Hikoya: Tamagir ginekolog

0

 

Bir zumda shovullab yomg'ir quya boshladi. Shifoxona hovlisiga gullarning nafis bo'ylari taraldi. Yaproqlar g'ubori yuvildi.

Salqin shamol bulutlar pardasini yirtib, parchalab tashladi. Yomg'ir shashtidan qaytdi. Yana quyosh o'z taxtiga minib, borliqni nurga to'ldirdi. Kampirko'l ustida mag'rur qad ko'targan tog' yonbag'irlarida oq ayiqdek uzalgan muzlar yarqirab ko'rindi.

Yomg'ir to'xtashini kutib turgan juvon bino zinalaridan asta-asta tushib, hovliga chiqdi. Yo'lak bo'yida lojuvard rang bog'guli yaproqlarida mildirab, titrab turgan shudringlarga ma'yus tikilib qoldi.

Kelinchakning izidan to'lishgan, oq xalatda, sochlarini oq qalpoq ostiga bostirib olgan o'ttiz besh yoshlar chamasidagi shifokor chiqib keldi. Bu ginekolog Lola opa edi:

— Ketolmay turibsizmi?..

— Yomg'irning tinishini kutayotgan edim opa…

— Aytganim bo'ladimi?

— Erim bilan gaplashay-chi.

— Unga yaxshilab tushuntiring. «Birinchi bola qiyin tug'ilar ekan», deng. Odamlar farzandi uchun yo'qni yo'ndiradi. Bir   semizroq qo'y nima bo'pti?..

Juvon Lola opa bilan xayrlashib, katta yo'l yoqasidagi darvoza tomon burildi. U avaylab qadam bosar, nimadandir cho'chiyotganga o'xshardi…

Lola opa juvonning izidan kuzatdi. «Bu ayol o'g'illi bo'ladiganga o'xshaydi. Yurishidan bilinib turibdi. U eriga aytsa, nasib bo'lsa, bir… Uyda ham go'sht siyraklashib qolgan…»

— Farzand shirin. Odamzod farzand uchun jonini ham ayamaydi. — Lola opa beixitiyor o'z qo'llariga qaradi. — Mana shu qo'llar onalarni yo'qlik eshigidan qaytarib oladi, go'daklarga hayot bag'ishlaydi. Odamlarga shuncha yaxshilik qilib, bunday yayrab yashasam, nima qilibdi?.. O'g'rilik bo'layotgani yo'q-ku?! Yaxshiligimga yaxshilik qaytyapti. Buning nimasi yomon?

Shifokor gullarning nafis bo'ylariga to'yingan havodan huzur qilib nafas oldi. Shu payt uning chap biqinida bir narsa qattiq sanchilganday bo'ldi. Og'riqdan yuzi burishdi, xayollari chalkashib ketdi. U kafti bilan qornini siladi:

— Ishqilib, eson-omon qutulay-da!

Ko'z oldi sal xiralashganday bo'ldi. Bino hovlisidagi oq, pushti, qizil gullar rangi shisha idishda aralashtirilgan allaqanday suyuq dori rangiga o'xshab ketdi.

Birozdan so'ng Lola opa o'ziga kelib, qaddini rost tutdi-da, tetik qadamlar bilan xonasiga ko'tarildi. Xonasiga kirgach, stolga egilib daftar to'ldirayotgan hamshiraga buyurdi:

— Navbatdagisini chaqiring…

* * *

Katmanchopti tog' bag'rida oq ayiqdek cho'zilib yotgan muzlar erib, ularning joyi qorayganiga ham ancha vaqt bo'ldi. Shifoxona hovlisidagi gullar ham qovjiradi, bog'-rog'larga xazonlar ko'rpasi to'shaldi.

Lola opa yarim tunda og'riqdan uyg'onib ketdi. Qornini changallab, divanga o'tirdi. Qaynonasi kelinini to'lg'oq tutayotganini sezib, kalima qaytara-qaytara, o'rnidan qo'zg'aldi. So'ng o'g'lini uyg'otdi.

— Tezroq mashinangni tayyorla, xotiningning mazasi qochyapti, tezroq!

Erining rangi-quti uchdi. Tungi chiroq yorug'ida shosha-pisha      kiyindi. Ko'ylagining tugmasini topolmay asabiylashdi. Nimanidir yechib, qayta kiydi.

— Imillamasdan tezroq bo'lsangiz-chi! — ingradi Lola opa.

— Xo'p, onasi, hozir…

— Kelin, o'zingizni bosing. Birinchisi emas-ku, Xudoga shukr, — qaynona og'riqdan ingrayotgan keliniga dalda berdi.

Eri harchand urinmasin, mashina o't olmadi. Shosha-pisha xonaga qaytib kirdi, telefon go'shagini ko'tarib, qo'llari qaltiragancha, raqam terib, «Tez yordam» chaqirdi.

Tug'ruqxonada Lola opaning ahvoli kun bo'yi yengillashmadi. Shuning uchun viloyat markazidan mutaxassis yetib keldi. Ayolni tekshirayotgan shifokorning «Bola yonbosh, o'nglanmaydi», degan gaplari elas-elas qulog'iga chalindi. Shifokor ayol jarrohlik stoliga yotqizildi. Operatsiya ancha cho'zildi. Xayriyat…

Bemor o'ziga kelib, karavoti yoniga qo'yilgan stolda o'tirgan oq kiyimli ayolga, uning neon chirog'i nurlaridan yana ham oqargan, negadir tanish ko'ringan chehrasiga ko'zi tushdi.

— Bolam, — shivirladi Lola opa, — qani?

— Qizaloq bilan tabriklayman, Lola opa! — dedi shifokor.

— Qizmi? — so'radi u bazo'r, so'ng ko'kragidagi choyshabni siljitib jilmaydi.

— Ko'zingizni oching, Lola opa, ko'p uxladingiz.

Lekin u shifokor hamkasbini eshitmadi. Yuziga yana choyshabni tortib, ko'zlarini chirt yumdi. Allahsiray boshladi. Xayolida  kutilmagan voqealar, xotiralar jonlandi: undan shifo, madad izlab, maslahat so'rab kelgan tanishu notanish ayollar, birinchi marotaba ona bo'layotgan, vahima bosgan yosh-yosh kelinchaklar, ularning iltijo to'la umidli nigohlari. Katta hovlisi, qo'y-qo'zilar, ayollarning erlari «Opajon, nima desangiz ham rozimiz, ikkalasi ham omon qolsin!» — deya yalinib yolvorishlari…

Mehmonxonasi, tax-tax yuklar, turli-tuman qimmatbaho buyumu matolar. Yana aytganini olib kelmagani uchun u «Ko'zimga ko'rinma!» deb qaytargan og'iroyoq ayollarning iltijo va    nafrat to'la ko'zlari.

Bir guruh sochlari to'zigan ayollar esa xuddi alvastilarga o'xshab, qo'llarini bigiz qilib, «Mana, qasamini buzgan, past ketgan xotin!» deb Lola opani ko'rsatishyapti. Lola opa ulardan yuzini buradi. Ketay desa, joyidan qo'zg'ala olmaydi, xuddi yerga mixlab tashlanganday. U yordam so'rab qichqirmoqchi bo'ladi, biroq ovozini o'zi ham eshitmaydi:

«Ularni haydanglar, aytinglar, tegishmasin menga, qutqaringlar meni, kim bor!..»

— Opa, tinchlaning, sizga hech kim tegayotgani yo'q. Ko'zingizni oching. Qizingizni ko'rmoqchimisiz? Hozir olib kelishadi.

Lola opa tanish ovozga javob berishga harakat qilib ko'rdi. Bo'lmadi. Shundan so'ng yana uyquga ketdi.

— Hali narkozning ta'siri ketmagan, chog'i?! — dedi viloyatdan kelgan vrach va hamkasbining yonidan ketmay o'tirdi.

Lola opa asta-sekin o'ziga kelib, hozir qaerda ekanini eslashga harakat qildi. Ko'zini ochdi. Yonida kechasi bilan mijja qoqmay chiqqan oq, lo'ppi yuzli tanish ayolga qaradi.

— Uyg'ondingizmi, opa, meni taniyapsizmi?

Bemor eslay olmadi.

— Toshkentda bir yotoqda yashaganmiz. O'qishni sizdan keyinroq tugatganman…

Lola opaning ko'z oldi asta-sekin yorisha boshladi.

— Salimamisiz?

— Ha, xuddi o'zi, — dedi hamkasbi quvonib.

— Bolam sog'mi?

— Xavotir olmang, sog'lom. Hamshiralaringiz qarab turibdi.

— Sizga rahmat, Salima!

— Burchimiz, opa.

Lola opa boyagi allahsirashi va hayotidagi shunga monand voqealarni o'yladi. Ko'ngli yana buzildi, ko'zlari alam-iztirobga to'ldi. «Burchimiz», deydi. Hech ikkilanmay aytadi. Nigohi tip-tiniq, qatra soya yo'q. Naqadar baxtli bunday odamlar!»

— Burchimiz, deng, Salimaxon. Shu so'zni sizdek chin dildan, qiynalmay aytadigan kishilar — juda   baxtli odamlar.

— Nega unday deysiz? Hammamizning burchimiz, axir. Shunday paytda odamlarga nafimiz tegmasa bizning nima keragimiz bor ularga?

Salima hamkasbining qandaydir og'riqdan iztirob chekayotgan ko'zlariga qaradi. U aytgan gaplarning tub ma'nosini anglamoqchi bo'ldi. Oxiri Lola opani narkoz ta'sirida yana allahsirayotgan bo'lsa kerak, deb o'yladi.

BOZOR ILYoS
AL-AMIN

loading...