MENGA TEGMANG…

0

 

 

***

 

Menga tegmang, ishq o'tida kuyvolayin,

Jahannamning azobiga to'yvolayin.

Jonim meni tashlab ketsa, zo'rim yo'q-da,

Kuydirgichli ko'zlarimni o'yvolayin.

 

***

 

Menga tegmang, azobimga yukinvolay,

Dilim xasta, xastalikdan o'kinvolay.

Zo'r kelganda zo'rim bo'lib berganlarni,

Zori bo'lib ketayapman… Sog'involay.

 

***

 

Menga tegmang, qovog'imdan qorlar yog'sin,

Ikki dunyo orasinda xorlar yog'sin.

Kim qo'yibdi menga ishqu muhabbatni,

Xun bag'rimni o'rtab-o'rtab zorlar yog'sin.

 

***

 

Menga tegmang, siz turgan bog' maskanimmas,

Gar ikki ko'z kulib tursa, kulganimmas.

Men dunyoga qo'l siltagan bandadurman,

Oh chekishlar xun bag'rimni tilganimmas

Menga tegmang!!!

Menga tegmang!!!

Menga tegmang!!!

 

HAVAS

 

* * *

 

Ojiz qolgan onimda,

Tog'larga havas qildim.

Jabr tuysam jonimda,

Sog'larga havas qildim…

 

* * *

 

Tog'lar qaramadilar,

Sog'lar qaramadilar.

Ohlar urib malag-u,

Mohlarga havas qildim…

 

* * *

 

Ohlar og'uli ekan,

Mohlar dog'uli ekan.

«Borsa kelmas»lari bor,

Yoqlarga havas qildim…

 

* * *

 

«Borsa kelmas» ko'nmadi,

Tahqirlashdan tinmadi.

Ichga yutib dardimni,

Chohlarga havas qildim…

 

* * *

 

Dardim bilmadi-ya choh,

Bag'rin bermadi-ya choh.

Xasta dilimni dog'lab,

Dog'larga havas qildim…

 

* * *

 

Dog'lar yomon kuydirdi,

Paymonamni to'ldirdi…

Bir kuyib, ham bir yonib,

Tavbalablar, to'lg'onib,

Bag'rim to'la dardimni,

Xudoyimga soldim-u,

Ko'nglimni ko'targich goh-

gohlarga havas qildim.

 

Olimjon HAYIT

 

loading...