ShAYTANAT… (10-qism. Birinchi kitob)

0

 

 

***

 

Prokuror mahkamasining tergovchisi Zohid Sharipov hali bunchalik xorlanmagan edi. Kechagina markazdan kelgan prokuror tergovchilarining qonunga mos bo'lmagan ishlari haqida ko'pirib gapirildi. Go'yo shu bilan mahkamalar tozalandi. Pokiza odamlar to'planganday bo'ldi… Zohid shu harakatlarga ishonibdi. U prokuror yordamchisining qilig'idan bir achchiqlansa, o'zining go'lligidan o'n g'azablandi. «Nima deyishmoqchi bo'lishdi: sen pista po'chog'isan, istagan paytda supurib tashlaymiz, sen keraksiz bir qog'ozsan — xohlasak, g'ijimlab oyoq ostiga otamiz, deyishmoqchimi?»

Zohid anchagacha o'ziga kelolmay o'tirdi. So'ng shart o'rnidan turib, prokuror yordamchisi xonasi tomon yurdi. U yordamchi bilan olishishni qasd qilgan edi. Ammo o'ziga zeb berib kiyingan, qoshlari qalin, ko'zlari kulib turuvchi prokuror yordamchisining muomalasi uni shashtidan qaytardi.

— E, keling, Zohidjon, yangi yillari qutlug' bo'lsin. Oilangiz, ota-onangiz sog'-salomatmilar? Baxtingizga ko'p yillar yashashsin, to'ylaringizga bosh bo'lishsin. Sizni chaqiraman, deb turuvdim. Xizrni yo'qlasam bo'larkan. Xo'-o'sh… Sharif Namozovni qo'yib yuborishga to'g'ri keldi. Aybi isbotlanmagan. Guvohlar gaplaridan tonishibdi. Unga qarshi ig'vo qilingani shunday sezilib turibdi-ku, sizlar to'ppa-to'g'ri qamoqqa tiqib qo'ya qolibsizlar. Namozov anov-manov odam emas, katta olim ekan. Chet elliklarni hayron qoldirib turgan odamni qamoqqa tiqsak, xalqaro janjal chiqib ketishini ham unutmasligimiz kerak-da, azizim. Chet eldagi safsataboz dushmanlarimizni bilasiz-ku, «SSSRda inson huquqlari poymol etilmoqda!» deb g'avg'o ko'tarishsa, boshimiz g'alvadan chiqmay qoladi. Keling, biz shunaqa tashvishlardan chetroqda yuraylik. Siz yoshsiz, o'sadigan yigitsiz, bamaslahat ishlayvering. Ig'voning boshida vinzavod direktori Sulaymonov turgan ekan. Aybini bo'yniga olib o'zi keldi. Hazilining bunaqa jiddiy tus olishini o'ylamabdi. Besh-o'n oy o'tirsa, ikkinchi hazillashmaydigan bo'lib chiqadi.

— Sulaymonov ishini menga topshirsangiz…

Zohid uning mahorat bilan to'qiyotgan to'riga bandi bo'lib qolmay, chiqib ketish niyatida shu gapni aytdi. Hech narsadan tap tortmay ishni xamirdan qil sug'urganday hal etayotgan prokuror yordamchisi Zohiddan shu iltimosni kutmaganida laqma odamga aylanmasmidi, bu dargohdan kavushi allaqachon to'g'rilanmasmidi? Dunyoning manaman degan olimlari bilan bahslashishga moslab yaratilgan bu fahm-farosat, bu aql shu arzimas masalani yechishda ojizlik qilsa-ya! Ha, Zohid ojiz edi. Uning ko'zlari ochiq, ammo fikr ko'zi bu o'yinlar, oyoq ostiga tushayotgan to'rlarni, eng muhimi — qarshisidagi odamning qalbini aniq ko'rolmayotgan edi. Aql hammavaqt ham odamga sharaf keltiravermaydi, ba'zan mana shunday xor ham qilib qo'yadi. Zohid o'zining beadad xorlanayotganini hozir emas, keyinroq his etadi. Boshingizga tosh tegsa, bir oz og'rib, so'ng bosilganday tuyuladi, ammo oradan vaqt o'tib shunday og'riq qo'zg'oladi-ki, o'zingizni qo'ygani joy topa olmaysiz. Ruhiy qiynoq ham shunday. Bir necha soatdan so'ng «men nima uchun unga shunday demadim!» deb o'zingizni la'natlay boshlaysiz. Biroq vaqt o'tdi — endi bu afsusdan nima naf?

Zohid soddalik bilan Sulaymonov ishini so'radi. Prokuror yordamchisi esa pinagini buzmay, o'sha kulimsiragan yoqimtoy ko'zlarini Zohiddan olmay javob berdi:

— Bu ishni Keldiyevga topshirdim. Taniysiz-a, ammamning buzog'i. Shunaqa mayda-chuydani topshirmasam, jiddiy ishlarni eplay olmaydi. Sizni zo'r ishlar kutib turibdi, azizim. O'sadigan odam mayda-chuydaga aralashmasligi tuzuk. Sizdan umidim katta. Respublika prokuroriga ham aytdim. Umidli yoshlarni biz har qanaqasiga qo'llaymiz.

— Sharipovning ishi oddiy hazilga o'xshamaydi. Hazil deb yurib uni o'ldirib ketishlari mumkin.

Jiddiy ohangda aytilgan bu gapni u ermakday qabul qildi:

— Vohma qilmang-e, azizim. O'ldirib ketadi, deb qamoqda ushlab turishimiz ham to'g'ri kelmaydi-da. Erkak odam lalaymay o'zini himoya qilsin. Itday ichib, cho'ntagiga birov nasha solib qo'ysa ham bilmay yotaveradimi?

— Men vahima qilayotganim yo'q. Undan pul talab qilishgan.

— Qim? Qachon?

— Kimligini bilolmay qoldim. Harholda qamoqxonada talab qilishgan bo'lsa kerak.

Prokuror yordamchisi telefon tugmasini bosdi. Ko'zlaridagi kulgi yo'qolib, ko'rinishi jiddiylashdi, hatto biroz asabiy tus oldi.

— Jonqorayev! Signallar tushyapti, qamoqxonada bevoshlik kuchayibdi. Tekshirib uch kundan keyin hisob berasan. Ha, Sharif Namozovdan kim pul so'raganini ham aniqla. Onasini Uchqo'rg'ondan ko'rsatish kerak bunaqalarni, tushundingmi!

Prokuror yordamchisi «ma'qulmi, ko'ngling joyiga tushdimi», deganday Zohidga qaradi-da, o'rnidan turdi.

— Hozir respublikaga chiqishim kerak. Siz bilan xotirjam bi-ir gaplashamiz. O'zim chaqirtiraman.

U Zohidning yelkasiga qo'lini qo'yib, g'oyat ulug' bir mehr ko'rgazib ostonagacha kuzatib qo'ydi.

Zohid xonasiga qaytdi. Usti choynak izlaridan dog' bo'lib ketgan o'sha stol, oshiq-moshig'i arang ilinib turgan o'sha bo'm-bo'sh kitob javoni… Zohid o'rniga o'tirib halqa dog'lar sirini o'rganmoqchi bo'lganday stol ustiga tikilib qoldi. Bu dog'lar nimalarga guvoh? Achchiq choy damlanib, shopirib-shopirib qaytarilib, xo'rillatib ichilgan damlarda kimlarning taqdiri hal etilgan? Qanday xo'rliklarning, qanday g'irromliklarning guvohi bu dog'lar?.. Zohid tikilib o'tirgani bilan xayoliga bu gaplar kelmaydi. Uning xayoli Sharif Namozov va Qilich Sulaymonov bilan band. Namozovni qamash uchun ishlatilgan hiyla endi Zohidni aytarli ajablantirmay qo'ygandi. Bu kalavaning uchini topganday bo'lib edi. Sulaymonovning bosh egib kelishi… Hech qanday mantiqqa to'g'ri kelmaydi. «Bu ishning boshida Asadbek turgan bo'lsa, nima uchun Namozovni qamatdi? Balki burnini yerga bir ishqab qo'ymoqchi bo'lgandir? Buning boshqa osonroq, kamchiqimroq yo'llari ham bor edi-ku? Sulaymonov nima uchun qamoqda o'tirmoqchi? Uning gunohi nima?» Zohid ish battar chigallashganini his qildi. Namozov taqdirini Asadbek hal qilgan, vinzavodga osilma, deyishganda masalaning bunchalik mushkulligini kutmagan edi. Vinzavodni yaxshilab tekshirish jumboqni oydinlashtirib beradi, deb ishongandi. Sulaymonov o'yindan chiqarilibdimi, demak, vinzavod qal'asiga uncha-buncha hujum pisand emas.

Zohid jildi jigarrang charmdan ishlangan papkasiga qarab qo'ydi. Hafsala bilan ish boshlagan edi. To'ldirilgan bir necha sahifa kechagina muhim ma'lumotlar darajasida qadrli edi. Hozir esa bu qog'ozlar sariq chaqaga ham arzimaydi. «Nima, men ko'chada sanqib yurgan laychamanmi, birov tepsa vangillab chetga qochaveradigan…» Shu fikr Zohidni sergak torttirdi. Nima, endi u «menga qachon, qanday ish berisharkin», deb pashsha qo'rib o'tirsinmi? Ish topshirilganda ham «buni mana bunday tarzda yakunlaysan», deb aniq ko'rsatma berishmaydimi? U jonsiz qo'g'irchoq kabi qog'ozlarni rasmiylashtirib qo'ya qolmaydimi? Shunday qilsa — tez «o'sadi»! Bo'lmasa… Yerga kirib ketadimi? Balki…

Odamlar falonchini osib ketishibdi, pistonchining uyini o'g'ri uribdi, degan vahimali mishmishlar chodiri ostida qo'rqib yashayotgan bir damda shahar prokuraturasining bo'm-bo'sh kitob javoni, tepalari halqa-halqa dog'li stol qo'yilgan kichkina xonasida tergovchi ishsiz o'tiribdi, deyilsa xo'p qiziq tuyular. Jinoyatlar izidan yurgan Zohid bu yerga kelguncha ishsiz o'tirishni tasavvur qila olmas edi. Qarang, shunday mahkamada ham bekor o'tirish mumkin ekan.

Bir soat ilgari xonaga beruxsat kirib kelgan tergovchi Namozov qo'yib yuborilajagini aytganda, Zohid ajablangan edi. So'ng bu holdan g'ashi keldi. Keyin g'azablandi. Xo'rlanganini his etib ezildi. Mana endi, bekorchi degan yorliqni olib, bo'g'ilib o'tiribdi. Go'yo prokuror yordamchisi pinjida yuruvchi tergovchi kirib noxush xabarni aytmagan, balki bahaybat mingoyoqni olib kirib qo'yib yuborgan. Bu ko'rinmas mingoyoq Zohidni bo'g'zidan bo'g'ib ko'rdi, yuragini g'ijimlab ko'rdi. Endi qulog'idan o'rmalab kirib miyasini zirillatyapti.

«Nimadir qilishim kerak, — deb o'yladi u, boshini changallab, — bu o'tirishda yorilib ketaman!» U shunday deb o'rnidan turib, eshikni ochdi. Qaerga borishini bilmay, gangigan holda ostonada picha turdi. So'ng dahlizga chiqdi. Uchinchi qavatga ko'tarilib, Keldiyev o'tiradigan xona eshigini taqillatdi. Ichkaridan javob bo'lmadi. Zohid eshikni tortdi — berk. Prokuror yordamchisi «ammamning buzog'i» deb atagan, boshini bir yonga qiyshaytirib yuradigan Keldiyev eshikni ichkaridan berkitib olib, Sulaymonov ishiga oid hujjatlarni to'ldirar edi.

Zohid ikkinchi qavatga tushdi-yu, xonasiga kirgisi kelmadi. Eshikni qulflab tashqariga chiqdi. Besh-o'n kun yo'q bo'lib ketsa ham bekorchi tergovchi bilan birovning ishi bo'lmasligini Zohid bilardi. Lekin besh-o'n kun qaerga boradi. Yelkasidagi tashvish yuki bilan qaerga sig'adi? Zohid shu masalada bir oz yanglishayotgan edi. Nazarida prokuror yordamchisi vaziyatni yumshatish uchun uni xoli qo'yadiganday edi. Go'yo prokuror yordamchisi qilgan ishidan uyalib, uni bezovta qilmaydiganday edi. Bir sodda qiz nikoh kuni onasidan kuyovning chap tomonida yotaymi yo o'ng tomonidami, deb so'raganda onasi qaysi tomonda yotishingning farqi yo'q, baribir o'sha ish bo'ladi, degan ekan. Shunga o'xshash Zohid kabi tuxumdan endi chiqqan tergovchi arazlaydimi, zarda qiladimi, baribir — prokuror o'z bilganidan qolmaydi.

Kechasi bir sidra quruq qor tashlab so'ng tundlashib qolgan osmon Zohid ko'chaga chiqishi bilan yana insofga keldi. Zohidning nazarida endi ko'zni quvnatuvchi qor emas, osmonda hasrat elagi elanib, hasrat yog'ilar edi. Tabiat odam ruhiga moslanadimi yo odamning ruhi tabiatga moslanib qoladimi — tushunmak qiyin. Harholda ko'ngil xira tortgan mahalda chor atrof ham tundlashib qoladi.

U ko'chaga bemaqsad chiqqan edi. Erkni oyoqlariga berdi. Yuziga urilayotgan qor uchqunlaridan rohatlandi. «Kechgacha yog'sa hammayoq oppoq bo'ladi. Havoda g'ubor qolmaydi. Qor yog'dirish, tindirish, oftob chiqish — Xudoning irodasi bilanmi? Xudo qor yog'dirgani kabi haqiqat, adolat yog'dirsa-chi? Bir kungina yog'dirsa edi. Qor erib tuproqqa singib ketishiga o'xshab, haqiqat bilan adolat odamlarning yuragiga singib ketsa… Dunyo bir kundayoq boshqacha bo'lib qolardi…» Zohid bobosining gaplarini esladi: «Olloh taborak va taolo insonlarni sinamoq uchun bu dunyoga yuborgan…»

Sadaqayrag'ochdek o'sgan oq o'rik ostidagi supaga ko'rpacha to'shab o'tirishni xushlaydigan bobosi shu gaplarni ko'p takrorlardi. Ko'zoynakning singan bandlari o'rniga ip tortib quloqqa ilib, muk tushib eski kitoblarni o'qib o'tiruvchi bobosi ko'z oldiga keldi. Akasiga ergashib ko'cha changitib yurib yo suv ichgani, yo qorni ochib bir tishlam non yegani kirib qolganda bobosi «Qani, do'ngpeshonalar, o'tiringlar-chi, eshitinglar-chi…» deb eski kitobdan hikoyatlar o'qishni boshlardi. Ular esa bobosining o'qishga berilganidan foydalanib lip etgancha qochib qolishardi. Zohid hozir bobosini qo'msadi. Eski kitoblardan o'qib berishini, nasihatlarini, dunyoning tuzilishi, insonlar xulqi haqidagi so'zlarini eshitgisi keldi. Bobosining bu dunyodan rizqi uzilganda Zohid o'n yoshda edi. Ko'p gaplarni eshitardi, biroq mag'zini chaqolmasdi. Ulg'ayib, bu yorug' olamning qorong'i ko'chalariga bexos kirib qolib, nochor tentiragan choqlarida esida qolgan gaplarni fahmiga yetmoqqa harakat qilardi. Yillar o'tgani sayin, dunyo tikonzorlarini yalangoyoq kezgani sayin bobosining o'gitlariga muhtojligi orta bordi. Zohid kamgap otasiga dardini aytib dalda ololmasdi. Bu oilani tanimagan kishiga «shu indamas ketmonchi o'sha mulla odamning o'g'li», desa ishonishi qiyin. Bobosi urib bo'lsa ham ilmini o'rgatmagan ekan-da, ketmoningni chopib yurovur, o'g'lim, ilm bilan qorin to'ymaydi, degan ekan-da… Mana endi Zohidning akasi o'lib ketdi, otasida na eskicha, na yangicha ilm bor. O'ylab qarasa, qarindosh-urug'lari orasida ham bobosi kabi odam yo'q ekan. O'tin yonib, kul qolibdi, deganlari shumi?

Bobosini o'ylab borayotgan Zohid savollariga javob topganday bo'ldi: «Xudo yog'dirgan haqiqat, adolat — bobomga o'xshagan odamlar emasmidi ekan? Ular yer yuzidagi odamlar qalbiga yaxshilik urug'i sepishlari lozimmi edi? Bobomga o'xshaganlar kamayib ketyapti-ku! Endi nima bo'ladi? Endi yuraklar faqatgina qon haydashga yaraydigan hissiz buyumga aylanadimi? Haqiqat va adolat tamom qovjirab, kuyib kul bo'ladimi?!»

Zohid badbin xulosaga yaqinlashgan edi. U dunyoda bitta yaxshi, bitta to'g'ri odam qolgunicha adolat va haqiqat yashashi mumkinligini hozirgi kayfiyatida idrok eta olmas edi. Yomonlar, munofiqlar nafasidan olov chiqib haqiqat va adolatni kuydiradi, ammo yaxshilarning yuragidan quvvat olguchi bu haqiqat, bu adolat yashayveradi. Bu — azaliy kurash! Yana necha asr davom etadi — yaratganga ma'lum. Bandasiga bir narsa ayon — azaliy kurashning intihosi — qiyomat!

Erkinlikka erishgan oyoqlar Zohidni avval anhor bo'yiga, so'ng suvoqlari ko'cha boshlagan to'rt qavatli uyga boshladi. Nurab qolgan tosh zinalarni bosib to'rtinchi qavatga ko'tarildi. Havorangga bo'yalgan yog'och eshikka qaysidir bola bo'r bilan katta qilib «prof. Habib Sattorov» deb yozib qo'yibdi. Shu yozuvni ko'rib Zohid xayolini yig'ishtirdi. «Nimaga keldim? Hasratimni to'kish uchunmi? «Bu sohaga o'tib ovora bo'lma, sen izlagan haqiqat yo'q u yerda. Bo'lmagan, yo'q va bo'lmaydi ham», deb necha marta ta'kidlagan. Endi «Gapingiz to'g'ri ekan», deb kirib boramanmi?» Zohid bir oz harakatsiz turib, iziga qaytmoqchi bo'ldi. Endi o'girilib ketaman, deganida eshik ochilib yelkasiga jun ro'mol tashlab olgan Habib Sattorov ko'rindi. Zohidning burilib ketayotganini ko'rib, ajablandi.

— Zohid? Ha, tinchlikmi?

Zohid o'girilib, xijolatdan gap topolmay qoldi.

— Uyda yo'qdirsiz, deb o'ylabman, — dedi.

— Qo'ng'iroq ishlamayaptimi? — professor shunday deb tugmani bosdi. Birinchi, ikkinchisida ovoz bo'lmadi. Keyin qo'ng'iroq bulbulga o'xshab sayrab berdi. Mana shu hol Zohidni xijolatdan qutqardi. — Bolalar tugmani o'ynayverib ishdan chiqarishganga o'xshaydi. Qani, kir. Kelayotganingni derazadan ko'ruvdim. Kutdim, kutdim, daraging bo'lmadi. Yaxshiyam eshikni ochib qaraganim.

Zohidning ko'ziga uy besaranjomroq ko'rindi. O'rtadagi stol ustida ko'k plastmassa chelak turibdi. Deraza tomonda ikki tog'ora… Habib Sattorov Zohidning ajablanganini ko'rib kulimsiradi:

— Chakka o'tib ketdi. Uchinchi qavatdagilarga jabr bo'lmasin, deb shunaqa o'tiribmiz. Kecha quvurlar yorilibdi, uy isimayapti. Bolalarni qaynonamnikiga qo'yib keldim. O'zim kechqurun Maskovga ketyapman. Vadim Petrovich ishga chaqirib, holi jonimga qo'ymayapti.

— Rozi bo'lyapsizmi?

— O'zimni-ku borgim yo'q. Akademiyaga saylovdan keyin Sohib Po'latovich zada bo'lib qoldi. Endi menga kun bermas. Birinchi qilgan yaxshiligi men olishim kerak bo'lgan uyni Kravchukka berdiribdi.

— Kim u Kravchuk?

— Kerakli, zarur mutaxassis! — Habib Sattorov shunday deb ko'rsatkich barmog'ini osmonga nuqib qo'ydi. — Institutning santexnigi.

Zohid Fanlar Akademiyasining muxbir a'zoligiga nomzodlar orasida Habib Sattorov bilan Sohib Po'latovlar borligini eshitib «chakki bo'libdi» deb qo'ygan edi. Bunaqa saylovlarda olimning iqtidori emas, egallagan mansabiyu suyangan tog'i muhimroq ekani unga ma'lum. Saylovdan Sattorov ham, Po'latov ham o'tolmadi. Po'latov, shubhasiz, bu ko'rgulikda Sattorovning aybi bor, degan xulosaga kelganu uni ikki xonali tor, sovuq, chakka o'tuvchi uyda yashashga mahkum etgan.

— Hozir ketsam, bo'lmas, — dedi Habib Sattorov, — saylovdan o'tolmagani uchun arazlab jo'navordi, deb g'iybat qilishadi. Maskovga-ku ishga bormasman. Ammo Kembrijga borishim kerak. Bir yilga chaqirishyapti. Dilimga tugib yurgan rejalarim bor, o'sha yerda bitirib kelaman.

— Po'latov biladimi, buni?

— Eshitsa infarkt bo'lishi turgan gap. Mana buni o'qi, hali hech kim bilmaydi. — U kitob javonini ochib, tik taxlangan kitoblar ustidan katta konvert olib uzatdi. — Inglizchani bilarding, a?

— Sal-pal.

Zohid hij o'qidi:

— «Qadrli mister Sattorov! Sizni Kembrij dorilfununining faxriy professori bo'lganingiz bilan muborakbod etamiz. Xohish-istagingiz va imkoningiz bo'lsa, Angliyaga kelishingizni so'raymiz. Sizni dorilfununimizda bir yil hamkorlik qilishga taklif etamiz. Taklifimizga ko'nsangiz, kontraktni imzolab jo'nating…» Zo'r-ku?

— Sekinroq aytasanmi?

— Men sizga dalda berib, ko'nglingizni ko'tarmoqchi edim.

— Be… uyni aytyapsanmi? Yo akademiyanimi?

— Unisini ham, bunisini ham.

— Unisiga ham, bunisiga ham xursandman, ochig'i. Akademiyada kimlar borligini bilasan-ku? Uyni Po'latovich marhamati bilan olganimda baribir turishim qiyin edi. Uchala qizimni uzatvoraman. Er-xotinga shu uy ham bo'laveradi, nima deysan? Xo'-o'sh, qani o'tir-chi. Choy ichasanmi yo qahva qilib beraymi? Yo konyakdan, a, yangi yil bahonasida?

— Kembrijni yuvish kerak.

— Bu gaping ham to'g'ri.

Habib Sattorov ko'ngil uchun taklif etgan edi. Zohidning gapidan so'ng o'ziga ham bir ho'plam quydi. Zohid professorning kam ichishini bilardi, shuning uchun bundan ajablanmadi. Konyak o'ziga xush yoqdi. Tomirlarida go'yo to'xtab qolgan qon yurishib ketganday bo'ldi. Sattorov uning kayfiyatini sezib yana quydi. Zohid uchinchi safar o'zi quyib ichgach, mezbon konyakni olib, oshxonaga qo'yib chiqdi.

— Solmonov o'n sakkizinchida himoya qilyapti. Dissertatsiyasini yaxshi baholashyapti. Sen ham borgin.

Zohid «xo'p» deganday bosh irg'ab qo'ydi. Solmonov uning kursdoshi edi. Kirish imtihonida yozma ishni «besh»ga topshirib, tarixdan «ikki» olib iziga qaytmoqchi bo'lganida joniga shu Habib Sattorov ora kirgan. Karra jadvalni arang biladigan, nima uchun bu o'qishga kirib qolganidan garangsib yurgan «tolibi ilm»lar orasida Zohid bilan shu Solmonov ajralib turardi. Zohid o'qishni tashlamaganida, balki o'n sakkizinchida Solmonov bilan birga yoqlarmidi… Zohid «professor shunga shama qilyapti», deb o'yladi. Holbuki, Sattorovning fikricha, Zohid hozir doktorlik dissertatsiyasini yoqlashi lozim edi.

Sattorov «konyakdan keyin yaxshi ketadi» deb qahva qaynatdi. U sobiq shogirdining avzoyiga qarab, ko'ngli xira ekanini sezgani uchun «ishlar qalay?» deb so'ramayotgan, bu esa Zohid uchun muddaoning o'zi edi. So'ralgan taqdirda ham, garchi ko'ngil hasratlashishni istab turgan bo'lsa-da, «yaxshi» deb gapni kalta qilgan bo'lardi. Fikri-zikri ilm bilan band bo'lgan odamga Asadbek degan zotning qo'li nechog'li uzunligini, yangilangan prokuraturada ham adolat yo'qligini tushuntirish qiyin. Umuman, bu dunyo qing'irliklarini ko'raverib ko'zlari pishgan odamga adolat yo'qligini gapirish osmon yulduzga to'la ekanini behuda isbotlashday gap emasmi?

Solmonov bekorga eslanmagan edi. Professor avval uning ishlarini sharhlab berdi. Zohid o'zining tergovchi ekanini bir necha daqiqa unutdi. Qahva quyilgan piyolalar chetga surilib, stol ustida qog'oz-qalam, top-toza qog'oz yuzida esa formulalar tizimi paydo bo'ldi. Tashqaridan qaragan kishi chakka o'tib turgan bu sovuq xonada riyoziyot professori bilan prokuratura tergovchisi emas, ikki olim dunyo tashvishlaridan chekinib, ilm bag'riga sho'ng'iyapti, deb o'ylashi mumkin.

Dissertatsiya sharhi tugagach, Sattorov Zohidga savol nazari bilan tikildi.

— Kallang joyida, hali ham kech emas, qayt.

Zohid qog'oz yuzidagi formulalarga qarab hazin jilmaydi.

— Bilasiz-ku, men kamikadzeman.

Zohid qisqa javobi bilan nishonga urdi. O'qishdan ketaman, deb yurganida bu gapni Sattorov aytgan edi. Zohid «Kamikadze degan gurji kim ekan, nima uchun meni unga o'xshatdi», deb hayron bo'lib yurdi. Oxiri bir kuni «Kamikadze» degan odam kim edi?» deb so'radi. Professor avvaliga miriqib kuldi. «Ha, qishloqi!» deb mazax qildi. So'ng Kamikadze — gruzin emas, balki ikkinchi jahon urushidagi mutaassib yapon uchuvchilariga berilgan nom ekanini, bu uchuvchilar samolyotga bomba ortib, izga qaytishga yonilg'i olmay, o'limga tik borishganini tushuntirib bergandi. Zohid hozir o'sha suhbatni eslatdi.

(davomi bor)

Tohir MALIK