Abdulla ORIPOV: “BAYoT”

0

 

 

Qo'ling ochiq ketma dunyodan, jo'ra,
Bir o'tov, to'rt echki mayli bisoting.
Har kimga mingashib yurgandan ko'ra,
Qirchang'i esa-da bo'lsin o'z oting.

 

Balki tortinchoqdir farzand — arjumand,
Do'stlar ham ko'kdagi qushlarga monand.
Biri novvot bo'lsa,birovi-chi qand,
Ular bor- shirindir taxir hayoting.

 

Olis safarlarda yolg'iz qolsang ham,
Umidsiz o'ylarni dilga solsang ham.
Madorsiz yiqilib, butkul tolsang ham,
Elu yurt bo'lgaydir sinmas qanoting.

 

O'kinma, lafzi yo'q nomardni ko'rib,
Muttasil aldaydi yoningda turib.
Nodonlar yursalar davronin surib,
Chidaysan bariga, bordir saboting.

 

Sening boshqalardan farqing yo'q aslo,
Cen ham bandadirsan bandalar aro.
Bir kun orzularing chorlasa ammo,
Boshlab borg'usidir she'ring — bayoting.

 

 

 

loading...