Muhammad YuSUF: “Kunlaringga qaytay desang — xalq bo'l elim…”

0

 

 

 

Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim,

Qumlar bosib qurimasin daryolarim.

Alpomishga alla aytgan momolarim

Ruhini shod etay desang — xalq bo'l, elim

 

 

Dunyoga boq, qaddi sendek kim bor yana,

Dovrug'i ham dardi sendek kim bor yana.

Xalq bo'lishga haddi sendek kim bor yana,

Moziyni yod etay desang — xalq bo'l, elim.

 

 

Sen tebratgan beshigini Sohibqiron,

Sening bolang yulduzlarga qo'ygan narvon.

Bir mayizni qirqqa bo'lgan bir tanu jon —

Kunlaringga qaytay desang — xalq bo'l elim.

 

 

Daryo bo'lib jo'shgin endi zavqi ulug',

Bayramingda sevinch ko'z yoshingga qulluq,

Yurtim degan jasur Yurtboshingga qulluq,

Unga qanot bo'lay desang — xalq bo'l, elim.

 

 

Bo'lar elning bolalari bir-birin der,

Bo'lmas elning bolalari bir-birin yer.

Bir bo'l endi, kadri baland qaddingni ker,

Xalq bo'l, elim, xalq bo'l, elim, xalq bo'l, elim!

 

 

 

loading...