Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan ro'za taomlari ro'yxati tasdiqlandi

0

Sog'liqni saqlash vazirligi va O'zbekiston oshpazlar uyushmasi ramazon oyida iste'mol qilinishi foydali bo'lgan bir qator taomlar ro'yxatini ishlab chiqdi.

– Bu oyda taomlar odatdagidan farq qilmasligi, iloji boricha oddiy bo'lishi lozim, – deydi O'zbekiston oshpazlar uyushmasi bosh texnologi Tolibjon Umaraliyev. – Sababi, taomnomadagi keskin o'zgarishlar ham ayrim a'zolarni zo'riqtirishi, turli muammolarga duchor qilishi mumkin. Ko'proq sabzavotlar, mevalar, parranda, baliq, non, donli va sut maxsulotlarini iste'mol qilish tavsiya etiladi. Qovurilgan taom yeyishdan o'zingizni tiying. Bunday taomlar hazm qila omaslikka, jig'ildon qaynashiga, kuchli chanqoqqa sabab bo'ladi. Bundan tashqari, issiqdan saqlanish ham lozim. Bu tanani suvsizlantirib, chanqashga olib keladi.

Kuning isib borayotganini hisobga oladigan bo'lsak, shu kunlarda saharlik vaqtida qanday tartibda ovqatlanish kun davomida kerak bo'ladigan quvvatni beradi?

– Saharlik ro'zador uchun juda muhim bo'lib, u organizmga kunning birinchi yarmida samarali ishlash uchun zarur quvvatga ega bo'lish imkonini beradi, –deydi T.Umaraliyev.– Demak, kunning ikkinchi yarmida organizmga zarur energiya uglevodlar va yog'larning bir qismi parchalanishi hisobiga ajralib chiqadi. Bu oqsillar almashinuviga ta'sir qilmaydi, shunday ekan, organizmdagi almashinuv jarayoni hech ham zarar ko'rmaydi. Shu bois bug'doy non (qora non), yormalardan tayyorlangan taomlar, yangi uzilgan sabzavotlardan salatlar va quruq mevalar iste'mol qilish tavsiya etiladi. Murakkab uglevodlar organizmda uzoq vaqt davomida hazm bo'ladi va shuning uchun organizmni kamida 8–12 soat davomida quvvat bilan ta'minlaydi. Ularga go'sht, baliq, tuxum yoki sut mahsulotlari ko'rinishida biroz oqsil qo'shish mumkin. Oqsil hazm bo'lishi uchun ham ancha uzoq (8 soat) vaqt talab etiladi. Ammo, uni ko'p miqdorda iste'mol qilish orqali jigarga og'irlik tushirish mumkin, bu a'zo o'zi shundoq ham ro'za paytida zo'r berib ishlaydi.

Shuningdek, og'iz yopish vaqtida xurmoqoqi, bodom, banan tanovul qilish ham foydali. Biroq, haddan tashqari ko'p yeyish va ichish kerak emas. Yo'qsa, kun davomida organizm faoliyatini qo'llab-quvvatlab turish uchun zarur bo'lgan mineral tuzlar organizmdan chiqib ketadi. Saharlik vaqtida qahvadan butunlay voz kechgan (yoki uni minimal miqdorda ichgan) ma'qul. Qatiqqa ko'kat va biroz tuz qo'shib ichilsa, ham foydali, ham chanqoqbosdi bo'ladi.

Oshpazlar va shifokorlar iftorlikda qanday taomlarni tavsiya etadi? Bunda nimalarga e'tibor bergan ma'qul?

– Og'iz ochish vaqtida dasturxonga mevalar, quruq mevalar, pishiriqlar va boshqalarni tortish, lekin oshirib yubormagan ma'qul, – deydi T.Umaraliyev. – Ovqat ko'p bo'lishi kerak emas – qovurilgan va xamirli taomlarni cheklash kerak. Yog'li va qovurilgan ovqatlarni, tarkibida shakar juda ko'p bo'lgan mahsulotlarni yemang. Qovurilgan taom ovqat hazm qila olmaslik, jig'ildon qaynashiga olib keladi, vaznni ko'paytiradi.

Eng ma'quli – sabzavotlardan yoki go'sht va sabzavotlardan tayyorlangan taomdir. Yangi uzilgan sabzavotlardan salatlar, yormalardan taomlar – foydali. Shirinliklar yeyish mumkin, biroq ko'p bo'lmagan miqdorda. Ovqatlanish muvozanatga keltirilgan- masalan, sabzavotlar, mevalar, go'sht, tovuq go'shti, non, don va sut mahsulotlari kirishi kerak. Iloji boricha ko'proq suv va sharbatlar iching, bu organizmda suyuqlik miqdorini normal darajada saqlab turish uchun zarur. Ichimliklardan yangi siqilgan sharbatlar, morslar, kompotlar, kisel va choy, shuningdek, oddiy suv ham to'g'ri keladi.

bu taomlardan tashqari yana qanday tartibga rioya qilsak, ro'za kunlarini yengil va oson o'tkazish mumkin?

Bu borada bir qator tavsiyalar ishlab chiqilgan, – deydi T.Umaraliyev. – Eng avvalo, yog'li va qand miqdori ko'p bo'lgan mahsulotlarni iste'mol qilmagan ma'qul. Ular tufayli chanqoq qiynashi mumkin. Saxarlik vaqtida ko'p yeb qo'yishdan, ko'p miqdorda suv ichishdan cheklaning. Buning oqibatida kun davomida organizmni tonusda ushlab turuvchi mineral tuzlar chiqib ketadi. Chekmang, agar bu odatingizni tashlay olmasangiz, bugundan chekishni kamaytirib boring. Saharlik vaqtida qaynatilgan, yengil, ammo uzoq vaqt davomida hazm bo'luvchi taomlar- dukkakli va don mahsulotlaridan tayyorlangan ovqatlarga e'tibor qaratish kerak. Shuningdek, organizmingizda suvni me'yorda ushlab turish uchun iftor vaqtida va kechki uyqu orasida ko'proq suv va sharbatlar iching. Bu tanangizning suv bilan to'yinishiga yordam beradi.

 

loading...