RAQQOSA… (1-qism)

0

 

 

* * *

 

Manzura endi 17 ga to'ldi. Tug'ilishi bilan qo'l-oyoqlarini boshqacha qimirlata boshlagan ekan. Shunda doya xotin «Voy, tavba, oxirzamon bolalari-da, tug'ilib ulgurmay, harakat boshlaydi-ya», deb rosa kulgan ekan. Onasi Zubayda opa esa «Demak, qizim Dilafruz Jabborova, Qizlarxon Do'stmuhamedovalarga o'xshagan mashhur raqqosa bo'ladi», deb duo qilibdi…

Afsus, peshonasi sho'r chiqdi. Uch yasharligida ota-onasi avariyaga uchrab o'lib ketdi. Manzura o'gay ammasi Bozorgulning qo'lida qoldi.

Aslida Bozorgul otasi Mannop aka bilan bir padarning bolalari edi. Onasi boshqaligi uchun nuqul ammasi o'gaysirayverdi. Yonida yaqinlari yo'qligi ham ammaga qo'l keldi. Birinchi sinfda o'qiy boshlagandan pul topishga majbur etaverdi. Manzura bola boshi bilan hali u boynikida, hali bu boynikida idishini yuvib, mollarining tagini tozalab kun ko'rdi. Ishlab topgan pullarini ammasining qo'liga tutqazdi.

Faqat Ozodboy paxtachi uni ishlashga qo'ymasdi.

— Qizim, jikkakdekkina bo'la turib juda chiroyli raqs tushasan-da, — deya alqardi Ozodboy. — Qo'y, shu ishlarni bajarib o'zingni xor qilma. Xudo olsin o'sha ammangni! Sen yaxshisi men uchun «Tanovar»ga o'ynab ber, shartlashilgan pulingni beraman, hech narsa bo'lmagandek johil ammangga tutqazaverasan…

Shuning uchunmi, hadeganda Ozodboynikiga borgisi kelaverardi. Shu xonadondagina yaxshi, iliq gap eshitardi, ko'ngli ko'tarilardi. Dunyoga mehri ortgandek bo'lardi…

Manzura shularni o'ylab to'yxonaga kirib kelganini sezmay qolibdi.

Ha, bugun Xolida dugonasining akasi uylanyapti. Qishloqchilik-da, haliyam stolni hovliga tuzashadi. Restoran, kafelarda to'y qilishmaydi qishloqdagilar. Buning qulay jihati ko'p-da! Ham pul kamroq ketadi, odam esa gur-gur kelaveradi. Chaqirilganiyam, chaqirilmaganiyam kirib stol qarshisidan joy olaveradi…

 

* * *

 

Manzura bolalikdan raqs, musiqa desa jonini beray deydi. To'y-to'noqqa borsayam, boshqalar kabi gap sotib laqillashmaydi. Ikki ko'zi, qulog'i artistlarda bo'ladi. Qishloqda ularni otarchi deyishadi-yu, ammo otarchilar orasidayam uncha-muncha artistni ortda qoldiradiganlari topiladi. Ashula deysizmi, mashshoqlik deysizmi, qiyib qo'yadiganlari bor.

Manzura dugonasinikiga kirib kelgani hamono odatiga ko'ra otarchilar o'tiradigan so'ri tarafga ko'z tashladi.

Xayriyat, Bozor hofizning guruhi kelibdi.

Shu Bozor hofizning nolalari Manzuraga yoqadi. Ayniqsa, mumtoz ashulalarni sayratib yuboradi. Mashshoqlariyam o'zi kabi juda usta. Bozor hofiz juda ilhomi jo'shib ketsa, ashula orasida mashshoqlarga gal berib qo'yadi. Biri g'ijjak, boshqasi doyra, uchinchisi elektr gitarani sayrata-sayrata jami yig'ilganni sel qiladi.

— Ha-a, Manzu, o'ylanib qolding, tinchlikmi? — xayolini bo'lib so'radi Xolida. — Yana romantikliging tutdimi? Yo otarchilarni baholayapsanmi?

— Voy, Bozor hofizni baholab bo'larkanmi? — dedi Manzura ashuladan erib. — Bulbul-ku, bulbul! Nolalarini qara, odamning yuragini ezvoradi!

— Shunaqa deysan-u, — dedi asabiy lab tishlab Xolida. — Raqqosa opkelishmabdi-da, yashshamagurlar! Dadam ham rosa achchiqlandi. Axir, o'zing bilasan-ku, bizning taraflarda raqqosasiz to'y to'ymidi?

— Ha-a, to'g'ri aytasan, — dedi Manzura. — Topisha olmagandir-da!..

— Menga qara, — Xolida kutilmaganda Manzurani turtdi. — Shu qilganlariga o'zing bir boplab raqs tushib bermaysanmi? Qotardi-da hammasi!

— E, bo-or-e, — dedi qo'l siltab Manzura. — Men kim bo'pman Bozor hofizning ashulasiga raqs tushib? Yo'q, sira iloji yo'q.

— Meni hurmat qilmaysanmi? — gina aralash so'z qotdi endi Xolida. — Ozib-yozib uyimizda to'y bo'lyapti. Akam rosa xursand bo'lardi raqs tushib bersang!.. Ha, mayli, zorim bor, zo'rim yo'q…

— Darrov xafa bo'lishni boshlaysan-a, Xoli?!. — deya dugonasini quchib oldi Manzura. — Bo'pti, xafa bo'lmagin, iltimos! Raqs tushib berganim bo'lsin sen uchun!

 

* * *

 

Anchadan beri qishloqdoshlari qarshisida raqs tushmagandi. Xolida yugurgancha borib o'rtakashga nimalarnidir uqtirgach, u mikrofonni qo'liga oldi-da, yig'ilganlarga barala e'lon qildi:

— Hurmatli kuyovimizning, kelinimizning mehmonlari! Endi tabrik navbatini Rabotqishloqda xizmat ko'rsatgan raqqosa Manzuraxonga beramiz! Singlimiz mashhur «Xorazm lazgi»siga xirom aylaydilar! Marhamat, Manzuraxon!..

Zum o'tmay, eshila-eshila raqs tushayotgan Manzurani yoshu-qari qarsak-u, hushtaklar bilan olqishlay boshladi. Yoshi ulug' erkaklar, ayollar havas bilan Manzurani bir-birlariga ko'rsatib maqtay ketishdi. Dugonalari esa tosh qotgancha uning har bir harakatini kuzatib turishdi. Qoyil qolganlar bosh qimirlatishni ham unutmadi.

Nihoyat qo'shiq ham tugab, Manzura ikki yuzi olmadek qizargancha dugonalari orasiga o'zini urdi. Ammo sal o'tmay, yana Xolida uni chetga tortdi.

— Manzu, — dedi u otarchilar uchun ajratilgan so'ri tomon ishora qilib. — Bozor hofizning prodyuseri seni chaqiryapti.

— Prodyuseri? Uning prodyuseri bormikan?

— Soddasan-da, Manzu, — dedi Xolida. — Hozir otarchilar ham o'ziga prodyuser olvolishgan. O'sha prodyuserlar topadi-da to'yni!

— Meni nega chaqiradi unda? — so'radi Manzura ensasi qotib. — Boshqa raqs tushmayman!

— Yur, ana, bizning dahliz yonida turibdi. Menam yoningda bo'laman. Qani, nima derkin?!.

Manzura hayron bo'ldi-yu, Xolidaga ergashdi.

Haqiqatan bir chetda past bo'yli, yoshi qirqlarga borib-bormagan erkak kulimsirab turardi.

— Rahmat, Manzura, — dedi u xuddi eski tanishlardek. — Raqsni qotirdingiz lekin. San'atingizga qoyilman!

— Menda biror ishingiz bormidi? — so'radi Manzura. — Nega chaqirtirdingiz?

— Oldin o'zimni tanishtiray, — dedi u. — Ismim Murod aka. Mana shu Bozorjonga prodyuserlik qilaman. Bundan tashqari, poytaxtdayam sizga o'xshagan ikki raqqosam bor. Ularni bu yil nasib bo'lsa, mashhur raqs guruhlaridan birontasiga joylashtirish niyatim bor… Nima desamiykin?.. Xullas, sizning san'atingiz menga juda ma'qul keldi. Istasangiz, bizlarminan to'ylarga yuring, ham malakangiz oshadi, qolaversa, bir-ikki so'm pul ishlaysiz.

— Voy, men-a? — dedi Manzura hayratini yashira olmay. — Y-yo'q, unaqa narsalarga…

— Singlim, shunday ajoyib san'atingiz borakan. Uni xor qilish yaramaydi. Agar yaxshi ishlashib ketsak, o'zim sizni konservatoriyaga o'qishga kiritib qo'yaman. Mana, dugonangiz guvohligida aytyapman!

— Bilmadim, — dedi bosh egib Manzura. — To'g'risi, o'zim ham qiziqaman-ku, ammo uydagilar…

— Eshitdim, — yanada jonlandi Murod. — Ammangizning qo'lidaykansiz. Buyog'idan kelsak, menam yetimlikda o'sganman. Yetimning qanday kun ko'rishini juda yaxshi bilaman. Ishoning, ammangizni ko'ndirishni menga qo'yib bering. Ertaga boraman uylaringizga! Maylimi?

— Mayli, — dedi Manzura jilmayib dugonasiga bir qarab olarkan. — Boravering, aka!

 

* * *

 

Bilmaydi, xudoning bergan kuni Manzura soat kechki o'nga zang urdimi, uxlab qolardi. Bugun uyqusi qochdi. Xayolan o'zini bir-biridan chiroyli harir liboslarda, xuddi hind filmlaridagi kabi ko'z qamashtiruvchi yorqin sahnalarda tasavvur etardi. Yo'q, bilardi, to'ylarga yuradigan raqqosalarni yallachi deb kamsitishlarini ko'p eshitgan. Ammo ularning raqslarini ko'rgach, o'zi ham amin bo'lgan. Axir, qo'l qimirlatib, aylangan bilan raqqosa bo'lib qolmaydi-ku! Qobiliyat bo'lishi kerak-ku! Ha, uni hech qachon hech kim yallachi deb haqoratlamaydi. Chunki raqsini, san'atini, tug'ma iste'dodini ko'rgan borki, albatta hayratdan yoqa ushlaydi. Haqiqiy raqs san'ati buyoqdaligini ko'radi. Ana undan keyin yallachilarni to'yga aytmay qo'yadi. Manzurani izlay boshlashadi. Lekin Manzura u vaqtda kimsan falonchi raqqosa bo'ladi. Konservatoriyada o'qiyotganini eshitishadi. Katta-katta sahnalarda raqs tushayotganiga guvoh bo'lishadi. Yo bular shunchaki orzuligicha qolib ketarmikan-a? Yo'g'-e, Murod aka ko'rinishidan jiddiyga o'xshaydi-ku! Aldamasa kerak. Mabodo aldagan taqdirdayam Manzura hech narsa yo'qotmaydi. Sal yo'l-yo'riqni tushunib olsa, boshqa gruppa bilan boraveradi to'yga. Faqat… Bozor hofiz bilan bir so'rida o'tirsa qanday bo'larkin? Juda salobatli hofiz-da! Manzurani mensirmikan? Tan olarmikan? Qatorlariga qo'sharmikan?..

Qo'shadi. Uyam otarchi deyilgani bilan baribir sana'tkor-ku! San'atning nonini yeydi-ku! Shunaqa bo'lgandan keyin tan olmay qaerga borardi?!.

Ertasi kuni Murod va'dasida turib Manzuralarnikiga keldi. Ammasi Bozorgul bilan gaplashdi.

Sezgandi. Ammasi pulning daragini eshitsa, hovliqib qoladi. Og'zidan bol toma boshlaydi.

Bu gal ham shunday bo'ldi. Murodning muddaosini tinglab turdi-yu, kutilmaganda laganbardorlikka o'tdi. Kelganida sovuqqina qarshi olgandi. Daf'atan o'rnidan turdi-yu, Manzurani o'tqazib qo'yib o'zi choy damlash, dasturxon tuzash harakatiga tushdi.

— Hali manavi eski uylar o'rniga koshona qurasiz, singlim, — dedi Murod uyga erinmay ko'z solib chiqarkan. — Pulingiz ko'p bo'ladi. Bizning ishda faqat sabrli, irodali va muloyim, shirin so'z bo'lish kerak. Shuni bilasizmi?

— Ha, bilaman, — dedi Manzura. — San'atkorning noni qattiq bo'ladi, aka.

— Barakalla, juda aqlli qiz ekansiz. Lekin-chi…

Murod oshxona tomonga o'g'rincha qarab oldi-da, asta cho'zilib, Manzuraning qulog'iga shivirladi.

— Ammangiz ja og'zi kattalar xilidanga o'xshayapti. Darrov sezdim qanaqa ayolligini. Shuning uchun siz topgan pulning hammasini qo'liga tutqazmang. Uchdan birini berib, ikkisini o'zingizga opqoling. Pishiq bo'lmasangiz, bu ayol sizni ko'kartirmaydi.

— Xo'p, — dedi Manzura. — Ammo… Bozor hofizdan sal iymanib turibman-da! Haligi… Judayam salobatli san'atkor-da!..

— Siz uning gruppasida yurmaysiz. Boshqa gruppaga qo'shilasiz.

— Voy, nega?

— Sababi, Bozor hofiz raqqosa olib yurishni yomon ko'radi… Ha endi ta'bi-da! Yo xohlamaysizmi boshqa guruhda yurishni?

— N-nega?.. Menga baribir…

— Juda soz. A'zamjon degan hofiz yigit bor, o'shaning yonida yurasiz.

— Xo'p.

— Aytgancha, kiyim masalasiniyam o'zim hal qilaman. Keyingi gaplarni yo'l-yo'lakay gaplashaveramiz!..

Murod Manzuraning ammasi bilan yana besh-o'n daqiqa gaplashib o'tirgach, ketishga chog'landi.

Ketayotib qattiq tayinladi.

Ertaga o'sha A'zam hofiz bilan shaharda «nikoh»lari bor ekan.

 

* * *

 

Bozorgul ammasi Muroddan pul daragini eshitgandayoq, ikki martalab, yuz martalab rozi bo'lgandi.

— To'g'ri aytasiz, — degandi Murodga. — Ho'kizday qiz yuradimi qishloqda? Qo'lidan o'yinga tushish keladi baloday. Tushsin, pul topsin. Men qanday boqaman buni?..

Manzuraning o'ziga ham kechqurun rosa tayinladi.

— Sen bo'shashmasdan, lallaymasdan chaqqon-chaqqon o'ynagin, — tayinladi ammasi unga. — Otarchilar «shustri» bo'ladi. Muqomlar qilib boylarning pulini olgin-da, bir tiyininiyam buzmay opkelgin mening qo'limga!

Manzuraning alami keldi. Murod akadek prodyuser ortidan kelib, hurmatlab qancha gap aytdi-yu, xursand bo'ldi, ammasi esa shu yerda ham chaqib olaversa, kimga dardini aytsin? Ayol kishi ham shunchalar shafqatsiz, diydasi qattiq bo'ladimi?.. Mayli, hali shoshmay tursin. Otarda yurib katta pul topsa, ko'chadi-ketadi shaharga. Ammasi tizzasiga shapatilagancha qoladi. Ungayam xudoning yorug' kunlari bordir, axir!..

Murod aytilgan vaqtda mashina bilan Manzuralarning darvozasi yoniga yetib keldi.

Manzura hanuz hayajonlanardi. Musiqaga, qo'shiqqa, raqsga bolalikdan qiziqqani bilan hech qachon artistlarga qo'shilib to'yga yurmagani bilinaverardi.

Tizzalarigacha bilinar-bilinmas titrab ko'chaga chiqdi. Yo'l-yo'lakay boshidagi iroqi do'ppini to'g'rilab-to'g'rilab oldi.

Mashinaning old o'rindig'ida Murod o'tirardi. Orqa o'rindiqda esa o'sha A'zam hofiz o'tiribdi ekan. Murod haydovchi ikkisini bir ishora bilan mashinadan tushishga buyurdi. Manzurani esa orqa o'rindiqqa o'tirish uchun chorladi.

— Sen aslida manavi kiyimlarni kiymasangam bo'larkan, — dedi Murod. — Juda yarashibdi. Ajoyib! Shu turishingdayam haqiqiy raqqosalardan sira qolishmaysan! Aytgancha, ruxsat bersang, bundan buyon seni «sen»lasam! Nima deysan? Har holda singlimday bo'p qolding.

— Mayli, — dedi Manzura qimtinibroq. — O'zingizga qulay bo'lsa…

— Endi senminan gaplashib olsak! Shuning uchun anavilarni pastga tushirvordim. Senga ba'zi narsalarni tushuntirib qo'yishim kerak…

Qishloqchilik-da, qaerdan eshita qolishdi, mahalladagi qiz-juvonlardan tortib kampirlargacha ko'chaga chiqib olishibdi. Buni Manzura beixtiyor tashqariga qarab olgach, payqadi.

Hammalarining ko'zi Manzura o'tirgan mashinada edi. Ikki uy naridagi Maston kampir yonidagilarga nuqul Manzurani ko'rsatib nimadir derdi.

— Sen qishloqdagilaringdan qo'rqma, — dedi Murod uning holatini payqab. — Qishloqchilik-da, singlim! Qiziqishyapti! Mashina tomida kolonkalar turibdi-ku! Artistlar qaerga ketishyapti ekan, nega Manzurani olvolishdi deyishayotgandir. Mayli, endi menga yaxshilab quloq sol. O'zing tushunasan, raqqosa to'yga faqat pul ishlab berish uchun olib yuriladi. To'g'rimi?

— Ha, bilaman, — dedi Manzura hamon yer chizib. — Gapiravering, aka, qulog'im sizda!

— Anavi kundagiday raqsing buyog'iga o'tmaydi. O'rtaga chiqvolib faqat raqs namoyish qilaversang, pul yig'a olmaysan.

— Nima qilaman unda?

— Seni chaqirib o'rtaga chiqarganimdan keyin ikki ko'zing go'yo olma terishi kerak. Birovga bildirmay, sezdirmay olma tersin! Qo'lida pul ushlab seni chaqirayotgan erkaklarni ko'rsang, o'shalarning yoniga darrov yetib borib chiroyli, erkaklarga yoqadigan muqomlar qila boshlaysan. Pul tutgan erkak qanday muqom qilasan desa, shuni qilishing kerak. Keyin esa pulini epchillik bilan, noz-karashma qilib, xiyol kulimsirab shartta qo'lidan yulqib olasan-u, o'rtaga pildiraysan. Aslo pul qistiraman deganning ko'nglini qoldira ko'rma. Keyin-chi, charchasang darrov o'tirib olaverishni odat qilma! Bu biz san'atkorlarga ma'qul kelmaydi…

«Qiziq, — ko'nglidan o'tkazdi Manzura. — Bu odamning san'atga umuman aloqasi yo'g'-u, og'zini to'-o'ldirib «biz san'atkorlar» deyishi-chi!?. Nega «biz otarchilar» demaydi? Demak, bu atamani faqat oddiy odamlar aytarkan-da! Yo hozir so'rab olaymikan? Ha, so'rayman! Kallamni olib tashlamas, harqalay!?.

— Aka, bir narsa so'rasam maylimi? — deya boshini ko'tarib Murodga boqdi Manzura. — Qiziqardim-da azaldan!

— So'ra, — dedi Murod jilmayib. — Hozir so'rab ol!

— Nega sizlar «biz otarchilar»mas, «biz san'atkorlar» deysizlar? Axir…

— Menga qara, — birdan jiddiylashdi Murod. — Otarchi degan so'zni ba'zi san'atni tushunmaydiganlar to'qib chiqargan. Agar seni birov-yarim otarchi desa, jim turma, darrov gapini yoqasiga yopishtir! San'atkor shustriy bo'lishi kerak. Kulishniyam, yig'lashniyam, so'kishniyam, erkalashniyam qotirishi kerak. Tushuntira oldimmi?..

— Xo'p, tushundim, — dedi Manzura qayta yer chizib. — Aytganingizday qilaman.

— Endi davom etaman. To'y tugagandan keyin sal kayfi oshgan boyvachchalar hofizminan raqqosani alohida xonaga taklif qilib qolishiyam mumkin. Ana shunday mahallarda zinhor bosh torta ko'rma. Obro' ketadi, keyin o'sha atrofda sen bilan bizni it ham to'yga chaqirmay qo'yadi. Bu san'atkor uchun minusdan bo'lak narsamas.

— Ie, alohida xonaga nega chaqirishadi? To'y tugagan bo'lsa… U yerda nima…

— Nimaga chaqirardi? Ular puldor, qittay-qittay ichib kayf-safo qilishgan. Pulning dami bor-da! Ichgan payt o'sha dami ko'tarilib ketadi. Boyvachchalar hofiz-u raqqosa ular uchun alohida xizmat qilib berishini xohlab qolishadi. Aytgan qo'shig'ini hofiz aytishi kerak, raqqosa xirom qilishi shart. O'sha yerdayam birovi pulni haligi… Endi uyat bo'lmaydi-da oramizda! San'atkorchasiga dangal gapiraveraman-da-a? Senam shunday dangal gaplarga o'rgan! Qisqasi, birovi bir siqim pulni changallagancha ko'kraklaring orasiga solib qo'yishni istab qoladi. Nima deysan endi!?. Kayfchilik-da! Senminan bizning vazifamiz o'sha siqimlaganini qanday bo'lmasin tortvolish, o'zimizniki qilish. Qo'rqma, bundan ortiq shilqimliklar bo'lmaydi. Nari borsa bilagingni ushlab o'pib qo'yishi mumkin. Ana o'shanda sen jilmayish qilib bir-ikki marta muqom qilib yuborsang, marra bizniki! Kerak bo'lsa, jonini bervorishadi. Ko'ribsanki, o'sha xonadan bir dunyo pulminan chiqib ketasan. Xo'sh, tayyormisan shunday qismatga?..

Manzura ham anoyi emas.

Murodga sirli boqdi-yu, bosh silkitib javob qildi.

— Peshonada borini ko'raveramiz-da, aka!.. Aytgancha, yana bir savolim bor.

— So'rayver, singlim, so'ra!

— Nega meni Bozor hofiz bilan to'yga bordirmaysiz? Yo rostdanam u kishi raqqosalarni yoqtirmaydimi?

— To'g'ri, — dedi Murod bosh qashib. — Bozor hofiz yallachi… E, tfu… Raqqosalarni uncha xush ko'rmaydi. Lekin olib yuradi baribir.

— Unda nega u bilan to'yga bormayman?

— Bitta sababi bor. Bozor hofiz «tomsuvoq»qa juda ko'p boradi. Shunisi yoqmaydi menga.

— «Tomsuvoq»? To'yga boradi-ku! U kishi hofiz-ku!

— Sen tushun, «tomsuvoq» deganda, loy ko'tarib tom suvash tushunilmaydi. Biz san'atkorlarda o'ziga yarasha atamalar bor. Bizda «tomsuvoq» deb «zaklad» berilmaydigan to'ylarni aytishadi. Hofiziyam, qolganlariyam faqat o'rtaga tushgan pulni oladi. Uqdingmi?

— H-ha, tushunarli, — dedi Manzura kulgisi qistab. — Tushunvoldim endi…

 

* * *

 

Manzura bir narsani tan olishga majbur edi. Qishloqlarda raqqosalarni yallachi deb atashlari yetmagandek, ularga yoshu qari past nazar bilan qaraydi. Bunga raqqosaman deb bilsa-bilmasa qo'l qimirlatib qo'yib begona erkaklarga suziladigan, qo'lidagi pulini olish uchun hamma narsaga tayyor qizlar, juvonlar sababchi. Haqiqiy raqqosalar o'shalarning kasriga qolishyapti. Xuddi o'zi kabi ikki qator qo'shiqni eplab ayta olmaydigan, fonogrammani qo'yvolib yo'liga og'iz qimirlatadigan rosmana otarchilarga qo'shilib san'atkor degan nomga dog' tushirishadi. Shundaylar Rabotqishloqqayam ko'p kelgan. Hamma ustidan kulgan paytlar bo'lgan. Xo'rlikka chiday olmay, qon yig'lagan o'sha yallachilarniyam o'z ko'zi bilan ko'rgan. Xudo xohlasa, u hech kimga kulgi bo'lmaydi. To'g'ri, baribir uniyam yallachi deyaverishadi. Ammo san'atini ko'rgach, baribir tan berishadi. Yana shu raqsini so'ray boshlashadi. «Otangga balli» deb duo qiladiganlar ham topilsa ajabmas! Besh barmoq baravar emas-ku, axir!..

 

* * *

 

Bir soat yo'l bosib nihoyat shahardagi o'sha to'y bo'layotgan mahallaga yetib kelishdi. Yo'l chetlariga uzundan-uzun stol-stullar qator terib chiqilibdi. Tomiga kattakon kolonkalar boylangan mashinani ko'rganlari hamono bolakaylar birinchi bo'lib yo'lga chopqillashdi. To'y egalari bo'lishsa kerak, bashang kiyingan uzun-qisqa, oriq-semiz erkaklar qo'l qovushtirgancha otarchilarni qarshi olishga hozir turishdi.

Manzura umri bino bo'lib bunday mulozomatga ro'baro' kelmagani uchun tamom bo'lay derdi. O'zini noqulay seza boshlagandi. Biroq Murodning aytgan gaplari darrov xayolida qayta gavdalanib o'zini tutib oldi.

— Kelinglar, san'atkorlar, xush kepsizlar! Qani, ichkariga!

Ularni to'yxonadan ikki darvoza naridagi uyga boshlab kirishdi. Xona o'rtasiga xontaxta qo'yilib, usti noz-ne'matlar bilan bezatilgandi.

Manzura qimtinibgina bir chetga cho'kdi. Yoshi ulug' bir odam kirib duo o'qidi. Yuzlarga fotiha tortilgach, Murod Manzurani tashqariga imlay boshladi.

Ha, Manzura maxsus kiyimlarni kiyib olishi, o'rtaga chiqishga tayyor turishi lozim edi.

Murodning qo'lidagi kiyimlar solingan yelim xaltachani oldi-da, ko'rsatilgan xonaga kirdi.

Kiraverishga ro'parama-ro'para kattakon ko'zgu bor ekan.

Birpas ko'zguga tikilib o'z husnini tomosha qildi. Uzun kipriklari, taqimini o'pgan sochlari, kamondek qayrilma, qop-qora qoshlarini uchirib-uchirib ko'rdi.

— Ha, men endi san'at yo'liga kirdim hisob, amma, — dedi ovoz chiqarib. — Endi sizning turtkilaringizni yemayman! Qarg'ishlaringiz o'zingizga siylov. Sizning dastingizdan kechalari uxlay olmay, yig'lab chiqmayman. Rahmatli ayajonim, dadajonimni chaqirib xayolan zorlanmayman. Mana ko'rasiz, pulim rosa ko'payib ketganda, o'sha dadam, ayamlarning izlari qolgan uyni boshqatdan qurdirtiraman. Ana shunda volidam, padarim xursand bo'lib ketishadi. Uyoqdan turib ham meni alqashadi. Ko'rasiz, siz mensimaydigan, xo'rlaydigan Manzura endi o'tmishda qoladi.

Men albatta buyuk, mashhur raqqosa bo'laman!

 

 

(davomi bor)

Olimjon HAYIT