ALVIDO, EY GULSARI!.. (2-qism)

0

 

 

* * *

 

Otni endi oyoqqa turg'izdim, deb o'ylovdi, buning ahvolini qarang. Endi uni nima qilish kerak?

Yo'q, otni yo'lning qoq o'rtasida tashlab ketishga ko'zi qiymaydi.

— Xo'sh, Gulsari, endi shunday turaveramizmi? — Tanaboy yo'rg'ani qo'li bilan itargan edi, u tebranib, oyoqlari chalishib ketdi. — Qani, to'xtab turchi, men hozir…

U keliniga kartoshka olib kelgan bo'sh qopni qamchi sopi bilan aravaning tagidan ko'tardida, undan tuguncha chiqardi. Xotini yo'lga non yopib bergandi, esidan chiqarib yuboribdi, ovqatni o'ylaydigan vaqt emasdi. Tanaboy nonning yarmini sindirdi, uni maydalab beshmatining etagiga soldida, otga tutdi. Gulsari qattiq nafas olib nonni hidladi, lekin uni yeya olmadi. Shunda Tanaboy unga kafti bilan yegiza boshladi. Og'ziga bir necha bo'lagini tiqdi, ot chaynay ketdi.

— Ye, ye, ehtimol yetib olarmiza? — Tanaboy quvonib ketdi. — Asta-sekin bir amallab, ehtimol yetib olarmiza? U yog'i bir gap bo'lar, qo'rqadigan joyi yo'q. U yerda kampir ikkalamiz seni parvarish qilamiz, — derdi u. Uning qaltirayotgan qo'llariga otning lablaridan so'lagi oqib tushar, u bo'lsa so'lagi iliy borayotganligidan quvonardi.

Keyin u yo'rg'aning jilovidan ushladi.

— Qani, ketdik! Turishdan foyda yo'q! Ketdik! — buyurdi u qat'iy qilib.

Yo'rg'a joyidan qo'zg'aldi, arava g'ijirladi, g'ildiraklar yo'l bo'ylab taraqlab sekin yurib ketdi. Ular — chol bilan qari ot asta-sekin odimlab ketishdi.

«Holdan toyibdi, — deb o'ylardi Tanaboy yo'l chetidan odimlab bora turib. — Nechaga kirding, Gulsari? Yigirma, yoki undan ham ortiqdir. Ortiqroq bo'lsa kerak…»

 

***

 

Ular birinchi marta urushdan keyin uchrashgan edilar.

Efreytor Tanaboy Bakasov G'arbda ham, Sharqda ham bo'lgan, Kvantun armiyasi taslim bo'lganidan so'ng armiyadan qaytib kelgan edi. Hammasi bo'lib u deyarli olti yil askarlik yo'llaridan odimlab o'tdi. Hech narsa qilmadi, Xudo asradi, bir marta obozda kontuziya qilindi, ikkinchi marta bomba parchasi bilan ko'kragidan yaralandi, ikki oycha gospitalda yotdi va yana o'z qismiga qaytdi.

Uyga qaytayotganida esa stansiyalardagi bozorchi ayollar uni chol deb atashdi. Bu ko'proq hazil edi, albatta. Tanaboy ulardan uncha xafa ham bo'lmasdi. U yosh emasdi, albatta, lekin qari ham emasdi. Ko'rinishdangina go'yo qariga o'xshardi, urush yillari ichida qarib ketdi, mo'yloviga oq oralay boshladi. Ammo tanasi va ruhi hali bardam edi. Bir yildan so'ng xotini qiz ko'rdi, keyin esa ikkinchisini tug'di. Hozir ikkalasi ham erga chiqqan, bolalari bor. Yozda dambadam kelib turishadi. Katta qizining eri — haydovchi. Xotin, bola-chaqasini kuzovga o'tqizadida, toqqa — cholu kampirning oldiga haydaydi. Yo'q, cholu kampir qizlari va kuyovlaridan xafa emas, lekin o'g'ildan yolchimadilar. Ammo bu boshqa masala…

O'shanda, g'alabadan keyin yo'lda kelayotganida chinakam hayot endi boshlanayotganday tuyulgan edi. Ko'ngli biram shod ediki, asti qo'yaverasiz. Katta stansiyalarda eshelonni duxovoy orkestr bilan kutib olishar va kuzatib qo'yishar edi. Uyda xotini kutardi, o'g'ilchasi sakkizga qadam qo'ygan, maktabga kirish harakatida edi. Tanaboy xuddi dunyoga qayta kelganday, xuddi shu mahalgacha bo'lib o'tgan hamma narsaga go'yo hozir bo'lmaganday g'alati his tuyg'u bilan qaytayotgandi. U hamma narsani unutgisi, faqat kelajak haqida o'ylagisi kelardi. Istiqboli ham xayolida aniq-ravshan va oddiygina bo'lib ko'rinardi: yashash kerak, bolalarni o'stirish, xo'jalikni yo'lga qo'yish, uy qurish, xullas, yashash kerak. Bunga endi boshqa hech narsa xalaqit bermasligi zarur, chunki butun o'tmish, garovga qo'yilgan, chinakam hayot nihoyat endi boshlanib kelyapti, ana shu hayotga intilyapti, azboroyi ana shu hayot uchun odamlar urushda g'alaba qozonishdi va qurbonlar berishdi.

Ammo endi ma'lum bo'lishicha, Tanaboy shoshilgan, ortiqcha shoshilgan ekan, kelajakning garovi uchun yana yillar va yillarni berish kerak edi.

Dastlab u temirchilik ustaxonasida bosqonchi bo'lib ishladi. Qachonlardir bu ishning hadisini olgan edi, sandon yonida turib ertalabdan kechgacha qulochkashlab shunday cho'kich urardiki, temirchi qizdirilgan temir parchasini bolg'a ostida ag'darib turishga zo'rg'a ulgurardi. Hozir ham barcha kulfat va tashvishlarini unuttirib yuboradigan temirchixonadagi o'sha taqa-tuq, jarang-jurunglar unga goho eshitilganday bo'ladi.

Non, kiyim-kechak yetishmasdi, ayollar sarpoychan kalish kiyib yurishardi, bolalar qand nimaligini bilishmasdi, kolxoz qarzga botgan, bankdagi hisoblar qalanib yotgan edi, u bo'lsa bolg'ani ko'tarib tushirish bilan bularning hammasini unutmoqchiday bo'lardi. U bolg'ani gursillatib urar, sandon jaranglar, uchqunlar ko'k tomchilar kabi sachrar edi. «Huh-ha, huh-ha! — deb nafas olardi bolg'ani ko'tarib tushirganida. — Hamma ish o'nglanib ketadi, eng muhimi — biz g'alaba qildik, ha, g'alaba qildik!» deb o'ylardi. Bolg'a esa «g'alaba qildik, g'alaba qildiq», degandek, «duk, duk, duk!» tushardi. Faqat ugina emas, o'sha kunlari hamma xuddi nonday aziz g'alaba nafasi bilan yashar edi.

Keyin esa Tanaboy yilqichilikka o'tdi, toqqa chiqib ketdi. Choro uni shu ishga ko'ndirdi. Rahmatli Choro o'sha paytda kolxoz raisi edi, u butun urush davomida raislik qildi. Xasta yuragi tufayli uni armiyaga olishmadi. Front orqasida bo'lsa ham xiyla qarib qolgandi. Tanaboy qaytganida buni darrov payqadi.

Boshqa odam ehtimol temirchilikni tashlab yilqichi bo'lishga uni ko'ndira olmasdi. Ammo Choro uning eski do'sti edi. Ular bir vaqtlar komsomol ekanliklarida kolxozga kirishga birgalikda tashviqot qilishgan, birgalikda quloqlarni tugatishgandi. Ayniqsa u, Tanaboy o'sha paytlari g'ayrat ko'rsatgandi. U quloqlarni tugatish ro'yxatiga tushib qolganlarni ayamasdi.

Choro uning oldiga — temirchixonaga kelib uni yangi ishga o'tishga ko'ndirdi va ko'ndira olganidan u juda mamnun edi:

— Men bo'lsam sen bolg'ani qo'ldan tashlamassan, undan seni ajrata olmasman, deb qo'rqardim, — degan edi kulimsirab.

Choro kasal edi, ozib ketgan, bo'yni cho'zilib, cho'kib ketgan yanoqlarini ajin bosgan edi. Hali kun iliq bo'lsada, Choroning fufaykasi yozda ham egnidan tushmasdi.

Ular temirchixona yaqinidagi ariq bo'yida cho'qqayib o'tirib olib suhbatlashishardi. Choroning yoshligi Tanaboyning esiga tushib ketdi. O'sha davrda u ovulda eng savodxon, ko'zga ko'ringan yigit edi. Odamlar vazminligi, yaxshi xulqi uchun uni hurmat qilishardi. Tanaboyga esa uning ko'ngilchanligi yoqmasdi. Majlislarda u ba'zan o'rnidan sakrab turardida, dushman bilan sinfiy kurashga yo'l qo'yib bo'lmaydigan bo'shangligi uchun Choroni urib yiqardi. Uning so'zlari xuddi gazetalarda yozilgan so'zlarday shiddatli edi. Ovoz chiqarib gazeta o'qiganlarida nimaiki eshitgan bo'lsa, hammasini yodaki takrorlardi. Ba'zan o'zining so'zlaridan o'zi dahshatga tushib ketardi. Lekin juda zo'r chiqardi.

— Bilsang, seshanba kuni men tog'da edim, — dedi Choro. — Chollar, hamma soldatlar ham qaytib kelishdimi, deb so'rashdi. Ha, tirik qolganlarning hammasi, dedim. «Qachon ish boshlashmoqchi!» Ishni boshlashgan, deb javob qildim, biri dalada, biri qurilishda, boshqalari yana boshqa yerlarda. «Buni biz ham bilamiz. Yilqilarga kim qarashi kerak? Bizning o'lishimizni kutishmoqchimi, bir oyog'imiz go'rdaku». Juda uyalib ketdim. Tushunyapsanmi muddaolarini? Biz bu chollarni urush yillari tog'larga yilqichilikka yuborgandik. Shundan beri ular o'sha yoqda. Senga aytib o'tirishimning hojati yo'q, chollarning ishi emas bu. Doim egardasan, na kunduzi, na kechasi halovat yo'q. Qish kechalarini aytmaysanmi!

Darveshboy esingdami, egarda muzlab qotib qoldi. Ular axir otlarni yurishga, minishga ham o'rgatishardi — armiyaga kerak edi bu otlar. Yetmish yoshingda sen tog'u dashtlarda sarson bo'lishni tatib ko'rchi. Ko'radiganingni ko'rasan. Shuncha chidab berganlari uchun ham rahmat ularga. Frontchilar bo'lsa mana qaytishdiyu, burunlarini jiyirishyapti, «chet el madaniyati»ni ko'rishgandirda, endi yilqichilikni yoqtirmay qolishibdi. Tog'larda sarson-sargardon bo'lib nima qilaman emish. Ahvol mana shunday. Shuning uchun sen yordam ber, Tanaboy. Sen borsang, boshqalarni ham majbur qilamiz.

— Xo'p, yaxshi, Choro, xotinim bilan gaplashib ko'ray, — javob berdi Tanaboy. O'zi esa: «Qanaqa kunlarni boshimizdan o'tkazdik, sen bo'lsang, Choro, hali ilgarigidaysan. Ko'ngilchanliging tufayli adoyi-tamom bo'lasan. Ehtimol, bu yaxshi hamdir, urushda nimalarni ko'rmadik axir, hammamiz ham ko'ngilchanroq bo'lsak yaxshi bo'lardi. Ehtimol, hayotdagi eng keragi mana shudir?» deb o'yladi.

Ular gapni bir joyga qo'yib ajralishdi, Tanaboy o'zining ustaxonasi tomon yo'l oldi. Lekin Choro birdan uni chaqirib qoldi:

— Tanaboy, to'xta! — u otda uning oldiga keldi va egar qoshiga engashib uning yuziga tikildi: — Sen xafa bo'lmadingmi? — so'radi u sekingina. — Bilasanmi, hech vaqt topa olmayapmanda. Ilgarigi paytlardagiday dilkashlik qilgim keladi. Necha yil ko'rishmadik. Urush tamom bo'lsa yengilroq bo'lar, deb o'ylagandim, tashvish kamaymayapti. Ba'zan har xil fikrlar boshingga kelib mijja qoqmay chiqasan. Qanday qilib xo'jalikni yuksaltirish, xalqni to'ydirish va hamma rejalarni bajarish mumkin. Odamlar ham avvalgi odamlar emas, yaxshiroq yashashni xohlashadi…

Ammo dilkashlik qilib suhbatlashib o'tirish ularga nasib bo'lmadi, xoli o'tirishga vaqt ham topisha olmadi. Vaqt esa o'tib borardi, keyinchalik endi kech bo'lib qolgandi…

Tanaboy xuddi o'sha kezlarda toqqa yilqichi bo'lib borganida keksa To'rg'ayning yilqilari orasida bir yarim yashar saman toyni birinchi marta ko'rgandi.

— Merosga nima qoldiryapsan, oqsoqol? Yilqilaring juda zo'r emasku, a? — otlarni sanaganlaridan va qo'tondan haydab chiqarganlaridan so'ng keksa yilqichini uzib oldi Tanaboy.

To'rg'ay ajin bosgan yuzida bironta ham tuki bo'lmagan qotmagina, o'smirlarday past bo'yli chol edi. Qo'y terisidan tikilgan kattakon paxmoq telpagi boshida xuddi qo'ziqorinday turardi. Bunday chollar odatda epchil, tili achchiq va baqiroq bo'ladi.

Lekin To'rg'ayning jahli chiqmadi.

— Bori shu, anchayin yilqilarda, — pinagini buzmay javob berdi u. — Maqtanadigan joyi yo'q, boqib ko'rsang bilasan.

— Ota, men shunchaki aytdim qo'ydim-da, — dedi Tanaboy, murosasozlik bilan.

— Bittasi bor! — To'rg'ay ko'ziga tushib ketgan telpagini ko'tarib qo'ydida, uzangida turib, qamchi sopi bilan ko'rsatdi. — O'ng tomonda o'tlab yurgan huv anavi saman toy. Zo'r ot bo'ladi.

— Qaysi biri, huv anavi koptokday yum-yumalog'imi? Ko'rinishdan uvoqqinaku, beli ham kalta.

— Kechikib tug'ilgan. Quvvatga kirsa zo'r bo'ladi.

— Nima fazilati bor? Nimasi yaxshi?

— Tug'ma yo'rg'a.

— Xo'sh, nima qipti?

— Bundaylarni kam uchratganman. Ilgarigi zamonlarda u bebaho ot hisoblanardi. Bunday ot uchun poyga-uloqlarda jonlarini tikishardi.

— Qani ko'raylikchi! — deb qo'ydi Tanaboy.

Ular otlariga qamchi bosib, yilqilarni chekkalab borishdida, saman toychoqni bir chetga chiqarishdi va oldilariga solib haydab ketishdi. Toyning bir chopgisi kelib turuvdi. Peshonasidagi yolini silkitib pishqirdida, o'rnidan qo'zg'alib, prujinali o'yinchoq otday bir maromda shitob bilan yo'rg'alab ketdi. Keyin, yilqilarga qo'shilish uchun katta yarim doira yasab aylanib chiqdi. Uning chopishiga maftun bo'lgan Tanaboy qichqirib yubordi:

— Xo'-o'-o', qadam tashlashini qara! Qara!

— Sen nima deb o'ylovding! — g'urur bilan javob qildi keksa yilqichi.

Ular yo'rg'aning ketidan tez yo'rttirib borishardi va poygadagi kichkina bolalarday qichqirishardi. Ularning ovozlari go'yo toychoqni savalayotganday bo'lar, u o'zini deyarli zo'riqtirmay, qadamini tobora tezlashtirib, lo'killamasdan bir tekis yo'rg'alab borardi.

Ularga otlarini choptirishga to'g'ri keldi, anavi bo'lsa hamon avvalgiday yo'rg'alab borardi.

— Ko'ryapsanmi, Tanaboy! — telpagini silkitib qichqirardi To'rg'ay otda chopib borayotib: — Ziyrakligini qara-ya, ovozingga qarab qadam tashlaydi-ya! Hayt, hayt, hayt-e!

Saman toychoq nihoyat yilqilarga kelib qo'shilganida To'rg'ay bilan Tanaboy uni tinch qo'yishdi. Lekin otlarini sovutayotganda ham anchagacha hayajonlarini bosisholmadi.

— Rahmat-e, To'rg'ay aka, yaxshi ot yetishtiribsiz. Ko'nglim ancha ko'tarildi.

— Yaxshi ot, — qo'shildi unga chol. — Ammo ehtiyot bo'l, — ensasini qashib birdan qovog'ini solib oldi u. — Ko'ziktirib qo'yma. Mahmadonalik qilib, eldan burun gapirib yurma. Suqsur qizlardek yaxshi yo'rg'a otning ham xushtori ko'p bo'ladi. Qiz taqdiri shundayki, yaxshi odamga tushsa, ochilib ketadi, ko'z ko'rib quvonadi, biron ahmoqning qo'liga tushsa, qizni ko'rib xafa bo'lib ketasan. Hech yordam ham bera olmaysan. Yaxshi ot ham xuddi shunday. Nobud qilib qo'yish hech gapmas. Poygada qoqilib yiqiladi.

— Tashvishlanma, oqsoqol, axir mening ham bunaqa ishlardan xabarim bor, kichkina bola emasman.

— Ha, balli. Men shunchaki gapirdim qo'ydim-da. Uning oti Gulsari. Esingda tut.

— Gulsari?

— Ha. Bultur yozda nevaram mehmon bo'lib kelgandi. Bu otni o'sha qo'ygan. Sevib qolgandi. O'sha vaqtda u qulun edi. Esdan chiqarma: «Gulsari».

To'rg'ay ezma chol ekan. Tun bo'yi nasihatgo'ylik qildi, Tanaboy uni sabr-toqat bilan tingladi.

U To'rg'ay bilan xotinini manzildan yetti chaqirim narigacha kuzatib qo'ydi. Unga bo'sh o'tov qoldi, endi oilasi bilan birga ko'chib kirishi lozim edi. Boshqa o'tovga uning yordamchisi o'rnashishi kerak edi. Ammo hali yordamchi topishmagandi. Hozircha uning bir o'zi edi. Xayrlashayotganida To'rg'ay yana:

— Saman toyga hozircha tegmay tur, — dedi. — Hech kimga ishonib topshirma ham. Bahorda o'zing minishga o'rgat. Ha, ehtiyot bo'l. Egarlab minib olgandan keyin qattiq haydama. Tizginini hadeb tortaversang yo'rg'a qadamidan ayniydi, otni buzib qo'yasan. Tag'in qara, birinchi kunlari issiqlab turib ko'p suv ichib qo'ymasin. Oyoqlariga suv tushadi, oqbosh yarasi paydo bo'la boshlaydi. Agar o'lmasam, minishga o'rgatganingdan keyin ko'rsatarsan.

To'rg'ay unga yilqilarni, o'tovni, tog'-toshlarni qoldirib, ko'ch-ko'ronlarini tuyaga ortdiyu, kampiri bilan jo'nab ketdi…

Gulsari o'zi haqida qancha gap-so'zlar bo'lganini, yana qancha so'zlar aytilishini va bularning oqibati nima bo'lishini bilsa edi!..

U yilqilar podasida avvalgiday erkin yurardi. Chor atrofda hech narsa o'zgarmagan, o'sha tog'lar, o'sha maysalar va o'sha daryolar. Faqat chol o'rniga Kulrang shinel va soldatcha quloqchin kiyib olgan boshqa xo'jayin ularni qo'riqlay boshladi. Yangi yilqichining ovozi xirqiroq, lekin baland va kuchli edi. Yilqilar ko'p o'tmay unga o'rganib qolishdi. Mayli, atrofda aylanib yuraversin.

Keyin esa qor yog'di. U dam-badam yog'ar va erinmay uzoq yotardi. Otlar o't-o'lan topish uchun tuyoqlari bilan qor titkilashardi. Xo'jayinning yuzlari qorayib, qo'llari shamoldan tarashaday qotib ketdi. Endi u kigiz etik kiyib, katta po'stinga o'ralib yurardi. Gulsarining junlari juda o'sib ketgandi, shunday bo'lsa ham u sovqotar, ayniqsa tunlari qattiq sovuq yerdi. Ayozli tunlari yilqilar bir yerga zich bo'lib to'planishardida, to quyosh chiqquncha ustlariga qirov tushib, shu ko'yda turishardi. Xo'jayin shu yerdan nari ketmay yurar, qo'lqop kiygan qo'llarini bir-biriga urar, yuzini ishqalar edi. Ba'zan ko'rinmay qolar va yana paydo bo'lardi. Uning ketmagani yaxshi edi. Qichqirsa yoki sovuqda tomoq qirsa yilqilar boshlarini dik etib ko'tarishar, quloqlarini ding qilishar, ammo xo'jayinlari yonlarida ekanligiga darrov ishonch hosil qilishib, tungi shamolning g'uvillashi, hushtagi ostida mizg'iy boshlashardi. O'sha qishdan buyon Gulsari Tanaboyning ovozini bir umrga eslab qoldi.

Bir kuni tunda tog'da bo'ron boshlanib, quruq qor yog'ib berdi. Qor yolining ich ichiga kirar, dumini og'irlashtirar, ko'zlarini ochirmas edi. Yilqilar bezovta bo'lib qoldi. Otlar bir-biriga tiqilishar, qaltirashar, qari biyalar qulunlarni uyurning o'rtasiga haydab, besaranjom bo'lishib pishqirishardi. Ular Gulsarini eng chekkaga siqib chiqarishdi, u to'daning orasiga hech kira olmasdi. Tepkib boshqalarni sura boshladi, butunlay chekkaga chiqib qoldi, shunda uyur ayg'iri rosa ta'zirini berdi. U ko'pdan beri atrofni aylanib yurarkan, kuchli oyoqlari bilan qorni bosib-yanchib, yilqilarni bir joyga yig'ayotgan edi. Ba'zan u boshini egib va quloqlarini chimirib qayoqqadir bir chekkaga tashlanar, qorong'ulikda ko'rinmay ketar, uning faqat pishqirishi eshitilar va g'azab bilan yana otlarning orasiga chopib qaytib kelar edi. Bir chekkaga chiqib ketgan Gulsarini payqab qolib, uni ko'kragi bilan urdi, orqasi bilan o'girilib keyingi tuyoqlari bilap uning biqiniga shunchalik qattiq tepdiki, Gulsari og'riqdan o'lar holatga keldi. Uning ichida nimadir guvillab ketdi, tepki yeb qichqirib yubordi va arang oyoqda turib qoldi. U o'zboshimchalik qilishga endi urinmadi. Biqini zirqirab og'rirkan, zolim ayg'irdan achchig'lanib uyurning bir chekkasida qimir etmay turdi. Otlar tinchib qolishdi, shunda u allaqanday cho'ziq uvlashni eshitdi. U hech qachon bo'rining uvlashini eshitmagandi, bir on tomir urishi to'xtab, badani muzlab ketganligini sezdi. Yilqilar cho'chib tushishdi, quloqlari ding bo'ldi. Hammasi jim bo'lib qoldi. Ammo bu sukunat vahimali edi. Hamon shuvillab yog'ayotgan qor Gulsarining ko'tarilgan tumshug'iga tushib yopishib qolardi. Xo'jayin qaerda qoldi? Shu daqiqada u judayam kerak edi, loaqal ovozini eshitsa, po'stinining dudli hidini hidlasa! U bo'lsa yo'q. Gulsari bir chekkaga ko'z qirini tashladi va qo'rquvdan qotib qoldi. Yon tomonda qorda sudralib qanaqadir ko'lanka lip etib o'tganday bo'ldi. Gulsari birdan o'zini orqaga tashladi va shu zahotiyoq yilqilar hurkib joyidan qo'zg'aldi. Es-hushini yo'qotgan otlar qattiq kishnab baravariga zulmat og'ushiga otilishdi. Endi ularni to'xtata oladigan hech qanday kuch yo'q edi. Otlar tog' o'pirilganda qoyadan uzilib tushgan toshlar kabi bir-birlarini itarib, kuchlarining boricha olg'a tomon talpinishardi. Gulsari hech narsani tushunmay terlab-pishib jon-jahdi bilan chopib borardi. Shunda birdan o'q ovozi eshitildi, keyin yana gumburladi. Otlar chopib ketayotib egalarining darg'azab qichqirig'ini eshitdi. Qichqiriq qaerdandir, yon tomondan eshitildi va keyin to'xtamay otlarning yo'lini kesib o'ta boshladi, so'ng old tomondan eshitildi. Ular endi bu to'xtozsiz eshitilayotgan ovozga yetib oldilar, bu ovoz ularni o'z ortidan yetaklab borardi. Xo'jayin ular bilan birga edi. U har lahzada jarlik yoki daraga yiqilib tushish xavfi ostida oldinda chopib borardi. U endi bo'g'iq ozoz bilan qichqirardi, keyin xirillay boshlady, ammo ovozi tinmadi:

Hayt, hayt, hayt-a-ayt!» Otlar ta'qib qilayotgan dahshatdan qutulish uchun uning izidan chopishardi.

Tongga yaqin Tanaboy yilqilarni eski joyiga haydab keldi. Faqat shu yerdagina otlar to'xtashdi. Yilqilar ustidan quyuq tuman kabi bug' ko'tarilardi, otlarning biqinlari ko'tarilib-tushib turar, boshlaridan kechirgan dahshatdan hamon qaltirashardi. Ular qor yeyishardi. Tanaboy ham qor yerdi. U tizzalab o'tirib olib, og'ziga siqimlab qor tiqardi. Keyin u yuzini kaftlari orasiga olib, qimir etmay uzoq o'tirdi. Osmondan esa hamon qor yeg'ib turardi. U otlarning issiq sag'risida darrov erib ketib, loyqa, sarg'ish tomchilarga aylanib pastga oqib tushardi.

(davomi bor)

Chingiz AYTMATOV