Murojaatlar qog'ozlarda qolib ketmaydi!

0

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig'iga asosan, aholining turli qatlamlari bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqatni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar ko'rish maqsadida Byuro direktori va o'rinbosarlari tomonidan respublikaning barcha tuman va shaharlarida ommaviy sayyor qabullar o'tkazish grafigi ishlab chiqildi.

Sayyor qabullar davomida qayta-qayta murojaat qilayotgan fuqarolar muammolarini hal etishga alohida e'tibor qaratish, qabullarning samaradorligiga erishish, fuqarolarni rozi qilish, aholining davlat idoralariga bo'lgan ishonchini yanada mustahkamlash, murojaatlarni xolis va tezkor ko'rib chiqish uchun sayyor qabullar birinchi navbatda olis hamda chekka hududlar, shuningdek, aholi zich yashaydigan hududlarda o'tkazilmoqda.

O'tkazilayotgan sayyor qabullar haqida ommaviy axborot vositalari orqali aholi oldindan xabardor qilinib, natijalari keng yoritib borilmoqda, sayyor qabullarni aholi uchun qulay joylarda o'tkazish hamda qabullarning shaffofligini ta'minlash yuzasidan zarur choralar ko'rilmoqda.

Grafik asosida joriy yilning mart-aprel oylari davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Xorazm, Samarqand, Jizzax, Surxandaryo, Qashqadaryo, Andijon, Namangan, Farg'ona, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahar hududlarida sayyor qabullar tashkil etilib, unda sud qarorlari, energiya resurslari, suv, maishiy chiqindilar va boshqa masalalar yuzasidan 645 nafar fuqarolarning murojaati qabul qilindi.

Sayyor qabul jarayonida qabul qilingan murojaatlarning 66 tasi Byuro faoliyatiga tegishli bo'lmaganligi sababli tegishliligiga ko'ra yuborilgan, 282 tasi qanoatlantirilgan, 279 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan, shuningdek, 18 nafar fuqaro Byuro tomonidan amalga oshirilgan ishlari yuzasidan minnatdorchilik xatlari berishgan.

Sayyor qabul davomida, «Gunwoo« qo'shma korxonasining vakili I. Gorbatov sud qaroriga asosan qarzdor «Navoiydavsuvmaxsuspudrat« DUKdan qarzdorlikni undirib berishni so'rab qilgan murojaatini o'rganish natijasiga ko'ra, 338,2 mln so'm qarzdorlik to'liq undirib berilishi ta'minlandi.

Shuningdek, «Saparli qo'rilish» MChJning qonuniy vakili M. Najimovning sud qaroriga asosan «Yulduz» AJdan 141,9 mln so'm va «Xalkabod» PTK AJdan 667,7 mln so'm qarzdorliklarni undirishda amaliy yordam so'rab qilgan murojaatini o'rganish janayonida «Yulduz» AJdan qarzdorlik to'liq undirilgan bo'lsa, «Xalkabod» PTK AJdan 198,1 mln so'm qarzdorlik undirilgan va 255,7 mln so'mlik mol-mulklari xatlangan.

Yoki fuqarolar Allaniyazov va Sharipovlar sud qaroriga asosan qarzdor «Qoniko'l MTP»dan ish haqlarini undirib berishni so'rab qilgan murojaatlarini ko'rib chiqish natijalariga ko'ra, ularning 8, 8 mln so'm ish haqlari to'liq undirib berilgan.

Bundan tashqari, 8 nafar fuqaro aliment undirib berishni so'rab qilgan murojaatlari yuzasidan o'tkazilgan o'rganish va profilaktik suhbat natijasida taraflar yarashib, oilani tiklashga qaror qilishgan.

Sayyor qabullar davom etmoqda.

Shuhrat HAKIMOV

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining bo'limi boshlig'i