AROSATLAR OROLI… (9-qism. Birinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

«Erkak uchun bundan ortiq sharmandalik bo'ladimi? — ich-etimni yerdim hamon. — Xotining nikohingda bo'la turib, boshqasiga turmushga chiqishi aqlga sig'maydi-ku! Nahotki bir chaqachalik qadrim bo'lmasa? Yo'q, enasini uchqo'rg'ondan ko'rsatmasam, otimni boshqa qo'yaman! Agar shu gap rost bo'lsa, hammaning oldida sharmanda qilaman! To'yini buzaman! Meni endi hech kim qaytara olmaydi».

Tuman markaziga yetib borganimda, vaqt xuftonga yaqinlashib qolgandi. Bilaman, qishloqdagi to'ylar bu mahalda tugamaydi. Nari borsa, endi kuyovnavkarlar kirib kelgan bo'ladi. Hozir ikki yuz gramm aroq ichaman-u, ana undan keyin taksiga o'tirib, Sharifanikiga jo'nayman.

Och qoringa ichilgan aroq a'zoyi badanimni qizdirib yubordi. Sarxushligim sabablimi, miyam yanada tezroq ishlab ketgandek edi. Boshdan kechirgan azoblarim yig'ilib kelib, bo'g'zimga tiqilar, shu tobda hayqirishdan bazo'r o'zimni tiyib turardim.

Taksi ko'z ochib yumguncha o'zim uchun tanish mahallaga olib bordi. Sharifalarning uyi oldida mashinalar ham, odamlar ham ko'rinmasdi. Bir-ikkita o'smir bolalar ariq yoqasida berilib koptok tepishardi, xolos. Faqat darvozadan sal nariroqqa qo'yilgan qozon va temir o'choqlar, haqiqatan ham, to'y bo'lganligini anglatib turardi.

«Kechikibman, shekilli, — o'yladim o'zimcha. — Lekin farqi yo'q. Hozir kirib olay, ko'rsataman xo'rlashni ularga!»

O'smir yigitlarning salomi ham qulog'imga kirmadi. Darvozadan ichkariga hatladim-u, bor ovozda qichqirdim:

— Sharifa! Qaerdasan, yaramas? Agar yangi eringnikiga ketgan bo'lsang ham, mendan qochib qutula olmaysan! Kim bor? Chiqlaring iflos, uyatsiz, haromilar! Chiq!..

Shu mahal uy eshigi ochilib, oldin Sharifa, ketidan qaynonam, qaynsingillarim chopib chiqishdi.

— Ha-a, nega baqirasiz? Tinchlikmi? — Sharifa bir muddat meni kuzatib turgan bo'ldi-da, alam aralash qichqirdi. — Biror yerga o't tushibdimi?

Javob berish o'rniga unga yaqin bordim-da, boshdan oyoq qarab chiqdim.

— Yangi atlaslar kiyib olibsan, tinchlikmi? — so'radim shubhalarimni yashira olmay. — Rostdanam to'ying bo'layapti ekan-da, a?..

— To'y? — Sharifa negadir hayron bo'lib, menga qattiqroq tikildi. — Qanaqa to'y?

— Erga tegayotgan emishsan-ku! — dedim tutilib. — Shu rostmi?..

Bu gapimdan so'ng Sharifa beixtiyor titrab ketdi.

— Esingiz joyidami? — dedi orqasida turgan yaqinlariga bir nazar tashlab olarkan. — Kim erga tegadi?

— Qizim, eringning esi kirdi-chiqdi bo'lib qolgan ko'rinadi, — luqma tashladi qaynonam lab burib. — Ikki oydan beri, xudo biladi, qaylarda sang'igan ekan. Ajina chalsa chalgandir-da!

Onasining gapidan qaynsingillarim piq-piq kulishdi.

Men esa nima deyishni bilmas, xijolatdan tilim lol bo'lib qolgandi. Nimalar qilib qo'yganimni, kimlarning gapiga ishonib to'polon ko'targanimni anglaganim sari yuzim shuvut bo'lib borar, hozir ortga qaytishni ham, Sharifa bilan ko'rishishni ham bila olmay garang edim.

Bu gal ham xotinim meni qutqardi. Og'zimdan kelayotgan aroq hidini payqadimi, bir seskanib, aftini bujmaytirdi-da, ma'yus jilmaygancha kelib yelkamga boshini qo'ydi va hech kimga eshittirmay pichirladi:

— O'zimning jinnivoyim! Qaysi ahmoq xotin bir er bilan yashab turib, ikkinchisiga tegarkan? Qaynsinglingizni turmushga berayapmiz, Qodir aka…

 

* * *

 

Oylar o'tib, yana qilich yalang'ochlagancha qish keldi. Tashqarida qor gupillab yog'ardi. Achchiq izg'irin naq burningni uzib olgudek pishqirardi. Ammo mening qalbimda yoz bayram qilayapti. Terimga sig'mas darajada mamnunman.

Bugun G'aniobod degan cho'l hududdan o'zim uchun uy topdim. Mo'min degan do'stim topib berdi. U yoqlarga har kim ham yurak yutib boravermas ekan. Uylar bo'm-bo'sh emish. Rostdan yashayman, cho'lda dalaga chiqib javlon uraman degan mard bemalol kelib xohlagan uyga kirib olishi mumkin ekan.

Yaqin do'stim Mo'minning aytishicha, yarim tunlari dala tarafdan chiyabo'rilarning uv tortishi aniq-tiniq quloqqa chalinarkan.

— Agar o'sha bo'rilardan qo'rqmay yashayman, daladagi og'ir mehnatga chidayman desang, — dedi Mo'min. — Biring ikki bo'ladi, oshna. Sholi ekasan, paxta ishida ishlab ozmi-ko'pmi pul topasan. Buyoqda kelin ham qimirlab tursa, qora qozon qaynamay qolmaydi…

Shularni o'ylarkanman, sekin yonimda jim ketib borayotgan Sharifaga razm soldim. Uning qovoqlari uyilgan, homiladorligi sababmi, yuzlari bo'g'riqqan. Boshini eggan ko'yi sukut saqlardi.

«Ha, — o'yladim o'zimcha. — Sharifaga juda og'ir bo'ldi. Homiladorligida bu kabi dilxiraliklar, asabbuzarliklar ketma-ket keldi. Ishqilib, oxiri baxayr bo'lsin-da!.. Qiziq, hozir uyimizga kirib borsak, Sharifa nima derkin? Unga uy yoqib tusharmikan? Albatta yoqadi. Menga ma'qul keldi-ku, ungayam yoqadi-da!.. Uchta hayhotday xona, balkoni keng, deraza, eshiklari mustahkam bo'lsa. Faqat… Pechka masalasi qiyin ekan. Buniyam yo'lini toparman. Bitta pechkaning tadbirini ko'ra olmasam, nima qilib yuribman!?.»

Ko'ch-ko'ron ortilgan mashina biz yashashimiz kerak bo'lgan ko'p qavatli uy tomon burilib to'xtagach, hayajonim ortib sakrab pastga tushdim-u, Sharifaga qo'l uzatdim…

 

* * *

 

— Voy, Xudoyim, qay go'rga kep qoldik o'zi? — xotinim men uchun qadrli bo'lgan uy eshigidan o'tiboq taqqa to'xtadi. — Qodir aka, bu yer nima? Ombormi? Hali meni aldab omborxonalarga opkelib yuribsizmi?

Men qo'limdagi ko'rpa-to'shakni bir chetga irg'itdim-da, Sharifaning ko'zlariga boqdim.

— Bu nima deganing? — sovuqqonlik bilan so'z qotdim. — Xuddi hech narsani ko'rmayotgan, ilg'amayotganday gapirasan-a!.. Qanaqa ombor?

— Nima bo'lmasa? Shuni uy deb meni boshlab keldingizmi? Qarang, tashqarida bironta chiroq yo'q. Hammayoq zimiston. Kimsasiz joylar ekan.

— Nima bo'pti? Qorong'i bo'lgani sababli hech kim ko'rinmagandir. Ana, ko'rmayapsanmi, hov anavi yoqda uy chiroqlari yonib turibdi.

— Iloyo peshonam qursin! — Sharifa mening bor umidlarimni puchga chiqarib bir boylam ko'rpa ustiga o'tirib oldi-da, sannashda davom etdi. — Enamning issiq sandalida tinchgina o'tirgandim-a! Kelib-kelib shu noshud erning so'zigayam kiramanmi? Bu er qachon bir ishni uddalab qoyillatgandi. Topgan uyini qaranglar! Go'r ham bu uydan issiq bo'lsa kerak…

— Og'zingga qarab gapir! — o'shqirdim g'azab bilan. — Bu uy men uchun aziz, bildingmi?! Qachongacha enangning xonadonida qisinib yashayman? Mana, endi o'zimning beminnat uyim bor. Nasib bo'lsa, ertaga dalaga chiqib yaxobga qarashaman. Bir oy amallasam, maosh berishadi.

— Yaxobga qarashasizmi, undan nariga o'tib ketasizmi, meni qiziqtirmaydi. Bolam bunaqangi omborsifat uylarda tug'ilishini xohlamayman.

— Demak, yashamoqchi emassan, shundaymi?

Sharifa jonholatda ichiga tufladi-da, yuzini ters burdi.

— Xudo asrasin bu uyda yashashdan!

 

* * *

 

Tongga qadar mijja qoqmadim. Sharifa qur-qur o'rnidan turib, xonaning uyog'idan buyog'iga asabiy borib kelar, nuqul eshitilar-eshitilmas qarg'anardi.

U hiyla tong yorishib, allaqaerlarda xo'rozlar qichqirib, qo'y-qo'zilarning ma'rashi quloqqa chalinganda, uyqu to'la ko'zlarini ishqalay-ishqalay, o'rnidan turdi-da, kiyimlarini yig'ishtira boshladi. Ora-sirada chang bosgan deraza tokchalariga, shiftga yopishgan qalin islarga alam bilan qarab olishni ham unutmadi.

— Qaerga otlandingiz? — so'radim undan tepasiga kelib. — Hozir anavi shkafni tozalayman. Kiyimlarni o'sha yerga joylay qolamiz.

— Men uy ga ketayapman, — dedi Sharifa kinoya aralash. — Shkafingizam, mana shu omboringizam o'zingizga siylov.

— Hazillashayapsizmi? O'zi kechagina ko'chib kelgan bo'lsak. Kelar-kelmasdan ketishingiz nimasi?

— Oldin meni opkelib ko'rsatish kerak edi. Menam odamman, o'zimga yarasha didim, orzu-havaslarim bor. Mana shu changalzorlarda uyimdagilarni sog'inib o'lib ketishni xohlamayman.

— Uyingiz qochib ketmagan-ku! Borgingiz kelganda, katta yo'lga chiqamiz, mingta mashina bo'lsa, o'tiramiz-u, yarim soatda qishlog'ingizga kirib boramiz.

— Boshimni qotirmang! — meni jerkib kiyimlar solingan yelim xaltani qo'liga oldi Sharifa. — Enam meni cho'lda yashasin deb tug'magan. U kishining tor qorniga siqqan, keng uyigayam sig'averaman.

— Shunaqami? — lab tishlab ortga tislandim. — Demak, boshidan yashash niyatingiz bo'lmagan ekan-da!.. Ayol agar eri bilan haqiqatan yashamoqchi bo'lsa, qiyinchiliklarga ko'z yumishi kerak emasmi?

— To'ydim! Tushunayapsizmi, to'ydim! Sizga tekkanimga yaqinda bir yil bo'ladi. Qachon yayrab kelinlik gashtini suribman-a? Shuncha umrim girdoblarda o'tdi-ku! Tag'in aqllilik qilasiz. Undan ko'ra…

— Bas qil! — beixtiyor Sharifaga xezlandim. — Ovozingni chiqarma! Ketsang ketaver! Men shu yerda qolaman, tamom!

Sharifa nimadir demoqchidek birpas ikkilanib turdi-da, yig'lagancha tashqariga o'zini urdi.

 

* * *

 

Men uning ortidan chiqmadim. Hech narsa bo'lmagandek, uyoq-buyoqni tozalab, qaytadan o'ringa cho'zildim.

— Eh, onajon, — ko'z o'ngimda yaqin o'tmishda ko'rgan-kechirganlarim gavdalanib, yuragim siqildi. — Qay kunlarga solib qo'ydingiz? Katta shaharda tinchgina umr kechirayotgandim. Birov mushugimni pisht demasdi. Ishim, yotar-turarim tayin edi. Katta qozonda el qatori qaynab yashardim. Nega hayotimni chil-parchin qildingiz? Mana, yetti-sakkiz oy ichida boshimga ne kunlar tushmadi. Biror marta xabarlashay, hol so'ray demadingiz. O'zim tutadim, o'zim yondim, yana o'zim o'chdim. Nega unday qildingiz? Menda o'chingiz bormidi? Ko'ring, tag'in yolg'izman. Suyukli keliningiz sumkadagi pullargacha sug'urib olibdi. Endi nima qilaman? Bu cho'llarda kimning eshigini taqillatib bir burda non so'rayman? Yo'q, so'ramayman, yalinmayman. Hech kimni ko'rishga ko'zim yo'q! Lekin armonsizman. Chunki yaxshimi-yomonmi, endi o'z uyim bor. Bu uydan bir qadam ham jilmayman. Sharifa esa… Hali ko'ramiz, uyida mensiz qanday chidab o'tirarkan. Baribir qaytib keladi…

Bu o'ylar oxiri meni oyoqqa turg'azdi. Ha, tirik inson harakatda bo'lishi lozimligini tushunib yetmoqda edim. Qolaversa, endi o'z uyimdaman. Hech kimga boqimanda emasman. Birov menga bir so'm pul ham bermaydi. O'zim yugurishim, ter to'kib halol kun kechirishim shart….

Ertangi kun haqida qayg'urishim zarur. Brigadirni topib ish so'rayman. Shunday ishlayki, bor alamlarim, tanamdagi g'uborlar chiqib ketsin!

 

* * *

 

Bu manzil har qanday odamning bahri dilini ochmay qolmasdi. Bepoyon dalalar oppoq qor ostida uyquga ketgan. Yaxob berilgan paykallar esa qarg'a, laylak va shu kabi katta-kichik qushlar chug'ur-chug'uriga to'lgan. Ahyon-ahyonda katta yo'ldan traktor yoki yuk mashinasi o'tib qoladi.

Men chamasi o'n gektar keladigan dala o'rtasida qo'lida ketmon tutgancha hali uyon, hali buyonga o'girilib, shudgorga yaxob berayotgan dehqonni kuzata boshladim.

Adashmasam. Bu odamning yoshi ellikdan oshgan. Oftobda toblangan jussasi chayir. Xuddi prujinaga o'xshaydi. Hali o'ngga, hali chapga buralib, o'z ishini qoyillatayapti.

Bir muddat dehqonning harakatlarini havas bilan kuzatib turgach, dala shiyponiga kirdim.

Ayvondagi so'rida Mo'min aytgan past bo'yli, taqa mo'ylov brigadir Suvonqul aka o'tirgan ekan.

Men bilan o'tirgan yerida sovuqqina so'rashdi.

— Men… G'aniobodga kechagina ko'chib kelgandim, — gap boshladim negadir hayajonlanib. — Shunga…

— Shunaqa degin, jiyan? — kulimsiradi brigadir. — Bu yerlarda yashash og'irligini bilarmiding? Hali yosh ekansan… O'zing nima deysan?

— Eshitdim, — dedim hiyla tetiklanib. — Bir kecha tunadim ham. Chidayman, aka.

— Xo'sh, kasbing nima? — so'radi brigadir. — Traktorchimisan, yo suvchimisan? Qo'lingdan nima keladi?

— Ochig'i… — bu savol meni dovdiratib qo'ygandi… Axir mening kasbim yo'q… Umrimda dalaga chiqib yaxob bermaganman. Hech qachon traktor ruliga o'tirmaganman…

— Kasbim yo'q, — javob qildim qovog'im uyilib. — Lekin… Buyurgan ishingizni qilib ketaveraman.

— Uka, — dedi brigadir bir sakrab so'ridan pastga tusharkan. — Hozir qish bo'lsa, qara, dalalarni qor bosgan. Suvchilarimiz yetarli. Lokigin, traktorchidan qiynalib turibmiz. Ha endi… Yordamchilik ishlari bahorga yarashadi-da, uka!

— Unda men nima qilay? — soddalarcha so'radim Suvonqul akaga umidvor boqib. — Nahotki menbop ish bo'lmasa?..

— Bahorda kel, uka, bahorda, — gapni kesdi brigadir. — Ko'chib kelib to'g'ri qilibsan. Hali bahor kelsa, ish qaynaydi bizda. Hozir esa… To'g'ri, xafa bo'layapsan. Biroq meniyam tushunishga harakat qil. Qishda faqat suvchiminan traktorchiga ish ko'payadi. Senga hov anavi suvchilarning ishini bo'lib bera olmayman-ku! Ularniyam bola-chaqasi bor. Qo'y, meni qiynamagin, yaxshisi boshqa bir ish topib ishlab turgin. Bahorda, marhamat, xohlaganingcha ish topib beraman, akasi…

 

* * *

 

Tarvuzim qo'ltig'imdan tushgan kabi yo'l-yo'lakay keng shudgorlarga tikildim. Jonini jabborga bergudek kuyib ishlayotgan suvchining harakatlarini kuzatdim.

Ana, ketmonni bu suvchi juda ustalik bilan chopayapti. Ketmoniyam hoynahoy besh-o'n kilo bordir-ov!.. Yo'q, bunday og'ir ishlarga men dosh bera olmasam kerak. Chunki buvijonim meni hech qachon og'ir yumushga solmagan. Hatto bir chelak suv ko'tarsam, yugurib borib qo'limdan tortib olardi.

— Qo'y, qo'y, og'ir ko'tarma! — derdi buvim. — O'zing ozg'ingina bo'lsang, tag'in bel-meling mertilib qolmasin, bolam! Men kelinni nimaga olganman? Ana, Norgul ko'taraveradi qancha suv bo'lsa!..

Ha, men ana shunday erkalashlar qurshovida katta bo'lganman. Anavi suvchining og'ir ketmoni tugul qo'limga oddiy o'roq ham ushlamaganman…

Xo'sh, unda nega cho'lu biyobonlarga keldim? O'zimcha alamdan chiqquncha ishlamoqchi, qop-qop pul topmoqchi bo'ldim?.. Paxta to'la zilday og'ir choyshablarni orqalab chopishni, shudgor kechib ketmon chopishni, bahor oylarida traktor ketidan zaharli dori hidini hidlab paykal kezishni o'zimga ep ko'rmasam, cho'lda nima bor edi menga? To'g'ri, uysizlik meni shu yoqlarga boshladi. Buni tan olaman. Negaki, birovlarning hovlisida sig'indi bo'lib yashash jonimga tekkandi… Demak, buyog'iga peshonadagini ko'rishga majburman. Chidayman-da! O'lib qolmasman…

Faqat… Sharifaning ketib qolgani yomon bo'ldi. Pullarigacha olib ketdi-ya yaramas!..

Bilaman, ««xotin kerak bo'lsa, orqamdan boradi» deb o'ylagan o'zicha. Unga qolsa, ichkuyov bo'lib ona uyida yuraversam. Yurib bo'pman! Ochdan o'lsam o'lamanki, o'z uyimda yashayman. Meni bu yo'ldan hech kim qaytara olmaydi.

 

* * *

 

O'zimning qadrdon uyim ro'parasiga yetib keldim-da, kimsasiz huvillab yotgan kvartiralarga ko'z soldim. Hayhotday uyda men bilan qo'shib hisoblaganda to'rt yo besh oila yashar ekan. Qolgan kvartiralarning eshiklari lang ochiq qolib ketgan. Hatto, derazalarigacha kimlardir sug'urib ketibdi… Essiz umr, essiz mehnatlar…

Shu payt qo'shni podyezddan xushro'ygina o'rta yashar bir ayol qo'lida ikkita chelak ko'tarib tashqariga chiqdi.

U qo'lidagi chelaklarni yerga qo'ydi-da, men tomon bir qarab olib yana ortga qaytdi.

Negadir qalbimda noma'lum umid uyg'onib, ayolning qaytib chiqishini kutdim.

Xudoyim, koshkiydi hech qursa shu ayolning menbop yengilroq ishi bo'lsa! O'sha ishini bitirib berib non puli olsam va do'konga chopqillab kechqurunga yegulik xarid qilsam! Qo'shni-ku, axir! Quruq qo'ymasdi!

Afsuski, bunday bo'lmadi. Ayol yugurgancha qaytib chiqdi-da, qo'liga chelagini ilib, katta yo'l tarafga yurdi.

— «Kambag'alni tuyaning ustida ham it qopadi» — deganlari shu-da, — o'yladim alam bilan kvartiram eshigidan o'tarkanman. — Hech bo'lmaganda o'sha ikki chelak suvini keltirib berishga qodir edim. Bitta non bersa yetardi. Shuniyam Xudo menga ko'p ko'rdi…

Yo'q, hech narsani o'ylamayman, qayg'urmayman. O'lib ketsin hammasi! Har holda hozir hech kim menga ola qaramaydi-ku! Xohlasam, u xonaga, xohlasam bu xonaga kirib cho'zilaman. Hech kim xalal bermaydi, bezovta qilmaydi. Shunisigayam shukr!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT