MUHABBAT VA NAFRAT… (41-qism. Ikkinchi kitob)

0

 

 

* * *

 

Ichki ishlar bo'limidan tayinli javob ololmagan Nasimaning battar jazavasi tutdi. U qizarib-bo'zarib, mashinaga mindi-da:

— Hayda! — deya Faxriddinga baqirdi. — Tez hayda! Tegirmonqo'rg'onga hayda!

Orqa o'rindiqda uxlayotgan Said cho'chib uyg'onib ketdi. Uning mastligi hali tarqamagandi. Shu bois atrofiga karaxtlanib qaradi-da, yana o'zini tashlab yubordi va yarim kechagacha uyg'onmadi. Tegirmonqo'rg'on shimolidagi suv omborining so'l tarafidagi majnuntol ostiga qurilgan mo''jazgina qahvaxonaga Nasima Faxriddin bilan birga kirdi. Bu atrofda hech kim yashamasdi. Aytishlaricha, bundan qariyb chorak asr muqaddam Berdiqul Elomonov ismli raykom o'zi uchun shu qahvaxonani qurdirgan ekan. Biroq unga bir marta ham kelib dam olib ketish nasib qilmagan. Respublika markaziga katta yig'inga borib qaytayotganida, samolyotda falokatga uchrab, olamdan o'tgan. Shundan keyin bu qahvaxona hammaga xizmat qiladigan bo'lib ketdi. Avvaliga rayonning kattalari kelib dam olishdi, charchoq yozishdi. So'ngroq ularning safiga bir-ikkita amaldorlar qo'shildi. Asta-sekin ular «tungi kapalaklar»ni olib kela boshlashdi va oxiri shunga borib yetdiki, «Majnuntol» qalang'i-qasang'ilardan bo'shamaydigan bo'lib qoldi. Nasima Tegirmonqo'rg'onda shunaqangi joy borligini bilmasdi. Faxriddin shu tomonga mashinani haydadi. «Baribir, quruq tuhmatga qoladiganga o'xshayman, undan ko'ra, ularning ko'ngillaridagi ishni qilayin, keyin alam qilmaydi» degan xayolga borgan edi u.

Kuz ostonasi bo'lganligi bois «Majnuntol»da odam kam ekan, qariyb umrining yarmini shu yerda o'tkazib, ko'pchilikning hojatini chiqarib yurgan qahvaxonachining yuzi sovuqdan-sovuq edi. Nasima uni ko'rishi bilan boshqacha bo'lib ketdi. Darrov ko'zini olib qochdi.

— Ziyod aka, bizga joy bormi? — so'radi Faxriddin qahvaxonachi bilan qadrdonlarday so'rashgach.

— Zo'ri bor. Eng chekkadagi. Birov bormaydi, maza qilib o'tirasan, — deya tirjaydi Ziyod.

— O-o-o, bo'lganman u yoqda! Bo'lganman. Bizga o'n six kabob bilan ikkita aroq, gazagiga shu o'zingiz bilganingizday, kelishdikmi, aka?

— Sen boraver, u yog'ini o'zim boplab tashlayman.

Ularning o'zaro gapi Nasimani ancha cho'chitdi. Shunga qaramasdan, u ildam yurdi. O'sha eng chekkadagi xonaga darrov kirib oldi-yu, Faxriddinga o'girilib, dedi:

— Bu yerga ikkovimizdan boshqa hech kim kirmasin. Anavi turqi sovuqni bo'lsa umuman ko'rishga toqatim yo'q.

— Hech narsadan xavotir olmang, hammasi chiki-chiki bo'ladi. Bu yog'i yurakdan dam olasiz, — dedi unga javoban Faxriddin va ayolning yuzidan chimdib qo'ydi.

Egulik-ichgulik qariyb ikki soatdan ko'pga cho'zildi. Shu vaqt oralig'ida Nasima eridan obdan nolidi. Dunyodan hech bir rohat-farog'at ko'rmay o'tib ketayotganini aytdi va evaziga hamsuhbatidan ko'ngil yupatuvchi gaplar eshitdi. Erkalandi.

 

* * *

 

Ma'rufning xayoli Parizodni ertaroq topish bilan band bo'lganligi bois u g'or ichkarisiga mutlaqo e'tibor bermadi. Indamay kirib bordi va qo'llarini boshi ostiga qo'ygancha pishillabgina uxlayotgan qizni ko'rdi. Parizod shunaqangi beozor uxlardiki, yoniga o'tirib, maza qilib tomosha qilsang bo'lardi. Ma'rufning yuragi gupillab urib ketdi.

— Qalay? — dedi uning ortidan kirib kelgan O'ktam. — Boplab tashlabmanmi?!

Ma'ruf birdan ortiga o'girildi. Tishlarini bir-biriga bosib g'ichirlatdi.

— Nima qilding?! — dedi g'azab bilan.

— Ey, enangni emgurning bolasi, hali sen meni sensiraydigan bo'ldingmi? Sen jinqarcha-ya! — deya birdan dag'dag'aga o'tdi O'ktam.

Tashqarida Ma'ruf O'ktamni bir marta so'kkandi. Lekin u e'tibor bermagan edi. Hozir esa sensiraganiga shuncha dag'dag'a.

— Nima qilding, deb so'rayapman?!

— Ko'rmayapsanmi nima qilganimni, it?! — deya O'ktam miltiqning qo'ndog'i bilan ayamasdan yigitning qorniga tushirdi.

Ma'ruf ikki bukilgancha ingrab yubordi. Xuddi shu payt uning beliga ham zarba kelib tushdi. Bu safar Mudar ham kuchini ko'rsatib qo'yish, ham O'ktamga yaxshi ko'rinish maqsadida urgan edi. Ma'ruf Parizodning yonginasiga quladi va ko'zini yumdi.

O'ktam ortiga burilib, Abdusattorga qaradi.

— Sen hayvonni nima qilsam bo'ladi? — dedi o'qrayib.

— Ma'ruf cho'zilib qoldi. Shunday bola ag'anaganidan keyin men nima qilardim?

— Juda yumshoq eding, meni ko'rishing bilan oyog'im ostiga poyandoz bo'lishga tayyorday jilpanglarding, darrov o'zgarib qolibsanmi, eshak?

— Eshak eshak bilan gaplashayotganini birinchi marta ko'rishim, — deya jilmaydi Abdusattor cho'pon.

— Eshak sen bo'ladigan bo'lsang, sen bilan gaplashayotgan men ham eshak ekanman-da. Hali sening bo'yning shunaqangi yo'g'onmidi? — dedi peshonasini tirishtirgan O'ktam.

O'ktam uni urishga miltiq ishlatmadi, balki tepdi. Cho'pon undan har qanday zarbani kutgandi. Shu bois o'zini orqaga oldi va Mudar bilan to'qnashib ketdi. Ana shundan keyin ur kaltak-sur kaltak boshlandi. Sho'rlik Abdusattorni sira ayashmadi. Og'zidan qoni kelib, hushidan ketib qolgunicha zo'ravonlarning biri qo'yib, ikkinchisi uraverdi. Qiy-chuv, baqir-chaqir Parizodni ko'zini ochishga majbur qildi. U oldiniga nima bo'layotganini tushunolmay, yonginasida yotgan yigitning kimligini aniqlayolmadi. So'ng boshini ko'tardi. Ko'zini ishqaladi.

— Nima bo'lyapti? — so'radi xirildoq ovozda.

O'ktam terlab ketgan, hansirab nafas olayotgan edi. Qizga o'girilib qaradi-da:

— Tomosha bo'lyapti. Sirk bo'lyapti. Sen bo'lsang shunday narsani ko'rmay, qotib yotibsan, — deya burnini tortib qo'ydi.

— Bechora, — dedi Parizod Abdusattorga achinib qararkan, — nima gunohi boridi?

— Gunoh? Bunda gunoh nima qiladi? Bu oppoq, xuddi ona sutiday oppoq. Gunohning hammasi menda. Manavi go'rso'xta Mudarda gunoh. Cho'pon zoti qo'y boqib gunohga botarkanmi? Hecham-da. Ular yuvosh, birovlarning hojatini chiqaradigan bo'lishadi. Lekin bir xil paytlari bilmasdan ko'lmakni bosib olib, baloga qolishadi.

Parizodning kayfi to'la tarqamagandi. Yana og'zi quruqlashayotgandi. Shu bois O'ktamning gaplariga unchalik e'tibor bermay, yerda cho'zilib yotgan ikkinchi odamga qaradi. Uning ko'ziga yigit tanishday tuyildi.

— Manavinisini ilgari bir joyda ko'rgandayman… Ko'rgandayman-u, lekin qaerdaligini bilmayman. Voy, boshim lo'qillab ketyapti, — deya u hovuzcha bo'yiga tizzalab o'tirdi-da, engashib qo'lini muzday suvga tiqdi.

Kaftini to'ldirib suv olib ichdi. Yuzini yuvdi va kutilmaganda birdan tetiklashib, kayfi tarqadi. O'rnidan turdi. Ana undan keyin Ma'rufni tanidi.

— Nima qildinglar bunga?! — deya baqirib yubordi.

— Nima qilardik, pachog'ini chiqardik-da. Bizning kayfiyatimizni buzganlar mana shu holga tushadi. Sen ham ko'rib qo'y, — g'o'daydi O'ktam.

— Odammas ekansiz. Men sizni boshqacha deb o'ylovdim. Lekin sang'i kuchukdan bir tukingiz farq qilmaskan.

— Nima deding?! — deya Parizodni urish uchun qo'lidagi miltiqni ko'tardi O'ktam.

Xuddi shu payt Ma'ruf yo'taldi. Beli qaqshab ingradi va shu bilan qizni kaltaklanishdan saqlab qoldi.

— Mudar, bularning qo'l-oyoqlarini bog'lab tashla, — deb O'ktam Ma'ruf bilan Abdusattorni ko'rsatdi.

— Manavinisiga hojat yo'q. O'ladigan bo'lib qoldi o'zi.

— O'lsa, yana yaxshi. Cho'ldagi bo'rilar anchadan beri odam go'shti yemay qo'yishgandi. Bir maza qilishadi.

— To'xtang, ana shu qashqirlardayam sal insof bor. Bechora sizga nima qildiki, shuncha?..

— Hov! — deya O'ktam Parizodning gapini bo'ldi. — Men senga aytdim nima qilganini, boshqa so'rama!

U halidan beri kaltaklovchi va kaltaklanayotganlarni kuzatib turgan Xonbibiga yuzlandi:

— Hamma narsa bir tiyin bo'ldi. Qurug'idan opchiq, o'zimga kelmasam bo'lmaydi. Undan keyin manavi ikki molni bir yoqli qilaman. Kayfda azob berish zo'r-da…

 

* * *

 

Parda avvaliga «Meni qutqarib olishsa kerak» deb o'ylagandi. Axir uncha-muncha zo'ravonlar bilan tanish. Bir-ikki marta ularning hojatini chiqargan. «Akalarim eshitishlari bilan yetib keladi» deb o'ylagan edi. Ammo ishonganlaridan birontasi qorasini ko'rsatmadi. Buning o'rniga uni ushlab kelganlar qayoqdagi ayblarni bo'yniga yuklashdi: turmadan qochgan, zo'ravonlik va narkotik moddalar savdosi bilan shug'ullangan… «Jinni bo'p qoldilaringmi? Nimalar deyapsizlar? Qachon turmadan qochibman? Kimning burnini qonatibman? Nasha degan narsani umrimda ko'rmaganman!» deya u joni boricha baqirdi. Biroq uning gapiga birov quloq solmadi. Tergov jarayonidagi baqir-chaqirlari va hurmatsizligi haqini temir panjara ortiga o'tqizishganidan keyin berishdi. Ayniqsa, shishaga suv to'ldirib, nozik jo- yiga ilib qo'yishganida, Pardaning ko'ziga dunyo qorong'i ko'rinib ketdi. U o'tirgan joyida «Men qiluvdim! Men qochuvdim!» deya baqiraverdi va bo'yniga qanday ayb qo'yishgan bo'lsa, hammasini tasdiqlab, qog'ozning ko'rsatilgan joylariga qo'l qo'ydi.

Shunda ham qariyb uch kun uni boshqa shaharga qamoqxonaga olib ketishmadi. Yovg'on sho'rva bilan siylashdi.

U mashinaga chiqqanidan so'ng yig'lab yubordi. «Bundan bu yog'iga bunaqangi joylarda kim nima desa, hammasiga rozi bo'laman» deya ont ichdi.

Parda yigirma kishilik, atrofi beton devor bilan o'ralgan, ikki qavatli karavotlar qo'yilgan, zax hidi ufurib turgan xonaga kirishi bilan bo'yi atigi bir yarim metr keladigan, so'xtasi sovuq kal bosh bir odam:

— Cho'tir ushlanib qoldimi? — deya so'radi.

Parda birdan irjaydi. Chunki u davra ko'rgan-da. Zo'ravonlar bilan qanday muomala qilishni ozmi-ko'pmi biladi.

— Ming bor uzr. Tergovchini qancha tezlatsam ham, imillayverib vaqtni o'tkazdi, bo'lmasa, qanot chiqarib uchguday edim, — dedi Parda karavotda yotgan kal boshning yonida turganlarga bir-bir qarab chiqib.

— Yo'g'-e, sen hali uchishniyam bilasanmi?! — deya kesatdi No'g'ay.

— Aka, — deya qult etkazib tupugini yutdi Parda, — siz yoki bu yerdagi boshqa akalar «uch» deyishsa, uchaman-da. Hech bo'lmasa, karavotning ustidan o'zimni otarman.

— Buqa, buning uchishiga o'zing qarashib yubor, — deb miyig'ida kuldi No'g'ay.

— Xo'p bo'ladi.

Orqaroqda turgan xum kalla, har yelkasida ikki chelak suv bemalol turadigan jundor nusxa ko'kragiga qo'lini qo'yib, «Xo'p bo'ladi», deyishi Pardaga g'alati tuyildi.

— Akajon, shart emas, o'zim bemalol uchaveraman.

Pardaning a'zoyi badani dag'-dag' qaltirar, u qanday bo'lmasin, vaziyatdan chiqib ketish yo'lini axtarar, ammo xayoliga tuzukroq gap kelmasdi.

— Avval biz uchiramiz, keyin o'zing qanot qoqasan, qushcha!

Kal boshning gapiga hamma baravariga xoxolab kulib yubordi. «Buqa» laqabli tutqun ko'zi olayib, Pardaga yaqinlashar, Parda sho'rlik goh boshqa aristonlarga, goh ro'parasidagi kal boshliga umid bilan boqardi. Mana, to'rt… uch qadam qoldi. Endi barzangi tutqun ikki qanotidan ushlab, uloqtiradi yoki bir balo qiladi.

— O'ktam aka! — baqirib yubordi u kutilmaganda.

Barzangi yurishdan to'xtab, orqasiga o'girilib, No'g'ayga qaradi. Shu zahoti kal boshning yuzidan rang qochdi.

— Nima? O'ktam… Buqa, shoshmay tur, — deb kal bosh Pardaning yoniga keldi, — Kimni aytding? — so'radi.

— Sizga O'ktam akamdan, podachidan salom olib kelgandim.

— Sen uni qaerdan taniysan?

— Oldi-berdimiz bor.

— Shunaqa degin?

— Ha.

Kal bosh atrofidagi tutqunlarga olayib qaradi. Shu zahoti ular tarqaldi.

No'g'ayning karavoti to'rda edi. Uning tepasida hech kim yotmasdi. Umuman olganda, kal bosh bu yerda tunamasdi. Karavoti xo'jako'rsinga edi. Unga hamma sharoitlar muhayyo bo'lgan alohida xona ajratilgan ediki, ozodlikda yurganlar ham bunaqangi imkoniyatlarga ega xonani hatto tushlarida ko'rmagan.

— Sen Cho'tirga aylanishing kerak, — dedi No'g'ay ular karavotga yonma-yon o'tirganlaridan keyin.

— Kerak bo'lsa, aylanaman. Lekin mening bo'ynimga yaxshigina yuk ilishdi. Birov aralashmadi. Akalarga xabar berishimga imkon bo'lmadi. Sababini tushunmadim.

— Bunisiyam shunday bo'lishi kerak edi. Lekin, rostini aytayin, O'ktamga tegishli ekanligingni bilmagandim. Bizga bitta yoriq kerak, shuni akangga yetkazishing zarur. U shu paytgacha anavi itning yalog'i bilan ishlab kelyapti. Cho'ponning bu ishi ichkaridagilarga ma'qul tushmayapti.

— Men bir narsa deyolmayman. Buning ustiga, hozir qornim och. O'n kundan beri tortmaganman ham, suyaklarim qaqshab ketyapti.

— Buni qara-ya.

No'g'ay miyig'ida kuldi va boshini ko'tardi. Shu zahoti nariroqdagi karavotda o'tirib, u bilan hamsuhbatini kuzatayotgan ikki tutqun o'rnidan turdi.

— Opkel, — deb qo'ydi kal bosh va cho'ntagidan sarg'aygan qog'oz parchasini oldi-da, unga maxorka solib, o'ray boshladi.

Parda uning qilayotgan ishini ko'rib, qotib qoldi. Axir kimsan turmani zir titratuvchi, qamoqxonadan tashqariga ham bemalol qo'li yetadigan odam gazeta parchasiga maxorka o'rab cheksa-ya.

Pardaning darrov kayfi oshib qoldi. U xuddi uchib ketayotganga o'xshardi. Shu bois ham o'zi o'tirgan karavotni mahkam ushlab oldi. «Qo'yvorsam, shiftga tegaman, keyin asta uchib borib derazadan… Lekin hamma yoq panjara… Bu bachchag'ar, bilagimga kuch bag'ishlaydiganidan ham topib bermasmikan, shunda derazadagi temir panjarani bir zarbda buzardim-da, qamoqxonadan uchib chiqib ketardim…» U xayolini oxirlatolmay, yonboshlab qoldi. Ana shundan keyin No'g'ay shotirlarini chaqirdi va:

— Bangini aytganimday qilib qo'yinglar, — dedi.

Shu zahoti Pardaning og'ziga latta tiqildi. So'ng uchi o'tkir mix ishga tushdi. Parda baqiray desa, ovozi chiqmaydi. Baqirmay desa, og'riq jon-jonidan o'tib ketyapti. Yotgan joyida tipirchilayverdi. Biroq bu ham foyda bermadi. Chunki ikki yelkasidan barzangilar bosib turishardi.

Hash-pash deguncha Pardaning yuzida sog' joy qolmadi, o'ziyam qoniga belanib ketdi. «Sino» nomli keskin ta'sir etuvchi chekimlik Pardani karaxt qilib qo'ygan esa-da, u og'riqni sezdi va hushidan ketib qoldi.

Pardani o'ziga keltirishganida, yuzi tandirga kirib chiqqanday lovullardi.

— Nima qildinglar?! — dedi u yig'lab.

— Men senga Cho'tir bo'lishing kerak, degandim-ku. Cho'tir bo'lding, tamom-vassalom. Senga «Qushcha» degan laqab qo'ymoqchiydim. Lekin qarasam, erkak ekansan. Shuning uchun cho'tirga aylantirib qo'ya qoldik.

Shu bilan No'g'ay ishini tugatdi va borib eshikni taqillatdi-da, qorovulni chaqirdi.

U xonasiga borib eshitdiki, Damir o'libdi. To'g'rirog'i, o'zini o'zi o'ldiribdi. «Rosa ishondim, odamini ishontirdinglar. O'zini o'zi o'ldirdi, emish. Balki, yordamlashib yuborgandirsizlar. Ozgina. Keyin sho'ring qurg'ur jon berib qo'ygan-da» ko'nglidan o'tkazdi No'g'ay va achchiq kulimsiradi.

— Bir kuni hammamizniyam taqdirimiz shu. Bizga o'xshaganlar hech qachon o'z ajali bilan o'lmaydi, — dedi ovoz chiqarib va borib yumshoqqina divanning bir chetiga o'tirdi.

Qizg'ish rangli «aka» xontaxta ustidagi oppoq chinni idishdagi kelin barmoq uzumdan bir donasini og'ziga soldi. Uzum karsillab ketdi. Uning ishtahasi ochildi. Biroq ikkinchi uzumni olishga ulgurmasidan eshik taqilladi.

— Kir, — dedi u aftini bujmaytirib.

Ikki nafar qiz kirdi. Birining qo'lida patnis, ikkinchisinikida choynak-piyola.

— Tushlik vaqtingiz bo'lgandi, — dedi qizlardan biri jilmayib.

— Tushlik?! Buncha tez? Mayli, olib kelinglar. Lekin avval bir-ikki ryumka konyak ichib olishim kerak.

Qizlar yengil qadam tashlab, uning yoniga kelishdi va nazokat bilan patnisdagi yaxna tovuq go'shti, sergo'sht sho'rva, salatlar va bir shisha konyakni ehtiyotkorlik bilan stol ustiga qo'yishdi.

No'g'ay darrov shishani qo'liga oldi-da, qadahni to'ldirdi. Odati bo'yicha, qizlardan biriga uzatdi. Qadah yarimladi. Qolganini ikkinchi qiz ichdi. So'ng ular idishlardagi taomlardan birma-bir tatib ko'rishdi.

— Eshitdinglarmi, bugun Damirni o'ldirishibdi, — dedi ulardan ko'zini uzmay o'tirgan kal bosh.

Qizlar bir-birlariga ko'z tashlab qo'yishdi.

— Kim u Damir? — so'radi sariq sochli qiz.

— He, senlar ham turmadagilarga o'xshab qolgansanlar. Laqabini aytmasa, tanimaysanlar. Ishkalchi bor-ku, o'shani-da.

— Voy, bechora. U sho'ring qurg'ur nima gunoh qilgan ekan? — deya uzun kipriklarini pirpiratdi oppoq yuzli, qoshlari ingichka, qop-qora sochi yelkasining yalang'och joyini bekitib turgan qiz.

— Hi-i, iching achib ketdi, osh-qatiq bo'lgan joying bormi? — deb kesatdi No'g'ay.

— Yo'g'-e, mening yonimga sizdan boshqasi yaqinlashmagan.

— Yaqinlashib ko'rsin-chi, kallasini sapchaday uzaman! Agar shunchaki kuyunayotgan bo'lsang, bekor qilasan. Axir dunyodagi zararkunandalardan birining yo'qolishi bayram-ku, — dedi No'g'ay va hiringlab kulgancha qadahni yana konyakka to'ldirdi.

Bir ko'tarishda hammasini ichib yubordi-da, sariq sochli qizning yuzidan chimdib qo'yib, keyin o'zining barmog'ini o'pdi.

Oradan bir soatlar o'tib, No'g'ay ayni «gulzor»ning o'rtasidaligida xabar keldi, Parda judayam haddidan oshayotgan emish.

— Parda, menga uning o'lganini aytgandinglar-ku. Demak, yolg'on ma'lumot bergan ekansizlar-da. Kuppa-kunduzi aldashyapti yaramaslar. Bunga qanday chidayman, qanday? — deb u o'rnidan turib, yuvinish, tozalanish kerakligini xayolining bir chetiga ham keltirmay (aslida, uni suv ham toza qilolmas edi), qolgan-qutgan konyakni ham ichdi. Bu paytda xabarchi chiqib ketgan edi.

(davomi bor)

Nuriddin ISMOILOV