'tirib muzqaymoqqa qo'l cho'zdi…

 

* * *

 

Jajji qizaloq qo'ltiqlagan ko'yi yurib borarkan, Nilufar rostakamiga alam, qayg'u botqog'iga bota boshlaganini his etdi. Qalbidagi sovuqqonlik, behislik o'rnini o'kinch egalladi. Dod solib yig'lagisi, faryod chekkisi, sarvari olamni to'yib-to'yib la'natlagisi, qismatdan, taqdirdan to'xtamay noligisi keldi. Shu asnoda yaqin o'tmishdagi oydin chehrasini, tundek qora, uzun va mayin sochlarini, chaqnab turgan ko'zlarini tasavvur qildi. Ming afsus! Ko'rganning ko'zini kuydirardi. Havaslar, orzular osmonida parvoz qilardi. Endi-chi? Tilanchilik qiladimi? Qanday? Qay yuz bilan birovlardan sadaqa so'raydi? Nima deydi? Dunyoni ko'rmasa, birovni tanishga ojiz bo'lsa!

Ha, hayot shunday ekan. Xuddi o'rgimchak to'riga o'xsharkan. Domiga tushib qolsang, birpasda yo'rig'iga tushib qolarkansan…

— Qizcha, biror toshmi, to'nkami bo'lsa olib borgin! O'tiraylik! — dedi Nilufar bezovtalanib. — Holim qurib ketdi.

— Voy, opajon, anavi yerda ikki barzangi bizdan ko'z uzmay turibdi. Tag'in kelib do'pposlab qolmasin!

— O'lib ketsin! Sen boshlayver! O'tiramiz!

Aslida Nilufarning niyati boshqa edi. O'tirish bahonasida o'zini tilanchilikka, sadaqa so'rashga ruhan tayyorladi. Xayolan iboli yuzini sidirib tashladi. Uyat, tortinish, andishani haydab soldi.

Aziz avliyolarni yodga oldi. Ulardan kuch, madad so'radi. Barchalari uni ko'rib turganiga, ko'makka shayligiga o'zini ishontirishga urindi.

Tushiga kirib qarg'agan notanish va yot, ammo tug'ib dunyoga keltirgan onasiga xayolan iltijo qildi. Ortiq uyqusida bezovta qilmasligini, qaylardan bo'lmasin duo qilishini yolvorib so'radi. Umrida ko'rmagan otasidan shafqat tiladi. Baribir uni yaxshi ko'rishi, yeru ko'kka ishonmasligini qayta-qayta uqtirdi.

Yana yonidagi mo'ltirabgina turgan Nodiraga sezdirmay xayolan yig'ladi. Momo yerga, olis osmonga boqib jami hasratlarini to'kib soldi.

So'ngra timirskilangancha Nodiraning nozik bilagini topib mahkamroq siqdi.

— Jonim, men tayyorman! — dedi ohista o'rnidan qo'zg'alish asnosida. — Sen meni turtintirmay, qoqintirmay, o'tkinchilarga uriltirmay yetaklagin, xo'pmi?

— Xo'p bo'ladi, opajon! Qarang, barzangilar biz tarafga yura boshlashdi.

— E, jonimizni olisharmidi o'shalaring? — qo'l siltab qo'ydi Nilufar. — Sen sira hayiqma! Undan ko'ra, atrofga qara, qaerda odam gavjum bo'lsa, o'sha yoqqa yetakla!

Nodira uni avtobus bekati tomon boshladi. O'sha atrofda odam ko'proq ekan.

Nilufar ko'pchilikning g'ala-g'ovuri quloqlarini qomatga keltira boshlagach, achchiq-achchiq yig'lagancha qachonlardir kitobda o'qigan bir she'rni mahzun ohangda ayta boshladi.

— Azizlar! Mehribonlar! Yaxshilar! Hotamtoy akalar! Qora ko'z, qayrilma qosh opalar, singiljonlarim! Onajonlarim!..

Bizlar hanuz nohaqmiz,

Haqligimiz yolg'ondir.

Bezovta-yu, ilhaqmiz,

Chog'lig'imiz yolg'ondir.

Kulga belab otsalar,

Chivindek jon og'rigay.

Lek ming afsus…

Azaldan

Cho'g'lig'imiz yolg'ondir.

Do'stman desa yovqurlar

Ishonarmiz, ko'narmiz.

Ming shukrki yovqurga

Chohligimiz yolg'ondir.

Sukut aylab o'tarmiz

Qora qismat qa'rida.

Mayli bizni darvesh deng,

Sog'lig'imiz yolg'ondir.

Nilufarning g'amgin, yurakni ezuvchi bu nolalari hech kimni befarq qoldirmadi.

Erkaklar, norg'ul yigitlar bosh chayqab, ayollar, qiz-juvonlar ko'zlarida yosh bilan ataganlarini Nilufarning qo'liga tutqaza boshlashdi…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

 

 

loading...