ShAYTANAT… (70-qism)

0

 

 

* * *

 

Ayni damda Chuvrindi izn kutib, hojasiga tikiladi. Asadbek esa ko'ziga ko'rinayotgan yaqinlari oldida ojiz.

Payg'ambar afandimiz (sallallohu alayhi vasallam) namoz so'ngida o'ng tomonga salom berib, chap tomonga salom berishga ulguramanmi, yo'qmi, Xudo biladi, degan ekanlar.

Kishi olgan nafasini chiqara oladimi yo u nafas bilan joni qo'shilib chiqadimi — bilmaydi.

Bilmagani holda xuddi dunyoda mangu qoladiganday mag'rur yuradi. Qorni bir kosa ovqatga to'ygani holda doshqozonda to'la osh bo'lmog'ini istaydi. Shu uchun kurashadi, yon-atrofidagilarni bosib-yanchadi. Suyagini qizg'anib irillagan itdan kuladi, o'zi esa faqatgina irillab qo'ya qolmaydi, g'anim deb bilgani birodariga tashlanadi, kekirdagidan oladi. Umri davomida bu dunyoning hoyu-havaslari deb necha odamning ruhini majaqlaydi. G'ofil banda… o'zicha oltmishmi yo to'qson yilmi umr ko'radiganday kerilib yuradi. Holbuki uning umri birgina im qoqish bilan uzilishi mumkin. Mana, hozir Asadbek birgina imlasa tepki bosiladi, o'q ko'z ilg'amas tezlikda olovli iz qoldiradi-yu, Elchinning issiq qalbidan makon topadi. Tamom-vassalom.

Chuvrindi hojasidan izn kutadi. U nodon banda «otarchining hayoti begimning qo'lida», deb o'ylaydi. U bilmaydiki, olam tig'i joyidan qo'zg'olgan taqdirda ham Xudo xohlamasa, biron tomirni ham qirqolmas. Bu onda Yaratgan taqdir yozug'iga xiyonat qilmadi-im qoqilmadi, tepki bosilmadi, o'q o'zining sovuq makonida qoldi.

Asadbek bir zumgina ko'zlarini yumdi-yu, temir tirnoqlar hukmidagi qalb azobidan ingrab yubordi. So'ng Elchin qo'lidan to'pponchani oldi-da qasos o'tining zabtidanmi yo kuyovini o'limga hukm etishga jur'ati yetishmagani alamidanmi, ko'zlarni mo'ljalga olishni ham unutib, barcha o'qlarni jonsiz jasadga qadadi. Chuvrindi hojasini shu paytgacha bu ahvolda ko'rmagan edi. Shu sababli uning vajohatidan bir oz cho'chidi.

Asadbek bir necha nafas harakatsiz turgach, burilib, uy tomon yura boshladi. U endi yaqindagina mag'rur qadamlar bilan uydan chiqqan Asadbek emas, o'lim to'shagi sari borayotgan xasta odam ko'rinishida edi. Uch-to'rt qadam bosgach, u to'xtab, o'girildi:

— Do'xtirga olib bor.

Shunday deb uyga kirib ketdi.

Chuvrindi reja o'zgarganini fahmladi. Hojasidan «yana nima qilay?» deb so'ramadi.

Asadbek gapni cho'zmadimi, demak, bu yog'i uning fahm-farosatiga bog'liq. Chuvrindini Yaratgan fahm-farosatdan qismagani esa Asadbekka ma'lum. Agar hozir Kesakpolvon bo'lganida «G'ilayni bog'la, Otarchini do'xtirga olib bor, «uyida kimdir otib ketibdi», de, qorong'u tushganida Hosilni ko'mib kel», deb birma-bir tushuntirgan bo'lardi.

Chuvrindi tezlik bilan harakat qilib, avval ipak kanop bilan G'ilayning qo'l-oyoqlarini bog'ladi, so'ng yelimli tasmani og'ziga yopishtirdi. Shundan keyingina Elchin ustiga engashib, biqin tomoni qonga belanganini ko'rdi.

Halimjon Chuvrindining topshirig'i bo'yicha izma-iz yurib kelib, endi eshikning naryog'ida amrga mahtal turgan edi. Chuvrindi ichkaridan «mashinani olib kel!» deb baqirgach, katta ko'cha tomon yugurdi.

Asadbekning «do'xtirga olib bor», degani «kuyovimning jonini asrab qol», degan ma'noni anglatishini Chuvrindi bilardi. Kasalxonaga olib borsa, bundan milisa ogoh topadi, milisa bildimi, kavla-kavla boshlanadi. Busiz ham Shilimshiq bilan Jamshid (?) ning o'limi ularning boshlari uzra balo bulutiday soya tashlab turibdi. Qo'llari uzun bo'lgani bilan hamma yoqqa yetavermasligini boshqalar bilmasa ham Chuvrindi payqaydi.

Ayniqsa, Zohid co'roqqa chaqirganida, uyiga kelganida yuragi noxushlikni sezdi. Endi Elchin otilgani bilan shug'ullanishsa, latta isi kelishi hech gapmas. Yetti qo'shnidan hech bo'lmasa bittasi besh-o'nta o'q ovozi eshitganini aytib qo'yadi. «Xo'-o'sh, — deb o'ylaydi tergovchi (balki o'sha prokuraturadagi Zohiddir?), — ikkita o'q Elchinning biqinida, qolganlari qani?».

Chuvrindi mashina kelgunicha bir qarorda to'xtashi shart edi. Elchinni uyiga olib borib, so'ng tabibni olib kelish ko'p vaqt talab qiladi, bu vaqt ichida yarador omonatini topshirib qo'yishi hech gap emas. Reja o'zgarganidan keyin esa, uning o'lishi sira ham mumkinmas… Chuvrindi avval Elchinni uyiga olib borishga, Zaynabni ogohlantirganidan so'ng kasalxona sari yurishga ahd qildi. Elchinning uyiga borgach, bu rejasini yana o'zgartirmoqqa majbur bo'ldi.

 

***

 

Dorining xumori tutib to'lg'onayotgan Zaynabni ko'rgan Chuvrindi masala yanada murakkablashganini bildi. Hozir Zaynabga gapirish foydasiz edi. Shu sababli Elchinni kasalxonaga tashlab, so'ng orqaga qaytishga qaror qildi. Shu bugun, ayniqsa, shu damda sodiq yigitlariga ehtiyoj sezdi. Zaynabni yolg'iz tashlab chiqayotganida Jamshidni qo'msadi. U bo'lsa edi, ish bir oz yengillashardi. Zaynabni tabibga olib borishni, eng muhimi — «Elchinni otgan odamni ko'rgan» bir-ikki guvoh topishni unga bemalol ishonsa bo'lardi. To'g'ri, yigitlar orasida ishonchga sazovorlari ham bor, ammo ularni bunday qaltis ishlarga jalb qilishga ko'ngli chopmaydi. Yo'lda ketaturib, Halimjonni yoniga olganidan picha afsuslandi. Garchi Halimjon qaysi bir jihatlari bilan Jamshidni eslatsa-da, beg'ubor ko'zlari halolligidan darak bersa-da, ba'zan qarashlarida «mendan ehtiyot bo'l» degan o't chaqnab qoladi. Chuvrindining ziyrak nigohi bu o'tni ilg'aydi.

Ilg'agani uchun ham ehtiyot chorasi haqida o'ylaydi.

Eng yaqin yoki birinchi duch kelgan kasalxonaga olib borish — kutilmagan falokat ilonining dumini bosib olish demakdir. Har bir kasalxonada bir-ikki tanishi yoki ishonchli odamlari bo'lsa-da, masala ENG ishonchli odamlar yordamida hal etilajagi sababli shaharning kunbotar tomonidagi yangi kasalxona tomon yurdi.

Chuvrindi orqa o'rindiqda, Elchinning boshini tizzasiga qo'ygan holda o'tirardi. Dam-badam uning peshanasini ushlab qo'yadi. Bir mahal Elchin qattiq ingradi. Chuvrindi kaftini uning peshanasiga bosib:

— Hofiz, ozgina chidang, hozir kasalxonaga yetamiz, — dedi. So'ng so'radi: — Hofiz, gapimni eshityapsizmi? Men — Mahmudman, javob bering, eshityapsizmi?

Bir necha nafasdan so'ng Elchin ingrab javob berdi:

— Ha…

— Bek akam o'ch olmoqchi edilar. Falokat oyoqostidan chiqib qoldi. Buni keyin tushuntirib beraman. Hosil o'lishi shart edi, o'ldi. Ammo buni hech kim bilmasligi kerak.

Siz ham unuting. Gapimni eshityapsizmi? — Chuvrindi «bu gap senga ham tegishli» deganday Halimjonga bir qarab oldi. — Hofiz, eshityapsizmi?

Elchin bu safar ham qiynalib «ha» deb qo'ydi. U Chuvrindining ovozini quduq tubida turib eshitayotganday edi. Shu sababli Chuvrindining gaplarini durust idrok qilolmadi.

— Hofiz, — dedi Chuvrindi, — siz yo'lda ketayotgan edingiz, bir mashina quvib o'tib, to'xtadi. Mashinadan tushishingiz bilan sizni otdi. Otgan odamni tanimaysiz. Gapimni eshitdingizmi?

Elchin javob bermadi. U quduq tubiga cho'kib borar, Chuvrindining ovozi esa tobora uzoqlashardi.

Chala qurilgan imoratlar yonidan o'tishayotganda Chuvrindi Halimjonga qarab:

— Hofizni shu yerda tasodifan ko'rib qolib, mashinangga olding. Boshqa hech narsa bilmaysan, — dedi.

Halimjon ma'qul ishorasini qilib, jim ketaverdi.

Kasalxona hovlisiga kirishlari bilan mashina to'xtab, Chuvrindi tushib qoldi. Mashina qabul bo'limi sari yurgach, u asosiy bino tomon yo'naldi. Kerakli odamni topib, izoh berib o'tirmadi, buyruq qisqa bo'ldi — u o'lmasligi kerak!

Tabiblar, hamshiralar yarador atrofida girdi-kapalak bo'lishayotganida Asadbekning boloxonasidagi telefon jiringladi. Hofizning mashinasini qaerga eltib qo'yish xususida buyruq olgan ikki yigit tezlik bilan yo'lga tushdi.

 

***

 

«Men senga qasos olish qanaqa bo'lishini ko'rsataman. Hozir o'lishi kerak bo'lgan odam sening ham, mening ham nomusimni bulg'adi…»

Asadbek shunday deb ko'cha eshigiga tikildi. Elchin esa u aytgan gaplarning asl mag'zini chaqish uchun bir unga, bir ko'cha eshigiga qaradi. Asadbekning shaxsan o'zi qasos olmoqchi bo'layotgani unga ajabtovur tuyuldi. Bittagina imosiga ilhaq o'nlab yigitlari turganida to'pponcha yalang'ochlab, deraza panasida pusib o'tirishning boisini anglab yetishi mushkul edi.

«O'lishi kerak bo'lgan odam kim? — deb o'yladi Elchin. — Ikkimizning nomusimizni bulg'ashi mumkin bo'lgan kim ekan? Jamshidmi? U qaytib kelganmi? Uni nima uchun o'ldiga chiqarishdi? Endi chindan ham o'ldirmoqchimi? Zaynab… demak, o'shanda to'g'ri aytgan ekan-da… Men laqma…»

Zelixon Sochidan telefon qilganidan beri bularning o'yiniga tushunolmay gangib yurgan Elchin yana xalta ko'chaga kirib dovdiradi. Agar hozir eshik ochilib, Jamshid kirib kelsayu, Asadbek uni otsa… so'ng… «Chotingda bezing bo'lsa, bu yuvuqsizni topib o'zing o'ldirishing kerak edi. Qasoskorman, deb katta ketishni bilasan. Sen erkakmisan, sen — dayussan!» deydimi?..

Xayoliga daf'atan kelgan bu fikr butun badanini, badani nima ekan, oyoqlarining barmoqlarigacha, barmoqlar nima ekan, tirnoqlarigacha muzlatib yubordi!

To ko'cha eshigi ochilib, ostonada Hosilboyvachcha ko'ringuniga qadar Elchin Jamshidga qarab o'q uzilishiga amin edi. Shu sababli Hosilboyvachchaning sovuq basharasi ko'ringani hamon ajablanib, qaynotasiga savol nazari bilan boqdi: buning aybi nima?

To'yda meni xorlaganimi? Nahot shuning uchun?.. Uyg'ongan savollar oqimi oxiriga yetmay o'q uzildi. So'ng Asadbek to'pponchani uzatib, qahrli ovoz bilan amr etdi:

— Chiq tez, o'lmadi shekilli, qo'lim titradi. Tirik bo'lsa, ot!

— Nimaga?

— Chiq deyapman! Zaynabni bulg'adi bu, eshityapsanmi?! Erkakmisan, o'zing?

Elchin bu gapga ishonqiramasa ham, vujudida uyg'ongan bir kuch to'pponchaga qo'l uzatishga majbur etdi. Asadbek yana baqirgach, hovliga chiqdi. U Asadbekning gaplaridan tamoman gangigan edi. U qattiq yerda yurib emas, go'yo savollar botqog'iga tobora botib borardi. Asadbek «ot!» deb buyurdi, u amrga itoat etib, hovliga chiqdi, o'lja sari yurib boryapti. Lekin tepkini bosa oladimi yo yo'qmi — aniq bilmaydi. Chunki Hosilboyvachchaning gunohidan bexabar. «Zaynabni qanaqasiga bulg'ashi mumkin? Axir Zaynab o'z og'zi bilan Jamshidni aytgan-ku? U rasvoni deb o'lmoqchi bo'ldi-ku?..» deb garangsiydi.

Asadbek reja tuzayotgan chog'ida Elchin Hosilboyvachchani otgani chiqadimi yo rad etadimi, deb ko'p o'ylagan edi. «Xotinini bunday holatda ko'rgan hebbim ham chidab turolmaydi», degan fikr rejaning to'liq amalga oshishiga ishonch tug'dirardi. U Elchin qalbida g'azab gulxani yoqish uchun Zaynabning hammomdagi sharmandali holati tasvirini ko'rsatmoqchi ham bo'ldi. Shu fikrga kelishi bilan o'zi uyatdan yorilib ketay dedi. U kuyovini o'limga hukm qilgan edi. Ammo o'limning totli labidan o'pmoq arafasida turgan bu odamga ham tasvirlarni ko'rsatishga jur'at qila olmadi. Hosilboyvachchaning aybini otish oldidan qisqa tarzda bayon qilishni ham o'yladi. Biroq, bunga ham tili bormadi. O'q uzilgach, «Zaynabni bulg'adi bu!» deyishi esa Elchinda g'azab gulxanini yoqa olmadi, balki savol botqog'iga botirdi.

Qat'iyatsizlik bilan qadam bosib borayotgan kuyoviga qarab, Asadbek g'ijindi. U nishonni aniq olganiga, g'animning jon taslim qilganiga ishonchi komil edi. Yana to'qqiz-o'n qadam qo'ygach, bir necha oy kuyovlik libosida yurgan Elchin ham «baxtiyor» hayotiga shu yerda yakun topmog'i lozim edi. Lekin u o'sha to'qqiz-o'n qadamni bosishni istamayotganday imillaydi. Bir necha nafaslik fursat Asadbekka bir necha asrday g'oyat uzoq tuyuldi. Shubha yo'qki, qo'lida yana bir to'pponcha bo'lganida, oqibatini o'ylab o'tirmay, Elchinni shartta-shartta otib tashlardi.

Elchin esa og'ir qadam bosayotganini o'zi ham sezdi. «Kim ko'rubtur, ey ko'ngul, ahli jahondin yaxshiliq», deb afg'on chekuvchi, o'zini halol deb hisoblovchi, aslida esa o'zi bilmagani holda shaytonning suyukli fuqarosiga aylangan bu odamga o'limning issiq tafti sari borayotgani, bir tasodif bilangina tirik qolajagi hozircha noma'lum edi. To'g'ri, u qorong'u uyda Zaynabga tegingan ondan boshlab Asadbekdan o'lim hukmini kutib yashardi. Hatto to'yidan keyin ham bu xavotir buluti tarqamagan edi. «Jamshidda nima qasdingiz bor edi?!» deb jag'iga musht solganida qaynotasining hukm sari yaqinlashayotganini sezgan, ammo aynan shu bugun, aynan shu hovlida, hukmning ijro bo'lishini o'ylamagandi. Hozir, Hosilboyvachchaga yaqinlashar chog'ida ham qaynotasining rejasidan bexabar, hatto eshik zarb bilan ochilib, G'ilayni ko'rganida ham buni fahm etmadi. Avval ko'kragiga, so'ng biqiniga o'q qadalganidan keyingina bir «oh» uradi. Keyinroq, hushiga kelganida esa bu holatini eslab, laqmaligi uchun o'zini la'natlaydi. «Taqdir (Asadbek emas!) qo'limga to'pponcha tutqizgan ekan, hammasini otib tashlamaymanmi, hammasidan birato'la qutulmaymanmi», deb o'kinadi. Lekin…

So'nggi pushaymondan kim lazzat topibdiki, Elchin huzurlansa…

 

***

 

Eshik tepki zarbidan ochilib, Elchin cho'chib tushdi. Ostona hatlayotgan Shomilning g'ilay ko'zlari bilan uning nigohi to'qnashdi. O'zini himoya qilishni o'ylashga ham ulgurmadi.

Uning nigohidagi «nimalar bo'lyapti, o'zim ham tushunmayapman», degan savolga javoban Shomil to'pponcha tepkisini bosdi. Hojasini yolg'iz qo'yganidan o'kinib, vajohat bilan yugurib kelgan G'ilay qanday voqea sodir bo'lganini aniq bilmasa-da, yerda cho'zilib yotgan Hosilboyvachchaga shu Elchin o'q uzgan deb gumon qilib, to'pponchasidagi bor o'qlarning barini uning jismiga bo'shatishi mumkin edi. Yaxshiki, Chuvrindi izma-iz yetib keldi…

Elchin to'pponcha og'zidan sachragan olovni ko'rdi, so'ng… chuqur quduqqa ag'anadi.

Yuragi qinidan chiqquday bo'lib shitob bilan tubsizlik sari uchaverdi. Uchaverdi, uchaverdi… quduqning tubidan esa darak yo'q. So'ng… qorong'ulik chekinib, atrofi yorisha bordi. G'alati manzaralar ko'rindi. Keyin birdan… xarobgina bostirma yonida ota-onasini ko'rib, titrab ketdi. Volidayn tajribaxonada kiyadigan oq liboslarida edilar. Elchin shum xabarni eshitiboq maktabdan yetib kelganida ular qo'lansa hidli tajribaxonada shu kiyimda, jonsiz holatda yotar edilar. Ularning kimyoviy tajriba o'tkazayotib zaharlanishganini keyinroq bildi. Shu paytgacha biron marta bo'lsin «zaharlanishganmidi yo hasadchi hamkasblari zaharlashganmidi?» deb sira o'ylamagan edi. Hozir tubsizlik sari uchib borayotganida nechukdir shu savol xayoliga keldi. Picha to'xtab, so'rog'ini so'radi, ammo javob o'rniga boshqa gap eshitdi:

— Sen bu yerda to'xtama, seni Noila kutyapti, — dedi onasi joyidan jilmay.

— Nima uchun bu xarob bostirmada yashayapsizlar? — deb so'radi Elchin.

— Har kim amaliga yarasha ajr olar ekan, — dedi otasi.

Elchin bu gapning ma'nosini tushunmadi.

— Meni axiyri otishdi, — dedi Elchin. — Oyi, esingizdami, qamoqdaligimda kelib, boshimni silardingiz, o'zim himoya qilaman, derdingiz?

— Himoya faqat Yaratgandandir. Biz Tangrimning xohishi bilan seni himoya qilar edik.

Bizga berilgan bunday huquq kuchi bugun qirqildi. Biz sendan har on duolar kutdik.

Aqalli bir martagina peshanang sajdaga tegib, haqqimizga duo qilsang, bizlarni bu xorlikdan oz bo'lsa-da, qutqarar eding.

— Imkonim bo'lmadi.

— Imkon o'z qo'lingda edi. Sen ham biz kabi Tangridan yiroqlashding. — Bo'ldi, bas, to'xtama, endi qiyomatda diydor ko'rishamiz.

— Men… o'ldim… endi sizlar bilan birga bo'lishni istayman.

— Yo'q, bolam, bu baxtdan bizlar benasibmiz…

… Bu ayovsiz hukmni eshitib, Elchin ingrab yubordi. Kuyovining harakatsiz gavdasi uzra engashgan Asadbek shu alamli, azobli ingrashni eshitgan edi…

… Ota-onasi bag'riga sig'magan Elchin yana ucha boshladi. So'ng yaydoq dalada, o'tlari, chechaklari toptalgan kenglikda Noilasi ko'rindi. O'sha ko'ylakda, ammo… ko'kragida qonli dog' yo'q. O'sha pichoq… ko'kragida emas, qo'lida… uchidan qon tomib turibdi.

Qamoqda ekanida, tushlarida ko'rganida bu ko'ylakda qonli dog' bo'lguvchi edi. Endi esa top-toza…

— Noilam, nihoyat keldim, endi hamisha birga bo'lamiz. Otishganidan xursandman.

Lekin afsusim ham bor… Oxirigacha qasos ololmadim. Faqat bittasini o'ldirdim… Nega indamaysan, Noila?

— Bittasini o'ldirdingiz… bir begunoh bokira qizni esa, bulg'ab tashladingiz. Bu kammi sizga?!

— Bu — qasos, Noila! Axir esingdami, tushlarimga kirib, qasosga undar eding?

— U men emas edim.

— Nima uchun bunday deyapsan, tushlarimga kirguchi sen eding!

— Yo'q, adashyapsiz, u — qalbingizdagi shayton edi. Mening qiyofamga kirib sizga ko'rinar edi. O'ylab ko'rmadingizmi, bir qizni bulg'ashga men sizni da'vat etishim mumkinmidi? Men sizni hech yomonlikka qarab undaganmanmi? Mana bu toptalgan chechaklarni ko'ryapsizmi? Bularning bari bulg'angan qizlar. Zaynab ham bir kuni shu yerga keladi. Men sizni deb bir necha daqiqaga turdim, hademay yana chechakka aylanaman.

— Men keldim, Noila, u dunyoda zurriyodim qolmadi. Yolg'iz o'g'il edim, urug'imiz quridi.

— Farzand ko'rishni o'zingiz istamadingiz, yoshlikda o'ynab qolaylik, dedingiz. O'ynab-o'ynab shu martabaga yetdingiz.

— Gunohlarim ko'p, bilaman, Noila, endi ilojsizman. Endi biz birga bo'lamiz.

— Yo'q, sizning joyingiz boshqa. Siz izingizga qaytasiz.

— Noila, meni ota-onam ham haydashdi, sen haydama. Men endi ayriliq azobiga chiday olmayman.

— Sizni haydovchi men emasman. Siz Zaynabga qayting.

— Unday dema, Noila, qaytmayman. Haydama meni… Bilaman, sening oldingda gunohkorman.

— Siz Olloh oldida gunohkorsiz. Men sizdan roziman, ammo Olloh rozi bo'ladimi-yo'qmi, bilmayman. Qayting!

— Haydama, Noila!

— Sizni haydaguvchi men emasman.

Shunday deb Noila ko'zdan yo'qoldi — chechakka aylandi. Elchin faryodli ovoz bilan chaqirdi:

— Noila!

Uning nolasi sahro bag'riga tomgan tomchi kabi samarasiz bo'ldi. Ko'kragida alam iloni to'lg'onib, ingradi.

Mashinada ketayotgan Chuvrindi ana shu ovozni eshitdi. Yana ucha boshlagan Elchin esa tanish ovozni ilg'adi:

— Hofiz, ozgina chidang…

… «Kim bu menga gapirayotgan?» deb atrofga alanglaydi. Tushunuksiz manzaralarda inson zoti ko'rinmaydi.

— Hofiz, gapimni eshityapsizmi?

… Yana alanglaydi. «Ha», deb javob beradi.

Uchdi, uchaverdi… Tikonzorlardan o'tdi, tikanaklar badanini tildilar. Chayonzordan o'tdi, chayonlar nishlarini sanchdilar. Ilonzorga yetdi, ilonlar chaqdilar. Bu ham kamlik qilib, bo'yniga o'ralgancha bo'g'dilar.

Elchin azobdan to'lg'onar. Kimlardir, qaydadir uning holiga kular, kulaverar.

Shu azoblar gulxanida kuyayotganida ilonzorda Hosilboyvachcha ko'rindi. Nechundir ilonlar uni chaqmaslar, bo'g'maslar. Bir yo'g'on ilon esa nozanin kabi uning beliga o'ralar, so'ng labidan bo'sa olar. U esa kular, kulaverar. Oxir-oqibat kulgidan charchab, Elchinga qarar:

— Bular hammasi meniki. Men sendan oldinroq keldim. Endi meniki bular.

— Men… Mening makonim shu yermi? — dedi Elchin.

— E, yo'q, bu yer mening mulkim. Senga joy yo'q. Sen keyin kelasan. Kunduzi ilonlar seni chaqadi, go'shtlaringni yeb tugatadi. Shomgacha quruq suyaging qoladi. Tunda esa yana go'sht o'sib chiqadi. Ertalabdan yana ilonlarga yem bo'lasan.

— Sen-chi?

Hosilboyvachcha bu savolga javoban xoholab kuldi, bir buralib ilonga aylandi, so'ng yana asliga qaytdi.

(davomi bor)

Tohir MALIK

 

 

loading...