MUHABBAT VA NAFRAT… (33-qism. Ikkinchi kitob)

0

 

 

* * *

 

— Shunaqa degin? Lekin gapingga ishonish qiyin-da. Iloji bo'lganda-ku, o'zingdan nishxo'rt chiqarmasding. Eplolmaysan-da.

Cho'tirning ichidan qirindi o'tdi. Lekin ichidagisini tashqariga chiqarmay, irjaydi.

— Ha, endi, xo'jayin, peshona ekan-da, peshona… — dedi.

— Ey-y, peshonangdan o'rgildim! Yuringlar, kak raz kasyak o'rab turgandim.

Uning o'zi yo'l boshladi. Cho'tir og'zi qulog'ida ergashdi. Parizod esa qoqqan qoziqday turaverdi.

— O'ktam aka, yangi partiya keldi, deb eshitdim. Bir maza qilarkanmiz-da… — dedi hali-hanuz og'zini yopolmagan Cho'tir.

— Dahshati. Kecha kechqurun bittasini o'ragandim, bugun tushgacha kayf qildim. Lekin o'ziyam yarimta qo'yni yeb tashlabman. Men ichgan suvni buqa ichsa, shishib o'lardi.

— Hali chakmasimdan suyaklarimgacha dodlab yuboryapti. Bugun maishat zo'r bo'ladiganga o'xshaydi. Kelgunimcha yomon bo'ldi. Hamma hissasini chiqarvoladigan bo'ldim-da, akaginam.

O'ktam javob bermadi. Qovog'ini osiltirib, Cho'tirga bir qarab qo'ydi-da, birdan to'xtadi va ortiga o'girildi. Parizod hanuz joyidan jilmagan, ularning tomchaga kirib ketishini intiq kutardi. O'ktam avval Cho'tirning boshiga shapaloqladi. Keyin iziga qaytib, Parizodning qo'lidan siqib ushladi. Qiz sho'rlikning suyagi suyagiga ishqalanib, zirqirib ketdi.

— Voy! — deya baqirib yubordi u.

— Hali boshqachayam baqirasan! Kimga tulkilik qilmoqchi bo'lding?! — dedi O'ktam pishqirib.

— O'zlaring bir og'iz «yur» demadilaring-ku!

Qizning o'zini oqlamoqchi bo'lgani naf bermadi. O'ktam shu yerning o'zidayoq hayvondan battar rahmsiz ekanligini ko'rsatib qo'ydi. Parizod ich-ichidan ertaroq shu tomchaga kirishni va manavi maxluqsifat uning qo'lini qo'yib yuborishini istadi. Lekin, nazarida, tomcha tobora uzoqlashib ketayotganday tuyulaverdi. U yig'lab yubordi. Tishini tishiga shunchalik qattiq bosdiki, yuzi burishib ketdi. Cho'tir yugurib borib eshikni ochdi. O'ktam qizni ichkariga kiritar-kiritmas oldinga siltab qattiq tortdi. Parizod bechora oldinga munkib borib gursillab yiqildi. Shu zahoti tomcha ichkarisida qahqaha ko'tarildi.

— Gul keldi! — hayqirdi kimdir.

— Maishat to'kis bo'ldi! — bo'kirdi ikkinchisi.

— Yashavor, Cho'tir! — tomog'ini yirtdi uchinchisi.

— He-he-he! — deya kuldi O'ktam, keyin birdan jiddiy tortib, davom etdi: — Indamasam, shuniyam mendan tortib olasanlar. Men bechora mana shu cho'lda chang yutib, qo'y boqib yursam-u, birgina oqbilak o'z oyog'i bilan kelib qolganida ham qo'ldan chiqarib o'tirsam. Ho'kiz!

— Labbay! — deya qo'lini ko'ksiga qo'ydi davra qurib o'tirganlardan biri.

U qolipga quyib qo'yganday ho'kizga o'xshardi. Habashday qop-qora, bo'yi ikki metrcha keladigan, semiz, ko'zlari olaygan, shunga qaramasdan, ovozi xiyla ingichka odam edi.

— Yerto'laning eshigini och!

— Xo'p bo'ladi!

Darrov uycha to'riga to'shab qo'yilgan sholcha olindi. Uning ostidan temir panjarali qopqoq chiqdi. Ho'kiz laqabli Toshtemir uni ko'tarib, bir chetga surib qo'ydi. So'ng Parizodni ko'tarib, yerto'laga tashlab yubormoqchi bo'lganida, O'ktam unga baqirib berdi:

— Qo'lingni tekkizma, ho'kiz!

Toshtemir birdan qaddini rostladi.

— Hammang qulog'ingga qo'rg'oshinday quyib ol! Bu kabutar, — deya O'ktam Parizodni ko'rsatdi, — faqat menga tegishli. Bittang yaqiniga yo'lasang, onangni uch qo'rg'ondan ko'rsataman! Davrada o'tirgan ikki kishi hamda Toshtemir bilan Cho'tir qo'lini ko'ksiga qo'yib, bir ovozdan:

— Xo'p bo'ladi, xo'jayin! — deyishdi.

Shundan keyingina O'ktamning o'zi Parizodni qo'lidan ushlab o'rnidan turg'izdi-da, o'ra labiga olib keldi va ehtiyotkorlik bilan pastga tushirdi. Parizod zimistonda qoldi. U endi hech narsadan qo'rqmas, biroq ich-ichidan ezilar edi. Dunyoga kelib, mutlaqo qiyinchilik ko'rmadi. Yeyish-ichish, kiyish mo'l-ko'l edi. Xohlagan gapini gapira olar, xohlagan ishini qila olardi. Birov uning mushugini pisht demagan. U birgina onasining gaplari, fe'l-atvoriga tushunolmas edi. Qolganlar… Uning xayoliga Ma'ruf keldi. Hamma joyi ko'kargan, aft-angori qonga belangan Ma'ruf. Kutilmaganda ko'nglida unga nisbatan iliqlik paydo bo'ldi. «Sevib qoldim» deya o'yladi u ilk bor. Lekin o'sha sevgisi to'g'risida uzoq muddat xayol surish, visol onlarini intiqlik bilan kutib, shirin entikish nasib etmadi. Avval Cho'tirning qo'liga tushdi. Endi manavi ahvol…

Yuqoridagilar xoxolashdi. Parizod boshini ko'tarib, ijirg'anib qo'ydi.

— Qo'yni so'y! Bittagina shirbozim bor, shuni so'yib kelinglar. Bugun men sizlarga haq beraman. Bugun mening dimog'im chog'! — dedi xoxolashdan so'ng O'ktam.

U yog'i shovqin-suron bo'lib ketdi. Parizod quloqlarini bekitib, ko'zini chirt yumib oldi. Ikki soy narida O'ktamning otari bor bo'lib, qo'ylar kolxozniki edi. Har qalay, xat-hujjatda shunday ko'rsatilgandi. O'ktamning o'zi esa cho'pon deb rasmiylashtirilgandi. Ammo shu mingdan ziyod qo'yni kolxoz raisi bir marta ham ko'rmagan, shuningdek, bir marta bo'lsin, go'sht, jun topshirilmagandi davlatga. O'ktam oralatib-oralatib o'n-yigirmasini bozorda sottirib kelar, junini ham oldirib, o'zi pullardi. Albatta, bunday ishlarning birortasini ham o'zi yollagan sakkizta podachiga ishonmasdi. Boshqalar bajarishardi. O'tirib chiqqan, o'g'ri, kazzoblar qilardi bunday yumushlarni. Podachilar qo'y boqishardi, xolos. Keyin maosh olishardi. Maoshlari boshqa joydagi haqiqiy kolxoz, sovxozlardagi cho'ponlarnikidan bir necha marta ko'p edi. Shuning uchun ular ishlarini astoydil bajarishardi. Sotilgan qo'ylar, jun davlat g'aznasiga tushyapti, deb o'ylashardi. Umuman olganda, qo'ylar qaerga ketyapti, kim sotyapti — qiziqishmasdi. Yana ularning birortasi ham shu atrofning odamlari emasdi. Boshqa-boshqa oblastdan edi.

Parizod o'tirgan o'rnining zaxligini his qila boshladi. «Kasal bo'p qolaman. Oyoqda tik turishim kerak. Ahvolim bo'lsa, bu. Yana shu holimga kasal bo'p qolsam, keyin nima bo'ladi? O'laman. Ey-y, shoshma, birovning qo'lida abgor bo'lib, sharmandam chiqqandan ko'ra, o'lganim yaxshi-ku. Bechora qiyinchilikka chidolmay, o'libdi, deyishadi bilganlar» o'yladi u va oyog'ini uzatib, o'tirib oldi. Bir muddat o'tgach, uni uyqu elitdi. Boshini qo'lining ustiga qo'ydi, uxlab qoldi.

Shu zahoti tush ko'rdi. Ma'rufni. U sog'ayib qolganmish. Jilmayib qarab turganmish.

— Muncha tez tuzaldingiz? — deb so'rabdi Parizod hayron bo'lib.

— Xonim, sizning karomatingiz bilan, — javob beribdi Ma'ruf.

— Men qanaqa karomat ko'rsatdim?

— Qalbingiz malham bo'ldi.

— Shunaqasiyam bo'ladimi?

— Mana, ko'rib turibsiz-ku.

— Siz g'alati ekansiz. Odam ishonadigan gap ayting.

— Ko'rib ishonmayapsizmi? Lekin siz o'zingizni oldirib qo'yibsiz. Zaxdan turing. Yo'qsa, ikkalamiz ham qiynalib qolamiz.

— Zax. Nega zax bo'larkan? Ko'rmayapsizmi, qo'sha-qo'sha ko'rpa ustida o'tiribman-ku.

— Yaxshilab qarang.

Parizod Ma'rufdan ko'zini uzib, yon-atrofiga boqibdi. Voajab! Hamma yoq balchiq emish. U shu balchiq o'rtasida o'tirganmish. Birdan qulog'iga baqir-chaqir, xoxolash eshitilibdi. Shu zahoti Ma'ruf tomonga qarabdi. Lekin u ko'zdan yo'qolgan edi.

— Ma'ruf, Ma'ruf! Meni bu yerdan chiqaring! — baqiribdi Parizod.

Ammo yigit uni eshitmas, ko'rinish bermasmish.

— O'ho', yotishlari ja boshqacha-ku!

Parizod birdan ko'zini ochdi va tepasida turgan O'ktamni ko'rdi.

— Yoqib qoldimi senga shu yer? — dedi O'ktam Parizodning uyg'onganini ko'rib.

Qiz javob bermadi. Buning o'rniga sekin o'rnidan turib o'tirdi.

— Mana, senga ovqat olib keldim. Hech kimga ishonmadim. O'z qo'lim bilan pishirib, o'zim olib keldim, — dedi O'ktam qo'lidagi idishni ko'rsatib.

— Rahmat… — deya kesatdi Parizod. — O'zingiz quruqqina, tozagina joyda ovqatlaning-u, menga mana shunaqangi qorong'i, tor, zax joyga olib keling. Yana boshqalarga ishonmay o'z qo'lim bilan pishirib, olib keldim, deyishingizga balo bormi?

O'ktam baqa bo'lib qoldi. U qizdan bunday gapni sira kutmagan edi. O'zi Parizod ham unaqa demoqchi emasdi. O'z-o'zidan, hayajon zo'ridan, ehtimolki, alami kuchliligidan gapirib yubordi. Aslida, ilgaridan mana shunaqangi qaltis vaziyatlarda hayratlanarli gaplar gapirardi. Maktabda — o'qituvchilariga, uyda — ota-onasiga, ko'chada — dugonalariga…

— Tepada ovqatlanging keldimi? — dedi O'ktam.

— Yo'q, mana shu zaxda. Xuddi qurbaqalarga o'xshab. Tavba qildim!

— Bo'ldi, gap yo'q! — deya O'ktam yog'ochdan yasalgan narvondan asta-sekin chiqa boshladi.

«Himm, men ko'chada qolganman-da, o'raga otib yuborishadi. O'zlari bo'lsa narvondan ehtiyotgina bo'lib tushib chiqishadi» xayolidan o'tkazdi qiz va O'ktamning tepaga chiqib olishini kutdi. So'ng narvonning yoniga bordi. Tepadagilarning ikkitasi to'ntarilib qolibdi. Yana ikkitasi esa bir-biri bilan o'pishgudek alfozda allanimalarni shivirlab gaplashishyapti. Xona o'rtasidagi dasturxonda esa yo'q narsaning o'zi yo'q. Go'sht-ku hisobsiz.

O'ktam dumalab yotganlardan birining orqasiga tepdi. Lekin u qilt etmadi. Keyin burunlari bir-biriga tegib-tegmayotganlarga zahrini sochdi. To'g'risi, ularni ko'rib, Parizod uyalib ketdi. «Erkak odam ham shunaqangi yaqin o'tirib gaplashadimi?» deb o'yladi. Ey-y, esdan chiqishiga sal qolibdi. Axir ular begona emas-ku. Bittasi Cho'tir, ikkinchisi boyagi Toshtemir ho'kiz.

— Ko'tar manavi go'rso'xtalarni! Tashqariga olib chiqib tashla! Onasining uyida yotganday, cho'zilib olishibdi, itlar! — o'kirdi O'ktam.

Suhbatdoshlar cho'chib tushishdi-da, darrov o'rinlaridan turib, ishga kirishishdi va ko'z ochib yumguncha cho'zilganlarni tashqariga olib chiqishdi. Keyin ichkariga qaytib kirib, qo'llarini ko'ksilariga qo'yib, navbatdagi buyruqni kutishdi. O'ktam atayin qilganday, buyruq bermadi. Buning o'rniga Parizodga takalluf ko'rsatdi.

— Qani, xonim, o'tiring, o'tiring, — dedi do'rillagan ovozini mumkin qadar yumshatishga urinib.

Parizod unga ko'zining tagi bilan qarab qo'ydi-da, ko'rpachaga omonatgina o'tirdi. O'ktam uning oldiga bir lagan bug'i chiqib turgan go'shtni surib qo'yarkan:

— Ichishga ul-bul berayinmi? — deya so'radi.

— Himm, avval bir piyola choy, undan keyin aroq… — javob berdi Parizod.

— Aroq! Ey-y, qoyil, qiz bolaning birinchi marta tortinmasdan aroq so'rashini ko'rishim. Mana, hozir-da!

U bitta piyolaga to'ldirib aroq quydi. Parizod xuddi ilgaridan ichib yurganday, piyolani qo'liga oldi-da, bir ko'tarishda hammasini oxirigacha ichdi. So'ng ishtaha bilan go'sht yeyishga tushdi.

— Men seni bunaqa dangal deb o'ylamagandim, — dedi uning ovqatlanayotganini kuzatib o'tirgan O'ktam.

— Nima, uyalib ochimdan o'layinmi? O'zi shundog'am zax joyda bo'larim bo'ldi. Shamollab qolsam, nima qilardingiz?! Unda sizga kerak bo'larmidim? Yoki sizga farqi yo'qmi?! — deb Parizod kaftining orqasi bilan burnini artib qo'ygan bo'ldi.

— Manga qara, gaplaring juda boshqacha, avval ham davra ko'rganmisan, deyman.

— Uf-f, buncha ezmasiz?! Xarakterim shunaqa. Otam erkalab o'stirgan. Lekin yana bitta narsani aytib qo'yayin, menga kimki ziyon yetkazsa, qarab o'tirmayman. O'chimni olaman.

— Men sendan davra ko'rganmisan-yo'qmi, deb so'rayapman?! — ovozini balandlatdi O'ktam.

— O'zingiz-chi?

— Hov, men sendaqa qizlar bilan ming martadan ziyod o'tirganman!

— Unda menga para bo'lolmaskansiz…

— Nimaga?

— Eskirgansiz…

O'ktam piq etib kulib yubordi-da, o'ziga ham aroq quydi.

— Men ichmayman boshqa, — dedi unga bir marta ko'z tashlab qo'ygan Parizod.

— Haliyam men senga quyayotganim yo'q. O'zim ichaman.

— To'ymadingizmi?

— To'yganimda anavi go'rso'xtalarga o'xshab, dumalab yotgan bo'lardim. Hali bir gramm ham ichganim yo'q.

— Unda sizdan do'st chiqmaydi. Xohlagan paytingizda yoningizdagi odamni sotib ketasiz. Yoki nimadir qilasizki, bechora kamida mayib-majruh bo'lib qoladi.

Uning gapi O'ktamga yoqmadi. U boshini ko'tarib, eshik yonida turganlarga qaradi-da, «chiqib ket» ishorasini qildi. Toshtemir bilan Cho'tir shu zahoti qorasini o'chirdi.

— Sen qiz haddingdan oshyapsanmi, deyman! Bilib qo'y, hozir qo'limdasan, bilgan ishimni qilaman, ammo…

— Menga qarang, men sizga anavi so'liqlaringizmasman. Tushundingizmi? Keyin ovqat beryapman, qornini to'yg'azdim, muttaham qilib oldim, deb o'ylasangiz, adashasiz. Menga bergan azobingiz uchun o'n yil boqsangiz ham, qarzdor bo'lib qolaverasiz. Keyin aytdim-ku, o'ch olaman, deb.

— O'ch olaman?!

— Ha-a, «Qiz bola bo'lsa, qo'lidan nima ham kelardi? Ustidan bilganimcha mag'zava ag'daraman» deb o'ylaganmidingiz? Shunday qilamanki, raqsga tushib ketasiz.

O'ktam miriqib kuldi. So'ng yana bir piyola ichib, orqasidan gazak qildi-da, Parizodga yuzlandi:

— Agar men sizning o'rningizda bo'lganimda, bunaqangi isqirt joylarda yashamagan bo'lardim, — dedi Parizod va piyoladagi choyni xo'rillatib ichdi.

— Qaerda yasharding?

— O'zim bilaman…

— Haliyam men bu yerda yashamayman. Yashash joyim boshqa. Lekin sen menga yoqib qolding. Qo'rqmay gapiryapsan, ammo yana shu narsani miyangdan chiqarma, jahlim chiqsa, kallangni olib tashlashim mumkin.

— Xo-xo-xo! — deya Parizod uni ermaklab kuldi.

— Ishonmaysanmi?

— Yo'-o'q, ishonishga ishonaman. Lekin bu gapingizni erkaklarga aytsangiz, yarashadi. Men qiz bola, ojiza bo'lsam. Mengayam shu gapni gapirasizmi? Uyalmaysiz-a!

— Endi haddingdan oshding! Ovqatingni tezroq ye! Senga bor-yo'g'i bir soat ajrataman! — deb O'ktam o'rnidan turdi.

Parizod qo'lidagi suyakni qars etkazib laganga tashladi.

— Tushunmadim… — dedi qoshlari chimirilgan O'ktam.

— Nimani tushunmaysiz, zahar qildingiz-ku! — deb Parizod yana kaftining orqasi bilan lab-lunjini artdi.

— Sen ilgariyam shunaqamiding?

— Shunaqaydim…

— Befarosat ekansan!

— Endi, farosatni o'rgatasiz-da…

— Unda og'zingni sochiqqa art!

— Sochiqqa? Anavi ifloslaringiz artgan sochiqqa-ya! Shunga sizning ko'nglingiz bo'ladimi?

— Yomon jonga tegadigan qiz ekansan-da! Tayyorgarligingni ko'rib tur! — deb O'ktam tashqariga chiqib ketdi.

Parizodning xiyla kayfi oshgan va shu kayf ta'sirida anchagina dadillashgan, botirlashgan edi. «Seni hali rosa nog'oramga o'ynataman. Ikkita gapimga chidolmadingmi, demak, bundan bu yog'iga itning kunini bemalol boshingga solsam bo'laverarkan», deya pichirladi va lagandan bir bo'lak go'shtni olib, og'ziga soldi-da, ishtaha bilan chaynarkan, aroq shishasiga qarab qo'ydi. Chunki boyagi bir piyola aroq unga shiringina kayf berish bilan birga yana tomog'ini taqillatib yuborgandi. Bir «Tag'in ozgina ichsam, hech narsa qilmas» deb qo'lini cho'zdi-yu, yana qaytarib oldi. Qo'rqdi, chunki butunlay kayfi oshib qolishi mumkin edi-da. Ana unda hozirgina topgan bir siqimgina obro'si yer bilan bitta bo'ladi. Eshikni g'iyqillatib ochib, O'ktam kirib keldi-da, qovog'ini uyib:

— To'ymaganmiding? — dedi.

— Uf-f! Jonimgayam tegdingiz-da! Qanaqa qilib to'yaman? Bir burda yedimmi-yo'qmi — zahringizni sochdingiz. Tashqaridaligingizda ozgina yeb olaman, devdim, shuniyam ko'p ko'rdingiz. O'zi-ku hamma yog'ini ugri bosgan Cho'tiringiz ikki kundan beri ochimdan o'ldiruvdi! — deya bobillab berdi Parizod.

— Bo'ldi, ko'p sayrama! Tur o'rningdan, ketdik!

— Qaerga boramiz?

— Enangning uyiga.

Parizod qimirlamadi — boshini egib o'tiraverdi. Shunda butunlay jahli chiqqan O'ktam uning sochidan g'ijimlab ushladi-da, tortdi.

 

* * *

 

Tolmas Badriddinovichning hayotini saqlab qolishdi, ammo juda qiyinchilik bilan. Yaxshiki, u ayni daqiqada kasalxonada bo'lgan. Shu hol boshqa joyda sodir bo'lganida bormi, joni uzilishi aniq edi. U ko'zini ochgan zahoti salom-aligi yaxshi bo'lgan vrachdan Sumbulxonimni so'radi:

— Yonimda bir ayol boridi, qaerga ketdi?

Do'xtir jilmaydi va shu ondayoq kulgisini yig'ishtirib oldi. Raisning ko'ngliga bir nima kelib qolmasin, hayajonlanib yana yuragi bezovta qilmasin, dedi. Hammasidan ham unga ichi achidi.

— Oshna, ikki kun ko'zingizni ochmadingiz. U ayol uyiga ketdi. To'xtang, kechayam keluvdi. Sizni ko'rdi. U-bu narsa pishirib op kepti. Aqlli ekan. Bunday payti aytmasak ham, dieta qilishingiz zarurligini bilibdi. Bir xillarga ming gapirsang ham, foydasi yo'q. Dumba yog'iga qo'y go'shtini obdan qovurib op kelishadi. Menga qarang, shu ayol ja pazanda ekan-da. Odatda, dieta ovqatning mazasi unchalik bo'lmaydi. Lekin u shunday pishiribdiki, dahshat!

Tolmas Badriddinovich miyig'ida kuldi.

— Qo'ying ovqatni, o'zi yaxshimidi? — deya so'radi.

— Yaxshi bo'lganda qandoq, akam! — deb do'xtir raisning ustiga engashdi-da, shivirlab qo'ydi: — Didingizga besh ketdim.

Tolmas Badriddinovichning yuzi jiddiy tortdi. U sekin nigohini do'xtirdan oldi. Birinchi marta do'stdek bo'lib qolgan bu odamdan nafratlandi. Uning gapi raisga shunchalik bachkana, tuzsiz tuyuldiki, sog' holida mana shunday gapni eshitganida, ehtimolki, eng yaxshi gapirgani do'xtirni haydab solgani bo'lardi. Hozir nachora, shunday gapni-da eshitishga mahkum. «Yurishga zo'r postayanka topibsiz», demoqchi bo'ldi-da, yaramas. Qani endi, o'rnidan tursa-yu, basharasiga bir shapaloq tushirib: «Hov, ovsar, bu ayol mening xotinim! Halol, shar'iy, xotinim», desa.

— Do'xtir, men rosa chanqadim, iloji bo'lsa, bir piyola suv berishsa, — dedi o'zi ixlos qilgan, to'g'rirog'i, kasbining ustaligi uchun nihoyatda hurmat qiladigan vrachga. Chunki ilgari ular ko'pincha boshqa mavzularda gaplashishardi. Asosan, u gapirardi, do'xtir eshitardi. O'zidan uncha-muncha fikr qo'shmasdi. Raisning aytganlarini ma'qullardi. Zo'r bo'pti, xuddi shunday, boplagan ekansiz va hokazo gaplar bilan. Lekin aroqni yaxshi ichardi. Buni qarangki, qancha ko'p ichmasin, tilini yo'qotmasdi. Dona-dona gapirardi. Mast esa-da, bemaza gaplarni aytib qo'ymasdi va shuning bilan raisning hurmatini qozongandi. Mana, hammasi bir pul bo'lib turibdi. Chetdan qaraganda, uning gapida hech qanday g'ayrioddiy narsa yo'q. Didi yaxshi odam, yaxshi ayolni tanlagan. Lekin mohiyatiga nazar tashlasangiz, butunlay boshqa narsa yotibdi. Tolmas Badriddinovich do'xtir javob bermasidan, o'zini o'zi yanishga ham ulgurdi. «Qayoqdan ham shunaqa sezgirman? Qayoqdan ham odamlarning nima demoqchi bo'lganiga e'tibor beraman? Undan ko'ra, hammasini to'g'riligicha qabul qilsam, bo'lmasmidi? Shunda manavi bechorani ham ichimda so'kmagan bo'lardim».

— Tolmas Badriddinovich, sizga suv ichish mumkinmas-ku. Mayli, men qizlarga aytaman, qaynagan suvni sovitib op kelishadi. Shunda zarari kamroq bo'ladi. Afsuski, Toshkent suvining gazi bor. Bo'lmaganida shuni qaynatib kelsa, yaxshi bo'lardi. Bo'pti, yaxshi yoting, — deya do'xtir xonani tark etdi.

U ketgach, rais bir muddat erkin nafas oldi. O'ylamaslik uchun bo'ynini cho'zib, derazadan tashqariga qaragan kishi bo'ldi. Ikkita daraxtdan boshqa hech vaqo ko'rinmadi. O't-o'lan pastda, ko'rish uchun o'rnidan turish kerak. Ammo unga hozir turish mumkin emas. Shundagina rais bildiki, tashqari, dalani sog'inibdi. Yurgan, doimiy ish bilan ovora bo'lgan odam yotib qolsa, chatoq ekan. Har narsa yuragini siqarkan.

Shu payt egnidagi oppoq xalati nihoyatda yarashgan qiz jilmayib kirib keldi. Tolmas Badriddinovich uni qaerdadir ko'rganday edi. «Qaerda ko'rgan ekanman?» deb rosa o'yladi, biroq eslayolmadi.

— Doringizni ichib olasiz, rais bova, — dedi hamshira qiz.

Shu zahoti Tolmas Badriddinovich undan xafa bo'lib ketdi. Axir qachondan beri bobo bo'lib qoldi. Hali yoshday edi, nazarida. Hali kerak bo'lsa… Ikkita xotin bo'lsa, uylanishga balo bormi? Bu yog'i bolalarning bo'yi yetib qolgan. Lekin hozir bularni o'ylaydigan paytmi? Xafa qildi manavi qizcha, tamom vassalom! Nima bo'lgan taqdirda ham, bovo demaslik kerak edi. Hech bo'lmaganda, ko'ngli uchun. Rais quruqlashgan, suvi qochgan labini yalab qo'ydi-da:

— Suv shunchalik tez qaynadimi? — dedi.

— Yo'q. Suvimiz doim qaynab turadi. Sovitib qo'yganimiz ham bor, — javob berdi qiz o'sha-o'sha tabassum bilan.

— Men o'ylabmanki… Mayli, lekin doridan oldin bir piyolagina suv ichayin. Ana undan keyin zahar bersangiz ham, yutaveramiz.

Qiz qiqirlab kulib yubordi:

— Zahar bermaymiz. Dori beramiz, dori… — dedi qiz o'zgacha mehr bilan Tolmas Badriddinovichga boqib.

Ana shu mahal raisning ko'ziga hamshira qizi Parizod bo'lib ko'rinib ketdi. Axir Parizod ham sho'x-shodon-da, u ham ko'p tabassum qiladi-da. Shundagina idrok etdiki, bu qizni ko'rishi bilan ko'nglida paydo bo'lgan muhabbat otalik muhabbati ekan.

— Mayli, qizim. Mayli, umringdan baraka top! — dedi Tolmas Badriddinovich.

Dori ichdi. Yostiqqa qaytadan bosh qo'ydi. Hamshira chiqib ketmasidan ko'zini yumdi. Ichikdi. «Qizginam, nimaga bularning gaplariga rozi bo'ldim? Nega endi sen, tanho o'zing qaerdagi muttaham bilan ketishing kerak? Nega boshqa birovmas. Nazoratda emish. Hech narsa qilolmaskan. Ozgina ortiqcha harakat qilsa, bosisharmish. Lekin oradan necha kun o'tib ketdi? Shuncha vaqt ichida padaringga la'nat zek kattasining oldiga yetib borolmadimi? Indamasak, bir kunda borvoladi, deyishgandi. Lekin oradan necha kun o'tib ketdi. Hali-hanuz hech qanaqangi darak yo'q. Parizod qaerda yuribdi? Tinchmi? Itlar itlik qilib qo'yishmadimi?» Birin-ketin kelayotgan javobsiz savollar raisning yuragiga yana og'irlik qildi. Qon oqimi tezlashgani bois uning urishi og'irlashdi. Baxtiga hamshira qiz chiqib ketmagandi. Yana u anchagina sinchkov ham ekanki, bir qarashdayoq Tolmas Badriddinovichning yuzidagi o'zgarishni sezdi.

— Sizni futbolga qiziqadi, deb aytishgandi. Shu rostmi? — deya so'radi hamshira qiz.

Tolmas Badriddinovichning xayoli to'zg'ib ketdi.

— Ha, qiziqaman. Biron nima bo'ptimi? — so'radi u hamshiradan.

— Bo'lganda qandoq. Kecha «Paxtakor» «Spartak»ni bir yoqli qilib tashladi.

— Yo'g'-e!

— Yana Moskvada, deng? Anavi yangi o'yinchi bor-ku, Amriyev…

— Xo'sh-xo'sh?..

— O'sha qaychi usulida o'n oltining bu yog'idan shunaqangi tepdiki, devyatkaga borib tushdi. Dasayev turgan joyida qotdi-qoldi. O'ziyam bir o'yin bo'ldi, bir o'yin bo'ldi! Birinchi taymda «Paxtakor» ikkita gol urdi, ikkinchi taymda — bitta. Uchu nol bo'ldi. «Spartak»chilar boshlarini egib, yerga kirib ketguday bo'p stadiondan chiqib ketishdi. Ular eshitgan so'kishlardan, rosti, uyalib ketdim.

Tolmas Badriddinovichning yuzida tabassum paydo bo'ldi. Axir necha yildan beri bu «Spartak» degan baloga kuchlari yetmaydi o'zimiznikilarning. Endi komanda zo'r bo'lganda nimadir sodir etiladi-yu, «Paxtakor» birin-ketin yutqazishni boshlaydi. Keyin turnir jadvali oxirida «Qayrat», «Neftchi», «Pomir» bilan joy almashib yuraveradi.

— Qizim, shu futbolni takroran qo'yishmasmikan? — so'radi rais hamshiraga umid bilan boqib.

— Bersa kerak, yanayam bilmadim. Kecha oqshom indiyskiy kino bo'lishi kerak edi. Nimagadir uzishdi-da, o'rniga futbol qo'yib yuborishdi. Quvonib ketganimdan «Ura!» deb baqirib yuboribman. Enam: «Sen qiz tentak-pentak bo'p qolgansan!» dedi. Endi, rais bova, nima qilay, futbol joni dilim bo'lsa.

— Ha-a, odam bir qiziqsa, hamma narsani esidan chiqarib qo'yadi. Glavvrach shu yerdami?

— Ha-a, nimaydi?

— Bitta iltimos qilsam, mening xonamga televizor qo'yib bermasmikan?

— Borib asta so'rab ko'rayinmi? — dedi hamshira miyig'ida kulib, ko'zini sal qisarkan.

— So'rang, qizim, so'rang. Faqat tez…

— Xo'p… — deya qiz eshik tomonga yurdi.

Raisning kayfiyati xiyla ko'tarilgandi. Biroq eshik ortida, to'g'rirog'i, bosh vrach xonasida uning dilini xufton qiladigan, kerak bo'lsa, Tolmas Badriddinovichni bemalol qabrga joylashtirishga qurbi yetadigan xabar bor ediki, mayor bilan kasalxona boshlig'i shuning ustida bosh qotirishardi.

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV

 

 

 

loading...