TERRORChINING XOTINI… (yoxud yo'ldan adashgan ayolning alamli kechmishi)

1

 

Hozirgi paytda bu ayol ham boshqalar kabi tezroq yaqinlarini ko'rish, ular bilan to'yguncha suhbatlashish, qadrdon uyida erkin nafas olishni orzumoqda. Suriyadagi jangari kallakesarlar asirligida bo'lgan 230 nafar qozog'istonlik ayollar, bolalar vatanga «Jusan» operatsiyasi yordamida qaytarilgan. Hozir barchalari harbiy asirlar vaqtincha saqlanadigan lagerda yashab turishibdi. Muolajalar va boshqa yordamlar ko'rsatish yakunlangach, uy-uylariga tarqalishadi.

Ismi-sharifi sir tutilayotgan ikki bolaning onasi, 22 yoshni qarshilagan ayol Suriyadagi hayot dahshatdan ham dahshatliroq kechganini yashirib o'tirmadi. Ular tinchgina ko'chada sayr qilish, hech narsadan qo'rqmaslik, quyoshni ko'rish baxtini orzulab yashashgan ekan. Ayol Suriyadagi jangari kallakesarlar lagerida 5 yil hayot kechiribdi. Vatanga qaytishni orzularkan-u, eri yo'l qo'ymaskan.

— Men marhum erim bilan internet orqali tanishgandim, — deydi ayol. — U meni Suriyaga chaqirdi. U yerda turmush qurib baxtli hayot kechirishimizni aytdi. Hayotni ko'rmaganim, tajribasizligim, ishonuvchanligim pand berdi. U meni uydan ko'chaga chiqarmasdi. Nima ish qiladi, kim unga maosh berishini ham bilmasdim. Bu haqda gapirmasdi. Birovlar bilan gaplashishga-ku, tamoman haqsiz edim. Birovni uyga ham chaqira olmasdim. Qanaqa uy? Palatkada umr kechirardik. Shu uyimiz edi. Menga faqat ro'zg'or va bolalar tarbiyasi bilan shug'ullanishga ruxsat bor edi xolos…

Vaziyatdan ozmi-ko'pmi xabar topgach, bu ayol qanday yo'l bilan bo'lmasin qochish payiga tushdi.

— Erim talog'imni ham bermasdi, — davom etdi ayol. — Uyni sog'inganim, Qozog'istonni ko'rgim kelayotganini aytib yig'lasam, «Chakagingni o'chir!», derdi-yu, suhbatga nuqta qo'yardi…

Suriyadagi dahshatlardan qochish bu ayolga eri halok bo'lgandan keyingina nasib etdi. Terrorchilar qo'lidan qochishning o'zi bo'lmasdi. Tutib olishsa, o'ldirib yuborishadi. Lekin tavakkal qildi. Harbiy asirdagilar lagerigacha bir amallab yetib oldi-yu, niyatiga yetdi. Uni boshqalar qatori vataniga yetkazishdi.

Ayolning to'ng'ich farzandi o'g'il, 12 yoshga kiribdi. U suratlar chizishga qiziqadi. Suriyadalik paytida faqat harbiy texnika, qurol, urushni qora rangda tasvirlardi. Buyoqqa kelgach, psixologlar bolaning dunyoqarashini tozalashdi. Endi u baxtli hayot, bo'lg'usi uyining suratini chizadigan bo'ldi.

— Biz Suriyada ochlik balosini boshdan kechirardik, — so'zining oxirida dardini to'kib soldi ayol. — Oddiy ovqat, non, suv va dori-darmonga zor edik. Juda ko'p ayollar, bolalar ochlik tufayli xavfli surunkali xastalikka chalingan. Ko'plari o'sha yerda vafot etgan. Homilador bo'lsa, bu ayol palatkada tuqqan. Xudo vatanimga qaytarganiga shukr! Jangarilar, terrorchilar, kallakesar battollarga Ollohning o'zi jazo bersin!

 

 

1 TA FIKR

Comments are closed.