HAQIQIY MUHABBAT MANA BUNAQA BO'LADI…

0

 

Angliyaning Lester shahrida yashovyai 27 yoshli Aldo Kataldi (Aldo Cataldi) ismli yigit 22 yashar Jeraldin Chingosho (Geraldine Chingosho) degan qiz bilan qariyalar uyida tanishgan. Yigit shu yerda medbrat vazifasida ishlardi. Ma'lum bo'lishicha, qiz ham shu yerda ishlarkan. Suhbatlar qurishdi, bir-birlarini yanada yaqinroqdan tanishdi. Bir-birlariga mehr qo'yishdi. Oralarida muhabbat paydo bo'ldi. Ammo kunlarning birida Aldo ishdan bo'shab ketdi. Shunga qaramay, ular baribir uchrashaverishdi.

O'tgan yil may oyi boshida Aldo yana sevgilisini uchrashuvga taklif etdi. Qarangki, bir necha kun oldin Chingoshoning mazasi qochibdi. Bitta buyragi jiddiy xastalikka uchrabdi. Shundan beri hadeganda dializ talab qilinayotgan ekan. Qiz Aldoga qo'ng'iroq qilib bor gapni aytdi. Muhabbatdan voz kechishga chaqirdi.

— U baribir qaytmadi, — deydi Chingosho. — Aldo har kuni kasalxonaga ovqat olib keladigan, menga kiyinishda, boshqa zarur amallarni ado etishda yordam beradigan bo'ldi. Do'xtirlar bilan gaplashdi…

Qiz zudlik bilan xasta buyragini sog'lomiga almashtirishi kerak edi. Busiz uzoq yashay olmasligi tayin ekan. Baxtga qarshi qarindoshlarining buyraklari unga to'g'ri kelmaskan. Shunda Kataldi bir qarorga keldi. Agar to'g'ri kelsa, sevgilisiga bitta buyragini hadya etishni istadi. Darhol kerakli tahlillarni topshirdi. Oradan hech qancha o'tmay, tahlillar natijalari ma'lum bo'ldi. To'g'ri kelibdi. Yigitning buyragi qizga mos ekan.

— O'sha kuni men uxlab qolgan ekanman, — deydi qiz. — U meni ohista uyg'otdi. Qarasam, ko'zlari jiqqa yosh. U yig'lamoqda edi.

— Buyragim senga to'g'ri kelarkan, — dedi yig'i aralash jilmayib Aldo. — Endi sen yashaysan. Biz turmush quramiz…

Tez orada Jeraldin jarrohlik amaliyotini boshdan o'tkazdi. Asta-sekin tuzalish pallasiga kirdi…

Aytishlaricha, shu yil may oyi oxiriga borib turmush qurisharkan.

Iloyim ularning baxtini bersin! Omin!

Olimjon HAYIT tayyorladi

 

loading...