Bo'ka tumanida Beshta tashabbusni joriy qilish bo'yicha platforma yaratildi

0

Davlatimiz rahbari ilgari surgan Beshta tashabbus doirasida Bo'ka tumani markazida Madaniyat va ma'rifat ekoparki barpo etildi. Prezidentimiz ushbu istirohat bog'iga tashrif buyurib, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Bu yerda Beshta tashabbusning barchasi mujassamlashgan. Zamonaviy kutubxona hamda kitob o'qish uchun sokin joylar, kompyuter o'yinlari uchun maydonlar, Wi-Fi hududlari tashkil etilgan. Yopiq amfiteatr, kafelar qurilgan. Universal sport maydonida vorkaut va badantarbiya, mini futbol, badminton, stol tennisi va boshqa sport turlari bilan shug'ullanish uchun keng sharoit yaratilgan. Velosiped, samokat, skeytbord va roliklar ijarasi ham yo'lga qo'yilgan. Majmua har oyda o'rtacha 6 ming nafar yigit-qizni jalb qilishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev bog'dagi kutubxonani kirib ko'rdi.

– Hududlarga kitob yetkazib berish yaxshi. Lekin ularni o'qish, o'qitish yetarli darajada emas. Bolalarimizni bog'cha yoshidan, boshlang'ich sinflardan kichik-kichik kitoblarga o'rgatish, shu orqali ularni kitobsevar etib ulg'aytirish zarur. Shundagina jamiyatimizda kitobxonlik muhiti shakllanadi, boshqalar ham kitob o'qishga qaytadi, – dedi davlatimiz rahbari.

O'zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda ilmiy yondashuvlar asosida kitob o'qitish metodikasi hamda qaysi yoshda qanday asarlarni o'qish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi. Bog'da butun yil davomida rang-barang madaniy tadbirlar va mahallalararo musobaqalar o'tkazish, o'quvchilarning yozgi ta'tilini mazmunli tashkil etish bo'yicha topshiriqlar berildi.

loading...