AROSATLAR OROLI… (13-qism. Birinchi fasl)

0

 

 

* * *

 

Omadi chopib, baxti kulgan odamga kuz fasli ham o'zgacha shaffof, chiroyli ko'rinadi. Men daraxtlarning xazonga aylangan sap-sariq yaproqlarini ham shu tobda oltinga qiyoslardim. Hatto, qarg'alarning qag'illashi ham jonimga huzur baxsh etar, sharros quyayotgan yomg'irda ivib, kimsasiz loy ko'chalarda to'ygunimcha yugurgim kelardi.

Nurmat qora va onamning mashinam ortidan mulzam qarab qolishlari, buvijonimning duo qilib yig'laganlarini eslaganimda yuragim quvonchdan yorilay derdi.

Katta shaharga olib boradigan keng yo'l bo'ylab qorong'ilik qa'rida ketib borardim. Xayolimda farzandimning tug'ilgan kuni gavdalangani sayin tezroq uyga yetib olishga, uni suyib-suyib bag'rimga bosishga oshiqardim.

— Hozir hoynahoy Sharifa tayyorgarlikni joyiga qo'yib meni kutayotgandir, — o'ylardim o'zimcha. — Baribir mashinang bo'lgani yaxshi ekan-da! G'iz-g'iz uyoqdan-buyoqqa borib kelib ancha-muncha pul ishladim. Erkatoyimga arzirli sovg'a ham sotib oldim. Xayriyat, menam odam qatoriga qo'shildim. Endi birovning qo'liga qarab, qosh-qovog'ini kuzatib umrim o'tmaydi. Hademay o'qishim bitsa, jurnalist bo'laman. Qanday yaxshi!.. Bashang kiyinib qaergadir borsang, odamlar qo'llari ko'ksida kutib olishadi, seni uyning to'riga o'tqazib qo'yishadi va og'zingga tikilib sendan ma'nili gap kutishadi. Shunda barchalarini bir-bir ko'zdan kechirib olgan bo'lasan-u, salmoq bilan so'z boshlaysan…

Uyga yetib kelganimda vaqt xuftonga yaqinlashib qolgandi. Sharifani ilhaq qilganimdan juda xijolatda edim. Apil-tapil sovg'ani qo'limga olib mashina eshiklarini qulfladim-da, to'rtinchi qavatga ko'tarildim.

Uy chirog'i yoniq. Albatta, tuz totmasdan kutib o'tirgandir sho'rlik Sharifa. Men tushgacha yetib kelib bozor-o'charni chekimga olmoqchi edim. Uddasidan chiqa olmadim. Ha, mayli, tushunar. Yo'l olis bo'lsa…

Eshikka yaqin borganimda begona erkakning g'o'ng'ir-g'o'ng'ir tovushini eshitib, taqqa to'xtadim.

— Qiziq, hech kimni mehmonga chaqirmagandim-ku! Kim bo'ldi bu odam?..

Oshxona tarafdagi deraza qiya ochiq ekan. Hayron bo'lib qulog'imni ding qildim.

— Eringiz kelib qolsa-ya? — endi u ovozini hiyla pasaytirdi. — Nima qilasiz?

— Voy, nima qipti kelsa? — norozi ohangda g'udrandi Sharifa. — Tagiga mashinaning manaman deganini mindirib qo'ygan bo'lsam!.. Atayin qishloqqa jo'natib yuborganman. Bizga xalal bermasin deb qattiq tayinlaganman ham. Hali-veri kelmasa kerak. Uning fe'lini bilaman. Osmondan tushgandek mashinali bo'lib qoldi. Yuradi endi yallosini qilib. E, mayli, mendan nariroq yursa bas.

— Shunchalik yomon ko'rasizmi eringizni? — so'radi begona erkak. — Yo ko'nglingiz yo'qmi unda?

— Qanaqa ko'ngilni gapirayapsiz, Sotim aka? — dedi Sharifa. — Sira ichim chiqmaydi… Munday ko'nglimni ovlab, xursand qilishniyam qotirib qo'yolmaydi, tushunayapsizmi?.. Yaxshiyam sizni uchratib qoldim. Baxtimdan aylanay!..

— Voy ablah!.. — bu haqoratlarni qay yurak bilan sabr qilib tinglaganimga ishongim kelmasdi. — Nima demoqchi? Nega bunday qildi? Qaysi gunohlarim uchun?..

Hech qachon bunday ahvolda qolmagandim. Umid bilan bir yostiqqa bosh qo'ygan odaming shunday deb tursa, xuddi telba kabi kalovlanib qolarkansan.

Men shu tobda nima qilishni bilmasdim. Miyam ishlashdan to'xtab qolgandek, tanamni muz qoplagandek tek turardim.

Bir muddatdan so'ng qandaydir kuch meni jonlantirdi. Zarb bilan eshikni tepa boshladim. Qulf nobop edi. Ikki-uch tepkidan keyin sinib tushdi. Men o'ljasiga tashlanishga shay arslon kabi jahd bilan ichkariga uchib kirdim.

 

* * *

 

Uyda dasturxon to'kin edi. Past bo'yli, yumaloq yuz, tepakal bir erkak divanda yastanib o'tirar, konyak to'la ikkita qadah dasturxon ustida turardi.

Meni ko'rib ikkovlari ham taxta bo'lib qolishdi. Shovqinimdan Sobirjon o'g'lim ham uyg'onib ketib, yig'lay boshladi.

— Bolaga tegma, iflos! — baqirdim endi o'g'lim tomon qadam tashlagan Sharifaning oldini to'sib. — Hali men bo'shang bo'ldimmi? Ko'nglingizni ololmadimmi? Shuning uchun mashina olib berib, nari surmoqchi bo'ldingizmi? Ishratlaringizga xalal berdimmi? Iflos!..

— Hoy, uka, o'zingni bos! — erkak kutilmaganda xezlanib menga yaqinlashdi. — Qanaqa bolasan o'zi? Nimaga baqirasan?

— Sen kimsan o'zi?! — dedim uning yoqasiga chang solib. — Hozir majaqlab tashlayman!

— Qo'lingizni torting bu odamdan, hoy, erkak! — Sharifa hech narsa bo'lmagandek o'zini juda xotirjam tutardi. U uchib oldimga keldiyu jon holatda bilagimdan torta boshladi. — Namuncha xo'rozga o'xshab sakraysiz? Yo mashinali bo'ldim deb bosar-tusaringizni bilmay qoldingizmi?..

Uning minnatli gaplari ko'ksimni teshib o'tay dedi. G'azabdan vujudimdagi barcha tomirlarim yorilib ketayotgandek edi.

— Bu odam sherigim bo'ladi. Men bilan bozorda savdo qiladi. O'g'limning tug'ilgan kuniga o'zim taklif qilganman, — dedi Sharifa hayqirib.

— Shunaqami? Tug'ilgan kunga taklif qildingmi? Hammasini eshitdim, ilon, hammasini! Hali ko'rasan, Xudo jazoingni beradi seni! Qadrimga yetmading! Albatta jazoingni olasan!

— E, valdirayvermang! — shang'illay ketdi xotinim. — Gapirgan bo'lsam, ajab qilibman! Boshida erkaklik vazifangizni qoyillating edi! Endi kerilganingiz nimasi? Ro'zg'orni butlab qo'yolmaysiz, nuqul qo'limga qaraysiz. Mundoq erkak bo'lish kerak edi…

Uning gapi suyak-suyagimdan o'tib ketdi. Shahd bilan unga musht ko'tardim-u, yana o'zimni bosdim. G'azab bilan shkafni titkilab, kiyimlarimni pala-partish yelim xaltaga joyladim-da, Sharifaga yuzlandim:

— Afsus, sen bilan turmush qurib boshida xato qilgan ekanman, — dedim jirkanib. — Aslida…

— Keting! — ovozining boricha qichqirdi Sharifa. — Nega baqrayib turibsiz? Daf bo'ling!..

Qorong'i kechada mashinani serqatnov yo'l bo'ylab noma'lum tomonga haydab borardim. Ko'zlarim yo'lda-yu, miyam yorilib ketgudek lo'qillab og'rir, hadeganda o'pkam to'lib, achchiq bir iztirob bo'g'zimga tiqilardi.

Ha, men kechagina, yo'q, boyagina juda baxtiyor edim. Dunyoga, odamlarga, tabiatga boshqacha nigoh tashlardim. Hatto qishloqqa borib tanish ko'chalardan yap-yangi mashinamni minib o'tayotganimda, barchaga maqtangandek, salmoq bilan salom bergandim. Go'yoki yorug' olamda mendan baxtli zot yo'qdek bor ovozda xoxolab kulgim, «Mana, ko'rib qo'ylaring! Yashash mana bunday bo'pti!» deya hayqirgim kelgandi…

Endi-chi? Kim edim va kimga aylandim? G'ururimga ham, yigitlik sha'nimga ham, hurmat-u izzatimga ham, xullas, hammasiga darz ketdi.

Menda quruq jussadan boshqa hech vaqo qolmadi.

Endi qaerga boraman? Erta-indin imtihonlar boshlanadi. Qaerda tayyorgarlik ko'raman? Qay manzilda tunayman?

Shu payt Ma'suda yodimga tushdi-yu, to'g'ri yoki noto'g'riligini ham o'ylamay mashinamga tormoz bosdim.

«Yaxshiyam Ma'sudaning telefon raqamini yozib olgan ekanman», xayolimdan o'tkazdim dilim biroz yorishib. Uy-joyi bor ekan. Balki ijaraga qo'yar? E, qanaqa ijara? Birinchi muhabbatim. Meni haliyam qattiq sevarkan. Joy topgunimcha bemalol unikida yashab tursam bo'lar. To'xta, eri nima deydi? Nima derdi, meni taniydi. Bir maktabda o'qiganmiz. O'libdimi, o'tmish tufayli mendan yuz o'girmas. Ha, hoziroq qo'ng'iroq qilaman. Ma'sudaga bor gapni aytaman»…

Zum o'tmay go'shakdan Ma'sudaning mayin ovozi eshitildi.

— Allo, eshitaman! Kim bu?

— Bu men, Qodirman! — dedim hovliqib. — Ma'suda, tanidingizmi?

U bir muddat jim bo'lib qoldi-da, javob qildi:

— Ha, sizmisiz? Tinchlikmi?

— Tinchlik emas, Ma'suda! Men… Nima desam ekan? Ochig'i, sizga aytishga tilim bormayapti-yu, ammo…

— Aytavering! Nima bo'ldi?

— Xullas, men uydan ketdim! Hozir mashinamda qaerga borishni bilmay ko'cha kezib yuribman.

— Voy, nega? Xotiningiz bilan urishib qoldingizmi?

— Shunaqaroq. Biz ajrashsak kerak.

— Shunchalik jiddiymi? Nega axir?

— Ma'suda, sizdan bir iltimosim bor edi.

— Xo'p, qulog'im sizda. Nima iltimos?

— Uyingizdan bir-ikki kunga joy berib tursangiz…

— Joy?

— Ha, joy.

Ma'suda yana sukutga toldi. Hoynahoy, yo o'ylayotgan, yo yonida eri bo'lsa, maslahatlashayotgandir degan xayolga bordim.

Uning javobini qulog'imni ding qilgancha kuta boshladim.

Bir necha soniya jim turgach, Ma'suda tilga kirdi:

— Qodir aka, xafa bo'lmang-u, sizni uyimga kiritolmayman. Tushuning, buning sira iloji yo'q. Erim…

— Ha, ha, hammasi ravshan, — dedim ko'nglim battar g'ashlanib. — Shunday bo'lishini sezgandim. Afsus…

— Faqat mendan xafa bo'lmang, — dedi Ma'suda yig'lamsirab. — U juda rashkchi. Ayniqsa, sizni ko'rsa…

— Yo'q, yo'q, bu nima deganingiz? Hecham xafamasman. Faqat buyog'ini o'ylamabman. Mayli, yaxshi o'tiring!

 

* * *

 

Mana endi rostakamiga umidlarim so'ndi. Ma'sudadan bo'lak bu shaharda hech kimim yo'q. Demak, hayot bilan kurashishning boshqacharoq yo'lini qidirmasam bo'lmaydi. Xayriyat, Sharifa mashinamga tegmadi. «Tashlab ket!» deb turib olsa, qo'limdan nima kelardi? Shalviragancha kostyumimni yelkaga ilib ketaverardim. U insof qildi. Baribir katta shaharda sarson bo'lib qolishimni sezdi. Shunisigayam shukur. Endi nimadir qilib pul topishim kerak. Taksichilik qilsam-chi? Benzinga, mayda-chuyda xarajatlarga pul chiqardi. To'g'ri-da, tokaygacha boshimni qotirib o'tiraman. Nima bo'lgandayam tirikchiligimni o'ylashim kerak-ku! Hayot davom etayapti.

To'xta, bir-ikki haftaga o'qishimniyam yig'ishtirib qo'yib, dadam yashaydigan qishloqqa borsam nima bo'larkin? Mayli, u mendan xabar olmagan, yo'qlamagan bo'lsa, o'zim kirib boraman. Har holda buvim aytardi, dadam katta bog'i bor hayhotday hovlida bir o'zi yasharkan. O'sha hovli meniki ham bo'lishi kerak emasmi? O'sha uyda yashashga yoki dadamga shu haqda eslatib qo'yishga haqqim yo'qmi?! Harqalay ko'ksimdan itarib haydamas. Nega haydasin? Yaxshimi-yomonmi, baribir o'sha odam mening otam-ku! Hozirgidek yorug' dunyoga sig'may qolgan kezlarimda ota uyimdan panoh topsam, hech kim ayblamas.

Miyamga kelgan kutilmagan fikrdan ko'nglim yorishgandek bo'ldi.

Ha, yo'l-yo'lakay to'rtta odam olvolsam, xarajatlarni qoplaydi. Cho'ntagimga ham bir-ikki so'm tushadi.

Otam yashaydigan qishloqni xayolan chamaladim-da, gazni bosdim.

 

* * *

 

Tog' oralab mashinamni katta tezlikda haydab borardim-u, ko'z o'ngimda dadamning taxminiy qiyofasi gavdalanardi. Adashmasam, menga o'xshab uning ham yuzlari cho'zinchoq, o'rta bo'yli edi. Eh-he, dadamni ko'rmaganimga o'n besh yildan oshdi. Hozir ancha keksayib qolgandir. Meni ko'rsa nima derkin? Xijolat tortib qolsa kerak. Axir boshimdan qancha mushkulotlar o'tdi, o'tayapti ham. Otalari olib bergan o'yinchoq va shirinliklarni ko'z-ko'z qilayotgan tengqurlarimga boqqanimda har safar otamni sog'inganman. Bir-ikki bor ko'rishga kelganida ham na o'yinchoq olib bergan va na shirinlik. O'shanda juda-juda o'ksingandim. Buvimning yupatishlariga quloq solmay dahlizga kirib olgandim-da, o'ksib-o'ksib yig'lagandim. Dadam esa bu dardu anduhlarimni qaerdan bilsin. Hanuz qorasini ko'rsatmaydi. Nahotki, o'g'li uylanganini, oliy o'quv yurtida o'qiyotganini eshitmagan bo'lsa? Bir marta kelib tabriklab qo'yish, ko'ngil so'rash shunchalar qiyinmidi?

Ha, shunday qilgani uchun ham bugun o'zim borib uyaltiraman otamni. Shunday uyaltirayki, boshi egilib qolsin.

Kun peshindan oqqanda, mashinamdagi mijozlarni uy-uylariga tarqatdim-u, o'tkinchilardan so'ray-so'ray ota qishlog'imni topdim.

Odam temirdan-da qattiq ekan. Kechagi haqoratlar, Sharifaning shang'illashlari, o'z uyimdan sharmandalarcha haydalishim, uyimda begona erkakning kerilib o'tirishi-yu, menga masxaraomuz nazar tashlashi hiyla unut bo'lgandek edi. Ayniqsa, ikki yoni bedazor, so'lim qishloqni ko'rishim bilan vujudimga iliqlik yugurdi.

Ha, bu qishloq aslida menga begona emas. Shu yerda kindik qonim to'kilgan. Men bu ko'chalardan qaddimni g'oz tutib o'ta olaman. Agar mahalla odamlari meni tanib qolishsa, hayrat va havas bilan boqishsa kerak. Nima bo'lganda ham ota yurtning kishilari yaqinroq va mehr-oqibatliroq bo'ladi deyishadi. Ishqilib, rost bo'lsin!..

Tasavvur etganimdek, qishloqqa kirishim bilan yosh-yalang, qari-qartanglargacha goh o'zimga, goh mashinamga havas bilan boqishdi.

— Botirjon akaning uyi qaysi? — dedim tol tagida suhbatlashib o'tirgan qariyalarga salom bergach. Shundan ular orasidan bir qariya chiqib keldi-da, ikki yelkamdan ushladi.

— Shoshma, — dedi so'ng menga sinchkovlik bilan tikilib. — Sen Qodirjonmisan-a? O'shamisan?

— Ha, Qodirjonman, — dedim jilmayib. — Siz meni taniysizmi?..

— Albatta, taniyman-da. Xuddi otangning o'zi bo'libsanu, seni tanimaymanmi. Bor, bolam, sening uying hov anavi dala yoqasida. O'sha yerda yashil darvozani ko'rsang, to'g'ri kirib boraver! Botir ham uyda bo'lsa kerak…

 

* * *

 

Qariya aytgan darvozani topib mashinamni chetroqqa qo'ydim-da, asta yaqin bordim.

Mana mening ota uyim. Xuddi qo'rg'onga o'xsharkan. Uzumzor bog' ham savlat to'kib turibdi.

Mana shu uy menga ota meros. Uni qancha qadrlasam, tuprog'iga bosh qo'yib, bo'sag'asini o'psam arziydi.

Qiziq, nega shu paytgacha miyamga kelmadi? Nima uchun umrimni sarson-sargardonlikda, bir kechaga bo'lsin makon qidirib o'tkazdim? Kimlargadir sarg'aydim, kimlargadir turtkilandim, kimlardir o'zi xohlagancha haqorat qildi. Men bo'lsam hamisha chidadim, tishimni tishimga qo'ydim, bosh egdim, yalindim, yolvordim, mo'ltiradim, o'zim yig'ladim, yana o'zim yupandim. O'sha paytlardayoq bu uyga kelsam, shu uyda uylansam bo'lmasmidi?..

Men rostakamiga shaylanib, o'zim uchun juda-juda qadrdon bu hovli ostonasini o'pmoqchi, bir zumga bo'lsa-da, tuprog'iga bosh qo'yib sukut saqlamoqchi bo'ldim. Ammo sal naridagi hovli qarshisida menga tikilgancha turgan ayolni ko'rib o'zimni tiydim va darvoza tirqishidan ichkariga mo'raladim.

Hovli o'rtasiga kattakon so'ri qo'yilgan, oldi rom qilingan ayvon chetida nimalardir to'ldirilgan ikkita sumka dumalab yotardi.

Tavakkal darvozani ochib hovliga qadam qo'ydim.

So'rida ikki erkak shang'illay-shang'illay bir-biriga nimalarnidir isbotlash bilan ovora, dasturxon ustida yarimlab qolgan aroq shishasi turardi.

Tanidim. Mening kirganimni ko'rib dast o'rnidan turgan odam otam edi. Tasavvurlarim aldamabdi. U ancha keksaygan, sochlari oqargan, qaddi biroz bukilgandi.

U joyidan jilmay menga birpas qarab turdi-da, baqirib yubordi:

— Saminboy, o'g'lim keldi, o'g'lim!

— Nima?!

Begona erkak ham bu gapni eshitishi bilan o'rnidan sapchib turdi.

Shu lahzalarda ko'z oldimda o'tmish gavdalandi.

Kunlarning birida buvim meni yasantirib, Sojida ammamnikiga kiritib yuborgandi.

— Dadang kelibdi! Yugur, bolam, dadangminan ko'rish! — degandi buvim ko'zlari chaqnab. — Senga o'yinchoqlar opkelgandir. Balki o'zing orzulagan velosipedniyam olib berar. Bora qol!

Men o'shanda quvonchdan terimga sig'may ammamnikiga chopqilladim.

Kirib borganimda esa… Butkul boshqa manzaraga ko'zim tushdi. Dadam chorpoyada oyoqlarini yerga osiltirgan ko'yi qo'lidagi piyoladan aroq simirardi. Meni ko'rib o'rnidan jilmadi. Kayfi tarangligidan arang bir qimirlab qo'yib, menga quchoq ochdi…

Yo'q, o'shanda barcha umidlarim sarobga aylangandi. Otam, qarshimdagi mana shu odam velosiped tugul qo'limga bitta xo'rozqand ham tutqazmadi…

Men esa undan qo'rqqanimdan qochib ketgandim. Uyimizga kelgach esa ancha mahalgacha yig'lab yotgandim. Otamning piyonistaligi, menga o'yinchoqlar olib kelmagani alam qilgandi…

Mana, hozir ham xuddi shunday manzaraga guvoh bo'ldim. Qarshimda o'sha piyonista otam turibdi. Yana ichkilikdan qizarib ketgan ko'zlarini menga tikib ko'rishish uchun quchog'ini ochayapti…

Bilmadim, lekin negadir hozir ham o'zimni tahqirlangandek, umidlarim poymol bo'lgandek his etdim. Hol so'rashish o'rniga g'azabnok nigohlarimni otamga tikdim.

— Nega ichayapsiz? — so'radim undan. — Nima yetmaydi o'zi sizga?

Otamning o'rniga boyagi erkak javob qildi:

— E, o'g'lim, kel bizminan o'-o'tir! Biz yangi uyni yuvayapmiz!

— Qanaqa yangi uy? — so'radim hech narsaga tushunmay. — Qani o'sha yangi uy?

Otam mendan bunday muomalani kutmagan ekanmi, sekin ortga chekinib bosh egdi.

— Mana shu uy-da, o'g'lim! — shang'illab davom etdi ulfati. — Otang shu uyni menga naqd besh yuz ming so'mga sotdi. Shuni yuvayapmiz. K-kel, kelaqol, yuz gramm ich! Hoy, yigit, nega qarab qolding? Kelmaysanmi? Otangning sog'lig'i uchun yuz gramm ichsang-chi!

Bu gapni eshitib, esxonam chiqib ketayozdi. Bu nima degani? Nega otam uyni sotadi? Atigi besh yuz mingga-ya? Axir bu pulga uyning darvozasiniyam bermaydi-ku!

Xayollarimni bir joyga yig'ib ulgurmay otam gandiraklagancha kelib, yelkamdan tutdi.

— Sh-shunday bo'p qoldi, — dedi aftini bujmaytirib. — Ma-ana shu amakingdan qarzim boridi. Maj-jbur bo'ldim uyni sotishga.

— Shunday deng?

Men ayni damda tubsiz daryoga cho'kayotgan kimsaga o'xshab qolgandim.

Nima qilishni, nimadan taskin izlashni bilmasdim. Qarshimdagi ikki piyonistaning esa, parvoyi falak. Go'yo bu hovliga hech kim kirmagan, hech kimni ko'rishmagan va hech qanday gap-so'z bo'lmagan kabi qaytadan so'riga o'tirib, aroq simirishni boshlab yuborishdi.

Shu tobda shartta borib dasturxonni ag'darib tashlagim keldi. Biroq noma'lum kuch meni to'xtatib qoldi. Iloji boricha o'zimni bosishga, bu hovlidan tezroq chiqib ketishga urindim.

Lekin buning tagiga yetmasdan qanday ketaman? Balki bular mastlikda shunchaki aljirayotgandir?

Sekin otamga yaqin bordim-da, qo'lidagi piyolani olib dasturxonga qo'ydim.

— Siz aldadingiz-a meni? — so'radim undan. — Ayting, shunchaki mastlikda gapirdingiz, shundaymi? Uyni sotmagansiz-a? Hammasi yolg'on-a?

— Sotdim! — dedi otam og'zidan tupuk sachratib. — Uy meniki! Xohlasam sotaman, xoh-hlasam yoqvoraman!

— Shunaqami? Unda yaxshi qoling!

Otamning so'nggi gaplari yuragimni teshib o'tay dedi. Miyamda og'riq turib, vujudim muzlab ketdi.

Endi ortga o'girilib ketmoqchi bo'lganimda, otam bilagimdan mahkam ushlab qoldi.

— Q-qodirboy, o'g'lim…, — u kutilmaganda tiz cho'kdi-da, ko'zlarini lo'q qildi. — Meniyam o'zing bilan opket. Katta yo'lgacha xolos, ha. Mashinangda opket. B-bugun uyni bo'shatishim kerak. Y-yo'qsa, manavi amaking ko'chaga haydab soladi. Opket, o'g'lim, opket!

— Shu xolosmi? — so'radim alamimni oshkor etmaslikka tirishib. — Boshqa ishingiz yo'qmi?

— Yo'q, yo'q, boshqa seni bezovta qilmayman! Opketasanmi?

— Bo'pti, yuring, — dedim zardali ohangda. — Olib ketmay qaergayam borardim…

(davomi bor)

Olimjon HAYIT